Sepkil inson chehrasiga o‘zgacha husn bag‘ishlaydi. Ammo yuzdagi sepkildan voz kechmoqchi bo‘lganlar ham topiladi. Ular uchun esa xalq tabobatida bir talay usullar mavjud. Quyida ulardan sizlarni boxabar etamiz: sepkil
  • Achchiq bodom talqonini sirkada 1 sutka ivitib, sepkilli yuz yuvilsa va bog‘lab yotilsa foyda qiladi.
  • Ravoch ildizini sirkaga aralashtirib, yuzga surtib bog‘lab yotilsa, dog‘ va sepkil ketadi.
  • Muskat yong‘og‘ini yanchib, uni bilan yuz yuvilsa ham, dog‘ va sepkil ketadi.
  • Moshni yanchib unini atala qilib surtilsa, dog‘ va sepkil ketadi.
  • Tulki o‘pkasini yupqa qilib kesib yuzga bog‘lab yotilsa yaxshi foyda qiladi.
  • Tak-tak unini atala qilib, yuzga surtilsa, sepkil ketadi. Kechasi atalani surtib yotilsa, yaxshiroq bo‘ladi.

"Sog‘lom avlod" gazetasi. Soglom.uz nashri.

[su_divider text="II qism" divider_color="#ccccca" size="6"] Sepkil birinchi marta bola 5-6 yoshlik paytidayoq ko‘rinadi. Katta bo‘lgan sari sepkillar soni kamaya boradi. 35-40 yoshdan keyin esa butunlay yo‘qolib ketadi. Terini oqartirish maqsadida qo‘llaniladigan ko‘pgina yog‘li surtmalar teri yuza qavatini undagi dog‘ bilan birga ko‘chirib tushiradi. Biroq sepkilni ishlab chiqaradigan hujayralar terining ancha chuqur qavatiga joylashgan bo‘ladi. Shuning uchun terini oqartiruvchi kremlar faqat vaqtincha yordam beradi: quyosh nurlari ta’sirida dog‘ ishlab chiqaradigan hujayralar yanada faol ishlaydi va sepkil tag‘in toshib ketadi. Mana shuning uchun ham, avvalo, yuzni quyoshdan asrash lozim. Teri yog‘li yoki normal bo‘lsa, oqartirish uchun bodring, limon, qatiq, petrushka qaynatmasi ham ishlatish mumkin. Yuzga qatiq surib qo‘yib, 15-20 daqiqadan keyin iliq suvda yuvish foydali. Bodring yoki limonni kesib qo‘yib, kuniga bir necha marta yuzingizga ishqalab surting, biroz vaqtdan so‘ng iliq suvda yuving. Bir bog‘ petrushkani yarim litr suvda qaynating va u bilan yuzingizni yuving. Olmali niqob: ikki haftada 1 marta yarimta olma maydalanib, 1 oshqoshiq asal, 1 choyqoshiq askarbin kislota va 20 ml o‘simlik yog‘i aralashtiriladi. 10 daqiqa yuzda turadi. Yarim oshqoshiq yalpiz barglari ustiga 1 stakan suv quyib, 1 choyqoshiq limon sharbati solinadi, bir kecha-kunduz tindirilgach, har kuni yuz artiladi. 2 ta bodring mayda qirg‘izdan o‘tkaziladi. 1 oshqoshiq smetana qo‘shiladi. Yuzda 20-25 daqiqa turgach, issiq suvda namlangan paxta bilan artib olinadi. Tuxum oqini 1 oshqoshiq shakar bilan aralashtirib, ko‘pirguncha yuzga suriladi. Niqob qurigach, iliq suvda yuviladi. Bir choyqoshiq asalga shuncha miqdorda biror xil oziqlantiruvchi krem qo‘shasiz. Bir necha tomchi limon sharbati tomizib, obdon aralashtiring. Hosil bo‘lgan massani yuzga surtib, yarim soatcha vaqt o‘tgach, yuvib tashlang. Qarabsizki, yuzingiz tiniq va chiroyli bo‘ladi. Ikki oshqoshiq issiq sutga ikki osh qoshiq asal solib tayyorlangan aralashma ham yuz terisini silliqlashtiradi. Yuz va peshonadagi ajinlarni yo‘qotish uchun ikki oshqoshiq asalni issiqda eritib, ozgina bug‘doy unining kepagi va yarimta limon suvini qo‘shasiz. So‘ng bu aralashma yuzga surib qo‘yiladi. Yuzingizga husnbuzar toshdi. Undan qutulish yo‘li oson. Ikki oshqoshiq asalni qaynoq bug‘da eritasiz. So‘ng moychechak guli solib, qaynatilgan 1 litr suv bilan aralashtirasiz. Uni og‘zi bekiladigan shisha idishga solib, quyosh nuri tushmaydigan salqin joyda asrang. Bu aralashmani istagan vaqingizda yuzga surib yurishingiz mumkin. Ikki oshqoshiq suzmaga shuncha miqdorda asal qo‘shasiz. Uni yuzga surib, yarim soatcha vaqt o‘tgach, issiqroq suvda yuvib tashlaysiz. Bunda yuz terisi dag‘alliklardan xoli bo‘ladi. 15-20 g achitqi (droja)ga 1 choyqoshiq limon suvi solinadi. Aralashtirishni to‘xtatmasdan quyuq holatga kelgunicha sut qo‘shiladi. Paxta yordamida yuzga suriladi. 20 daqiqadan so‘ng iliq suvda yuviladi. Bu muolaja haftada ikki marta takrorlanadi. Tuxumning oqini ko‘pirtirib, yuzga 20-30 daqiqaga surib qo‘yiladi. Qatiq yuzga kechqurun surilib, ertalab sovunlab yuvilishi kerak. Havo issiq fasllarda ertalab sovuq suvda yuvinish foydali. Bunday suv yuzni tozalab, terini taranglashtiradi. Kech, yotish oldidan iliq suvda yuvinish asablarni yumshatadi, uyqu chaqiradi. Xalq tabobatida baqlajon yuzdagi dog‘larni ketkazishi bilan ham qadrlangan. Buning uchun baqlajonni o‘rtasidan kesib, bir necha kun davomida yuzga surtish kifoya. Kleopatra usuli: 1 oshqoshiq asal, 1 oshqoshiq un, 1 choyqoshiq qaymoq (quruq terilar uchun) yoki bir necha tomchi limon (yog‘li terilar uchun) – hamma masalliq yaxshilab aralashtiriladi. Bu niqob yuz terisini tozalab, qon aylanishini yaxshilaydi. Uni yuz va bo‘yin terisiga surtib, 20-25 daqiqadan so‘ng iliq suvda yuvib tashlanadi. Mazkur muolajani haftasiga 1-2 marta takrorlab turish lozim. Tarvuzdan niqob: 1 ta tuxum sarig‘iga 1 oshqoshiq tarvuz sharbati qo‘shilib, yaxshilab aralashtiriladi. Yuzga surtib, 10-20 daqiqadan so‘ng yuviladi. Tarvuz salqigan terini taranglashtiradi, rangni tiniqlashtiradi. Yoshartiruvchi niqob: 1 oshqoshiq achitqi, 1 oshqoshiq smetana yoki qaymoq, 1 oshqoshiq iste’mol sodasi, 1 oshqoshiq iliq suv – hammasi yaxshilab aralashtiriladi. Niqob bo‘yin va yuzga surtilib, 15 daqiqadan so‘ng yuviladi. Niqob quriguncha kutish shart emas. Yarimta pomidorni har kuni yuz va bo‘yinga surkash kerak. 1 oshqoshiq qirg‘ichdan o‘tkazilgan olma, 1 choyqoshiq qaymoq yaxshi aralashtiriladi. So‘ng niqob qilib yuzga surtiladi. Yog‘li teri uchun niqob: yarimta olma bo‘tqasiga 1 ta tuxum oqi, kraxmal qo‘shiladi va toza yuz terisiga 15 daqiqa surib qo‘yiladi. So‘ng kukun tushirilib, iliq suv bilan yuviladi, qaynagan suv bo‘lsa, yanada yaxshi. Atir sovun bilan yuzni yuvish yaramaydi. Kechqurun esa choy bilan artgan ma’qul. Tungi kremlarni kechqurun 10-15 daqiqa surgan yaxshiroq. Qog‘oz salfetka shimdirish kerak.

Zuhra Hamdamova. Tib.islom.uz nashri.