XXI asrda rivojlangan mamlakatlarda semizlik katta tibbiy ijtimoiy muammoga aylandi. Hozirda aksariyat mamlakatlarda uglevodli ovqatlarning tobora ortib, uni yengil iste’mol qilish odat tusiga kirgani, umumiy ovqatlanish tizimidagi kafe, bar, oshxonalarning soni keskin ko‘paygani bilan birga jismoniy harakatning pasaygani aniqlangan. Odamlarning ovqatlanish xususiyati, yashash tarzi o‘zgarishga duchor bo‘lmoqda. Ko‘plab mamlakatlarda kuzatilayotgan umumiy ko‘rinish deb go‘sht va yog‘larning iste’mol qilinishi oshganligini aytish mumkin. Shu bilan birga, semizlik qandli diabet va ateroskleroz yog‘ moddasining almashinuvi buzilishi, gormonal tizimining shikastlanishidan kelib chiqadi. Aytib o‘tish joizki, semizlikka oziq-ovqatni ko‘p miqdorda iste’mol qilish bilan birga uning kuchli energiyaga ega ekanligi asosiy omillardan biridir.
Bir qator olimlarning ma’lumotiga ko‘ra, AQSH aholisi orasida semizlik 20 foizni tashkil qilar ekan, ularning 20 millionida vazn og‘irligi 10-20 foiz, 5 millionida esa 20 foizdan oshiq, deb belgilandi. Yevropa mamlakatlarida (Angliya, Fransiya, Germaniya) ham semizlikning aholi bo‘yicha tarqalishi 20-30 foizni tashkil etadi. Rossiyada o‘tkazilgan oxirgi tekshirishlar xulosasiga ko‘ra, mazkur holatni 26 foiz, deb topishdi. O‘zbekistonda olib borilgan ilmiy izlanishlar bu ko‘rsatkich yurtimizda 20-24 foiz ekanligini tasdiqladi. Bolalarda esa 10 foizgacha semizlik kasalligi aniqlandi.
Semizlik umrni qisqartiradi
Semizlik metabolik va klinik holat bo‘lib, u o‘rta hayot va yashash muddatini, ya’ni umrni qisqartiradi. Bunday holatdagi ta’sir semizlik asoratlari, uning og‘ir turlari va qo‘shimcha kuzatiladigan o‘tkir va surunkali kasalliklarga bog‘liq. Semizlik diabet kasaligining o‘sish darajasi, yurak xurujiga chalingan bemorlarning soni tobora oshib borishiga ham sabab bo‘ladi. Shuningdek, semizlik qon-tomirlar tizimi kasalliklari kelib chiqishiga sabab bo‘ladi. Bularga arteroskleroz, yurak eshemik kasalligi, arterial gipertoniya, venoz qon almashishini yetishmovchiligi kiradi. Izlanishlar shuni ko‘rsatdiki, 25 yoshdan oshgan semiz erkaklarda to‘satdan o‘lib qolish foizi baland, 50 yoshdan oshganlarida mazkur foiz kamayadi. Bunday o‘limning 70 foizidan ko‘pi qon aylanish tizimidagi kasalliklar tufayli sodir bo‘ladi. Semizlik aholi o‘rtasidagi o‘limni oshiradigan omil hisoblanadi. Buni isbotlash uchun 2 guruh bemorlar olinadi: semizlikka duchor bo‘lgan bemorlar va ikkinchisi me’yoriy vaznga ega bo‘lganlar; ularning natijalari bir-biri bilan solishtiriladi. Agar bunday taqqoslash keksalarda o‘tkazilgan bo‘lsa, yaqqol natija, farqini belgilab beradi. Qariyalarning 70 foizdan ko‘pida o‘lim qon aylanishi tizimi kasalliklari sababli ro‘y beradi. 45-50 yoshdagi semiz bemorlarda tana vaznining 13,6 kg.ga oshishi umrni 28 foizga qisqartiradi. Semizlikka bog‘liq bo‘lgan o‘limlar sonining o‘sishi yosh yigit-qizlarga taalluqli emas. Bu aniq, ko‘p marta tekshirishlardan o‘tkazilgan natijalardir.Semizlik asoratlari
Semizlik borasida olib borilgan ilmiy izlanishlar gormonal buzilishlarni aniqlab berdi. Ma’lum bo‘ldiki, semizlik sindromida bir qator fiziologik, metabolik va klinik turdagi buzilishlar mavjud. Inson tanasida ortiqcha vazn ko‘paygani sayin ichki a’zolar faoliyati qiyinlashib boraveradi. Masalan, yurak qon haydashga, jigar zaharlarni tozalashga, endokrin bezlar esa organizmni kerakli miqdordagi gormonlar bilan ta’minlashga qiynaladi. Ortiqcha vazn va semizlik salomatlikka zararli ta’sir ko‘rsatib, bir qator surunkali kasalliklarga sabab bo‘lishi mumkin. Yurak bilan bog‘liq kasalliklar. Ko‘p hollarda odamlar orasida yurakni yog‘ bosibdi, nafas olishi qiyinlashibdi, degan gaplar yuradi. Semiz odamning terlab, nafasi tiqilib zo‘rg‘a ketayotganini ko‘rganlar shunday deyishadi. Semizlik va koronar (yurakning toj tomirlari) qon tomirlarida arterioskleroz (arteriya devorlarining qattiqlanib, dag‘allashib elastikligini yo‘qotishi)ning rivojlanishi masalasi juda murakkabdir. Lekin shunga qaramay, semizlik va arterioskleroz o‘rtasida ijobiy korrelyatsiya (bog‘lanish) borligi to‘g‘risida juda ko‘p dalillar bor. Statistik ma’lumotlarga suyangan holda aytish mumkinki, semiz odamlarda arterioskleroz ko‘p va erta paydo bo‘ladi, shu bilan birga ko‘pincha kichik va o‘rta kalibrli arteriyalarga xosdir. Yurakning ishemiya kasalligi. Mazkur kasallik semizlikning og‘ir darajalariga ega bo‘lgan bemorlarda ko‘p uchraydi. Bunday bemorlar ko‘pincha o‘rta va keksa yoshda, semirib ketgan, tomirlari aterosklerozga uchragan va qon bosimi oshgan bo‘ladi. Yurak ishemiya kasalligiga qanday tez chalinishiga va alomatlarning qanday namoyon bo‘lishiga ko‘ra, semizlikning darajasi katta ta’sir ko‘rsatadi. Semizlikda perikardial joyda yog‘ to‘qimasi soni ko‘payib ketadi, ayniqsa, o‘ng qorincha va yurak uchida. Yurak mushak tolalarining o‘rtasida yog‘ saqlovchi hujayralarning ko‘plab paydo bo‘lishini kuzatish mumkin. Miokardda bo‘lgan yog‘ zaxira deposi kattalashadi va yurak umumiy og‘irligining 50-60 foizini tashkil qiladi. Yurak devorlari yog‘ bosganligi uchun ko‘p ishlashga majbur bo‘ladi va shu tufayli kengayadi, ya’ni gipertrofiya holatiga duchor bo‘ladi. Qandli diabet. Semiz odamlarda diabet kasalligi ancha kech aniqlanadi, chunki bu kasallik simptomsiz, yashirin holda kechadi. Katta semizlikka ega bo‘lgan odamlarning 70 foizida diabet kasalligi bor, jins tomondan ayollarda ko‘p uchraydi. O‘zbekistonda olib borilgan ilmiy izlanishlar voyaga yetgan aholi o‘rtasida qandli diabet 2 foizni tashkil etishini tasdiqladi. Buning uchun yurtimizdagi 70 ming aholi o‘rtasida glyukozaga chidamlilik testi o‘tkazildi. Mazkur jarayonda bir stakan iliq suvga 75 gramm glyukoza qo‘shib ko‘rikdan o‘tayotgan odamlarga ichirildi. 1-2 soatdan so‘ng qondagi qand miqdori tekshirildi. Tadqiqot natijasida semiz odamlarda qandli diabetning uchrashi normal vaznga ega bo‘lganlarga qaraganda 4-5 barobar ko‘p ekanligi aniqlandi. Barcha semiz odamlarda vaqti-vaqti bilan qondagi glyukoza miqdorini tekshirib turish kerak. Qondagi qand miqdori me’riy chiqsa-da, ammo tez-tez peshobga chiqish, oziq-ovqatlarni ko‘p yeyish, lablarning qurib qolishi, chanqov – bu bemorda diabet belgilari borligidan dalolat beradi. Mazkur holatlarda ularda glyukozaga chidamlilik testi o‘tkaziladi, lekin bu natijani olib bo‘lgandan so‘ng endokrinolog shifokorga maslahat uchun uchrashish kerak. Diabet semizlikning kechishini og‘irlashtiradi va ko‘pincha bu holat 40 yoshdan oshganda bo‘lishi mumkin. Kam hollarda diabet kuchli chanqov, ko‘p siyish va atsidoz holatlar bilan kuzatiladi. Ko‘pincha semizlarda kechayotgan diabet o‘zining makkor va yumshoq kechishi bilan belgilanadi. Bunda chet atrofidagi terining qichishi, chipqonlar chiqishi, tishlarning mo‘rt bo‘lib tusha boshlashi kuzatiladi. Shu bilan birga semiz odamlarda qandli diabet kasalligining qo‘shilishi vaznni yo‘qotish, ozib ketish simptomlari bilan belgilanadi. Diabet va semizlik birgalikda kechganda sekin-asta, mayin kechadi. Eng ahamiyatlisi, semiz odam davolanib ozsa, qondagi glyukoza miqdori ham pasayadi va bemor o‘zini ancha yengil his qiladi. Semizlik va jigar. Semiz odamlarda jigar hajmi kattalashadi. Yog‘ to‘qimalari jigar ustida va uning to‘qimalariga kirib boradi. Jigar hujayralari, ya’ni gepatotsitlar ichida yog‘ to‘planishi kuzatiladi. Bunday o‘zgarishlar funksional va orqaga qaytmas holatda bo‘ladi. Mazkur struktur va funksional o‘zgarishlar umumiy xolesterin miqdorining qonda ko‘tarilishiga olib keladi. Bu holat ultratovush tekshirish (UTT)da ham ko‘p bemorlarda tasdiqlanadi. Pigmentlarni tashqariga olib chiqish hususiyatlari ham semizlikda buziladi. Normal vaznga ega bo‘lgan odamlarda qondagi pigmentlarni olib chiqib ketish davri ancha qisqadir. Semiz odamlar orasida jigar steatozi ko‘p uchraydi. Bu kasallik qanday kechadi, uning oldini olish mumkinmi, odam undan nogiron bo‘lib qoladimi, uning asoratlari, belgilari, davolash usullari nimalardan iborat? Jigar – hayot uchun eng muhim a’zo bo‘lib, uning faoliyati nihoyatda xilma-xildir. Jigar tanamizdagi eng yirik bez hisoblanadi. Jigar qorin bo‘shlig‘ining o‘ng tomonida anchagina joyni egallab turadi. Spirtli ichimliklarni tez-tez, ko‘p miqdorda iste’mol qilish jigarni xavfli kasalliklarga olib keladi. Alkogol ichimliklarni ko‘p va doimiy iste’mol qiladigan odamlarning jigarida to‘qimalar asta-sekin buziladi va uning o‘rniga yog‘ to‘qimasi hosil bo‘ladi. Bunday kasallik organizm uchun xavfli va ko‘pincha o‘limga olib boradi. Tomirlardan oqib keladigan hamma qon jigar orqali o‘tadi. Shu tufayli zaharli moddalar ham qon orqali jigarda to‘planib qolishi kuzatiladi. Bu yerda ular zararsizlanib o‘t bilan birgalikda ichak orqali chiqarib yuboriladi. Ilmiy izlanishlar ko‘rsatdiki, O‘zbekiston aholisining beshdan bir qismi tana vazni me’yordan og‘irligi bilan tavsiflanar ekan, bunday holat respublikamizning barcha viloyatlariga xosdir. Semizlik va jinsiy a’zolar. Agar semizlik o‘spirinlik davridan boshlangan bo‘lsa, jinsiy rivojlanish buziladi, bunday hollarda shifokorlar gipogonadizm (jinsiy bezlarning (tuxumlar yoki tuxumdonlarning) funksiyasi pasayishi, bu ikkilamchi jinsiy belgilarning bo‘lmasligi yoki yetarlicha rivojlanmasligiga olib keladi) tashxisini qo‘yishadi. Ko‘pincha yosh yigitlarda tashqi jinsiy azolarning yaxshi rivojlanmaganligi bilan kuzatiladi va bu holat bemorning ruhiy ezilishiga, depressiyaga olib keladi. Semiz erkaklarda ko‘pincha impotensiya holatlari uchraydi, bu ayol kishiga intilish va jinsiy potensiyaning kamayishi bilan izohlanadi. Ayollarda ko‘pincha hayz ko‘rinishining buzilishi, befarzandlik kuzatilishi mumkin.Vazningiz kammi yoki ortiqcha?
Hozirgi kunda olimlar va shifokorlar odamda vazn yetishmovchiligi yoki semizlikni aniqlash uchun maxsus formuladan foydalanadilar. Buni hisoblash uchun butun dunyoda Tana og‘irligi ko‘rsatkichi (TOK) qabul qilingan. Quyidagi formula yordamida vazningiz ko‘p yoki kamligini bilib olishingiz mumkin: TOK1 = vazn (kg) : bo‘y (m)2 Aytaylik, vazningiz 90 kg, bo‘yingiz 1,68 sm. Demak, TOK1 = 90 : (1,68 x 1,68) = 32,1. Ko‘rinib turibdiki, siz I darajali semizlikka chalingansiz. Hozirgi kunda butun dunyo bo‘yicha shifokor terapevt, pediatr, endokrinolog, ginekologlar ushbu jadvaldan samarali foydalanishmoqda.Ko‘rsatkich | Erkaklar | Ayollar |
Vazn yetishmovchiligi | 19 | 19 |
Me’yoriy vazn |
19-25 | 19-24 |
Ortiqcha vazn | 26-29 | 25-29 |
I darajali semizlik | 30-34 | 30-34 |
II darajali semizlik | 35-39 | 35-39 |
III darajali semizlik | 39 | 39 |
Vazn ortishi sabablari
Noto‘g‘ri ovqatlanish. Ovqatlanish tizimining buzilishi semizlikning kelib chiqishida katta rol o‘ynaydi. Shu bilan birga parhez orqali ovqatlanish ushbu kasallikda davo omili hisoblanadi. Yuqori kaloriyali, yog‘li va xolesteringa boy taomlar yuqorida sanab o‘tilgan kasalliklarning tarqalishida dastlabki omillardan hisoblanadi. Tekshirishlarga ko‘ra, yog‘lar miqdori ovqatlanishning jismoniy normalariga ko‘p jihatdan mos kelmas ekan, ya’ni bunda hayvon yog‘i, qo‘y dumba yog‘i, mol yog‘i asosiy miqdorni tashkil qiladi. Shuningdek, qo‘shilgan omixta yog‘i, ilik yog‘i ham kiradi. Kam harakatlik. Hozirgi vaqtda, ayniqsa, oxirgi 10-15 yillardan buyon shahar aholisi orasida jismoniy mehnat bilan shug‘ullanadiganlar ancha kamayib qoldi. Yerli xonadonda turuvchi shahar aholisi ozgina bo‘lsa ham harakatda bo‘ladi. Lekin ko‘p qavatli binolarda yashayotgan ko‘p ming sonli oilalar gipodinamiya (kam harakatchanlik, holsizlik) bilan bandlar. Shu tufayli shahar aholisi qishloqda istiqomat qiladigan odamlarga nisbatan semizlik bilan ko‘proq og‘riydi. Bu holatni ilmiy tekshirishlar asosida tasdiqladik. Markaziy shaharlarda tug‘ilgan erkaklar qishloqda tug‘ilgan erkaklarga nisbatan ko‘proq semizlik kasalligi bilan xastalanadilar. Shu bilan birga bunday semizlik o‘lim hollari xavfining oshishiga sabab bo‘ladi. Irsiyat va semizlik. Bir qator olimlar ovqatni kam iste’mol qiladigan va ko‘p yeydigan odamlarni tekshirib shunday xulosaga kelishdiki, semizlik irsiyat bilan bog‘liq ekan. Shu bois ular suv ichsa ham semiraveradi. Bir oilada ona semiz bo‘lsa, uning farzandi, ko‘pincha qizida ham sekin-asta bu xastalik paydo bo‘ladi. Semizlik ko‘p hollarda ayolda uchrab, qiziga ham gen orqali beriladi. Semiz bolalarni ota-onasi ham 40-80 foiz semizlik xastaligiga duchor bo‘ladilar. Bundan tashqari, bunday oiladagi ovqatlanish tizimida kuchli, kaloriyasi katta bo‘lgan ovqatlar ko‘p iste’mol qilinishi aniqlangan.Semizlikka qarshi kurashish usullari
Ko‘pchilik xotin-qizlar semizlikka qarshi kurashning eng oson yo‘li kam ovqat yeyish yoki och yurish deb o‘ylashadi. Bu xato tushuncha. Chunki uzoq yillar davomida olib borilgan ilmiy tekshirishlar ko‘rsatishicha, ochlikda kishining jigari va yurak faoliyatiga katta zarar yetadi. Shuning uchun bu davo usuli tibbiyotda qo‘llanilmaydi. – Eng yaxshi samarali davo usuli kaloriyasi cheklangan ovqat ratsionini qo‘llashdan iboratdir. Iste’mol qilinadigan ovqat kaloriyasi, ya’ni quvvati, energetik qimmati ancha past (1800-2000 kkal) bo‘lishi lozim. Shundagina organizmdagi yog‘lar parchalanib, ortiqcha og‘irlik yo‘qola boshlaydi. Taomning tarkibida uglevodlar kam bo‘lib, oqsil va vitaminlar ko‘p bo‘lishi uchun, ovqatni doimiy ravishda o‘simlik yog‘ida pishirgan ma’qul. Har kuni ovqat oldidan ko‘p miqdorda tayyorlangan achchiq-chuchuk, turli salatlar yeyilsa maqsadga muvofiq bo‘ladi, oshqozon to‘lib, qorin ochligi yo‘qoladi. – Haftada 2 marta ozish kunlarini uyushtirish kerak. Bu kunlarda olma, qovoq, bodring, sabzini xomligicha yeyish tavsiya qilinadi. Masalan: 1,5 kg ko‘k, achchiq olmani (shirin sortlari to‘g‘ri kelmaydi), kuniga besh qismga bo‘lib, faqat shu mahsulotni iste’mol qilish lozim. Birinchi kunlari o‘rganmagan bemorlarga qiyin, albatta, ovqat yegisi keladi, ba’zi hollarda bilmasdan yeb ham qo‘yadi. Lekin 3-4 marta shunday ozish kunlari qo‘llangach, bemor tajribaga ega bo‘lib bemalol uni qo‘llaydi. – Ertalabki badantarbiya, fizkultura va jismoniy mehnatning biror yoqadigan turi bilan doimiy ravishda shug‘ullanib turish maqsadga muvofiqdir. Darvoqe, uzoq vaqt piyoda yurish ham jismoniy harakatga kiradi. – Ozish uchun parhez qilayotganlar tez-tez endokrinolog shifokor bilan maslahatlashib turishlari kerak. Barcha tavsiya qilgan, ishtahani bo‘g‘adigan tabletkalarni o‘z vaqtida qabul qilish davolash garovidir. – Parhezda yengil singadigan uglevodlar (konditer mahsulotlari, qand, har xil murabbolar) bo‘lishi lozim. Yog‘ bosgan odamlar ovqatida uglevodlar kam, oqsillar, vitaminlar ko‘p, yog‘lar ozroq miqdorda bo‘lishi kerak. Uglevodlarni 100-150 grammdan ortiq yemagan ma’qul. Yengil singadigan uglevodlar, ya’ni qand yog‘ning yog‘ to‘qimasida sintezlanishiga yordam berib, insulinni faollashtiradi, bu esa ularni polisaxaridlarga – qiyin singadigan uglevodlarga aylantiradi. Bizning respublikamizda noz-ne’matlar serob bo‘lganidan qishin-yozin parhezda sabzavotlar – xom o‘simlik mahsulotlari bo‘lishiga imkon beradi, sabzavotlar tarkibida qiyin singadigan uglevodlar va zarur mineral moddalar bo‘ladi. – Tavsiya etiladigan kaloriyasi kam parhez ortiqcha toshning qisqa vaqt ichida yo‘qolishiga imkon berishi, bemor ahvolini yaxshilashi uchun qulay bo‘lishi zarur, chunki yog‘ bosishi uzoqqa cho‘ziladigan kasallik hisoblanadi. Parhez taom yog‘ bosgan bemorlarga uzoq muddatga buyuriladi, shu sababli parhez buyurishda bemorning o‘ziga xos hayot sharoitlarini va urf-odatlarini, o‘zi o‘rgangan ovqatlarni hisobga olish kerak. – Biz semiz odamlarda “baqaloqlar sho‘rvasi” deb atalgan taomni xaftada 2 marta iste’mol qildirganimizda 1,5-2 kg vaznini yo‘qotishganiga guvoh bo‘ldik. Siz ham ana shu sho‘rvani 1-2 oy erinmasdan, irodani bir joyga to‘plab qo‘llasangiz, yutuqli natijalarga erishasiz. “Baqaloqlar sho‘rvasi” resepti: 8 dona o‘rtacha piyoz, 5 dona kichikroq pomidor, 2 ta o‘rta bolg‘or garmdorisi, 1 kg karam, 1 bog‘ ukrop, 1 bog‘ selder maydalab kastryulkaga solinadi va uning ustiga 2 litr sovuq suv quyiladi. Gaz olovida qaynatamiz, me’yorida tuz solamiz. Suv qaynab chiqqandan keyin 40-50 daqiqa qaynatamiz va tayyor sho‘rvani bir kunda uchga teng bo‘lib iste’mol qilamiz. Sho‘rvani qora non bilan iste’mol qilish kerak. Sho‘rvani iste’mol qilgach, o‘sha kuni boshqa hech nima yeyilmaydi, sho‘rva qorinni to‘q tutadi va yengil hazm bo‘ladi. Natija uzoq kuttirmaydi – 1 oyda 4-6 kg yo‘qotishingiz turgan gap.© Tohir Ibragimov, tibbiyot fanlari doktori, professor. "Tib.uz" nashri.
Ushbu maqolani ham o'qing:
Mavsumiy allergik rinit - alomatlar, kelib chiqish sabablari va tashxislash ( 1-qism )