Nerv tizimi xastaliklari ichida radikulit (orqa miyaning nerv ildizlari va ulardan ketadigan nerv tolalari kasalligi) asosiy o‘rinda turadi. Bu dardga, ayniqsa, 30-50 yoshdagi kishilar ko‘proq chalinadilar.
Umurtqa kanalida orqa miya mavjud, shu orqa miyadan o‘ttiz bir juft nerv ildizchalari chiqadi. Nerv ildizchalari umurtqa kanalidan ingichka suyak teshigi orqali chiqadi, uning diamerti yulduzcha diametridan salgina katta xolos. Har bitta nerv va ildizcha bir-biridan ajralib turadigan nerv tolalaridan iborat. Bir xillarining tolalari sezgir, ikkinchi xillari atrofdagi to‘qimalarning oziqlanishi va qon aylanishini uchinchilari esa mushaklar qisqarishini boshqarib turadi.
Sezgir tolalarning zararlanishida igna sanchilgandek og‘riq kuzatiladi, moddalar almashinuvi va qon aylanishi boshqaradigan nerv tolalari zararlanganda soch o‘sishi va ter ajralishi izdan chiqadi, tirnoqlar tez sinadigan va mo‘rt bo‘lib qoladi. Uchinchi xildagi nerv tolalari zararlanganda esa mushaklar atrofiyasi (ozib, kichrayishi) va spazmlar ro‘y beradi.
Umurtqa pog‘onasi zararlanishidan tashqari ba’zan gipodinamiya (kam harakatlilik) va asabiy zo‘riqishlar ham radikulit xavfini keltirib chiqaradi. Bu kasallikning birinchi alomati — og‘riq, ya’ni zararlangan nerv ildizchalari va nerv tolalari bo‘ylab og‘riq turishi, sezuvchanlikning yo‘qolishi ro‘y beradi. Radikulit odatda birdaniga paydo bo‘lib, ko‘p hollarda surunkali tusga o‘tadi va keyin tez-tez qo‘zg‘ab turadi.
TURLARI
Nerv tolalari va ildizchalarining qaysi qismi zararlanganiga qarab radikulit bir necha tur (ya’ni, bel-dumg‘aza, bo‘yin-yelka va ko‘krak radikuliti) ga bo‘linadi. Bel-dumg‘aza radikulitida bel va dumg‘aza sohasida hamda quymich nervi bo‘ylab har xil og‘riq paydo bo‘ladi. Og‘riq qimirlaganda kuchayadi, shuning uchun ham bemor birdaniga qimirlolmaydi, yurganda esa tanasini oldingi yoki yon tomonga egib oladi, natijada umurtqa pog‘onasining qiyshayishi, umurtqa mushaklarining taranglashishi ro‘y beradi. Bu’zan bemor og‘riqni kamaytirish uchun o‘rnida oyoqlarini bukib qorniga tortib yotadi. Agar faqat bel nervi ildizchalari zararlansa, og‘riq son yuzasida bo‘ladi. Quymich nervi chiqadigan dumg‘aza bo‘limi ildizchalari zararlanishi bilan kechadigan bel-dumg‘aza radikuliti ko‘pincha “ishias” deb ham yuritiladi. Ishiasda og‘riq quymich nervi bo‘ylab (dumba, sonning orqa yuzasi, oyoq panjasiga) tarqaladi. Oyoq sovqotadi, uvishadi, chumoli o‘rmalagandek sezgi paydo bo‘ladi. Bora-bora kasal oyoqning mushaklari tonusi susayadi, “so‘lib”qolganga o‘xshaydi. Bu atrofiyaga uchrashdir. Quymich nervining tortilishi (odam engashganda, oyoq ko‘tarilganda) og‘riqning zo‘rayishiga olib keladi. Bo‘yin-yelka radikulitida og‘riq ensa, yelka va kurakka tarqaladi. Boshni qimirlatganda, atrofga qiyshaytirganda va qo‘l qimirlatilsa, b’zida esa yo‘talganda og‘riq kuchayadi. Radikulitning bu og‘ir turida qo‘l uvishadi, lovillab achishadi, sanchadi, keyinchalik sezuvchanligi o‘zgarib atrofiyaga uchraydi, bunda mushaklar kuchsizlanib qoladi. Ko‘krak radikulitijuda kam uchraydi. Bunda og‘riq asosan qovurg‘alar oralig‘ida bo‘ladi va bemor qimirlaganida, ayniqsa, chuqur nafas olganida kuchayadi. Radikulitning bu turiga aslo beparvo bo‘lib kerak emas, chunki kasallik zo‘rayib, o‘tkir tusga o‘tishi va boshqa jiddiy asoratlarga sabab bo‘lishi mumkin.NOGIRONLIKKA OLIB KЕLMASLIGI UCHUN
Radikulit kasalligining kechishi turlicha bo‘ladi. Ayrim hollarda u uch-to‘rt kun ichida o‘tib ketadi. Bu o‘tkir holat deyilib, u keyinchalik qayta qo‘zg‘alishi ham mumkin. Ko‘p hollarda esa radikulit uzoqroq (uzluksiz holatda) davom etadi. Bu vaqtda e’tiborsizlik qilinsa, oyoq falajlanadi, bora-bora kishi nogiron bo‘lib qolishi ham mumkin. Umuman, radikulit bilan og‘rigan bemorni nevropatolog shifokor davolaydi, avvalo, kasallikni keltirib chiqargan sabablarni aniqlash lozim bo‘ladi. Shundan so‘ng og‘riqni kamaytiruvchi dorilar beriladi, shuning barobarida fizioterapevtik muolajalar, davo gimnastikasi, umurtqa oralig‘ini kengaytirish (umurtqalararo disk faoliyatini tiklash), sanatroiylarda davolanish tavsiya etiladi. O‘z bilgancha belga issiq qilish, og‘riq qoldiruvchi dorilar ichish faqat vaqtinchalik naf berishi mumkin. Agar bemor qunt bilan davolansa, butunlay tuzalib ketadi. Surunkali radikulit va uning vaqti-vaqti bilan zo‘rayishining oldini olishda davo gimnastikasi, fizkultura va turli egiluvchanlik mashqlari bilan shug‘ullanish muhim ahamiyatga ega.XALQ TABOBATIDAN
Tabiblarning aytishlaricha qariqiz (lopux) bargi og‘riqni qoldiradi. Buning uchun yangi qariqiz bargini sovuq suvda chayib, teskari tomoni bilan og‘riyotgan joyga qo‘yiladi. Og‘riq pasaygach, olish tashlanadi. Qishda quritilgan qariqiz bargini suvda bo‘ktirib, so‘ng ishlatish mumkin. Yerqalampir (xren) ildizini maydalab, bo‘tqa holiga keltiring. Og‘riyotgan joyga doka qo‘yib, ustidan bo‘tqani yoyib chiqing. Malham 1 soatdan ko‘p turmasinRadikulitda xantal (gorchitsa)li vanna qabul qilish ham foydali. 200-400 gramm xantal kukuniga iliq suv quyib bo‘tqa holiga keltiring. So‘ng uni vannaga solib, yaxshilab aralashtiring. Vannada suvning harorati ayollar uchun 39, erkaklar uchun 43 darajagacha. Vanna 15 daqiqa qabul qilinadi. Yuragi xastalar 3-5 daqiqa (38-39 darajali suvda) qabul qilsalar yetadi. Vannadan so‘ng 1-2 daqiqa iliq dush qabul qilinadi va yaxshilab artinib, issiq odeyalga o‘ranib yotiladi. 2 oshqoshiq qichitqio‘t (krapiva)ni 1 stakan qaynagan suvda yarim soat damlanadi. Kuniga 1-2 marta og‘riyotgan joylarga 1,5-2 soatga kompress qilinadi. Bel-dumg‘aza radikulitida zig‘ir urug‘ini qizdirib, xaltachaga solib, og‘riyotgan joyga qo‘yib yoting.RADIKULIT PARHEZI
Radikulit bilan og‘rigan bemorlar ta’omnomasiga ham jiddiy e’tibor berishi lozim. Asosan, xom sabzavotlar iste’mol qilish tavsiya etiladi. Masalan, bodring, pomidor, karam, rediska. Sabzi, yalpiz, gulkaramni esa bug‘lab yeyish yaxshi naf beradi. Mumkin. Mevalardan banan juda foydali. Bundan tashqari har kun ertalab, 2-3 dona sarimsoq yeyish va bir kunda bir mahal bitta limon sharbatiga tuz qo‘shib suv bilan aralashtirib ichish ham yaxshi foyda beradi. Mumkin emas. Dard avj olgan paytda yog‘li, qovurilgan taomlar, qandolat mahsulotlari, qahva, achchiq choy tavsiya etilmaydi.Kamron Mahkamov.
[divider]
[highlight]Avitsenna.uz saytida mavzuga aloqador quyidagi maqolalarni ham o‘qishingiz mumkin:[/highlight]
Ushbu maqolani ham o'qing:
Ataksiya - tik tura olmasdan chayqalib yurish