Gemorragik isitma — temperatura ko‘tarilishi, teri ostiga va ichki a’zolarga qon quyilishi bilan kechadigan,odamlarda va hayvonlarda uchraydigan virusli o‘tkir yuqumli kasalliklar guruhi hisoblanadi. Gemorragik isitma kasalliklari qo‘zg‘atuvchilarining manbalari uy hayvonlari, kemiruvchilar, qushlar, kaltakesaklar, hashoratlar va boshqalar hisoblanadi. Qrim-Kongo gemorragik isitmasi Tibbiyot olimlari gemorragik isitma kasalliklarini epidemiologik belgilariga ko‘ra 3 guruhga bo‘lishgan:
  • kanalar orqali yuqadigan gemorragik isitmalar: Qrim-Kongo gemorragik isitma, Omsk gemorragik isitma;
  • chivinlar orqali yuqadigan gemorragik isitmalar: sariq isitma, Denge gemorragik isitma, Chikungunya gemorragik isitma;
  • kontagioz zoonoz gemorragik isitmalar: buyrak sindromi bilan o‘tadigan gemorragik isitma, Argentina, Boliviya, Morburg gemorragik isitmalaridir.Bu kasallik turlari ko‘p jihatlari bilan bir-biriga o‘xshash bo‘lsa-da, kasallikning avj olishi, rivojlanishi, epidemiologik jarayoni, qo‘zg‘atuvchilarning manbalari hamda yuqish yo‘llari bilan bir-biridan farq qiladi. Bular orasida mintaqamiz hududlarida nisbatan keng tarqalgani Qrim-Kongo gemorragik isitma kasalligi bo‘lgani bois mazkur kasallik haqida ma’lumot bermoqchimiz.

Xo‘sh, Qrim-Kongo gemorragik isitmasi qanday kasallik hisoblanadi?

Bu virus qo‘zg‘atadigan, ko‘pincha cho‘l zonalarida uchraydigan o‘ta xavfli yuqumli kasallikdir. Mazkur kasallik qadimdan ma’lum bo‘lib, bu bilan faqat insonlar kasallanadi. Ba’zi holatlarda kasallik og‘ir kechib, bemor  organlaridan  qon ketishi natijasida o‘limga ham olib kelishi mumkin. Shuning uchun mamlakatimizda bu xavfli kasallik «qora halak” (qora o‘lim) nomi bilan keng yoyilgan. Kasallik ilk marotaba 1944 yilda Qrimda, 1956 yilda Kongo davlatida aniqlanganligi uchun tibbiyot sohasiga «Qrim-Kongo gemorragik isitma kasalligi» nomi bilan kiritilgan. Asosan, Afrika, Bolqon, Yaqin Sharq va Osiyo davlatlari kabi issiq iqlimli hududlarda uchraydi.

Kasallik belgilari

Kasallikning yashirin davri bir necha soatdan 7 kungacha, o‘rtacha 2-3 kun davom etadi. Aksariyat hollarda kasallik o‘tkir boshlanib, tana haroratining ko‘tarilishi (39-40 S), badanning sovuq qotib qaltirashi, bosh og‘rig‘i, darmon qurishi, mushaklarning og‘rishi, badanda toshma toshishi, milk, burun, oshqozon-ichaklardan qon ketishi kabi  alomatlar bilan namoyon bo‘ladi. Ayrim a’zolar, jumladan buyraklar zararlanadi, shu sababdan bel qattiq og‘rib, bemor halovati buziladi, kechalari uyqu bermaydi. Kasallik yengil kechganida bemor isitmalaydi, lekin qon oqishi va buyrak zararlanishi kuzatilmaydi. Ba’zi hollarda kasallik belgilarsiz ham kechishi mumkin, ya’ni badanda toshmalar toshmaydi, qontalashlar kuzatilmaydi, organlardan qon ketmaydi.

Qachon va qanday yo‘llar bilan yuqadi?

Yilning aprel, may, iyun oylarida kasallikni ko‘proq uchratish mumkin. Uning bunday  mavsumiyligi kanalarning faolligi bilan bevosita bog‘liq bo‘lib, kasallikning 80 foizdan ko‘prog‘i 20-60 yoshdagi erkaklarda uchraydi. Respublikamizda yirik mayda shohli hayvonlarda uchraydigan kanalar kasallik virusini saqlovchi va tashuvchilari hisoblanadi. Odamlarga kanalarning chaqishi va qo‘llarning kana qoni bilan ifloslanishi natijasida yuqadi. Sog‘lom odamga shu kasallik bilan og‘rigan bemorning qoni, shuningdek, bemorga teri butunligining buzilishi bilan kechadigan tibbiy muolajalar  (inyeksiya, infuziya, operatsiyalar, qon olish  va hokazo) orqali yuqadi.

Kasallikning oldini olish uchun quyidagi tavsiyalarga amal qiling

  • cho‘l hududlariga (tabiat quchog‘iga) aprel-iyul oylarida imkon qadar chiqmaslik;
  • cho‘l hududlaridan, bozorlardan mayda va yirik shoxli mollarni kanaga qarshi ishlov bermasdan uyga olib kelmaslik;
  • mollarda kana borligi aniqlansa, darhol veterinariya shifokoriga murojaat qilib, ularning tavsiyasi asosida kanalarga qarshi ishlov berish;
  • kanalarni qo‘l bilan ezib va qaychi bilan kesib o‘ldirmaslik;
  • chorva mollari va ular yashaydigan joylarni to‘liq va sifatli dezinfeksiya qilish;
  • qirqim mavsumiga yosh bolalar va o‘smirlarni jalb etmaslik;
  • qirqim vaqtida faqat maxsus kiyim (qo‘lqop, yeng va poychalari mustahkam berkitiladigan shim, kamzul, rezina etik)lardan foydalanish;
  • qirqim paytida shaxsiy gigiyena qoidalariga puxta amal qilish talab etiladi.

© Feruza AMANLIKOVA. «Salomatlik sandig‘i» gazetasi.

Avitsenna.uz sayti orqali mavzuga aloqador quyidagi maqolalarni ham o‘qishingiz mumkin: