4.1
(57)

Qon va qon tarkibi, qonning ivishi, vazifalari haqida fikr yuritar ekanmiz, eng avvalo qon aylanish sistemasi to‘g‘risida ham ma’lumot berib o‘tish lozim.

Qon aylanish sistemasi — umumiy tushunchalar

Qon aylanish sistemasi

Shifokor konsultatsiyasi

Analiz va diagnostika

Qon aylanish sistemasi sirasiga yurak, arteriya, kapillyarlar, vena va limfa tomirlari kiradi. Yurak va tomirlar odam organizmida qonning to‘xtovsiz harakatlanishini ta’minlaydi.

Yurakning avtomatik qisqarib va kengayib turishi natijasida qon katta arteriya va kapillyarlar (mayda qon tomirlari) orqali tananing hamma to‘qima hamda hujayralariga tarqalib, so‘ngra mayda, o‘rta va yirik vena qon tomirlari orqali yurakka qaytib keladi.

Yurakning chap qorinchasidan tarkibida oziq moddalar, kislorod, gormonlarga boy bo‘lgan arterial qon aorta tomiriga quyiladi. Undan yirik, o‘rta, mayda arteriya tomirlari orqali to‘qima va hujayralar orasida joylashgan kapillyarlarga boradi. Qondagi oziq moddalar, kislorod va gormonlar hujayralarga o‘tadi.

Hujayralarda moddalar almashinuvi natijasida hosil bo‘lgan qoldiq moddalar va karbonat angidrid ulardan mayda vena, kapillyar tomirlariga o‘tib, so‘ngra o‘rta, yirik vena tomirlari orqali yurakning o‘ng bo‘lmasiga kelib quyiladi.

Shunday qilib, qon aylanish sistemasi tananing hamma to‘qima-hujayralariga oziq moddalar va kislorod yetkazib beradi. Ularda hosil bo‘lgan qoldiq moddalarni qabul qilib, ayirish organlariga yetkazadi. Shuning uchun yurak-qon tomir sistemasi «tashuvchi sistema» deb ham yuritiladi.

Yurak-qon tomir sistemasi eng muhim hayotiy vazifani bajaradi. Agar yurak qisqa vaqt to‘xtab qolsa, odamning hayoti ham to‘xtaydi.

Turli mamlakatlarida aholining qon gruppasi tekskirilganda quyidagi o‘rtacha ma’lumotlar olingan: I gruppa — 40% kishilar mansub, II gruppa – 39 %, III gruppa 15%, IV gruppa -6%.

Qon gruppalaridan tashqari podgruppalari ham aniqlangan. Masalan: A1, A2, A3, A4. Qon quyganda buni e’tiborga olish kerak.

Qon guruhlari haqida man bu maqola orqali to‘liq ma’lumot oling: Qon guruhlari

Qon tarkibi qanday qismlardan iborat?

Qon ikki qismdan iborat:

  • birinchi qismi qonning suyuq qismi, ya’ni qon plazmasi;
  • ikkinchi qismi qonning quyuq qismi, ya’ni shaklli elementlaridir.

Qon umumiy hajmining 55-60% ini qon plazmasi va 40-45% ini shaklli elementlar tashkil qiladi. Qonning o‘rtacha miqdori katta odamda 5 litr bo‘lib, u tana og‘irligining o‘rtacha 7% ini tashkil qiladi. 1 kg tana og‘irligiga o‘rtacha 70 ml qon to‘g‘ri keladi. Bolalarda har 1 kg tana og‘irligiga to‘g‘ri keladigan qon miqdori kattalarnikiga nisbatan ko‘proq bo‘ladi (80 100ml).

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Leykemiya sabablari, turlari va davolash usullari

Qon plazmasi

Qon plazmasi qonning suyuq tarkibi bo‘lib, u murakkab aralashmadir. Uning tarkibida oqsillar, yog‘lar, uglevodlar, mineral tuzlar, gormonlar, fermentlar, antitelalar va erigan holdagi gazlar (kislorod, karbonat angidrid kabilar) bo‘ladi.

Qon plazmasi tarkibi organizmning hayoti-o‘sishi va rivojlanishi uchun zarur barcha oziq moddalardan tashkil topgan bo‘ladi. U moddalar qonga ovqat hazm qilish organlaridan so‘riladi. Qonning doimiy harakati natijasida bu moddalar hujayralarga o‘tadi va o‘zlashtiriladi.

Moddalar almashinuvi natijasida hujayralarda hosil bo‘lgan qoldiq moddalar qonga o‘tib, ayirish organlariga yetkaziladi va tashqariga chiqarib yuboriladi.

Plazma tarkibidagi vitaminlar, fermentlar, gormonlar hujayralarda moddalar almashinuvi jarayoni normal o‘tishida va antitelalar organizmni yuqumli kasalliklardan himoya qilishida muhim ahamiyatga ega.

Shunday qilib, qon hamda qon plazmasi odam tanasi hujayralarining oziqlanishida, ulardagi barcha hayotiy jarayonlar normal o‘tishida va organizmni yuqumli kasalliklardan saqlashda muhim ahamiyatga ega.

Shunung uchun ham qon yoki undan tayyorlangan plazma davolash maqsadida qo‘llaniladi. Bu qon va plazma sog‘lom odamlardan (donorlardan) olinadi.

Donorlik qilish, uning afzalliklari haqida mana bu maqola orqali batafsil oʻqishingiz mumkin: Donorlik haqida. Donorlik qilish tartibi va uning afzalliklari

Qonning shaklli elementlari

Qonning shaklli elementlariga eritrositlar, leykositlar va trombotsitlar kiradi. Ular qon tarkibining quyuq qismini tashkil etadi.

Eritrositlar

Eritrositlar (qizil qon tanachalari) — suyaklarning ko‘mik qismida hosil bo‘ladi. Eritrositlarning hosil bo‘lishi va soni normal miqdorda bo‘lishi odamning sog‘lig‘iga, ovqatlanishiga, jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanishiga, quyoshning ultrabinafsha nurlarini yetarli qabul qilishiga bog‘liq.

Ayniqsa, ovqat tarkibida oqsillar, temir moddasi, B guruhga kiruvchi vitaminlar yetarli miqdorda bo‘lishi zarur. Eritrositlarning asosiy vazifasi organinzmning barcha hujayralarini kislorod bilan ta’minlashdan iborat.

Ular tarkibidagi gemoglobin o‘pkalardan kislorodni o‘ziga biriktirib hujayralarga yetkazadi, ularda moddalar almashinuvi natijasida hosil bo‘lgan karbonat angidridni yana o‘ziga biriktirib o‘pkalarga olib boradi. Bu orqali eritrotsitlar qonning vazifalari sirasiga kiruvchi tashuvchilik funksiyasini ta’minlaydi.

Eritrositlarning soni va ular tarkibidagi gemoglobin miqdorining kamayishi kamqonlik (anemiya) kasalligi deb ataladi. Bu kasalligning oldini olish uchun ovqat tarkibida oqsil, temir moddalari, vitaminlar yetarli miqdorda bo‘lishi, jismoniy mashqlar bilan muntazam shug‘ullanish, nafas oladigan havoning toza bo‘lishi kabilar katta ahamiyatga ega.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Qon quyilishi va uni davolash borasida tavsiyalar

Leykositlar

Leykositlar (oq qon tanachalari) — yadroli qon hujayralari bo‘lib, yadrosining shakliga va bo‘yalishiga qarab uch turga: monositlar-bir yadroli yirik leykositlar limfositlar-bir yadroli, lekin monositlardan bir oz maydaroq; donador leykositlar, ya’ni granulositlarga bo‘linadi.

Leykositlar sonining ko‘payishi leykositoz, kamayishi leykopeniya deb ataladi. Leykositlar suyaklarning ko‘mik qismida va taloqda (limfositlar) qon tarkibi sifatida hosil bo‘ladi.

Leykositlarning asosiy vazifasi organizmni yuqumli kasalliklardan himoya qilishdir. Ular organizmga kirgan mikroblarni yutib, eritib yuboradi. Bu hodisa fagositoz deb ataladi. Leykositlarning bu xossasini atoqli rus olimi I.I. Mechnikov aniqlagan.

Odam yuqumli kasalliklar bilan kasallanganda leykositlarning soni ko‘payib, 1mm3 qonda 10-20 mingga yetadi va undan ham ortishi mumkin. Odam uzoq vaqt davomida kam va sifatsiz ovqatlansa, bir necha kun, hafta davomida og‘ir mehnatdan charchasa, surunkali uzoq davom etuvchi kasalliklarda leykositlar soni kamayadi. Bu esa organizm nihoyatda kuchsizlanganligidan dalolat beradi.

Oq qon kasalligi haqida ushbu maqola orqali batafsil maʼlumot olishingiz mumkin: Leykoz (oq qon) kasalligi — sabablari, belgilari, tashxislash va davolash usullari

Trombositlar

Trombositlar (qon plastinkalari) — suyaklarning ko’mik qismida va taloqda hosil bo’ladi. Yadrosi bo’lmaydi. Past tabaqali umurtqali hayvonlar trombositlarning yadrosi bo’ladi. 1mm3 qonda 300-400 ming dona trombosit bo’ladi.

Ular leykositlarga o’xshab 2-5 kun yashaydi. Trombositlar asosiy vazifaslari qonning ivishini ta’minlashdan iboratdir. Ularning soni kamayganda qonning ivish xossasi buziladi. Bunday odamning jarohatlanishi juda xavfli, chunki qon oqishini to’xtatish qiyin bo’ladi.

Salgina urilish, turtilish natijasida badandan ko’karish (qon quyilishi) yuzaga keladi, o’z-o’zidan burundan qon kelishi mumkin. Shuning uchun trombositi kamaygan odam har xil shikastlanishlardan saqlanishi zarur.

Trombosit tarkibida serotonin moddasi bo’lib, u qon tomirlarini toraytirish va qon ketgan vaqtda uning ivishini tezlashtirish xossasiga ega.

Burun qonashi haqida ushbu maqola orqali batafsil o‘qing: Burun qonashi sabablari va uni to‘xtatish usullari

Qonning vazifalari

qonning vazifalari

Qonning tashuvchilik vazifasi. Oshqozon-ichaklarda hazm bo‘lgan oziq moddalar (oqsillar, yog‘lar, uglevodlar, mineral tuzlar, vitaminlar, suv) qon va limfa tomirlariga so‘rilib, qon orqali hujayralarga yetkaziladi.

Shuningdek, qon o‘pkadan kislorod qabul qilib, hujayralarga olib boradi. Hujayralarda moddalar almashinuvi natijasida hosil bo‘lgan qoldiq (zaharli) moddalar va karbonat kislota qonga o‘tadi. Bu moddalar qon orqali ayirish va nafas olish organlariga yetkazilib, tashqariga chiqarib yuboriladi.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Kamqonlik yoxud anemiya

Qon barcha to‘qima va organlar funksiyasini gumoral yo‘l bilan boshqarilishida ishtirok etadi. Endokrin bezlarda sintez qilingan gormonlar-biologk faol moddalar qonga o‘tib, u orqali to‘qima va organlarga yetkaziladi va ular nerv sistemasi bilan birga nerv-gumoral boshqarilishini ta’minlaydi.

Qon organizmni himoya qilish (immunitet) funksiyasini bajaradi. Qon tarkibidagi leykositlar (oq qon tanachalari) organizmga kirgan mikroblarni yutish, parchalash va eritib yuborish xususiyatiga ega.

Bundan tashqari, qon zardobida maxsus oqsil zarrachalari (antitelalar) bo‘lib, ular mikroblarni bir-biriga yopishtiradi va eritib yuboradi. Shunday qilib, qonning immunitetlik vazifalari organizmning har xil yuqumli kasalliklardan saqlanishga yordam beradi.

Qon tana haroratining nisbiy doimiyligini saqlashda ishtirok etadi. Qonning uzluksiz harakati orqali moddalar almashinuvi natijasida hosil bo‘lgan issiqlik energiyasi tananing barcha qismlariga tarqalib, ulardagi harorat doimiyligini ta’minlaydi.

Yuqorida taʼkidlangan, qonning muhim vazifalari toʻla-toʻkis bajarilishi orqali organizm ham moʻtadil ishlaydi.

Qonning ivishi nima?

qonning ivishi

Qonning ivishi – organinzmning himoya reaksiyasi hisoblanadi. Uning bu xossasi jarohatlanishlarda organizmni ortiqcha qon yo‘qotishdan saqlaydi.

Qonning ivishi o‘zgarsa, ozgina jarohatlanish ham odam sog‘lig‘iga katta xavf tug‘diradi, chunki organizm ko‘p qon yo‘qotishi mumkin.

Qonning ivishi murakkab biologik jarayon bo‘lib, bunda quyidagi omillar ishtirok etadi: qon plazmasidagi fibrinogen (oqsil modda) mayda zarrachalardan ingichka tolachalarga (fibringa) aylanadi.

Fibrin tolachalari qon tomiri devorining jarohatlangan (kesilgan) joyida to‘r hosil qiladi va unga qonning shaklli, elementlari, ayniqsa trombositlar ilinib, to‘siq hosil bo‘ladi. Natijada qon oqishi to‘xtaydi. Bu jarayonda qon tarkibidagi trombin fermenti, Ca ionlari, K vitamin va qonning antigemofil omili muhim rol o‘ynaydi.

Sog‘lom odamda qon 3-4 minut ichida iviydi. Ba’zi odamlar qon plazmasining tarkibida qonning ivishida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan biologik modda-antigemofil omil yetarli bo‘lmaydi. Bu kasallik gemofiliya deb atalib, u nasldan-naslga, ya’ni ota-onadan bolaga o‘tadi.

Bunday odamlarda qon ivishi buziladi, natijada bexosdan burundan qon kelishi, salgina jarohat tufayli ko‘p qon yo‘qotish mumkin. Bundan tashqari, trombositlarning soni kamayganda, ovqat tarkibida kalsiy (Ca) ionlari, kaliy (K) vitaminining miqdori yetishmay qolganda ham qonning ivish xossasi kamayadi.

Mavzuga aloqador maqola:

Umumiy qon tahlili — normal ko‘rsatkichlari, ko‘rsatkichlarning normadan oshishi va pasayish sabablari

Qon quyilishi va uni davolash borasida tavsiyalar