4
(41)

Turli adabiyotlarda trombotsitopeniyalar ko‘proq 20 yoshdan 40 yoshgacha bo‘lgan ayollarda uchrashi qayd qilingan bo‘lsada, har ikkala jins vakillarida turli yoshda kuzatilishi aniqlangan. Har 100 ming aholi soniga nisbatan ushbu dard 1,5 dan 4 gacha uchrashi mumkin.

trombotsitopeniya

Trombotsitopeniya turlari

Ular quyidagi turlarga bo‘linadi:

  1. Xastalikning nasliy turi trombotsitlarning hujayra qobig‘ida nuqson bo‘lishi tufayli kelib chiqadi. Trombopoetiklar ishlab chiqarishda va fermentlarda nuqsonlar tufayli yuzaga keladigan trombotsitlarning kamligi natijasida ham kuzatiladi.
  2. Orttirilgan trombotsitopeniyalar esa har xil kasalliklar asorati natijasida paydo bo‘ladi:

a) immun bo‘lmagan shakllari trombotsitlarning mexanik shikastlanishi tufayli hosil bo‘lishi bilan aplastik kamqonlik (anemiya)lar, surunkali radiatsion ta’sirlar, metaplastik jarayonlar, DVS-sindrom, foliy kislota, B12 tanqisligida va boshqa shu kabi salbiy omillar asorati sababli ham paydo bo‘ladi.

b) Ushbu xastalikning immun shakllari ular ichida ko‘p uchraydigan kasallikdir. Bu autoimmun trombotsitopeniya yoki trombotsitopenik purpura deb ataladi.

Idiopatik trombotsitopenik purpura (ITP) – qon tizimi kasalliklaridan biri bo‘lib, trombotsitopeniya (qondagi trombotsitlar miqdorining 100 x 10*9/l dan kamligi) va suyak ko‘migidagi megakariotsitlar miqdorining me’yoridaligi yoki oshganligi bilan ifodalanuvchi qon oqishiga moyillik bilan tavsiflanadi. ITP ning yengil shaklida trombotsitlar miqdori 100-150×10*9/l, bu kasallikning o‘rtacha og‘ir shaklida trombotsitlar miqdori 40,0-100×10*9/l, og‘ir shaklida trombotsitlar miqdori – 20,0×10*9/l dan kam bo‘ladi.

Xavf omillari

Kasallikni keltirib chiqaruvchi xavf omillarga quyidagilar kiradi: zaharlanish, radiatsiya, dori-darmonlarni pala-partish qo‘llash, vaksinatsiyalar va boshqalar.

Trombotsitopeniyani tashxislash

Bemorlarning kasallik tarixida bakterial yoki virusli infeksiyalar, vaksinatsiya, stress (ruhiy zo‘riqish)lar, turli dori vositalarini ayniqsa, antiagregant va antikoagulyant dori vositalarini qabul qilishi, hayoti davomida jarrohlik amaliyotini boshdan o‘tkazganligi yoki uning aksi, unda qon ketishining davomiyligi, vena qon tomirlarining varikoz kasalligi bor – yo‘qligi va shu kabilar so‘rab – surishtiriladi.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Taloq kasallansa...

Laboratoriya tekshiruvlari: Bemorning umumiy qon tahlili + trombotsitlar+ retikulotsitlar, peshob hamda najasning umumiy tahlili, qon guruhi xamda rezus omilni aniqlash zarur. Miyelogramma, qon zardobini gepatit hamda OIV (odam immuntanqisligi virusi) markerlariga tekshirish, koagulogramma, qonning biokimyoviy tahlili zarur bo‘lgan hollarda boshqa tekshirishlar ham o‘tkaziladi.

Trombotsitopeniya belgilari

Bemorlarning asosiy shikoyatlari: tez charchash, umumiy holsizlik, yurakning tez – tez urib ketishi, rangparlik, terisi va shilliq qavatlaridagi notekis joylashgan katta va kichik hajmdagi qon quyilishi – qontalashlar, petexiyalar, ekximozlar, ko‘karishlar, gematomalar, shilliq qavatlardan, milkdan, burundan qon ketishi, me’da-ichak yo‘llari, buyraklardan qon ketishi, inyeksiya urilgan sohaga qon quyilishi, tish olingandan so‘ng uzoq vaqt qon ketishi, ayollarda hayz siklining uzayishi, postgemorragik anemiya, suyaklardagi og‘riq va h. k.

Trombotsitopeniya kasalligini davolash

To‘g‘ri ovqatlanish, ushbu kasallikni keltirib chiqaruvchi xavf omillarining oldini olish, jismoniy faollikni kamaytirish zararli odatlardan o‘zini tiyish (ichish, kashandalik, giyohvandlik, toksikomaniya), fitoterapiyani qo‘llash.

Autoimmun va idiopatik trombotsitopenik purpurani glyukokortikoidlar bilan davolash, splenektomiya amaliyoti va immunodepressantlar qo‘llashni o‘z ichiga oladi.

O‘ta kuchli gemorragik sindromlarda, bosh miyaga qon quyilish xavfi tug‘ilganda maxsus “puls-terapiya” o‘tkaziladi. Ko‘p hollarda bunday davolashning samarasi yuqori.

Splenektomiya yoki taloq qon tomirlarining tromboembolizatsiyasi konservativ davo samara bermaganda yoki samaradorlik turg‘un bo‘lmasdan kuchli ifodalangan postgemorragik anemiyaga olib keluvchi uzoq muddatli inson xayotiga xavf soluvchi ko‘p qon ketishlar kuzatilgan hollarda amalga oshiriladi. Odatda operatsiya glyukokortikodlarni qo‘llash jarayonida o‘tkaziladi. 70-80 foiz bemorlarda operatsiyadan keyin to‘liq tuzalish kuzatiladi.

Trombotsitopenik purpurada immunodepressantlar (sitostatiklar)ni davo muolajalarining boshqa ko‘rinishlari samara bermagan hollarda qo‘llaniladi. Lekin ularning samarasi splenektomiyaga qaraganda kam.

Gemostatik preparatlar va zarur bo‘lganda qon komponentlari gemotransfuziyasi (eritrotsitar massa, trombokonsentrat, yangi muzlatilgan plazma) va simptomatik (kasallikning belgisiga qarab) terapiya o‘tkazish lozim.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Qon tarkibi, ivishi, vazifalari va qon aylanish sistemasi

© Aziza MAHMUDOVA,
Gematologiya va qon quyish ilmiy tekshirish instituti direktor o‘rinbosari,
tibbiyot fanlari doktori.
«Sog‘lom avlod» gazetasi.
Soglom.uz