Qandli diabet (qand kasalligi) asoratlari jihatdan xavfli boʻlgan kasalliklardan biri hisoblanishiga qaramasdan, uni har bir bemor mustaqil ravishda qandli diabet taomnomasi va yoʻriqnomalari orqali nazorat qilib borishi hamda ijobiy natijaga erishishi mumkin.
Kasallik rivolanishi bosqichida oshqozon osti bezidagi betta hujayralarda insulin yetarli darajada ishlab chiqarilmaydi (baʼzan, umuman ishlab chiqarilmaydi) yoki gormon oʻz fiziologik vazifasini bajara olmay qoladi. Keyingi holatda insulin ishlab chiqarilsa ham, tolalarni unga boʻlgan sezuvchanligi kamayib ketadi, oqibatda, glyukoza hujayralar ichiga kira olmaydi.
Har ikkala holat ham inson qonida glyukoza miqdorini oshib ketishiga olib keladi yoki tibbiyot tili bilan aytganda qandli diabet kasalligi rivojlanadi. Ularning birinchisida qandli diabetning birinchi, keyingisida esa kasallikning ikkinchi tipi yuzaga keladi.
Qandli diabet kasalligi haqida mana bu maqola orqali batafsil maʼlumot oling: Qandli diabet kasalligi — belgilari, turlari, sabablari va davolash usullari
Har ikkala holat ham inson qonida glyukoza miqdorini oshib ketishiga olib keladi yoki tibbiyot tili bilan aytganda qandli diabet kasalligi rivojlanadi. Ularning birinchisida qandli diabetning birinchi, keyingisida esa kasallikning ikkinchi tipi yuzaga keladi.
Qandli diabetni davolash tamoyillari quyidagi tadbirlardan iborat:
- Parhez ovqatlanishga amal qilish;
- Jismoniy mashqlar bilan shugʻullanish;
- Qonda qand miqdorini tushiruvchi tabletkalar qabul qilish;
- Insulin yordamida davolash.
Qayd etilganlar orasida qandli diabet taomnomasi asosida parhez ovqatlanish yetakchi oʻrinlardan birini egallab, bemor qandni tushiruvchi tabletkalar yoki insulin qabul qilganda ham unga amal qilishi lozim. Aks holda, olib borilgan muolajalar yetarlicha samara bermaydi. Shuning uchun qandli diabetga moyilligi boʻlgan yoki unga chalingan kishilar tavsiya etilgan ovqatlanish tartibiga amal qilishlari shart.
Parhezga amal qilish qandli diabet taʼsirida yuzaga keladigan qator ichki aʼzolardagi (yurak, buyrak, asab tizimi, koʻz tubi, oyoqlar va boshqalar) jiddiy oʻzgarishlarning oldini olish imkonini yaratadi.
Yuqorida taʼkidlaganimizdek, qand kasalligi turli asoratlar berishi bilan xavfli hisoblanadi. Shuning uchun asoratlar yuzaga kelmasligi uchun organizmni nazorat qilib, aʼzolar parvarishiga ham ahamiyat berish lozim. Jumladan, qandli diabetda ayrim bemorlar oyoqlarining ogʻrishiga shikoyat qilishadi, vaholanki, qandli diabetda ovqatlanish tartibiga amal qilish hamda oyoqlarni toʻgʻri parvarishlash orqali bu kabi muammodan forigʻ boʻlish mumkin. Qandli diabetda oyoqlarni toʻgʻri parvarishlash haqida mana bu maqola orqali toʻliq maʼlumot oling : Qandli diabet kasalligida oyoqlar parvarishi
Tibbiyotda qandli diabetga chalingan kishilar uchun parhez taomnoma tuzishda non birligidan foydalaniladi. Ushbu birlik uglevodlarni oʻlchash imkonini beradi.
Oziq – ovqat mahsulotlarining tarkibi va sifatidan qatʼiy nazar (olma, non yoki boshqa mahsulotlar) 1 non birligida 12-15 gramm yengil hazm boʻladigan uglevod saqlovchi ozuqa mahsuloti boʻladi.
Qandli diabet taomnomasi boʻyicha tavsiya etiladigan mahsulotlar
Qandli diabetga chalingan bemorlarga quyidagi oziq-ovqatlar tavsiya etiladi:
- Qora yoki diabetlar isteʼmol qiladigan maxsus non – kunda 200 gr;
- Yogʻsiz mol goʻshti, baliqli yoki sabzavotli shoʻrvalar — haftada 2 marta;
- Yogʻsiz mol yoki terisidan ajratilgan tovuq goʻshti (kunda 100 gr) yoki baliq mahsulotlari (kunda 150 gr) qaynatilgan yoki dimlangan holda;
- Boshoqli, dukkakli va makarondan tayyorlangan taomlar isteʼmolini chegaralash (ularni isteʼmol qilgan kunlarda non miqdorini keskin kamaytirish).
Boshoqli mahsulotlardan javdar va grechka (grechixa), baʼzan bugʻdoy, perlovka yoki guruchli taomlar (ulardan tayyorlangan boʻtqalar yogʻ almashinuvini yaxshilaydi va jigar faoliyatini meʼyorlashtirib, unda yogʻ oʻtirishini kamaytiradi). Manna yormasi bundan istisno.
- Sabzavotlar va koʻkatlar — kartoshka, lavlagi, sabzi kunda 200 gr dan. Karam, salat bargi, rediska, bodring, pomidor va koʻkatlar istalgan miqdorda yangi uzilgan, qaynatilgan holda;
- Tuxum — chala pishgan, omlet koʻrinishida yoki boshqa taomlarga qoʻshilgan holda haftada 2 donagacha;
- Nordon, shirin — nordon mevalar (olma, apelsin, limon, olxoʻri, maymunjon, naʼmatak va boshqalar) kunda 200-300 gr gacha;
- Sut va sut mahsulotlarini (qatiq, prostokvasha, shirin boʻlmagan yogurt, tvorog) shifokor ruxsati bilan kunda 2 piyoladan. Haftaning baʼzi kunlarida chegaralangan miqdorda pishloq, qaymoq, smetana;
- Tvorog — kun ora turli taomlar koʻrinishida kunda 100-200 gr.
Ichimliklardan qora, koʻk va sutli choy, tomat yoki boshqa nordon meva va sabzavot sharbatlarini ichish mumkin. Bemorlar kuniga 5-6 marta aniq bir vaqtda ovqatlanishlari hamda taomnoma tarkibi vitaminlar, mikro-makroelementlarga boy boʻlgan mahsulotlardan tuzilishi lozim.
Qandli diabetda isteʼmol qilish man etilgan mahsulotlar
Qandli diabet bilan xastalangan bemorlar taomnomasi quyidagi oziq – ovqat mahsulotlaridan toʻliq holi boʻlishi shart:
- Oshirma va qavatli xamirli mahsulotlar;
- Tortlar;
- Yogʻli shoʻrvalar;
- Manna yormali sutli boʻtqalar;
- Ugra oshi, yogʻli goʻsht, oʻrdak, gʻoz goʻshti va qazi — qarta;
- Dudlangan mahsulotlar;
- Kolbasalar, yogʻli va tuzlangan baliq;
- Yogʻli baliq konservalari;
- Ikra, shoʻr pishloq, qaymoq, tuzlamalar;
- Uzum, banan, anjir murabbo, konfetlar, turshak, ananas, mayiz, xurmo, oʻrik, qovun;
- Muzqaymoq, shirin sharbatlar, gazlangan ichimliklar va limonadlar;
- Spirtli ichimliklar.
2-tip qandli diabet bilan kasallangan bemorlar uchun qandli diabet taomnomasi glikemik indeks jadvalidan foydalanilgan holda tuziladi . Ushbu jadval u yoki bu ozuqa mahsulotini qaysi darajada qonda qand miqdorini oshirishi mumkinligini koʻrsatadi.
Glikemik indeks deganda, mahsulotlar tarkibidagi uglevodlarning glyukozaga aylanish tezligi tushuniladi.
- Glikemik indeksi 30 % kam boʻlgan mahsulotlarni qandli diabetga chalingan bemorlar taomnomasiga istalgancha qoʻshish mumkin;
- Indeksi 30 – 50 % boʻlgan mahsulotlarni – har kuni zarur miqdorda qabul qilish lozim;
- Glikemik indeksi 50 – 70 % boʻlgan mahsulotlar — chegaralangan miqdorda tavsiya etiladi;
- Indeks 70 – 90 % boʻlgan mahsulotlarni – isteʼmol qilish chegaralanishi kerak, chunki ular qisqa vaqtda qonda qand miqdorini oshiradi;
- Glikemik indeks 90 – 100 % boʻlgan mahsulotlarni — qandli diabetga chalingan bemorlar isteʼmol qilishi taqiqlanadi. Chunki ularni qabul qilish kasallikning jiddiy asoratlari rivojlanishiga sabab boʻladi.
Tabiiyki har xil meva – sabzavotlar va oziq – ovqatlar turlicha glikemik indeksga ega.
Olma, nok va tropik sharoitda oʻsadigan baʼzi mevalarning glikemik indeksi past boʻlganligi sababli ularni qandli diabetga chalingan bemorlar chegaralanmagan miqdorda isteʼmol qilishlari mumkin.
Olcha, shaftoli, olxoʻrining glikemik indeksi kam boʻlganligi tufayli, qandli diabetda tavsiya etiladigan parhez dasturxoniga qoʻshish zararsiz hisoblanadi.
Tarvuz, ananas, mango kabi oʻrta glikemik indeksga ega boʻlganlarni kam miqdorda isteʼmol qilish tavsiya etiladi.
Quruq mevalar, meva sharbatlari juda yuqori glikemik indeksga ega va shu sababli taomnomaga qoʻshish taqiqlanadi.
Mevalar orasida eng foydalilaridan biri olma hisoblanib, uning poʻsti tarkibida koʻp miqdorda kaliy, C vitamini va tolalar mavjud. Shuningdek, olmadagi pektin moddasi qonni bir muncha tozalash xususiyatiga ega. Olma kabi tropik mevalar ham oʻz tarkibida koʻp miqdorda C vitamini va tolalar saqlaydi.
Olcha sogʻliq va uzoq umr koʻrishga ijobiy taʼsir etadigan mevalardan biri hisoblanadi. Uning tarkibidagi kumarin moddasi tromb hosil boʻlishiga toʻsqinlik qiladi.
Qora qoragʻat (smorodina) ham C vitaminiga boy, qandli diabetga chalingan bemorlar qon – tomirlari devoriga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.
Oziq-ovqatlar va glikemik indeks
Quyidagi jadvalda isteʼmol qilinadigan va taomlar tayyorlashda foydalaniladigan oziq – ovqatlarning glikemik indeksi keltirilgan. Ulardan foydalanib qandli diabetga moyilligi boʻlgan yoki unga chalingan kishilar oʻz taomnomalarini tuzishlari mumkin.
№ | Yormalar | Glikemik indeks |
1 | Jo‘xori | 90 – 100 |
2 | Manna yormasi | 70 – 90 |
3 | Guruch | 70 – 90 |
4 | Bug‘doy | 70 – 90 |
5 | Tariq | 70 – 90 |
6 | Suli | 50 – 70 |
7 | Arpa | 50 – 70 |
8 | Grechixa | 50 – 70 |
9 | Jo‘xori uni | 30 – 50 |
10 | No‘xot | 30 – 50 |
11 | Arpa yormasi | 30dan kam |
№ | Non mahsulotlari | Glikemik indeks |
1 | Blinchik | 50 – 70 |
2 | Teshik kulcha | 70 – 90 |
3 | Qattiq non | 90 – 100 |
4 | Bug‘doy non | 90 – 100 |
5 | Javdar non | 90 – 100 |
6 | Cheburek | 70 – 90 |
7 | Vafli | 70 – 90 |
8 | Quymoq | 50 – 70 |
9 | Pechenye | 70 – 90 |
10 | Achitqili xamir | 70 – 90 |
11 | Oddiy xamir | 70 – 90 |
№ | Sabzavotlar | Glikemik indeks |
1 | Ko‘k no‘xot | 50 – 70 |
2 | Kartoshka | 70 – 90 |
3 | Bodring | 30dan kam |
4 | Sholg‘om | 70 – 90 |
5 | Lavlagi | 30 – 50 |
6 | Loviya | 30 – 50 |
7 | Boshqa sabzavotlar | 30 kam |
№ | Shirinliklar | Glikemik indeks |
1 | Vafli fruktozada | 50 – 70 |
2 | Asal | 70 – 90 |
3 | Qand | 90 – 100 |
4 | Pirojni | 90 – 100 |
5 | Shokolad | 90 – 100 |
№ | Sut mahsulotlari | Glikemik indeks |
1 | Sut | 30 – 50 |
2 | Kefir | 30 – 50 |
3 | Ryajenka | 30 – 50 |
4 | Tvorog | 30 – 50 |
5 | Qaymoq | 30 – 50 |
6 | Yogurt | 30 – 50 |
7 | Quyultirilgan sut | 90 – 100 |
8 | Brinza | 30 – 50 |
9 | Sariyog‘ | 50 – 70 |
10 | Golland pishlog‘i | 50 – 70 |
Tabiiyki, qandli diabetga chalingan ayrim bemorlarni qahva ichish mumkinmi yoki yoʻqmi degan savol qiziqtiradi. Mavjud adabiyotlarda bu savolga qarama — qarshi fikrlar bildirilgan boʻlsa ham qahva adrenalin sintezini kuchaytirib, qonda qand miqdorini oshirishi isbotlangan. Shu sababli undan foydalanmaslik maqsadga muvofiq.
Qandli diabetga chalingan bemorlar ovqatlanishda quyidagi tamoyillarga amal qilish lozim:
- Kunda kamida 3 marta qandli diabet taomnomasi asosida ovqatlanish;
- Hech qachon oʻzni och qolish darajasiga olib bormaslik;
- Kaloriyasi nisbatan yuqori boʻlgan taomlarni kunning birinchi yarmida isteʼmol qilish;
- Ovqatlanish orasida biror narsa tamaddi qilishga odatlanmaslik;
- Qorin och qolmagan boʻlsa, shunchaki birovga hamroh boʻlib yoki kayfiyatni koʻtarish uchun taom isteʼmol qilmaslik;
- Ovqatlanish vaqtida kitob oʻqimaslik yoki televizor koʻrmaslik;
- Toʻyganlikni his qilganda, kosa yoki laganda ovqat qolsa ham uni isteʼmol qilishni toʻxtatish;
- Masalliqlarni xarid qilishda ularni kaloriyasi va yogʻiga eʼtibor berish.
Yuqorida taʼkidlaganimizdek “qandli diabet kasallik emas, balki hayot tarzidir”. Shunga qaramay, ayrimlar qandli diabet bilan xastalanishni, xudiki, hayotni boy berishdek qabul qilishadi va hech qanday yoʻriqnomalarga ahamiyat bermay hayot kechirishadi. Afsuski, bunday hollar ham uchrab turadi, lekin qand kasaliga bundayin munosabatda boʻlish yaramaydi.
Chunki avvalroq taʼkidlaganimizdek, uning asoratlarini bartaraf etish kasallikning oʻzini nazorat qilgandan anchayin qiyin. Shuning uchun doimiy ravishda endokrinolog koʻrigidan oʻtish, qandli diabet taomnomasi boʻyicha ovqatlanish, maxsus jismoniy mashqlar bajarish lozim.
Shifokorlar tomonidan tavsiya etiladigan maxsus davolovchi mashqlar haqida quyidagi maqola orqali maʼlumot olishingiz mumkin: Qandli diabetda davolovchi mashqlar
Agar qandli diabet bilan homiladorlikni rejalashtirayotgan yoki allaqachon homiladorlik davrini boshdan oʻtkazayotgan boʻlsangiz, diabetolog Miyassar Rahimjonova muallifligidagi “Homilador ayollarda qandli diabet” maqolasini oʻqib chiqishingizni tavsiya etamiz.
“Sog‘lom ovqatlanish – salomatlik mezoni”
kitobi asosida tayyorlandi.