Progesteron – o‘ziga xos gormon bo‘lib, ikkinchi nomi “homiladorlik gormoni”dir. Aynan ikkinchi nomidan ham ko‘rinib turibdiki, homilador bo‘lishlik uchun mazkur gormon ayollarga suv bilan havodek zarurdir. Bolani qorinda ko‘tarib yurishning butun davrida ushbu gormonning darajasi sezilarli tarzda o‘zgarib turadi, homiladorlik muddati qanchalik katta bo‘lsa – progesteronning darajasi ham shuncha yuqori bo‘ladi. Homiladorlik vaqtida gormonning darajasini albatta kuzatib borish kerak, sababi uning ko‘payib yoki kamayib ketishi ba’zi asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin.
Homiladorlikning boshlang‘ich davrida, aniqrog‘i – 16-haftagacha, progesteron organizmda sariq tanacha (ovulyatsiya yuz bergandan keyin tuxumdonda paydo bo‘ladigan alohida bez) tomonidan ishlab chiqiladi. Homiladorlikning 16-haftasidan keyin ushbu gormonni ishlab chiqish vazifasini to‘liq shakllanib bo‘lgan yo‘ldosh o‘z zimmasiga oladi. Progesteron bo‘lajak ona hayotidagi yangi davrga tayyorlagan holda uning asab tizimiga ijobiy ta’sir ko‘rsatib boradi, zero, homiladorlikka nafaqat jismoniy, balki ruhiy-psixologik jihatdan ham tayyor bo‘lish kerak. Gormon sut bezlari bo‘limlarining rivojlanishiga ta’sir ko‘rsatgan holda onani kelgusida bolani emizishga tayyorlaydi. Progesteron darajasini bilish uchun qon tahlilini topshirish kerak bo‘ladi. U och qoringa, ko‘pincha nahorgi vaqtda topshiriladi. Homiladorlikning beshinchi haftasida progesteronning darajasi o‘rtacha 18,6 nmol/l dan 21,7 nmol/l gacha bo‘ladi. Bu ko‘rsatkichlar o‘rtacha olingan bo‘lib, birozgina chetga og‘ishlarga yo‘l qo‘yiladi, chunki har bir ayolning organizmi o‘ziga xos va takrorlanmasdir. Bundan tashqari, tahlilning natijalari borasida o‘zicha mustaqil xulosa chiqarish kerak emas, uni faqat mutaxassis sharhlashi lozim, chunki ko‘pincha natijalar turli xil o‘lchov birliklarida ko‘rsatiladi. Agar tahlildagi ko‘rsatkichlar me’yordagidan keskin farqlanadigan bo‘lsa, buning bir necha sababi bo‘lishi mumkin.

Progesteron miqdori oshib ketganda:

  1. Ko‘p bolali homiladorlik;
  2. Yo‘ldosh rivojlanishidagi buzilishlar;
  3. Buyrak yetishmovchiligi;
  4. Ba’zi gormonal preparatlar qabul qilinishi.

Progesteron miqdori pasayib ketganda:

  1. Bachadondan tashqari homiladorlik;
  2. Bola tushib qolishining xavfi;
  3. Rivojlanmagan homiladorlik;
  4. Homila rivojlanishining orqada qolishi;
  5. Muddatidan cho‘zilib ketgan homiladorlik (faqat kechki muddatlarda).
Progesteron darajasidagi har qanday chetga og‘ishlarni o‘zgartirsa bo‘ladi. Buning uchun maxsus dori-darmonlarni qabul qilish kerak bo‘ladi. Ularning bolaga ham, onaga ham salbiy ta’siri yo‘q, aksincha, homiladorlikni saqlab qolishga yordam beradi. Davolanish xususida hargiz o‘zboshimchalik bilan qaror chiqarmang, bu narsa sizning homiladorligingizni kuzatib borayotgan shifokorning vazifasi.

© J.Xo‘jaxon Homiladorlik.uz nashri.