Tan olish kerak, ortiqcha vazn egalari uchun to‘g‘ri libos tanlash biroz mushkul ish. Lekin bu tushkunlikka tushib, didsiz va shunchaki o‘lchami to‘g‘ri kelgan kiyimni kiyishi kerak, degani emas. Negaki, o‘zingizga mos tushadigan va qad-qomatingizdagi kamchiliklarni yashiradigan ko‘ylakni tanlash qo‘lingizdan keladi. Qanday qilib deysizmi? Agar quyidagi tavsiyalarimiz bilan tanishib chiqsangiz, bunga erishish qanchalik oson ekanligini bilib olasiz.

Umumiy qoidalar

Birinchidan, har doim oddiy trapesiyali ko‘ylaklarni tanlang. Mato rangiga keladigan bo‘lsak, doim qora emas, balki malla, kulrang, yashil, binafsha hamda ko‘k rangni tanlashni tavsiya etamiz. Chunki bu ranglar ham qomatni go‘zallashtiradi. Aytgancha, uzun «uchar» ko‘ylaklar ham qomatni ozg‘inroq ko‘rsatish kuchiga­ ega. Ikkinchidan, klyosh uslubida tikilgan yubka tanlayotganda e’tiborliroq bo‘ling. Bunday yub­ka va ko‘ylaklarni pidjak, kardigan, nimcha hamda sharf bilan moslashtirishni o‘rganing. Yodingizda bo‘lsin, keng ko‘ylak va yubka tanlaganda, chiroyli tashqi ko‘rinish, eng asosiysi, ortiqcha kilogrammni yashirish uchun ana shu liboslar muhim rol o‘ynaydi. Ammo ularni bo‘rttirib yuborsangiz, kamchilikni yashirish o‘rniga battar oshirib ko‘rsatasiz. Uchinchidan, har gal ko‘ylak tanlayotganda, qomatingizdagi qaysi kamchilikni yashirmoqchi ekanligingiz to‘g‘risida bir to‘x­tamga keling. Shunda tanlovda adashmaysiz. To‘rtinchidan, libos tanlashdan avval aniq o‘lchamingizni bilib oling. Hech qachon tor yoki keng turadigan libosni tanlamang. Chunki har ikki holatda ham ko‘rinishingiz a’lo darajada bo‘lmaydi.

"Bekajon" gazetasi.

Mavzuga aloqador maqola: Ortiqcha vazn tashvishlari