Ko‘pincha (masalan uyni ta’mirlagandan so‘ng, yangi xonadonga ko‘chib o‘tgach yoki mebellar xarid qilganda) yukni ko‘tarib belgilangan joyga eltish zarur bo‘ladi. Shunday vaqtda ehtiyotsizlik qilinsa, kishi biror jarohat olishi ham mumkin.
Aslida o‘ta og‘ir yuklarni ko‘tarish inson salomatligi uchun zararli bo‘lib, quyidagi xavfli holatlarga sabab bo‘lishi mumkin:
- Umurtqa pog‘onasi osteoxondrozi xuruj qilib, zo‘rayishi;
- Mushaklarning zo‘riqishi va mushak spazmi rivojlanishi.
- Umurtqalararo disk churrasi, shuningdek kindik yoki chov churrasi yuzaga kelishi.
- Radikulopatiya (spinal ildizchalar sindromi) – ko‘p kuzatiladigan nevralgik sindrom bo‘lib, bunda umurtqa pog‘onasidan chiqadigan nervlarning siqilib qolishi oqibatida tananing turli sohalarida, shu jumladan bo‘yin, qo‘l-oyoq, bel yoki tananing orqa qismida og‘riq paydo bo‘ladi.
- Bavosir xuruji ro‘y berib, gemorroidal qon ketishi.
- Bachadon tushishi (ayollarda).
Og‘ir yuk ko‘tarishga zarurat tug‘ilsa ...
Og‘ir yuk ko‘tarishga zarurat tug‘ilganda quyidagi maslahatlarga amal qiling:- Yukning og‘irligini taxminan chamalab ko‘ring.
- Yukka iloji boricha yaqinroq turing, oyoqlaringizni kengroq oching, yuk oyoqlaringiz orasida tursin. Muvozanatni saqlash uchun bir oyog‘ingizni sal oldinroqqa suring.
- Cho‘kka tushing, gavdangizni to‘g‘ri ushlang, qo‘llaringizni yukning ostiga kiritib, uni mahkam ushlab oling.
- Yuk ko‘tarayotganda oyoqlaringiz mushaklarini zo‘riqtiring, gavda orqasidagi mushaklarni esa zo‘riqtirmang.
- Og‘ir yukni ko‘tarayotib gavdangizni burmang, chunki bu xol bel sanchib og‘rib qolishiga sabab bo‘ladi.
- Ikkala qo‘lda bittadan og‘ir sumka (paket, xalta) ni ko‘tarish bitta qo‘l bilan bitta og‘ir sumkani ko‘tarishdan xavfsizroq. Chunki umurtqa pog‘onasiga tushayotgan og‘irlik bir tekisda taqsimlanishi lozim.
- Yuk ko‘tarayotganda va tashiyotganda gavdangizni tekis ushlang. Umurtqa pog‘onasi uchun og‘ir yukdan ham ko‘ra bir tekis taqsimlanmagan og‘irlik tushishi xavflidir.
- Agar kishi yukni gavdasini qiyshaytirib, bir tomonga og‘ib ko‘tarsa, u uncha og‘ir bo‘lmagan yukni ko‘tarish natijasida ham jarohat olishi mumkin.
- Organizmi juda nozik bo‘lganligi sababli qizlar va ayollarga og‘ir yuk ko‘tarish tavsiya etilmaydi.
O‘QING: Ortopedik poyabzallar yassioyoqlikni davolashga yordam beradimi?
Feruza AYXODJAYEVA, shifokor. "Sihat-salomatlik" jurnali.
Ushbu maqolani ham o'qing:
Vitaminlar haqida batafsil ma’lumot