Nos chekadigan o‘smirlar oz bo‘lsada uchrab turadi. Ayrimlari kashandalikka odatlanib qolishgan. Ular nosning sog‘liq uchun o‘ta zararli ekanini albatta bilib qo‘yishlari lozim. Chunki, nos qo‘lbola usulda tayyorlanadigan zaharli kimyoviy aralashma bo‘lib, tarkibining asosiy qismini tuyilmagan tamaki tashkil etadi.
Nosda so‘ndirilgan ohak, kul, yelim va o‘simlik yog‘i mavjud. Rang berish uchun tut yoki boshqa daraxtning bargini quritib, yanchib qo‘shiladi. O‘simlik yog‘idan tashqari, nosga qo‘shilgan moddalarning hammasi zaharli ta’sirga ega. Nos tarkibidagi tamaki, ohak va kulning zaharli moddalari so‘lakka aralashgach, qizilo‘ngach orqali oshqozonga tushib, shilliq pardasini yallig‘lantiradi. Natijada surunkali gastrit, oshqozon va o‘n ikki barmoq ichak yarasi kasalliklari paydo bo‘ladi.
Til ostidan qonga so‘rilgan nos kukuni avvalo bosh miya, yurak, jigar, buyrak kabi hayotiy muhim a’zolarni zararlaydi. Nosdagi tamaki, ohak va kulning ko‘p yillar davomidagi zaharli ta’siri natijasida chekuvchilar ba’zan og‘iz bo‘shlig‘i, qizilo‘ngach va me’da saratoni kasalligiga duchor bo‘lishadi.
Birinchi marta nos chekkanda, tarkibidagi zaharli moddalar ta’siriga nisbatan odam organizmida himoya reaksiyasi paydo bo‘ladi. Chekuvchining ko‘ngli ayniydi, qusadi, boshi aylanadi, yurak urishi tezlashadi, sovuq ter bosadi, mast odamdek gandiraklaydi. Bunday yoqimsiz holat tufayli ko‘pchilik o‘smirlar nos chekish odatidan voz kechadilar.
Ayrim o‘smirlar nosga o‘rganib qoladilar. Natijada asta-sekin nosning zaharli ta’siriga nisbatan organizmning himoya reaksiyasi susayib, ko‘ngil aynishi, qusish, bosh aylanishi kabi nohush belgilar yo‘qoladi. Shundan so‘ng odam har gal nos chekkanda kayfiyati ko‘tariladi, chehrasi ochiladi, ko‘p gapiradi, yuzlari qizaradi.
O‘smir nosni avvaliga 1-2, keyinchalik 10-20 daqiqa tili ostiga tashlaydi. Boshlanishida kuniga 1-2 marta, asta-sekin 10-20 martagacha chekadigan bo‘ladi. Oqibatda nos tarkibidagi zaharli moddalardan eng avvalo, miya nerv hujayralari zararlanadi. Shu tufayli kashandaning kayfiyati buziladi, ayniqsa, nos xumor qilgan paytlarda sal narsaga jahli chiqadi.
Chekuvchilarda fikrlash, aqliy mehnat qobiliyati, xotira ham yomonlashadi, o‘qigan, ko‘rgan, eshitgan narsalar esda qolmaydi, o‘zlashtirish pasayadi. Oylar, yillar o‘tishi bilan ruhiy buzilishlarga jismoniy xastalik belgilari qo‘shiladi. Kashandaning yuragi, o‘pkasi, jigari, buyraklari zararlanishi tufayli harakat qilganda nafasi qisadi, yuragi o‘ynaydi, arterial qon bosimi ko‘tariladi, tomir urishi tezlashadi, rangi oqaradi, lablari ko‘karadi. Jigar sohasida (o‘ng qovurg‘a ostida ham) og‘riq paydo bo‘ladi. Buyraklari kasallanishi sababli o‘smir ertalab uyqudan turganda ko‘zlarining osti, kechqurun esa oyoqlari shishadi.
Ko‘p yillar nos chekish natijasida odam asta-sekin aqliy va jismoniy jihatdan zaiflashadi, ish qobiliyatini yo‘qotadi, vaqtidan ilgari keksayadi, nogiron bo‘lib qolishi ham mumkin. Shunday ekan, nos chekishdek zararli illatdan yuz o‘girish salomatlik sari qo‘yilgan muhim qadam hisoblanadi.
Ushbu maqolani ham o‘qing: Nosning zararlari va tashlash uchun tavsiyalar
© Zaynab VALIYEVA, mutaxassis shifokor. "Sihat-salomatlik" jurnali.
Ushbu maqolani ham o'qing:
Soqolni tez o‘stirish usullari