Neyrobrutsellyoz – brutsellyoz kasalligi asorati hisoblanadi. Bunda nafaqat barcha bo‘g‘imlar, balki nerv tolalari ham zararlanadi. Brutsellyoz kasalligida tana harorati 37-38°C bo‘lib yuradi va uni pasaytirish birmuncha qiyinchiliklar tug‘diradi. Demak, barcha bo‘g‘imlardagi og‘riqlar surunkali tarzda davom etsa va tana harorati bir necha oylar pasaymay tursa, brutsellyoz kasalligini gumon qilish kerak. Buning uchun qonda maxsus tekshiruvlar o‘tkaziladi va bu analizni Respublikamizning barcha tumanlarida amalga oshirsa bo‘ladi.

Brutsellyozda...

Brutsellyozda suyak-tog‘ay to‘qimasi, ya’ni umurtqa pog‘onasi va bo‘g‘imlar, nerv tolalari va chigallari surunkali tarzda yallig‘lanadi. Buning natijasida yillar mobaynida osteoxondroz (umurtqa pog‘onasi kasalligi), artroz (bo‘g‘imlar kasalligi), radikulit (orqa miya nerv chigallari yallig‘lanishi), bosh miya va orqa miya pardalari yallig‘lanishi kuzatiladi. Brutsellyoz sababli nerv sistemasida kuzatiladigan barcha patologik o‘zgarishlar yig‘indisi neyrobrutsellyoz deb ataladi. Bunday holatlarda bemorni davolash kompleks tarzda olib boriladi. Bemorni albatta nevropatolog, revmatolog va infeksionist ko‘rikdan o‘tkazishi kerak. Agar qonda yallig‘lanish reaksiyalari bo‘lmasa, turli sanatoriyalarda (Farg‘onadagi Chimyon, Kattaqo‘rg‘ondagi Ibn Sino) davolanishz mumkin. Sanatoriyaga borishdan oldin vrach ko‘rigi va laborator tekshiruvlardan o‘ting.

Prof. Ibodullayev Z.R. «Asab va ruhiyat» kitobi.