3.9
(56)

Nervlar va nerv chigallarining zararlanishlarini keltirib chiqaradigan sabablar turlicha. Ko‘pincha gripp, brutsellyoz, revmatizm, sil bilan og‘riganda, har xil kimyoviy moddalardan zaharlanganda yoki qand kasalligi, travmatik holatlar, moddalar almashinuvining buzilishi tufayli ichki zaharlanish ro‘y berganda nervlar zararlanadi. Bundan tashqari, turli jarohatlar (qisilish, tortilish, uzilish) oqibatida ham nervlar yoki nerv chigallariga shikast yetishi mumkin. Xastalik yuzaga chiqqanda qattiq og‘riq kuzatiladi. Zararlangan sohada harakat qilish qiyin lashadi, sezuvchanlik ham pasayadi.

Nervlar zararlansa

Oyoq-qo‘llar nervlari

Oyoq-qo‘llar nervlari sohasida turli shikastlar uchraydi. Masalan, tirsak nervi shamollaganda asosan qo‘l panjalarida og‘riq kuzatiladi. Bunda bemor qo‘l panjalaridagi nomsiz barmoq va jimjiloqni bukishga qiynaladi, barmoqlarni bir-biriga yaqinlashtira olmaydi, hatto jimjiloqni bosh barmoqqa tekkiza olmayotganidan shikoyat qiladi. Bemor tekshirib ko‘rilganda uzoq vaqt davomida zararlangan tomondagi qo‘l panjasi “qush panjasi”ga o‘xshaydi. Kaft qismidagi mushaklar atrofiyalangani (ozib, kichraygani) qayd etiladi.

Son nervi

Son nervi zararlanganda bemor oyog‘ini bukolmaydi, son oldidagi mushaklar oriqlab ketadi. Bemor turganda yoki yurganda og‘riq kuchayadi, badanida jimirlashni sezadi. Ayniqsa, sonning old qismida og‘riq davomli bo‘ladi.

Quymich nervi

Quymich nervi yallig‘lansa bemor oyoq panjasi osilib qolayotgani, oyog‘ining tizza bo‘g‘imini bukolmay, yurishi qiyinlashayotganidan noliydi. Tekshiruvda sonning orqa tomonidagi boldir mushaklari oriqlagani seziladi. Xuddi shu joyda sezgi ham yo‘qoladi, bora-bora zararlangan joyda og‘riq paydo bo‘ladi.

Katta boldir nerviga

Katta boldir nerviga zarar yetsa bemor hatto oyoq panjalarini ichkariga ham buka olmaydi. Oyoq panjasining ostida va boldirning orqa qismida sezuvchanlik kamayadi yoki yo‘qoladi, shu joyda og‘riq kuchayadi.

Yuz nervi

Yuz nervi zararlanishida shamollash, sovqotish, infeksion kasalliklarga chalinishning asorati katta. Bunda yuz nervi qisiladi, uning qon bilan ta’minlanishi buziladi, tana harorati sal ko‘tariladi. Tinch holatda yuzning o‘ng va chap tomoni bir xil emasligi qayd qilinadi.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Nevrasteniya kasallikmi? uning sabablari, turlari va davolash

Zararlangan tomonda peshona burmalari silliqlangan, ko‘z oralig‘i keng, burun-lab burmalari va og‘iz burchagi pastga tushgan bo‘ladi. Ayni vaqtda bemor qoshini ko‘tarolmaydi, ko‘zi ham yumilmaydi. Yuz ifodasi xuddi haykalnikiday qotib turadi, hatto imo-ishoralar ham sezilmaydi.

Qattiq ovqat yeganda ovqat lunj bilan milk orasida qoladi, suyuqlik og‘izdan oqib tushadi, bemorning ko‘z yoshi bezi xaltasi yopilib turmaganligi sababli ko‘zdan tinmay yosh oqadi. Shuningdek, tilning oldingi qismida ta’m bilish xususiyati yo‘qoladi. Bundan tashqari, yuz mushaklarining bir necha daqiqa davomida og‘riqsiz qisqarishi kuzatiladi.

Nerv chigal va ildizchalari

Nerv chigal va ildizchalari zararlanishlari ko‘pincha qattiq terlagan holda sovuq havoga chiqish, nerv tolalarining shamollashlari oqibatida kelib chiqadi. Masalan, bo‘yin ildizchalari zararlaganda birdaniga bo‘yin sohasida og‘riq turib, harakat yo‘qoladi. Bemor og‘riq qo‘zg‘algan joyni asta-sekin uqalashi zarur. Keyin esa, albatta, shifokorga murojaat etish lozim. Nerv va nerv chigallaridagi kasalliklarni davolash vrach nazoratida olib boriladi. Bemorga fizioterapiya muolajalari qo‘llaniladi. Fizkultura, uqalash yaxshi yordam beradi.

Periferik nerv tizimi qaysi qismi zararlanishiga qarab bemorga tashxis qo‘yiladi. Masalan, nerv chigali kasalligi pleksit deyiladi. Orqa miyadan chiqadigan ildizchalar kasalligi – radikulitdir. Bitta yoki bir qancha periferik nervlar kasalligi – nevrit yoki polinevritlar deyiladi. Bular bir-biridan alomatlari va kechishi jihatdan farqlanadi.

Pleksit

Pleksit (nerv chigallarining zararlanishi) ayniqsa ko‘p uchrab, u yelka chigali yallig‘lanishiga aloqador bo‘ladi. Yelka chigali yuza joylashgani (o‘mrov suyagining ustki, pastki qismida va qo‘ltiqda paypaslab bilish mumkinligi) sababli bu kasallik tez-tez uchrab turadi.

Yelka pleksiti

Yelka pleksiti turli infeksiyalar, shikastlanishlar, chaqaloqlarda esa tug‘ruq jarayonida yelkasining shikastlanishi oqibatida kuzatiladi. Bunda anatomik tuzilishiga ko‘ra, yelka chigali qattiq zararlanadi, kasallikka bo‘yin nervi chigali ham qo‘shilib kelishi mumkin. Pleksit odatda to‘satdan boshlanadi. Qo‘l va oyoqlar bezillab og‘riydi, qo‘l mushaklarida sezuvchanlik buziladi. Ayniqsa, bilak va qo‘l panjasi sohasida og‘riq kuchayadi.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Parkinsonizm qanday kasallik?

Bemor yelka bo‘g‘imida qo‘lini ko‘tara olmaydi, tirsak bo‘g‘imida esa qo‘lini bukolmaydi. Yelka mushaklari, qo‘lning yuqori mushaklari ko‘proq zararlanadi. Tirsakni bukuvchi, yozuvchi paylar zaiflashadi. Bu sohada sezuvchanlik butkul yo‘qolishi mumkin. Zarar ko‘rgan qo‘lning yuqori qismi ham, yelka ham qattiq og‘riydi. O‘mrov suyagi ustki va pastki chuqurchalari hamda qo‘ltiq paypaslaganda og‘riq seziladi. Og‘riqni sezish yelkaning yuza qismida, qo‘lning esa yuqori qismi tashqarisida pasayadi yoki mutlaqo yo‘qoladi.

Yelka chigali pastki qismining falajlanishi qo‘l panjasida ko‘proq kuzatiladi. Qo‘l panjasi barmoqlarini bukish, yozish qiyin lashadi. Qo‘l panjalarining ichki-tashqi qismi mushaklari bo‘shashib qoladi. Og‘riq qo‘l panjalarida, barmoqlarda bo‘ladi. Agar yelka chigali butkul zararlansa, zararlangan tomonda mushaklarning oriqlashi, gipertoniyasi, shu qo‘lda sezuvchanlikning pasayishi, butkul yo‘qolishi kuzatiladi.

Orqa miya nervida hosil bo‘ladigan bo‘yin, bel, dumg‘aza chigallarining zararlanishlari ham ahyon-ahyonda sodir bo‘lib turadi. Demak, bemor eng avvalo nerv tomirlari zararlanishidan o‘zini ehtiyotlashi kerak. Tog‘ay to‘qimalari faoliyatini tiklaydigan preparatlar va suyaklarni mustahkamlovchi dorilar (kalsilin, kalsiy), shuningdek manual terapiya muolajalari va igna sanchib davolash ham kasallikni bartaraf etishda hamda nerv yallig‘lanishlarini tuzatishda muhim vosita sanaladi.

Kasallik profilaktikasi

Kasallikning oldini olishda quyidagi mashqlarni sekin-asta bajarishingiz mumkin:

  1. Polga yuztuban yoting, ikkala qo‘lni qanot qilib, orqaga tomon kamondek egiling.
  2. Oyoqlaringizni juftlang, bir oyog‘ingizni uchi bilan orqaga qo‘ying. Ayni vaqtda qo‘llaringiz kaftini pastga qaratib oldinga ko‘taring. Egilib turing, so‘ngra qo‘llaringizni ikki tomondan ohista pastga tushiring. Bu mashqni bir necha bor qaytaring, shunda qo‘l, tirsak va yelka nervi chigallari harakatlanuvchi qismlarida qayishqoqlik kuchayadi, bu mashqlardan so‘ng mushaklar chiniqadi.
  3. Oyoqlaringizni juftlab, tik turing. Qo‘llaringizni pastga tushirgan holda badantarbiya tayoqchasini ushlab oling. Tayoqni bosh uzra baland ko‘targan ko‘yi asta-sekin egiling. So‘ngra tayoqchani ohista tushiring va tepaga ko‘taring.
  4. Oyoqni yelka kengligida qo‘ying. Bir qo‘lni yuqoriga ko‘tarib, tanani qarama-qarshi tomonga engashtiring. Bu harakatni ikkinchi qo‘l bilan ham takrorlang.
  5. Stulda o‘tirib suyanchiqqa suyaning, qo‘llaringizni pastga tushiring, mushaklaringizni bo‘shashtiring, keyin qo‘llaringizni ikki tomonga keng yozib egiling, shoshmasdan qo‘llaringizni ko‘krak ustida chalishtiring, qorningizni ichingizga torting, boshingizni eging.
  6. Stul chetida o‘tirib qo‘llaringizni tana bo‘ylab tushiring, so‘ng qo‘llaringiz kaftlarini yuqoriga qaratib, ikki tomondan gorizontal holatda ko‘taring. Egilib nafas chiqaring va nafas oling.
  7. O‘ng qo‘l va chap qo‘lni galma-galdan oldinga cho‘zib, ayni vaqtda o‘sha oyoqni yig‘ib, pol yuzasida emaklang.
Ushbu maqolani ham o‘qing:  Epilepsiya va tutqanoq sindromlari haqida bilasizmi? (2-qism)

Mashqlar mushaklarni chiniqtiradi, nervlar faoliyati izga tushadi, qayishqoqlik ortadi. Umuman, kishilar qirq besh yoki ellik yoshlardan so‘ng nerv zararlanishlarini ko‘p marta boshdan o‘tkazadilar, ayniqsa pleksit oqibatida azob tortishadi. Shuning uchun ham davolovchi mashqlarni bajarib turish, zarur vitaminlarni o‘z vaqtida qabul qilish va yilda bir marotaba shifoxonada yotib davolanish orqali bunday kasalliklarga barham berish mumkin bo‘ladi.

Mavuzga aloqador maqolalar:

Marhamat YOQUBOVA,
nevropatolog shifokor, tibbiyot fanlari doktori.
«Sihat-salomatlik» jurnali.