– Ba’zi muammolarni deb, so‘nggi paytlarda juda asabiyman. Garchan tinchlanishga harakat qilsamda, ich-ichimdan titrab ketaman. Ayniqsa qo‘l-oyog‘imda paydo bo‘ladigan qaltirashdan qo‘rqayapman, rosti. Bu biror kasallik emasmi? Ba’zan o‘zimni nazorat qilishim qiyin kechadi...

Nodira Hamroyeva, terapevt:

– Qo‘l va oyoq uchida yuzaga keladigan titroq – tremor deb atalib, ruhiy, jismoniy va surunkali kasalliklar avj olishi tufayli kelib chiqadi. So‘zlaringizga qaraganda, sizdagi tremor ko‘rinishi kuchli his-xayajon bilan bog‘liq. Shu zaylda davom etsa, titroq holati talvasa xurujiga aylanishi yoxud surunkali tus olishi mumkin. Xavfli jihati qo‘l qaltirashi sezilar – sezilmas darajada saqlanib qolib, keyinchalik boshqa muammolarga yetaklashi hech gap emas. Sizga maslahatim, nevrolog shifokor ko‘rigidan o‘tib, tinchlantiruvchi muolajalarni boshlang. Uy sharoitida iliq dush qabul qilish, yalpiz va limono‘t solingan choy, parhezbop yeguliklar tanovuliga diqqatli bo‘ling. Har ehtimolga qarshi tibbiy tahlillar topshirish ham foydadan xoli bo‘lmaydi. Og‘ir jismoniy yuklamalarni kamaytiring, kun tartibingizni to‘g‘ri tashkillashtiring, imkonini qilolsangiz suzish mashg‘ulotlariga boring, ancha tinchlanasiz.

© Darakchi.uz nashri

Ushbu maqolani ham o'qing:
Miasteniya qanday kasallik?