Mushak gipertoniyasi

Mushak gipertonusi (mushak gipertoniyasi) – mushak tonusining buzilishidir, bunda mushak tonusi oshgan bo‘ladi va bola tug‘ilishi bilan yuzaga keladi. Sababi, uning mushaklari haddan ortiq tarang va siqilgan bo‘ladi. Go‘dakda ko‘pincha sababsiz bezovtalik va yig‘i, uyqu buzilishi, iyak qaltirashi kuzatiladi.

Bola uyqu paytida ham bo‘shashmaydi, qo‘llarini bukib, ko‘kragiga mahkam bosib, oyoqlarini qorniga olib borib, mushtini mahkam siqib uxlaydi. Go‘dakning mushtini ehtiyotkorlik bilan ochish mumkin. Go‘dakning qo‘l va oyoqlarini bukib-yozganda yaqqol ifodalangan qarshilik seziladi. Tayanch refleksi tekshirilganda bola butun oyoq kaftiga tayanib turmasdan, oyoq barmoqlari uchida turadi, refleks 1,5 oydan ortiq vaqt davomida saqlanib turadi. Me’yorda ushbu refleks 1,5 oylarga borib yo‘qolishi kerak.

Orqasi bilan yotqizilgan go‘dakni qo‘llaridan ushlab o‘zingizga qarata tortganingizda u qo‘llarini umuman yozmasdan, butun tanasi bilan ergashib tortiladi. Qornini kaftingiza qo‘yib yuzini pastga qilib ko‘targaningizda go‘dak boshini tanasi bilan bir chiziqda ushlab turadi. Bunday bolalar tug‘ilishlari bilanoq boshini vertikal holatda ushlab tura oladilar. Mushak tonusining oshishi tananing ikki tomonida ham, shuningdek ayrim holatlarda esa, faqat bir tomonning o‘zida ham kuzatilishi mumkin.

Gipertonus go‘dakning harakatlari rivojlanishi sur’atini sekinlashtirishi bilan xavf soladi. Agar o‘z vaqtida davo choralari ko‘rilmasa, bunday bola muddatidan kechroq o‘tirishi, emaklashi va yurishi mumkin. Harakat paytida tez charchaydi. Yurayotganda esa og‘irlik markazini yaxshi boshqara olmaydi. Gipertonus bolaning umumiy ahvoliga ham aks ta’sir etmasdan qolmaydi: uyqu buziladi, tez-tez yegan ovqatini qayt qiladi.

Mushak gipotoniyasi

Mushak tonusining me’yordan past bo‘lishi mushak gipotonusi (mushak gipotoniyasi) deb nomlanadi. Bunda bolaning qo‘l va oyoqlari yozilgan, qo‘llari tanasi bo‘ylab uzatilgan holda bo‘ladi. Chala tug‘ilgan bolalar uchun bu odatiy hol. Chunki bunday bolalarda asab tizimi to‘la yetilmagan bo‘ladi.

Mushak gipotoniyasining yaqqol ifodalangan ko‘rinishida bola “qurbaqa holati” da yotadi. Bunda go‘dakni orqasi bilan yotqizib qo‘yilganda qo‘llari bo‘shashgan holda tana bo‘ylab yotadi, qo‘l barmoqlari musht tugilmagan, ikkala oyog‘i yon taraflarga yozilib, tizza bo‘g‘imi biroz bukilgan, qorin tekis bo‘ladi. Tonusi past bolalarda ko‘pincha nevrologik reflekslar pasaygan, bo‘g‘imlari bukilganda qarshilik kuchi sezilmaydi, bolaning qo‘lini tepaga ko‘tarib qo‘yib yuborilsa u shilq etib pastga tushadi. Go‘dakning oyoqlari tos-son bo‘g‘imida deyarli 180 gradusga kuch ishlatmasdan yoziladi.

Orqasi bilan yotqizilgan bolaning qo‘llaridan ushlab o‘zingizga tortganingizda, uning qo‘llari butunlay yoziladi, boshi esa ortga engashadi. Bolani qorni bilan kaftingizga yotqizganingizda uning bosh, qo‘l va oyoqlari pastga osilib turadi. Go‘dakni o‘ringa qorni bilan yotqizilganda u qo‘llarini bukmaydi, yuztuban yotaveradi, ya’ni yuzini yon tomonga burib olmaydi. Odatda bunday go‘daklar juda tinch-xotirjam, kam yig‘laydi, ko‘krakni yaxshi so‘rmaydi, tana vazni ham me’yordagi tezlikda oshmaydi, kam harakatlanadi.

Mushaklar kuchi yetishmasligi tufayli gipotonusli bolalar boshini ushlab turishni, qo‘liga buyumlarni olishni, o‘tirishni, yurishni kech boshlaydi. Tik holatda bunday bolalar tana holatini saqlab turolmasligi tufayli ularning ichki a’zolari zo‘riqib ishlaydi. Harakat yetishmasligi natijasida bolaning suyak va mushaklari o‘sishi sekinlashadi. Bola sog‘lom tengdoshlaridan kichikroq ko‘rinadi. Kelgusida gipotonusli bolada skolioz, kifoz va boshqa skelet deformatsiyalari yuzaga kelishi, qad-qomat buzilishi mumkin.

Boladagi tonus buzilishi qancha erta aniqlanib, davolash boshlansa shuncha yaxshi natija bo‘ladi. Chunki go‘daklarda asab tizimi hujayralarining tiklanish xususiyati yuqori bo‘ladi. Davolash (massaj, gimnastika, suzish, fizioterapevtik muolajalar, masalan, ultratovush, elektroforez, magnitoterapiya) bilan birgalikda ba’zan dori-darmonlar ham buyuriladi.

Rayhon MUDARISOVA, pediatr.
"Sihat-salomatlik" jurnali.

Bolalar immuniteti uchun foydali vitaminlar to’plamining eng ko’p qo’llaniladigan komplekslardan biri Alfavitdir.

Alfavit bu – vitamin va minerallar kompleksidir. Har bir yoshdagi chaqaloq yoki maktab o’quvchisi uchun alohida to’plamlardan birini tanlasa bo’ladi.

Preparatning narxini ushbu bo’limda ko’rsa bo’ladi — https://apteka.uz/product/alfavit

Boshqa keng qo’llaniladigan vitaminli komplekslar: Komplivit, Supradin, Magvit, Aminoplyus, Rotafer kids va hk…

*Qo'llash mumkin bo'lmagan holatlar mavjud. Ishlatishdan oldin shifokor bilan maslahatlashing.

Ushbu maqolani ham o'qing:
Bola nega yig‘laydi?