Sog‘lom odamning bosh miyasida bir kunda 350-450 ml suyuqlik (likvor) ishlab chiqariladi va miya to‘qimalarida qayta so‘rilib turadi. Miya suyuqligi ishlab chiqarilishi va qayta so‘rilish jarayoni buzilishi natijasida miyaning ichki bosimi oshib yoki tushib ketadi. Miya suyuqligi, ya’ni likvor miya qorinchalarida to‘planadi va miya pardalari orasida oqib yuradi. Shuning uchun ham likvor miya uchun juda katta himoya vazifasini o‘taydi.
Qanday kasalliklarda miyaning ichki bosimi oshadi?
Buning asosiy sabablari – miya pardalarining yallig‘lanish kasalliklari (meningit, leptomeningit) va bosh miya jaroxatlari.Belgilari qanday?
Lo‘qillovchi va zo‘rayib turuvchi doimiy bosh og‘riq asosiy belgidir. Bunday bemorlar ertalab ham bosh og‘rig‘i bilan uyg‘onishadi, biroz yurgandan so‘ng bosh og‘rig‘i kamayadi, biroq tushlikdan so‘ng yana kuchayadi. Boshni engashtirganda, spirtli ichimliklar istyemol qilganda, zinapoyadan ko‘tarilganda yoki og‘irroq yuk ko‘tarib uzoqroq joyga yurganda bosh og‘rig‘i kuchayadi. Ularning boshi juda sezgir bo‘ladi, issiqqa ham, sovuqqa ham chidashmaydi. Ko‘z olmalarida ham og‘riqlar kuzatiladi. Bosh og‘rig‘i bilan birgalikda bosh aylanishi, ko‘z oldi qorong‘ilashuvi, ko‘ngil aynishi, xotira pasayishi, bosh og‘riqdan tungi uyg‘onishlar va ba’zida gandiraklab yurishlar ham miyaning ichki bosimi oshganligidan dalolat beradi.Qanday kasalliklardan farqlash kerak?
Bosh miyaning ichki bosimi oshgan degan tashxisni qo‘yishdan oldin bemorda migren, zo‘riqish bosh og‘rig‘i, depressiya, nevroz, isteriya, glaukoma, gaymorit, frontit, arterial qon bosimning oshishi, ensefalopatiyalar kabi kasalliklarning bor-yo‘qligini inkor qilish lozim. Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan belgilar ushbu kasalliklarda ham har xil ko‘rinishda uchraydi. Demak, darrov bir xulosaga kelishdan oldin, ushbu kasalliklar bor-yo‘qligini obdon aniqlash lozim.To‘g‘ri tashxis qanday qo‘yiladi?
Bemorning kasallik tarixi va sabablari, bosh og‘riq hususiyatlari, nevrologik tekshiruvlar va bosh miya MRT xulosasi o‘rganib chiqib to‘g‘ri tashxis qo‘yiladi.Miya ichki bosimi oshishini davolash
Nevropatolog tomonidan poliklinika sharoitida olib boriladi. Agar miyaning ichki bosimi oshishi sabablari jiddiy bo‘lsa, bemor shifoxonaga yotqiziladi.Asoratlari qanday?
Bosh og‘rig‘i surunkali tus oladi, ko‘rish qobiliyati va xotira pasayib boradi, bemorning ish faoliyati sustlashadi.Profilaktikasi qanday?
Bosh miyaning har qanday kasalliklarini o‘z vaqtida bartaraf etishdan iborat. Davolashda qanday xatolarga yo‘l qo‘yiladi? Ba’zi holatlarda biz boshqa tusdagi bosh og‘riqlarni aynan “miyaning ichki bosimi oshganidan” deb davolanib yurgan bemorlarni uchratamiz. Negadir bunday bemorlar kavinton, piratsetam, aktovegin, mildronat, sinnarizin kabi dorilar bilan davolanib yurishadi. Bu dorilarning birortasi miyaning ichki bosimini tushirmaydi. Bu kasallikni davolashdan oldin bemorni obdon tekshirish va bosh og‘riqning asosiy sababini topib, keyin davolash muolajalarini o‘tkazish zarur. MRT dagi miya qorinchalari kengayishi ham hozirgi paytda bemorda “bosh miya bosimi oshgan” degan ma’noni anglatmaydi. Bu holat avval o‘tkazgan bosh miya jarohati asorati bo‘lishi mumkin. Har vaziyatda ham nevropatolog ko‘rigi zarur bo‘ladi.Kitobning boshqa qismlari bilan saytimizning «Asab va ruhiyat» bo‘limida tanishishingiz mumkin.
© Zarifboy Ibodullayev, nevropatolog. Professor. "Asab va ruhiyat" kitobi. Asab.uz
Ushbu maqolani ham o'qing:
Disk churrasi shu qadar xavflimi?