Migren – uzoq davoma etuvchi, intensiv, ba’zida chidab bo‘lmas darajadagi kuchli bosh og‘rig‘idir. Kasallik koʻpincha ayollarda uchraydi. Bunga asosan qon-tomir tonusini boshqarib turuvchi nerv ishining buzilishi, koʻpincha oilada va naslda boʻlgan qon-tomir kasalliklariga beriluvchanlik sabab boʻladi.
Migren insonning uyqusi, dam olishi, uning shaxsiy hayoti va hayot sifatini pasaytiruvchi kasallikdir. Bu patologik holatni qanday bartaraf etish mumkin, degan savollar ko‘pchiligimizni o‘ylantiradi. Shuni hisobga olib, quyida zamonaviy tibbiyot va qadimiy tabobat usullari yordamida migrenni bartaraf etish haqida batafsil to‘xtalib o‘tamiz.
Migren oʻzi nima va u qanchalik darajada xavfli?
Xalq orasida migren kasalligini – aristokratlar kasalligi deb aytiladi, yaʼni kuda koʻp boʻsh vaqti boʻlgan insonlarda koʻp kuzatiladi, degan fikr mavjud. Aksincha, doimo ish faoliyati bilan shugʻullnuvchi insonlarda esa migren kasalligi hech qachon kuzatilmaydi. Ammo, bu fikr nisbiydir.
Migren ba’zi bemorlarda balog‘atga yetish davridan boshlanadi. Kasallik xuruji odatda asabiylashish yoki o‘ta charchash oqibatida yuz beradi. Xurujning tutush muddati, sababi, og‘ir-yengilligi yosh o‘tishi bilan o‘zgara boradi. Bu holatning qaysi tarafga o‘zgarishi bemorning turmush tarziga, dam olish rejimiga, to‘g‘ri ovqatalishiga, mehnat sharoitiga bog‘liq.
Migren belgilari
Migren – boshning barcha sohasidagi ogʻriqlar bilan namoyon boʻladigan patologik holat. Ammo, inson charchagan vaqtida yoki gipertoniya natijasida kelib chiqadigan bosh ogʻriqlari migrenda kuzatiladigan ogʻriqdan ancha farq qiladi.
Ogʻriq lokalizatsiyasi. Ogʻriq joylashuvi kasallikning nomini aks ettirib turadi: migren – fransuz tilidan olingan boʻlib (gemikraniya) – boshning yarim qismi degan maʼnoni anglatadi. Migrenda kuzatiladigan ogʻriq odatda boshning bir yarim sharida yoki uning maʼlum bir sohasida seziladi. Qadimiy yunon tibbiyotida migren kasalligi – “boshning ikkiga boʻlinishi” deb yuritiladi, bu ham haqiqatdan yiroq emas.
Ogʻriq xarakteri. Migrenda ogʻriq doimiy pulsatsiyali (loʻqillovchi) xarakterga ega boʻladi. Koʻpchilik bemorlar migrenda kuzatiladigan ogʻriqni tish ogʻrigʻida seziladigan ogʻriq kabi boʻladi deb taʼkidlaydilar.
Ogʻriq kuchi. Migren xuruji insonni mehnat faoliyatini pasaytirib yuboradi, inson foydali ish darajasi tushib ketadi. Bu holat yorugʻlik yoki shovqindan qoʻrqish bilan birga kechishi mumkin, yaʼni kuchli yorugʻlik va baland shovqin bosh ogʻrigʻini kuchaytirib yuboradi.
Migren kelib chiqish mexanizmi
Migren kasalligi qadimdan maʼlum boʻlsada, ogʻriq kelib chiqish sababi hali hanuz toʻliq oʻrganilmagan. Migrenda ogʻriq bosh miya ichki bosimi oshishi, arterial qon bosimi oshishi, bosh miya oʻsmalari va bosh miya jarohatlari bilan bogʻliq boʻlmaydi. Ayrim nazariyalarda migren insult kasalligi oʻtkazilgandan keyin rivojlanadi deyiladi.
Hozirgi zamonaviy tibbiyot sohasida migren rivojlanishini tushuntirib beruvchi bir qator nazariyalar mavjud, ularning barchasi bosh miya qon tomirlari bilan bogʻliq muammolarni ilgari surishadi. Aynan shu sababli ham migrenda kuzatiladigan ogʻriq xarakteri pulsatsiyali (loʻqillovchi) boʻladi.
Ogʻriq bosh miya qon tomirlari spazmi natijasida kelib chiqadi, yaʼni bosh miyaning maʼlum bir qismida qon aylanishi buziladi, aynan shu sababli migrenda kuzatiladigan ogʻriq aniq bir lokalizatsiyaga egadir.
Yana bir boshqa nazariyada qon tomirlar turli xil qisqarishi ogʻriq bilan namoyon boʻlishini qayd etadi.
Migrenga olib keluvchi sabablar va moyillikni oshiruvchi omillar
Uzoq muddat davomida migren kasalligi bilan aziyat chekadigan bemorlarni kuzatish va maʼlumotlar yigʻish natijasida bosh ogʻrishiga olib keluvchi bir qator omillar oʻrganib chiqilgan.
Ular quyidagilar:
Nevrologik omillar. Migren kasalligi rivojlanishida stress, charchash, zoʻriqish va qattiq hayajonlanish kabi holatlarning roli katta.
Ozuqaviy omillar. Migrenga sabab boʻluvchi ozuqaviy omillardan eng xavflilari – yongʻoq, shokolad, pishloq va baliqdir. Bundan tashqari, spirtli ichimliklar isteʼmol qilish kuchli bosh ogʻrigʻiga olib keladi.
Gormonal preparatlar. Migren koʻpincha gormonal kontraseptiv vositalarni qabul qilganda kelib chiqadi.
Normal uyqu tartibining buzilishi. Doimiy uyquga toʻymaslik ham bosh ogʻriqlariga sabab boʻladi.
Tashqi faktorlar. Migren xuruj qilishi ob-havoning oʻzgarishi, atmosfera bosimining oʻzgarishi va boshqa mintaqalarga borish natijasida ham kelib chiqishi mumkin.
Migren turlari
Migren Xalqaro klassifikatsiya boʻyicha quyidagicha tasniflanadi:
- Oddiy migren (aurasiz migren) – lokalizatsiyalangan pulsatsiyalovchi ogʻriq. Eng koʻp tarqalgan migren turi boʻlib, bemorlarning katta qismi shifokorga murojaat qilmaydi va bu kasallikni odatiy bosh ogʻrigʻi deb qabul qiladilar (zoʻriqish tufayli kelib chiqadigan bosh ogʻriqlari).
- Klassik migren (aurali migren) – bunda ogʻriq xuruj qilishi boshlanishidan avval ayrim belgilar yuzaga chiqadi. Aurada belgilar individual boʻladi va turli xil namoyon boʻladi, masalan koʻrish bilan bogʻliq boʻlgan oʻzgarishlar (koʻz oldida toʻlqinlar, turli xil dogʻlar, koʻz oldida kuchli yorugʻlik), ovoz bilan bogʻliq oʻzgarishlar (quloqlarda shovqin), nerv tizimi bilan bogʻliq belgilar (bosh aylanishi), hid bilish va taʼm bilish bilan bogʻliq oʻzgarishlar. Kam holatlarda muvozanat saqlash buzilishi, koʻrinayotgan jismlarning shakli va oʻlchamini farqlay olmaslik, ulargacha boʻlgan masofani aniqlashdagi kamchiliklar (Alis sindromi). Baʼzida aura xavotirlanish hissi paydo boʻlishi bilan ham kechadi.
- Migrenoz status – davomli ogʻriq hissi, uyqu va dam olishdan soʻng ham oʻtib ketmaydigan, baʼzida sutkalar davomida davom etuvchi patologik holat.
- Asoratli migren – koʻpincha hushdan ketish, koʻngil aynishi, qayt qilish va epilepsiya (tutqanoq) bilan namoyon boʻluvchi migren turi. Kam hollarda migren xuruji bosh miyada qon tomirlar yorilishi (insult) bilan asoratlanishi ham mumkin (migrenoz insult).
- Spetsifik migren – bu turdagi migren xurujlari kam uchraydigan retinal migren (koʻzning bir yoki har ikkisida ham dogʻ paydo boʻlishi), oftalmoplegik migren (koʻz nervida ogʻriq) va boshqa belgilar bilan namoyon boʻluvchi belgilar bilan kechadi.
Migren oqibatlari
Yuqorida qayd etib oʻtilganidek uzoq muddat davom etgan migren xurujlari migrenoz insult bilan asoratlanishi mumkin. Bosh miyadagi qon tomirlar spazmi natijasida qon tomir ichida qon oqimining toʻxtab qolishi va atereskleroz blyashkalar hosil boʻlishi bosh miyada ishemiya keltirib chiqaradi.
Diqqat, muhim!
Bosh miyaning aniq bir sohasida pulsatsiyali ogʻriqlar boʻlishi bosh miyada anevrizm rivojlanayotganidan darak boʻlishi mumkin.
Odatda migren aytarli jiddiy asoratlarga olib kelmaydi, shunchaki inson hayot tarzidagi koʻpgina noqulayliklar tugʻilishiga sabab boʻladi, masalan uyquning buzilishi, hayot sifatining pasayishi va toʻliq dam olmaslik. Migrendan aziyat chekuvchi insonlarda statistika boʻyicha uch barobar koʻproq depressiya holatlariga tushish qayd etiladi. Shu kabi muammolarning oʻzi ham migren kasalligiga jiddiy eʼtibor qaratish kerak ekanligini bildiradi.
Kasallikning tarqalish darajasi va xavf guruhidagi insonlar
Bosh ogʻrigʻi va migren dunyoda eng koʻp tarqalgan patologik holatlardan biri hisoblanadi. JSST statistikasi boʻyicha dunyo aholisining 50 dan 75 % igacha boʻlgan insonlar bosh ogʻrigʻidan aziyat chekadilar. Shu insonlarning uchdan birida migren holati kuzatiladi.
Xavf guruhidagi insonlarga kimlar kiradi?
JSST koʻrsatmasi boʻyicha migren kasalligi balogʻatga yetish davridan boshlanadi va 35-45 yoshlarda eng yuqori choʻqqiga chiqadi. Migrendan koʻproq ayollar aziyat chekadi. Bundan tashqari migren rivojlanishida nasliy omil ham katta rol oʻynaydi.
Migren kasalligini davolash
Boshqa kasalliklar kabi migren ham bemorlar shikoyatlariga asoslangan holda tashxislanadi. Migrenda kuzatiladigan belgilarga barmoqlarning qizarishi, barmoqlarning sovuq boʻlishi (Reyno sindromi), kaftning terlashi, yuz mushaklari qoʻzgʻaluvchanligi oshishi (Xvostek simptomi) kabilar ham yuzaga chiqishi mumkin.
Medikomentoz davo
Migren kasalligini davolashda doir preparatlari ogʻriq hissini yoʻqotishga xizmat qiladi. Aura bilan kechuvchi migrenda kasallik belgilari xuruj qilish boshlanishidan avvalroq ogʻriq qoldiruvchi preparatlarni qabul qilish imkoni boʻladi. Migren kasalligini bartaraf etishda foydalaniladigan preparatlarni bir necha guruhlarga boʻlish mumkin, ular quyidagilar:
Analgetik va yalligʻlanishga qarshi vositalar. Koʻpgina ogʻriq qoldiruvchi preparatlarni dorixonalardan shifokor retseptisiz olish mumkin. Bularga yalligʻlanishga qarshi nosteroid preparatlar kiradi, masalan ibuprofen yoki diklofenak.
Sporin preparatlar. Sporin saqlovchi preparatlar bosh miya qon tomirlarini biroz toraytirish xususiyatiga ega, ular yalligʻlanish mediatori boʻlgan serotonin ajralib chiqishini kamaytiradi va ogʻriq hissi yoʻqoladi. Ammo, bu preparatlar migrendan boshqa holatlarda paydo boʻladigan bosh ogʻriqlarini bartaraf etishda samara bermaydi. Preparatni qoʻllashda qarshi koʻrsatmalar ham bor (masalan yurak ishemik kasalliklari) va albatta shifokor tavsiyasiga koʻra qabul qilish kerak boʻladi.
Triptanlar. Bu preparatlar qon tomirlarga taʼsir etadi va uchlik nerv ogʻriq oʻtkazuvchi xususiyatini bloklaydi. Bundan tashqari treptanlar migrenda kuzatiladigan – yorugʻlikka sezuvchanlik, shovqindan qoʻrqish, koʻngil aynishi va qayt qilish kabi belgilarni ham bartaraf etadi.
Nomedikomentoz davolash
Migren kasalligi qadimdan maʼlum boʻlsada, bu patologiyadan toʻliq qutulish yoʻli hali hanuz topilgani yoʻq. Shunday boʻlsa ham migrenda kuzatiladigan ogʻriq hissini kamaytirish va qoʻshimcha belgilar rivojlanmasligining oldini olishning bir qancha usullari topilgan. Ayniqsa, qadimiy Xitoy tibbiyoti bu borada yetakchi ustunlikka ega.
Migren bilan kurashishda qadimgi Xitoy tibbiyoti asosan fizioterapevtik muolajalarga yoʻnaltirilgan. Bunda ogʻriq hissini bartaraf etish va belgilarni kamaytirishga erishish mumkin. Davo muolajalari sekin-astalik bilan olib boriladi, yaʼni muolajalar davomiyligi, kuchi va dozasi kamdan boshlanadi va koʻpaytirilib boriladi, albatta bunda davoning samaradorligi baholanib boriladi.
Kasallik belgilari xuruj qilgan vaqtda davo muolajalari ogʻriqni yengillashtirishga, agar kasallik xuruj qilmayotgan boʻlsa, boʻyin sohasi mushaklarini boʻshashtirish va qon tomirlar spazmini bartaraf etishga qaratiladi.
Anʼanaviy tibbiyotda migren bilan kurashishning quyidagi usullari bor:
Akupressiya yoki nuqtali massaj. Bu usulda barmoq yordamida yoki maxsus oyna bilan inson organizmidagi biologik faol nuqtalar bosiladi.
Igna bilan davolash. Biofaol nuqtalarga steril maxsus ignalar sanchish yoʻli bilan kasallikni bartaraf etish usuli. Ignalar juda ingichka boʻlganligi sababli muolaja vaqtida ogʻriq sezilmaydi.
Gidroterapiya. Qadimiy Xitoy tibbiyotida bu usul eng mashxur boʻlgan, yaʼni bunda 4 unsurdan foydalaniladi: suv, olov (muolaja tabiiy issiq buloqlarda, loylarda oʻtkaziladi), havo (oltingugurtli vannalar) va tuproq (loyli joylar).
Migren xurujini bartaraf etish usullari
Agar migren xurujidan qutulishning imkoni boʻlmasa, unda xuruj vaqtida kuzatiladigan ogʻriq hissini kamaytirish mumkin. Bunda xurujning davomiyligi va kuchiga asoslanish lozim.
Kuchli boʻlmagan ogʻriq, bir sutkagacha davom etsa – nosteroid yalligʻlanishga qarshi vositalar va analgetiklar (ibuprofen, asetil salitsil kislota) dan foydalanish mumkin. Ayniqsa, preparatlarning rektal shamchalar shakli yaxshi samara beradi. Parasetamol, metamizol natriy, naproksen, drotoverin gidroxlorid, fenobarbital, kofein saqlovchi preparatlardan foydalansa ham boʻladi.
Bir necha sutka davom etuvchi migren xuruji – bunday vaziyatda triptan guruhi preparatlaridan foydalanish mumkin – zolmitritin, eletriptin, sumatriptan. Bu vositalar qon tomirlarni toraytiradi va bosh miyada serotoninga boʻlgan sezuvchanlikni kamaytirdi.
Bosh ogʻriqlari profilaktikasi
Migren kasalligi profilaktikasida – ogʻriqqa sabab boʻluvchi omillardan himoyalanish kerak boʻladi. Toʻgʻri kun tartibi, uyqu vaqti va davomiyligi, mehnat qilish va dam olishni tartibga solish, asabiylashishdan saqlanish hamda stress holatlariga tushmaslik katta ahamiyat kasb etadi.
Serotonin ajralib chiqishini oshiruvchi ayrim mahsulotlardan cheklanish ham migren xurujlarini oldini olishda katta rol oʻynaydi, masalan dudlangan mahsulotlar, pishloq, shokolad va spirtli ichimliklar.
Migren kasalligi inson sogʻligʻiga va ijtimoiy hayotiga salbiy taʼsir koʻrsatishini unutmang, shu sababli sababsiz bosh ogʻrishi kuzatiladigan boʻlsa darhol shifokorga murojaat eting.
Diqqat! Maqolada nomi sanab o‘tilgan preparatlar, faqatgina tanishish maqsadida keltirib o‘tilgan. Har qanday kasallikda har bir bemorning umumiy ahvolidan kelib chiqib shifokor davolash rejasini tuzib chiqadi. Kasallikning belgilari kuzatilsa, darhol shifokorga murojaat qilish shart.
Zero, salomatligingiz o‘z qo‘lingizda! Salomat bo‘ling!
Mavzuga aloqador maqolalar:
- Bosh og‘rishi – sabablari, belgilari va asoratlari
- Bosh miya ichki bosimi oshishi – sabablari, belgilari va davolash usullari
- Migrenning davosi bormi?
Maqola 09.04.2019 sanasida yangilandi.