Oʻquvchi qizim maktabdan keliboq qorin ogʻrigʻidan shikoyat qiladi. Qaynonam “hamma narsani aralashtirib yeyavergan boʻlsang kerak-da”, deganicha uni koyiydi. Bola emasmi, maktabda faqatgina chips yeganini va oʻsha chips qurgʻur ham “uyniki” ekanini aytib “maqtanadi”. Haqiqatan ham maktab boshlandi deguncha bolalarda oʻquvchilarga xos kasalliklar ham sekin-asta oʻz rivojlanishini boshlab yuboradi. “Bolani bu kasalliklardan omon saqlash uchun ularning oldini olish tadbirlarini kanda qilmaslik lozim”, deydi oliy toifali bolalar shifokori Muhabbat Nasivaliyeva "Sugʻdiyona" gazetasi muxbiri bilan boʻlgan suhbatda.
Asosiy muammolar
- Uzoqni koʻra olmaslik;
- Skolioz (umurtqa pogʻonasining qiyshayishi);
- Gastrit;
- Ruhiy-asab tizimi buzilishlari kabilarni maktab kasalliklari sirasiga kiritish mumkin. Statistikaga koʻra, har besh bolaning biri umurtqa pogʻonasi muammolaridan qiynalsa, har uchtadan bittasini oshqozoni bezovta qiladi.
Ilk xavf
Oʻquv yili ayniqsa birinchi sinf oʻquvchilar uchun qiyin kechadi. Yangi kun tartibi, darslar, tanish boʻlmagan sharoit tufayli bolaning ruhiy holatida oʻzgarishlar kuzatiladi. Bu esa oʻz navbatida asab tizimiga ham taʼsir qilib, oshqozon‑ichak, ogʻiz‑quloq‑burun tizimi surunkali kasalliklarining paydo boʻlishiga olib keladi. Shuningdek, gavda holati va koʻrish qobiliyatida ham oʻzgarishlar roʻy beradi.
Oʻquvchilar gastriti
Surunkali gastrit kasalligiga koʻpgina oʻquvchilar chalinishi mumkin. Bola oʻqituvchi bilan til topisha olmasligi, sinfdoshlari bilan tortishib qolishi, yomon baho olishi kabi holatlarda asabiylashadi. Bu esa oshqozon-ichak tizimida turli buzilishlarga olib keladi. Turli “fast-fud” yoki qovurilgan taomlar bilan ovqatlanish, irsiy moyillik natijasida kasallik yanada zoʻrayadi.
Ota‑onada surunkali gastrit boʻlsa, bolada ham bu kasallikka chalinish xavfi ortadi. Bolaning surunkali infeksiyalar — tish kariyesi, bodomsimon bezlar yalligʻlanishi, gaymorit kabi xastaliklarga chalinishi esa kasallikning yanada jiddiy tus olishiga sabab boʻladi.
Gastrit alomatlari
Gastrit alomatlari har doim ham koʻzga tashlanavermaydi. Gastritga chalinganda bolada quyidagi alomatlar kuzatiladi:
- rangi oʻzgaradi;
- ishtahasi yoʻqoladi;
- tez toliqadi;
- jigʻildoni qaynab, koʻp kekiradi;
- koʻkrak chuqurchasida noxushlik sezib, qorni dam boʻladi;
- koʻngli ayniydi;
- qabziyat (ich qotishi)dan qiynaladi.
Kasallik qoʻzgʻalganda esa bu alomatlar kuchayadi.
Tavsiya: bolani ertalab nonushta qilishga oʻrgating. Unga foydali (grechka, guruchli) boʻtqa tayyorlab berishdan erinmang. Bolaning portfelida doim qaynatib sovutilgan suv boʻlsin. Tanaffus paytida yeyishi uchun ham biror yegulik bering. Yegulik quruq pechenye yoki shokoladdan iborat boʻlmasin. Oʻquvchi farzandingizga olma yoki yogurt, pishloqli non, hech boʻlmaganda quritilgan meva berib yuboring.
Umurtqa pogʻonasi qiyshayishi (skolioz)
1-sinf oʻquvchilarining har uchtadan birida skolioz alomatlarini (yelka va qomati bukchaygan, boshi egilgan boʻladi, oyogʻini sudrab yuradi) koʻrish mumkin. Vaqt oʻtishi bilan bu muammo chuqurlashib boraveradi. Eng avvalo bolaga qomatini toʻgʻri tutishni oʻrgating: devorga suyanganda uning gardani, yelkalari, kurak suyagi, dumbasi va tovoni devorga tegib turishi kerak. Buning uchun koʻkrak kerish, boshni baland tutish talab etiladi. Bunday holatda turish albatta chiroyli, ammo bola shu tarzda yurishga ham oʻrganishi lozim. Mushaklar oʻrganmagani uchun bu avvaliga biroz qiyin kechishi mumkin, ammo farzandingizning umurtqa pogʻonasi haqida qaygʻursangiz, bolaga shunday yurishni oʻrgating. Aks holda, umurtqa pogʻonasida qiyshayish yuzaga keladi, ichki aʼzolarida oʻzgarish sodir boʻlib, eziladi. Bu esa koʻpgina kasalliklarga olib kelishi mumkin. Shuning uchun koʻkrak qafasining orqa mushaklarini mustahkamlash lozim. Bu ayniqsa umurtqa pogʻonasi oʻsib borayotgan bolalar uchun muhim. Skolioz kasalligiga chalingan yoki moyilligi bor bolalarga suzish mashqlari tavsiya etiladi. Shuningdek, oʻquvchi bolaning suyaklari salomatligi uchun turli jismoniy mashqlar (ertalabki gimnastika) bilan shugʻullanish foydali.
Tavsiya: farzandingizning portfeliga ahamiyat bering. Uni iloji boricha yengillating. Bolaning maktab sumkasi ryukzak shaklida boʻlgani yaxshi. Dars tayyorlayotganida stuldan oyoqlari osilib turmasligi, suyanchigʻiga suyanib, tirsaklarini erkin ravishda stolga qoʻya olishi lozim. Shuningdek, bolaning taomnomasida kalsiyga boy (tvorog, pishloq) mahsulotlar boʻlishi zarur.
Kichkintoyning koʻzlarini asrang!
Maktab davri boshlangan ilk kezlarda oʻquvchi bolaning koʻzlari ancha toliqadi. Oʻqish, yozish kabi mashqlarning barchasi yaqin masofadan amalga oshiriladi. Shu sababdan miya koʻzlarga tushayotgan ogʻirlikni yengillatish uchun yaqindan koʻrishni osonlashtirib qoʻyadi. Natijada bola uzoqni yaxshi koʻra olmaydi. Bola maktabdan uyga qaytishi bilan televizor yoki kompyuter ekraniga tikilishi ham koʻzlar salomatligiga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Tez-tez kasallanadigan bolalar uzoqni koʻra olmaslik dardiga koʻproq uchraydi.
Tavsiya: har kuni bolaga koʻz oʻtkirligi uchun mashq qilishni odat qildiring. Buning uchun oʻng va chap koʻz yordamida navbatma-navbat kitob oʻqish lozim. Kitobni jajji oʻquvchining qarshisiga tik holatda qoʻying. Bola harflarni bemalol koʻra oladigan 35 sm. uzoqlikda oʻtirsin. Oʻng koʻzini yopib, ikkinchi koʻzi bilan 10-15 daqiqa kitob oʻqiting. Soʻng chap koʻzi bilan ham xuddi shunday oʻqisin. Bunda koʻz mushaklari mustahkamlanadi, koʻrish oʻtkirlashadi. Shuningdek, bola tanaffus paytida, uyqu oldidan koʻzlarini yumib, koʻz soqqasini aylantirishi, harf yoki sonlarni “yozishi” mumkin. Bu ham koʻz mushaklarini baquvvatlashtiradi, qon aylanishini yaxshilaydi.
Bola kuniga 15 daqiqadan ortiq televizor koʻrmasligi, monitorga tikilib oʻtirmasligi kerak. Taomnomasida vitamin va antioksidantlarga boy mahsulotlar: yongʻoqlar, oʻsimlik yogʻlari, askorbin kislotali mevalar boʻlishi lozim.
Asabiylik
Bola injiq va asabiy boʻlib qolishining sababi tarbiyada yoʻl qoʻyilgan xatolar yoki kichkintoy tabiatidagi nuqsonlarga bogʻliq, deb hisoblanadi. Ammo bu har doim ham toʻgʻri boʻlib chiqavermaydi. Baʼzi hollarda bu bolaning ortiqcha charchayotgani, maktabdagi ruhiy siqilish daragi boʻlishi ham mumkin. Shuning uchun ota-ona oʻz farzandiga eʼtiborli boʻlishi, bola oʻzini qiynayotgan muammolar haqida ularga ayta bilishi lozim. Bolaning dars tayyorlashi va baholari bilangina emas, maktab hayoti haqida ham qiziqib koʻring.
Maktab nevrozlarining asosiy sabablari: ortiqcha toliqish, uyquga toʻymaslik, juda koʻp shugʻullanish, qoʻshimcha toʻgarak yoki darslarga qatnashi… Albatta, bolaning maktabda oʻqishi muhim, ammo bu salomatligiga zarar qilmaydigan tarzda amalga oshirilishi lozim.
Garri Potter sindromi
- 1-sinfga borgan bolada oʻquv yili soʻngiga kelib, uzoqni koʻra olmaslik — miopiya kasalligi vujudga kelishi mumkin. Shuningdek, uzzukun kompyuterga tikilish, televizor koʻrish ham bu kasallikni keltirib chiqaradi.
- Bu koʻz kasalligiga chalinishning yana bir xavfli davri — 11 yosh. Bolada oʻsmirlik davri boshlanadi, organizm faol ravishda oʻsa boshlaydi, tez charchaydi, darslar ogʻirlashib boradi. Natijada butun organizm, jumladan, koʻzlar ham stress holatiga tushadi.
- Afsuski, miopiya kasalligidan butunlay qutulib boʻlmaydi. Tish va bodomsimon bez kasalliklari, immunitet pasayib ketishi miopiyaning rivojlanishiga olib keladi.
- Bu kasallikka chalingan bolalarning koʻrish qobiliyatini 18 yoshdan soʻng jarrohlik yoʻli bilan toʻgʻirlash mumkin.
- Bolalardagi koʻrish qobiliyatini koʻzoynak yoki linzalar yordamida saqlab turish kerak. Albatta maktab yoshidagi bolalar uchun linzaga nisbatan koʻzoynak taqish xavfsiz. Soʻnggi paytlarda bolalarning sevimli qahramoniga aylangan Garri Potter ham koʻzoynak taqqani sabab bolalar avvalgiday koʻzoynak taqishdan uyalmaydigan boʻlgan.
- Tadqiqotlar natijasida kechki linzalar kashf qilingan. Bu linzalar miopiya rivojini sekinlashtiradi. Shuningdek, bola kompyuterda oʻtirganda maxsus nurfiltrli (antiblik) koʻzoynak taqishi, doimiy sport bilan (ogʻir atletika, boksdan tashqari) shugʻullanishi zarur. Bolani yilda bir marta mutaxassis shifokorga koʻrsating. Koʻzlarga dam berib, yuqorida koʻrsatilgan mashqlarni bajarishni kanda qilmang.
© Muhabbat Nasivaliyeva, pediatr.
"Sugʻdiyona" gazetasi.
Bolalar immuniteti uchun foydali vitaminlar to’plamining eng ko’p qo’llaniladigan komplekslardan biri Alfavitdir.
Alfavit bu – vitamin va minerallar kompleksidir. Har bir yoshdagi chaqaloq yoki maktab o’quvchisi uchun alohida to’plamlardan birini tanlasa bo’ladi.
Preparatning narxini ushbu bo’limda ko’rsa bo’ladi — https://apteka.uz/product/alfavit
Boshqa keng qo’llaniladigan vitaminli komplekslar: Komplivit, Supradin, Magvit, Aminoplyus, Rotafer kids va hk…
*Qo'llash mumkin bo'lmagan holatlar mavjud. Ishlatishdan oldin shifokor bilan maslahatlashing.