Leongard bo‘yicha shaxsning 10 toifasi: Birinchi toifa yoki “Namoyishkor shaxs” Bu toifaga mansub shaxslarning hulq-atvorida namoyishkorlik doimo sezilib turadi, ular barcha xatti-harakatlarni namoyishkorona bajarishni hush ko‘rishadi. Atrofdagilar bilan tez va osonlikcha muloqotga kirishadi, ishchan va harakatchan bo‘lishadi. Xiyla va nayrangga usta, yolg‘on gapirishga moyil, olifta, makkor, xayolparast, o‘z shaxsini bo‘rttirib ko‘rsatuvchi bo‘lishadi. Shu bilan birga boshqa birovlarni bir-biriga to‘qnashtirib janjalli vaziyatlarni yuzaga keltirishni xush ko‘rishadi. Maqtovtalab va manman bu shaxslar har qanday ishga tavakkal qilib qo‘l urib ko‘rishadi, rahbarchilikka intilishadi, atrofdagilarning e’tiborida bo‘lishga intilib yashashadi. Odamlar bilan tez til topishib ketishadi, har qanday vaziyatga tez moslashib olishadi, agar ularning xatti-harakatlari atrofdagilar tomonidan tan olinmasa yoki unga e’tibor qilinmasa, ularning kayfiyati tez buziladi va suhbatni boshqa yo‘nalishga o‘zgartirib yuborishadi. Mana shunday paytlarda ular o‘z foydasiga janjalli vaziyatlarni yuzaga keltirishga urinib ko‘rishadi va bunga erishishadi ham. Bunday shaxslar juda egoist bo‘lishadi, doimo diqqat-e’tiborda bo‘lishni hohlashadi, maqtovga chanqoq bo‘lishadi, agar atrofdagilar uni maqtamasa, u o‘zini maqtay boshlaydi, yonidagi suhbatdoshini hayratda qoldiridigan uydirmalar o‘ylab topadi, o‘zining so‘zamolligidan fahrlanib yuradi. Uning oldida birovni maqtashning foydasi yo‘q, chunki bu ularning kayfiyatini tushirib yuboradi, bunday paytlarda u suhbatni yana o‘z foydasiga burishga intilib ko‘radi yoki dialogni to‘xtatib qo‘ya qoladi. Mabodo u bilan avval og‘irroq vaziyatlar ro‘y bergan bo‘lsa, suhbat chog‘ida bu voqeani bo‘rttirib so‘zlab beradi, atrofdagilarda unga nisbatan hamdardlik va achinish hissini paydo qilishga intilib ko‘radi. Agar uning so‘zlariga e’tibor qilinmasa, tez jahli chiqadi, biroq buni sezdirmaslikka harakat qiladi. Ular doymo atrofida odamlarni to‘plab va’zxonlik qilishni, jamoaga yetakchilik qilishni yoqtirishadi va o‘zi alohida ko‘zga tashlanib turishni istaydi. Ular yolg‘izlikni yoqtirishmaydi. Shuning uchun ham ular doymo mansabga intilishadi, ularning ichki tuyg‘ularini ro‘yobga chiqaruvchi, o‘zini ko‘z-ko‘z qilishga katta imkoniyatlar yaratib beruvchi yagona vaziyat – bu mansabdir. Shu bois ular qanday bo‘lmasin biror bir mansabni egallashni orzu qilib yashashadi. Aslida uning hatti-harakatlari doimo ham haqiqatga mos kelavermaydi, agar kichikroq bir favqulotda vaziyat yuzaga kelsa, jamoani yig‘ib juda katta shov-shuv ko‘taradi, yig‘in paytida ataylab ziddiyatli vaziyat yaratadi, jamoa a’zolari ichidan aybdorni izlay boshlaydi, topa olmasa birovni-birovga to‘qnashtirib aybdorni topib oladi va uning obro‘sini hammaning oldida yerga urib tashlaydi, o‘zini esa faol himoya qilishga intiladi. Janjalni ham o‘z foydasiga hal qilib, vaziyatdan “qahramon” bo‘lib chiqishga urinadi va aksariyat hollarda bunga erishadi ham.­ Unda siqib chiqarish xususiyati (psixoanalizda Freyd tomonidan taklif qilingan “siqib chiqarish”atamasi bor) kuchli bo‘ladi, ya’ni ular o‘ziga yoqmagan voqea va hodisalar tafsilotini xotirasidan o‘chirib tashlash qobiliyatiga ega bo‘lishadi. Yolg‘on gapirish bunday shaxslar uchun odatiy xoldir: uning hayot tarzida yolg‘on va haqiqatlar shu darajada chalkashib ketadiki, keyinchalik gapirgan gaplarining qaysi biri yolg‘onu, qaysi biri haqiqatligini o‘zi ham anglay olmay qoladi. Shuning uchun ham ularga keyinchalik bo‘lib o‘tgan voqealar aytib berilsa eslay olishmaydi, biroq haqiqatdan ham eslay olmayapdimi yoki eslashni hohlamayapdimi, bilib olish o‘ta mushkul. Bunday odamlarni psevdolog, ya’ni yolg‘onchi deb ham atashadi. Shu asnoda ularning fikrlash doirasi kengligini alohida ta’kidlab o‘tish lozim, ular ba’zan inson xayratda qoladigan ishlarga tavakkal qilib qo‘l urishadi va ishchanlik qobiliyati yuqoriligi uchun ancha yutuqlarga erishishadi ham.

Ikkinchi toifa yoki “Qotma shaxs”

Muloqotga hadeb kirishib ketmaydigan, kamgap, takabbur odam. Kam gapirsada, nasihat qilishni xush ko‘radi. Unga nisbatan aslida mavjud bo‘lmagan adolatsizlikdan aziyat chekib yuradi. Shu sababli ularning xatti-harakatida odamlarga nisbatan ishonchsizlik va ehtiyotkorlik ustun turadi. Gina va hafagarchilikka beriluvchan, tez ranjiydigan voqea va hodisalarga shubha bilan qaraydigan shaxs. U bilan yuz bergan voqealardan uzoq vaqt siqilib yuradi, hafagarchilikdan oson chiqa olmaydi, qasoskor bo‘ladi. Bunday odamlar janjal va kelishmovchiliklarni yuzaga keltirishda tashabbuskor bo‘lib qolishlari mumkin. Izzattalab, o‘ziga qattiq ishonadigan va o‘z bilganidan qolmaydigan sobitqadam bu shaxslar biror bir ishni qat’iyatlilik bilan boshlab oxiriga yetkazishadi ham. Ular o‘ta ishchan bo‘lib, har qanday sharoitda ham yuqori qo‘rsatgichlarga erishishga intilishadi, boshlagan ishini birov bilan baham qo‘rmay yolg‘iz o‘zi bajarishni xush qo‘rishadi. Qaysar, o‘jar va tez-tez hissiy qo‘zg‘alishlar ro‘y berib turadigan bu shaxslarning hulq-atvorida haqiqatgo‘ylik, ranjish, tez hafa bo‘lish, gumonsirash, rashq kabi turli hislatlar birgalikda namoyon bo‘ladi. Ularda chuqur hissiy kechinmalar ro‘y bersa ham buni darrov yuzaga chiqaraverishmaydi, ichida saqlab qo‘yishga harakat qilishadi va bu borada ularning fikrini tez bilib olish ancha mushkul.

Uchinchi toifa yoki “Rasmiyatchi shaxs”

Sinchkov, maydakash va o‘ta rasmiyatchi shaxs. Janjal va kelishmovchiliklarga kam aralashadi, agar janjalli vaziyatlarda paydo bo‘lib qolsa, o‘zini chetga oladi yoki passiv ishtirokchiga aylanadi xolos. Shunday bo‘lsa-da, shakllanib qolgan tartib-qoidalarning buzilishiga tezda diqqatini jalb etadi. Ish joyida u haqiqiy byurokrat bo‘lib, har bir ishda rasmiyatchilikka boradi, qo‘l ostida ishlaydiganlarga juda ko‘p talablar qo‘yib tashlaydi. O‘z ishiga juda puxta, o‘ziga va boshqalarga o‘ta talabchan, tartibni xush qo‘radigan, g‘oyatda sinchkov bo‘lib, har bir ishni reja asosida bajarishni yoqtiradi. Biror bir ishni boshlashdan oldin uni sinchkovlik bilan o‘rganadi, reja tuzadi, o‘zi ham o‘sha rejaga qattiq amal qilishga harakat qiladi, o‘z oldiga qo‘ygan ishlarni shoshmasdan, biroq yuqori darajada sifatli bajarishga intiladi. Xatoga yo‘l qo‘yilmadimi deb, o‘zini va boshqalarni tez-tez tekshirib turadi. Rasmiyatchilik uning hayot tarziga aylangan bo‘lib, vaziyat shuni taqozo etsa mansabdan osonlik bilan voz kechadi. Ruhiy jarohatlarni uzoq vaqt esida saqlab yuradigan, og‘ir tabiyatli va o‘ch olishga moyil shaxs.

To‘rtinchi toifa yoki “Ta’sirchan (qo‘zg‘aluvchan) shaxs”

Jizzaki, o‘z his-tuyg‘ularini jilovlay olmaydigan, qo‘pol, janjalkash va tez g‘azablanadigan kishilar. Ularning hulq-atvorida instinktiv intilishlar ustun turadi. Ular badqovoq va zaharxanda kishilar bo‘lib, birov bilan osonlikcha murosaga borishmaydi, doimo janjalning o‘rtasida bo‘lishadi, odamlar orasida kelishmovchiliklarning yuzaga kelishida faol ishtirokchilardir, aksariyat hollarda esa janjalning muallifi ularning o‘zi bo‘lib chiqishadi. Jamoada uzoq vaqt ishlay olishmaydi, tez-tez yuzaga keladigan kelishmovchiliklar sababli bir ishdan boshqa ishga o‘tib yurishadi. Ular odamlar bilan bemalol til topishib keta olishmaydi. Bunday shaxslar biror bir ishga ishtiyoq bilan kirishmaydi, ishga ham zarurat uchun boradi, qaysidir soha yoki ilmni o‘zlashtirishga ham ishtiyoq bo‘lmaydi. Kelajakka befarq va bugungi kun bilan yashaydigan bu shaxslar ko‘ngilxushlik va o‘yin kulgili tadbirlarga o‘ch bo‘lishadi. Biroq bunday joylarda ham odamlar bilan urishib qolishadi. Hamma bilan til topishavermagach o‘zidan kuchsizroq odamlar bilan muloqot qilishga va ularni o‘ziga bo‘ysindirishga intilishadi. Yuqori darajadagi qo‘zg‘aluvchan bu shaxslarni boshqarish qiyin bo‘lib, ularning xatti-harakatlari atrofdagilar va jamoa obro‘si uchun havfli vaziyatlarni yuzaga keltirishi mumkin.

Beshinchi toifa yoki “ Gipertim shaxs”

Gipertimiya – yuqori kayfiyatga ega va hissiyotga boy degani. Bu toifaga kiruvchi odamlar yuqori darajada harakatchanligi, so‘zamonligi, mimikalarga boy hatti-harakatlari, dilkashligi bilan ajralib turishadi. U har qanday odamlar bilan tezda muloqotga kirib keta oladi, ulfatchilikni xush ko‘radi, shum va sho‘x bo‘ladi. Suhbat chog‘ida dastlabki mavzudan tezda chetga chiqib ketadi, buni o‘zi ham sezmay qoladi. O‘z tengdoshlari orasida e’tiborda bo‘lishni, iloji bo‘lsa ularga yo‘lboshchi bo‘lishni va shovqin-suronli hayotni xush qo‘radi. Deyarli doimo yaxshi kayfiyatda bo‘ladi, o‘zini yaxshi ko‘radi, yuqori hayotiy quvvat va ishtahaga ega bo‘ladi, yuzi-qo‘zi kulib turadi, hayotdan quvonib yashaydi. U o‘ziga yuqori baho beradi, chaqqon va yengiltak bo‘ladi, quvnoq hayotni yoqtiradi, ishbilarmonchiligi bilan ajralib turadi, yuzaki ishlarni zudlik bilan bajarib tashlaydi. Bunday shaxslar juda ajoyib suhbatdosh bo‘lib, atrofdagilar qo‘nglini chog‘ qilib o‘tirishni xush qo‘radi, qo‘ngil yozar ishlarga yo‘lboshchilik qiladi, kerak bo‘lsa turli hursandchiliklarni o‘zi o‘ylab topadi va boshqalarni bunga jalb qiladi. Bu ishlarga keragidan ortiqcha berilish janjalli vaziyatlarning kelib chiqishiga turtki bo‘ladi. Agar u qilayotgan ishiga ochiq to‘sqinlikni sezsa yoki bu ishlarni amalga oshirayotganda muvaffaqiyatsizlikka uchrasa, asabiylashib ketadi, g‘azabi qo‘zg‘aydi. Ba’zan o‘z majburiyatlariga yuzaki qaraydi, qattiq tartib intizomga uning toqati yo‘q. Hayot tarzida bir xillik va yolg‘izlikni yoqtirmaydi, ba’zan ahloqsiz ishlarga qo‘l urib qo‘yadi.

Oltinchi toifa yoki “ Distimik shaxs”

Bu toifaga kiruvchi shaxs o‘zining jiddiyligi bilan ajralib turadi, o‘ta bosiq bo‘lib kayfiyati past odamni eslatadi. Uning harakatlari sust bo‘lib kelajakka pessimistik ruhda qaraydi, o‘z imkoniyatlarini ham past baholaydi, birovlar bilan kam muloqotga kirishadi, davralarda suhbatga aralashmay jim o‘tirishni xush ko‘radi. U odatda ko‘cha kuylarga chiqmay uyda o‘tirishni afzal ko‘radi, g‘ala-g‘ovur va shovqinli joylardan chetroq yuradi, yolg‘izlikni yoqtiradi. Bunday odamni o‘troq hayot kechiruvchi deb atash mumkin, biroq u bilan yaqinlashishga intilganlarni hurmat qiladi, unga bo‘ysunishga ham tayyor turadi, haqqoniy do‘stlikning qadriga yetadi. To‘g‘rilik va haqiqatgo‘ylikka intilsa-da, o‘z fikrini bayon qilishda ancha sust bo‘ladi.

Yettinchi toifa yoki “Xavotirli shaxs”

Bu toifaga kiruvchi shaxs birovlar bilan darrov muloqatga kirishib keta olmaydi, doimo xavotirda yuradi, qo‘rqoq va uquvsiz bo‘ladi, o‘ziga ishonmaydi. Qorong‘ulikdan, uyda yolg‘iz qolishdan va hayvonlardan qo‘rqadi. O‘z tengdoshlariga qo‘shilib keta olmaydi, ulardan o‘zini chetga oladi, shovqinli, o‘yin-kulguli joylarni yoqtirmaydi, mabodo bunday joylarda paydo bo‘lib qolsa ham uyalib chetda tamoshobin bo‘lib turadi. Agar uning mehnat yoki o‘quv faoliyatini kimdir tekshirmoqchi bo‘lsa yoki biror bir fandan imtihon topshirishga to‘g‘ri kelsa, bunday holatlarni u juda og‘ir qabul qiladi, o‘ziga ishonchsizligi yanada kuchayadi, juda bezovtalana boshlaydi. Agar qaysidir masala bo‘yicha nutq so‘zlash kerak bo‘lsa yoki auditoriyada ma’lumot berish zarurati tug‘ilsa, uyalib qattiq terga botadi. Shu bois u o‘z hoxishi bilan hech qachon minbarga chiqmaydi. Kattalar himoyasiga o‘zini jon deb otadi, biroq ularning uzundan-uzoq pand-nasihatlari uning joniga tegadi. Bunday paytlarda o‘zining uquvsizligini sezib turadi va uyatchanligidan aziyat chekadi, shunday bo‘lsa-da o‘zini-o‘zi yupatib yuradi, shundayligidan ba’zan siqilib yig‘lab ham oladi. Unda burchga sadoqat, ma’suliyat hissi, yuqori darajadagi ahloq va odob tamoyillari ancha erta shakllanadi. O‘zida mavjud bo‘lgan kamchiliklarni bartaraf etish uchun qudrati yetadigan ishlar bilan shug‘ullanishga intiladi va o‘sha yerda o‘z imkoniyatlarini to‘la ochishga harakat qiladi. Bolalik paytidan mavjud bo‘lgan uyatchanligi va tortinchoqligi sababli katta bo‘lganda ham o‘zi hohlagan odamlar bilan tezda muloqotga kirishib keta olmaydi. Ko‘p gap ko‘tara olmaydi, agar uni nohaq ayblashsa, o‘zini himoya qila olmaydi, o‘sha yerda kuchliroq odamning himoyasini hohlab qoladi va uning har qanday topshirig‘ini bajarishga shay turadi. Bunday shaxslar bilan do‘stona munosabatlarni boshlash ham oson. Atrofdagilar bilan janjalli voqealarga kam aralashadi, agar kelishmovchiliklar orasiga tushib qolsa, passiv ishtirokchiga aylanadi xolos. Har holda u o‘z imkoniyatlarini tanqidiy baholay oladi, hulq-atvoridagi kamchiliklarini o‘zi ham biladi. Uni mehribonlik izlovchi shaxs deb atash mumkin. Ular o‘zlarini o‘zlari himoya qila olmaganliklari sababli hamkasblari tomonidan kulguli voqealarning qahramonlariga aylanib ham qolishadi. Shu bois qandaydir nojo‘ya voqea yuz bersa osonlikcha uning bo‘yniga ag‘darishadi.

Sakkizinchi toifa yoki “Xushchaqchaq shaxs”

Bu toifaga kiruvchi shaxsning hulq-atvorida yaqqol ko‘zga tashlanib turadigan hislatlar – bular o‘ta baxtiyorlik, zavqlanish, xushchaqchaqlik, shodlanish, xuzurlanish hissidir. Boshqalarga shodlanish, zavqlanish hissini yuzaga keltira olmaydigan vaziyatlar unda shunday his-tuyg‘ularni yuzaga keltira oladi. Ozgina bo‘lsada, quvonchli voqealar darrov uning e’tiborini tortadi va kayfiyatini qo‘taradi, xuddi shunday g‘amgin voqealar esa kayfiyatini tushiradi. U muloqotga tez kirishib ketishi, so‘zamonligi va yoqimliligi bilan boshqalardan ajralib turadi, agar kulsa yayrab kuladi. Shu bois uni ko‘pchilik yoqtiradi. Baxslashishni xush ko‘rsa-da, baxsni janjalgacha yetkazmaydi. Turli xil kelishmovchiliklar orasiga tushib qolsa, vaziyatga qarab yo faol, yo passiv ishtirokchiga aylanadi. U do‘stlari va yaqinlariga juda bog‘lanib yashaydi, unda achinish va rahmdillik hissi yaxshi rivojlangan bo‘ladi, o‘z his-tuyg‘ularini hech yashirmay chqqol namoyon qila oladi. Agar suhbat chog‘ida uni yaqinroq bilishga harakat qilsangiz, bemalol buning uddasidan chiqasiz, ya’ni u o‘z dardini yoyib tashlashga doim tayyor. Aksariyat hollarda vahimachi bo‘ladi, arzimagan vaqt ichida kayfiyati tez o‘zgarib qolib birdan “portlab ketishi” mumkin. Shuning uchun ham ularni beqaror shaxs deyishadi.

To‘qqizinchi toifa yoki “Emotsional shaxs”

Bu toifaga kiruvchilarning xulq-atvoridagi hislatlar bir qaraganda hushchaqchaq toifaga kiruvchilarga o‘xshab ketadi, biroq emotsional shaxslar o‘zlarining his-tuyg‘ularini yaqqol namoyon qilishavermaydi, ya’ni biroz niqoblangan tusda bo‘ladi. Emotsional shaxs uchun hissiyotga beriluvchanlik, ta’sirchanlik, vahima, qo‘rqoqlik, xavotir va ko‘p so‘zlash xosdir. Uning hulq-atvorida yaqqol namoyon bo‘luvchi hislatlar – bular insonparvarlik, odamlar va hayvonlarga nisbatan mehr-shavqat va mehribonlikdir. Tashqi ta’sirotlarga tez beriladi, hayotda ro‘y berayotgan voqea va holisalar unga tez ta’sir qiladi, siqiliq yig‘lab ham oladi. Kinofilmlardagi zo‘ravonliklar uni qattiq larzaga soladi. Bu filmlardan so‘ng kayfiyati uzoq vaqt buzilib yuradi, yomon tushlar ko‘rib yuradi. Janjalli voqealarga kam qo‘shiladi, hafa bo‘lsa ichiga yutadi. Unda burchga bo‘lgan sadoqat kuchli ifodalangan bo‘lib, topshiriqlarni bajarishda doimo ilg‘or bo‘ladi. U tabiatni xush ko‘radi, o‘simliklar o‘stirishni, hayvonlarni boqishni yoqtiradi va bu ishidan zavqlanib yuradi.

O‘ninchi toifa yoki “Siklotimik shaxs”

Siklotimiya grekchadan kayfiyat, his-tuyg‘u degani. Gipertimik (yuqori kayfiyat) va distimik (buzuq kayfiyat) holatlarning bir-biri bilan almashib turishi bilan namoyon bo‘ladi. Bunday shaxsning kayfiyati tashqi ta’sirotlarga juda bog‘liq bo‘lib, tez-tez o‘zgarib turadi. Ba’zan hech qanday sababsiz kayfiyati buzilishi mumkin, kayfiyatni ko‘taruvchi voqealar ro‘y bersa, uning faolligi oshib juda ishchan bo‘lib qoladi, tashlab qo‘ygan ishlarini zavqlanib qayta boshlab yuboradi, o‘zidagi bu faollikni ko‘rib ko‘tarinki kayfiyatda yuradi, so‘zamon bo‘lib qoladi,miyasiga zo‘r g‘oyalar kela boshlaydi. Bunday holat gipertimiya deb ataladi. Agar to‘satdan g‘amgin voqealar yuz bera boshlasa, barcha qilayotgan ishlarini to‘xtatib qo‘yadi, kayfiyati buziladi, fikri karaxt va kam gap bo‘lib qoladi, ishtahasi yo‘qolib, janjal ko‘taradi va g‘azablanib yuradi. Bu holat distimiya deb ataladi. Shu bois unga jiddiy ishlarni topshirib bo‘lmaydi. Distimiyani depressiyadan ajratish ba’zan qiyin bo‘ladi, shu uchun ularni uzoq vaqt kuzatuvga olish zarur.

Prof. Ibodullayev Z.R. «Asab va ruhiyat» kitobi.