Yaqinda farzandli bo‘ldim. O‘g‘limda tug‘ma kriptorxizm aniqlandi. Shifokorlar buning sababini homiladorlikda chala rivojlanish tufayli, deya izohlashdi. Shunday bo‘lishi mumkinmi?
– Kriptorxizm – tug‘ma kasallik bo‘lib, bo‘lg‘usi otalarning reproduktiv salomatligiga, ya’ni farzand ko‘rish qobiliyatiga katta xavf soladi. Bolalarda moyakning yorg‘oqqa tushmasligiga ko‘pincha yaqin qarindoshlarning qiz olib, qiz berish, ya’ni quda-anda bo‘lishi, chov churrasi, yaqin qarindoshlarda kriptorxizm bo‘lishi, kasbga oid zarar (jismoniy, kimyoviy), ekologiyaning yomonligi, bo‘yida bo‘lganda yoki homiladorlik davrida zararli ta’sir qilganda homila ona qornida chala rivojlanadi.
Soxta va chin kriptorxizm, joyiga qarab chov (moyaklar chov sohasida bo‘ladi) va abdominal (moyaklar qorin sohasida bo‘ladi) kriptorxizm farqlanadi.
Chin kriptorxizmda moyak qorin sohasida yoki qorin devorida bo‘ladi. Shunisi ham borki, yorg‘oq moyak tushib qolgan tomonda chala rivojlanadi.
Moyak yorg‘oqqa odatda bola hayotining birinchi yilida o‘zi tushadi, buning uchun hech qanday maxsus davo talab qilinmaydi. Soxta kriptorxizm chin kriptorxizmga qaraganda ikki marta ko‘p uchraydi. Bunda moyakni vaqti-vaqti bilan mushaklar tepaga tortadi va u yorg‘oqdan tepaga chiqib ketadi. Qo‘rqish, sovqotish, og‘riq oqibatida moyakni ko‘targan mushaklar reflektor qisqaradi, shunda moyak chov kanali tepasiga o‘tib ketishi mumkin. Qo‘lni isitib moyakni ohista paypaslab, ushlab yorg‘oq tubiga tushirib qo‘yish mumkin, ana shunga soxta kriptorxizm deyiladi va hech qanday davo qilishga hojat qolmaydi. Odatda, birinchi yillari yoki balog‘atga yetish davrida moyak yorg‘oqqa tushib, butunlay joylashishi kerak.
Yorg‘oqqa tushmagan moyak ko‘pincha chala rivojlanadi, unda distrofik o‘zgarishlar ro‘y beradi, ayniqsa ikki tomonlama kriptorxizm keyinchalik bepushtlikka olib kelishi mumkin. Chov kanalida turib qolgan moyak buralib qolish va nobud bo‘lish xavfida bo‘ladi. Bundan tashqari, o‘smalar rivojlanishi xavfi ko‘p marta oshadi.
Agar bolada moyakning yorg‘oqqa tushganiga shubha qilsangiz, iloji boricha tezroq uni bolalar shifokori yoki endokrinologga olib boring, zarur bo‘lsa vrach davo buyuradi, maslahatlar beradi. Zarur bo‘lsa jarrohlik usuli qo‘llaniladi.
© Akmal ABDURAIMOV, urolog. "Salomatlik sandig‘i" gazetasi.
Ushbu maqolani ham o'qing:
Varikotsele kasalligi - sabablari, belgilari va davolash usullari