Ilgari ko‘rish qobiliyatining zaiflashuvini ko‘zoynaklaru oz miqdordagi muolajalar bilan davolash mumkin bo‘lgan, xolos. Bugunga kelib esa ko‘z bilan bog‘liq har qanday muammo ilg‘or texnologiyalar yordamida hal etilmoqda. Ko‘z operatsiyalar boshqa jarrohlik amaliyotlaridan tubdan farq qilsa-da, ko‘pchilik yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan asoratlardan havotirga tushadi. Bu turdagi davo usullari qay hollarda mumkin-u, qay vaziyatlarda qo‘llanilmasligi ham qiziq, aslida. Quyida ushbu masala haqida suhbatlashamiz.

Ko‘ operatsiyasidan avval

Ko‘z jarrohlik amaliyotlari haqida gap boshlashdan avval bu turdagi muolaja qay hollarda o‘tkazilishini aniqlashtirib olsak. Ko‘rish qobiliyati pasayganlar, astigmatizm, miopiya, gipermetriya, qandli diabet asoratida kelib chiqqan retinopatiya, glaukoma, katarakta kabilarda ko‘z mikroxirurgiyasini o‘tkazishga ko‘rsatma beriladi. Jarrohlik amaliyoti har bir bemorga individual tarzda tanlanib, 18 yoshdan so‘ng, kasallik darajasi va holatiga ko‘ra o‘tkaziladi. Ko‘z shoh pardasining qalinligi ham amaliyot uchun muhim sanaladi. Operatsiyadan oldin bemorning ko‘zoynak va linza yordamidagi ko‘rish qobiliyati necha foizni tashkil etgan bo‘lsa, muolajadan so‘ng ana shu natija saqlanib qolinadi. Peshob va qonning umumiy tahlili, qonning biokimyoviy holati, ko‘z tubi va ichki bosimining ko‘rsatkichi, zarur hollarda kardiogramma va tor doiradagi mutassislarning tibbiy xulosasi talab etilishi mumkin. Agar bemor qandli diabet bilan og‘rigan bo‘lsa, endokrinolog xulosasi so‘raladi.

Jarayonning kechishi

Amaliyot boshlanishidan 4 soat avval taomlanish, yuz-ko‘zlarni kosmetika vositalaridan tozalash ayni muddao. Jarrohlik boshlangan paytda bemorning hotirjamligi, asabiylashmasligi ham muhim sanaladi. Operatsiyadan oldin dastlab ko‘zga bir necha xil tomchilar tomiziladi. Bular:
  • muzlatuvchi (anastetik);
  • infeksiyaga qarshi (antibiotik);
  • yallig‘lanishga qarshi preparatlar.
Qovoqlarni kengaytiruvchi uskuna ko‘z yumilib-ochilishining oldini olish uchun qo‘llaniladi. Fiksatsion chiroqqa qarash paytida shifokor ko‘zni mikroskop orqali nazorat qilib turadi. Amaliyot jarayonida bemor tetik, hushyor bo‘lishi shart. Chunki uning barqaror holati amaliyot muvaffaqiyatli o‘tishini ta’minlaydi.

Lazer yordamidagi muolaja

Hozirda zamonaviy lazer uskunlarining «LASIK», «FRK», «SUPER LASIK», «FEMO LASIK» kabi turlari keng qo‘llanilmoqda. Ular yordamida o‘tkaziladigan jarrohlik amaliyoti ikki boschiqdan iborat: Birinchi bosqichda ko‘zga vakuumli halqa qo‘yiladi. Bunda ozroq bosim sezilib, bemorning ko‘z oldi qorong‘ilashadi. So‘ng mikrokeratom yordamida yuzaki klapan shakllantiriladi, jarroh uni ko‘tarib, yon tomonga surib qo‘yadi. Ikkinchi bosqichda shoh pardaga yangi shakl berish uchun lazer qo‘llanadi. Lazer shovqini biroz eshitilib, noxush hid paydo bo‘lishi mumkin. Lazerni umumiy ishlatish vaqti 10 soniya. Shundan so‘ng klapan joyiga qo‘yilib, tezda yopiladi. Jarrohlik amaliyotida hech qanday chok tushmaydi.

Ko‘z gavharini almashtirish

Ko‘zdagi manfiy daraja 18, 20, 25 yoki undan ham ziyod bo‘lganda bemor ko‘zoynak yoxud linza taqishni istamasa (va bunday hollarda shoh pardaning manfiy darajasiga barham berishning imkoni bo‘lmasa) ko‘z gavharini almashtirish mumkin. Gavharni almashtirish uchun ko‘zning orqa tarafi qoniqarli holatda bo‘lishi kerak. Bemor zarur tibbiy tekshiruvlardan o‘tgach, sun’iy gavhar asli bilan almashtirilib, ko‘zdagi manfiy daraja olib tashlanadi. Amaliyotdan so‘ng bemorga og‘ir yuk ko‘tarish, jarohat olish mutlaqo mumkin emas!

G‘ilaylikni ham davolasa bo‘ladi!

Ko‘z gavharini almashtirish, muntazam ko‘zi yoshlanadiganlarning burun orqali ko‘zyosh kanalini davolash, qovoqlarning osilib qolishi, vertikal g‘ilaylik (ko‘zning yonbosh va ichkariga qarab qolishidan tashqari tepa va pastga qarab qolishi), turli sabablarga ko‘ra, tan jarohati olish (tosh, shisha kirishi) oqibatida ko‘z olmasining kichrayib (shakli o‘zgarib) qolishi kabi holatlarda kosmetik va estetik plastik jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilmoqda. Shuningdek, ayrim sabablarga ko‘ra, bir ko‘zi olib tashlangan bemorlarga ikkinchi ko‘zdan farq qilmaydigan protez a’zo qo‘yish amaliyotlari ham qo‘llanilayapti.

Miopiya korreksiyalanadimi?

Mazkur kasallikka chalingan bemor 14-15 yoshgacha har olti oyda ko‘zning quvvatini oshiruvchi davo muolajalarini oladi. Ba’zan muolajalar 25-30 yoshgacha ham o‘tkazilishi mumkin. Ko‘zning to‘r pardasi oziqlanishini yanada yaxshilash uchun shifokor nazorati ostida vitaminli muolajalar ham qilinadi. Jarrohlik aralashuvi esa «FRK», «SUPER LASIK» usullarida lazer amaliyoti tarzida o‘tkazilishi mumkin.

Jarrohlikdan so‘ng...

Dastlabki 24 soatda, shuningdek 1 oy, 3 oy, 6 oy va 1 yilda shifokor nazoratidan o‘tish kerak. Amaliyotdan so‘ng 1 hafta davomida ko‘zga infeksiya tushmasligi uchun turli loson, krem va pardoz vositalarini surtish man etiladi. Ko‘zga suv tegmasligi, boshni yuvmaslik kerak (yaxshisi, jarrohlik amaliyotiga kirishdan avval boshni yuvib oling). Bir oy davomida suv havzalarida suzish, sauna, issiq vanna qabul qilish mumkin emas. Keyingi oylarda esa jismoniy kuch talab etadigan sport turlari bilan shug‘ullanish ham noto‘g‘ri. Darvoqe, jarrohlik amaliyotidan avval shifokor ko‘rigiga kelganda ko‘zoynak yoki linzadan foydalanganligingiz haqida ro‘yi-rost aytishingiz kerak. Zero, amaliyot oldidan bemor 1 oy (kamida 2 hafta) mobaynida linzadan foydalanmagan bo‘lishi lozim.

Glaukoma tuzaladimi?

Tibbiyotda ko‘zning ichki qon bosimi oshishi glaukoma nomi bilan yuritilib, u umumiy qon bosimiga bog‘liq bo‘lmagan alohida kasallik hisoblanadi. Bunda ko‘ruv nervi va ko‘rish qobiliyatida o‘zgarish bo‘lib, mazkur holatlar qancha erta aniqlansa, muolaja shuncha samarali bo‘ladi. Glaukomani lazer amaliyoti yoki jarrohlik usulida davolash mumkin. Kasallik tufayli ko‘rish qobiliyati, aytaylik, 20 foizga tushsa, davolash sabab mana shu foiz saqlab qolinadi.

Qay hollarda mumkin emas?

  • Homiladorlik davrida (zo‘riqish kelib chiqishi xavfi mavjud);
  • emizikli ayollarda (emizikli bola 6 oydan o‘tgan bo‘lsa bajarish mumkin);
  • bemorda ko‘z ichki bosimining oshishi kuzatilaganida;
  • iridotsiklit (ko‘zoldi qon-tomir qavatining yallig‘lanishi);
  • avj olayotgan miopiya (uzoqni xira ko‘rishning yuqori darajasi);
  • ko‘zdagi yallig‘lanishlar;
  • o‘tkir turdagi xastaliklar va endokrin tizimi kasalliklarida jarrohlik amaliyotini o‘tkazish mumkin emas.
Mavzuga aloqador maqola: Ko‘rish o‘tkirligini oshirish uchun tavsiyalar

Hikmatulla SODIQOV, oftalmolog. Darakchi.uz