Darmondorilar yaxshi singishi uchun sabzini o‘simlik yog‘i yoki smetana bilan aralashtirib yegan ma’qul. Yozda qorag‘at (chernika)ni shakar bilan aralashtirib sovitgichga qo‘ying, qishda undan kuniga ikki qoshiqdan yeng. Sabzidan tashqari chakanda (oblepixa) o‘simligi, qizil garmdori, sitrusli mevalar, qizil-to‘q sariq rangli meva va sabzavotlardan ham iste’mol qiling. Selderey, petrushka, shuningdek, tuxum, sut, yormalar va qora nonning ko‘zga nafi katta. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, asalni doimiy ravishda iste’mol qilish uzoqni ko‘rolmaslik kasalligi rivojlanishining oldini olar ekan. Ko‘rish o‘tkirligini oshirish uchun tavsiyalar Ko‘z mashqlarini ko‘zoynaksiz yoki linzasiz bajarish ko‘rish o‘tkirligini saqlashga yordam beradi. Ertalab ko‘zga 20 marta iliq suv, keyin shuncha marta sovuq suv chaplang. Uyqu oldidan muoljani teskarisiga, ya’ni avval sovuq, keyin iliq suv bilan takrorlang. Kun davomida ko‘zingizni bir necha bor 1 daqiqa mobaynida 15 marta ochib-yuming, kaftingiz bilan 5 daqiqacha berkitib turing, maza qilib esnang. Bu holat ko‘zning yosh suyuqligi bilan namlanishiga xizmat qiladi. Yana bir foydali mashq: barmog‘ingizni ko‘zdan 20 sm uzoqlikda tutib, chap yelkadan o‘ng yelkaga qaratib yurgizing, nigohingizni birvarakayiga barmoq va uning bosib o‘tadigan yo‘li bo‘ylab joylashgan buyumlarga qarating. Ko‘rish o‘tkirligini asta-sekin pasaytiruvchi televideniye va kompyuter erasi boshlangunga qadar yoglar ko‘zni iloji boricha ko‘proq dam oldirishni maslahat berganlar. Ular uzoqqa, bulut, osmon, suv, gullar, go‘zal manzaralarga ko‘proq tikilishni tavsiya etganlar. Shu o‘rinda bir qoidani eslatib o‘taylik: o‘qish va yozish paytida boshni judayam engashtirmagan ma’qul. Daftar yoki kitobgacha bo‘lgan masofa 40 – 50 sm bo‘lsin. Stol chirog‘i old tomonda yoxud chap tomonda joylashsin, yetarlicha yorqin (60 Vattdan kam bo‘lmasin), ko‘zga tik tushmaydigan bo‘lsin. Kompyuterda ishlaganda monitor va ko‘zlar orasidagi masofa (tibbiy me’yor 60 sm)ni nazoratdan qochirmang. Televizor ekranidan ko‘zlaringizgacha bo‘lgan masofa ekran diagonali o‘lchamining 6 baravariga (masalan, televizor diogonali 50 sm bo‘lganida kreslo va divandan ekrangacha bo‘lgan masofa 3 metr bo‘lishi kerak) teng bo‘lsin. Inchunin, xonadonda mavjud plazmali ulkan ekran ham zararli ta’sir ko‘rsatuvchi manbadir. Bundan tashqari, mutlaq qorong‘ulikda televizor ko‘rish mumkin emas. Chekish va mast qiluvchi ichimliklarga ruju qo‘yish ham ko‘rishning yomonlashuviga sabab bo‘lishini yodda tuting. Tamaki tarkibida ko‘rish nervini qichishtiruvchi modda bo‘lib, u ko‘zning o‘tkirligini susaytiradi. Buning ustiga nikotin ta’sirida inson ko‘zining rang ajratish qobiliyati yomonlasha boradi. Quyoshdan himoyalovchi ko‘zoynaklardan me’yordan ortiq darajada foydalanmagan ma’qul. Bunday ko‘zoynaklarni doimiy taqish oqibatida millionlab kishilar yorug‘likdan qo‘rqish kasaliga mubtalo bo‘ldilar. Endilikda aksariyat ko‘z shifokorlari quyoshdan himoyalovchi ko‘zoynaklardan uzluksiz sur’atda foydalanish insonning ko‘rish qobiliyatiga zarar keltiradi, degan fikrda yakdildirlar.

© "Bir safda" jurnali.