Hayotingizda yangi oila a’zosi paydo bo‘lganligi bilan tabriklaymiz! Bu kichik, beozor bola uzoq yillar davomida umringiz mazmuniga aylanib, sizga baxt va quvonch keltirsin. Albatta, siz bu kichkintoyni uzoq va mazmunli hayoti davomida sog‘lom, baxtli, quvnoq o‘sishini xohlaysiz. Lekin siz hamma vaqt bola bilan qanday muloqotda bo‘lishni bilmasligingiz mumkin. O‘ylaymizki, e’tiboringizga havola qilinayotgan mazkur qo‘llanma farzandingiz sog‘lom o‘sib-ulg‘ayishida sizga yordam beradi.

Kindik parvarishi

Ko‘pincha chaqaloqning kindik qoldig‘i tug‘ruqdan so‘ng 4-6-kuni tushadi va tuzala boshlaydi. Ba’zan bu jarayon cho‘zilishi mumkin. Uyga javob bo‘lgandan so‘ng bolaning kindik qoldig‘iga alohida e’tibor talab qilinmaydi, faqatgina har kungi choyshablarni dazmollab toza saqlab turish lozim. Agar kindik qoldig‘ida qizarish, ajralma, hid paydo bo‘lsa, tezlik bilan bolalar xirurgiga yoki oilaviy shifokorga murojaat qiling.

Teri holati

Ko‘pincha yangi tug‘ilgan chaqaloqlarning yuz terisi va badanida qizil dog‘lar paydo bo‘ladi. Bu dog‘lar tez o‘tib ketadi. Ayrim vaqtda belning pastki qismida dog‘lar kam bo‘lib, dumbasida ko‘kimtir dog‘lar uchraydi, bu holatlar o‘tib ketadi.

bola terisi

Shuningdek, go‘daklarning burun va ko‘z atrofida mayda oq donachalar bo‘lishi mumkin. Bu esa davo talab etmaydi va tezda yo‘qoladi.

Sochlar

Ko‘pgina bolalar qalin sochlari bilan, ba’zilari esa kam sochlar bilan tug‘iladi. Deyarli hamma sochlar to‘kiladi va o‘rniga yangi sochlar chiqadi. Ko‘pgina chaqaloqlarning badanida, peshona va yonoqlarida momiq sochlar bo‘ladi. Ular asta-sekin to‘kilib ketadi.

Chaqalo liqildog‘i

Bolangizning boshida yumshoq joy borligini sezishingiz mumkin (katta liqildoq). Ensa sohasida yana bir kichik liqildoq mavjud. Bir necha oy mobaynida suyaklar o‘sib, shu joyni yopib qo‘yadi. Bu qismdagi teri qavatining qalinligi sababli boshni yuvish xavfsizdir.

Aloqador maqola: Bola liqildog‘i haqida

Ko‘z

Bola tug‘ilgandan so‘ng ko‘p holatlarda qovoqlari shishgan, ko‘zida qizil nuqtalar bo‘ladi. Bu shish va qizil nuqtalar sekin-asta yo‘qoladi.

Og‘iz

Tilning oqarishi bolaning sut emishi bilan bog‘liqdir. Og‘iz bo‘shlig‘ining oqarishi artganda qiyin ketishi infektsiya borligini ko‘rsatadi va bu holat davo talab etadi.

Lablar

Bolaning yuqoridagi labida emishdan keyin pufakcha paydo bo‘lishi mumkin. Bu holat davo talab qilmaydi.

Ko‘krak

Chaqaloqlarda ko‘krak bezlari ba’zida shishgan bo‘ladi va undan sut chiqishi mumkin. Bu shishlar bola hayotining birinchi haftasida yo‘qoladi. Shishlarni hech qachon siqmaslik lozim, aks holda ko‘krak bezlariga shikast etkazish mumkin.

Chaqaloq najasi

Yangi tug‘ilgan chaqaloqlarning najasi dastlab to‘q yashil rangli shilimshiq modda chiqaradi. Sut bilan emizish davomida bu modda sekin-asta sarg‘ayib suyuqlashadi.

Siydik

Bola juda tez siyib turadi, bu holatga tayyor bo‘ling, vaqtida choyshablarini almashtiring. Ba’zida qiz bolalarda kam miqdorda qonsimon ajralma kelishi mumkin. Bu holat tibbiy davoga muhtoj emas va tezda o‘tib ketadi.

 Chaqaloq parvarishi

Bola hayotining birinchi daqiqasidan boshlab unga eng keraklisi bu – issiqlik, to‘g‘ri ovqatlanish, tozalik, xotirjam uxlashi uchun joy, kasallik va jarohatlardan asrash hamda eng asosiysi oila mehridir.
Xona harorati etarli darajada issiq (+20-22 C) bo‘lishi lozim. Bola yotog‘ini derazaga, sovuq devorga yaqin qo‘ymaslik va eng muhimi elvizakdan saqlash lozim. Bolani cho‘miltirish va kiyintirish vaqtida sovuqqotishdan saqlash kerak. Bola issiqlikni ham og‘ir kechiradi, shu sababli bola yotog‘ini pechka yoki elektr isitgichlar yaqiniga qo‘ymaslik hamda tik quyosh nurlaridan saqlash lozim.

Chaqaloq xonasi

Go‘dak yashaydigan xona haroratini kerakli holatga keltirish uchun xonani muntazam ravishda shamollatib turish lozim. Bu nafaqat xona haroratini o‘zgartirish uchun, balki havoni ham tozalashga yordam beradi, chunki bolalarda kislorodga bo‘lgan ehtiyoj kattalarga nisbatan ko‘pdir. Shu bilan birga bola yotgan xonaning namligini ham e’tiborga olish lozim, shuning uchun ochiq idishda (masalan, oddiy bankada) suv saqlash kerak. Go‘dakni tamaki tutunidan saqlang, uyda chekishga yo‘l qo‘ymang.
Go‘dagingizga kiyim, choyshab tanlashda har doim tabiiy matolardan yaratilgan narsalarni tanlang. Sun’iy tolalar bolangizning terisiga havo o‘tkazishni cheklaydi va allergik toshmalarni yuzaga keltirishi mumkin.

Go‘dakni qalin o‘ramang, bu badan qizishiga, emishdan voz kechishga hamda kuchli terlashga olib keladi.
Bolaga engil va issiq yoping‘ich tanlash lozim. Go‘dakka yostiq kerak emas. Go‘dakning badani toza saqlanishini ta’minlang. Bolani iliq suv bilan yuvintiring, ko‘zlar qaynatilgan iliq suvda ho‘llangan paxta bilan alohida-alohida artiladi. Burunlari yumshoq paxta bilan tozalanadi.
Bolaning kiyimi yoki choyshabini almashtirganda uni yuvintiring yoki nam sochiq bilan arting va har gal ichi kelishidan so‘ng albatta yuvintiring. Qiz bola oldindan orqaga qaratib yuvintiriladi, o‘g‘il bolani esa qo‘lingizga qorin bilan yotqizib, yuvintirish mumkin.

Chaqaloqni cho‘miltirish

Bolangizni cho‘miltirishdan oldin kerakli buyumlarni: tog‘ora yoki vannachani (bola uchun alohida bo‘lishi maqsadga muvofiqdir), bolalar sovuni, bolalar shampuni, cho‘miltirgandan so‘ng bolani o‘rash uchun sochiq yoki choyshabni tayyorlab qo‘yish lozim. Xona cho‘miltirish uchun kerakli darajada issiq bo‘lishiga e’tiborni qarating. Har doim tog‘ora yoki vannaga oldin sovuq suv quyish, keyin esa issiq suvni qo‘shish lozim. Agar qo‘l ostingizda termometr bo‘lmasa va siz suvning haroratini aniqlay olmasangiz, eng oddiy usul – tirsagingizni suvga tekkizing. Agar siz iliq, yoqimli haroratni sezsangiz, demak suv harorati bolani cho‘miltirish uchun to‘g‘ri keladi. Bolani cho‘miltirishda oila a’zolaringiz yordam berishi mumkin.

Aloqador maqola: Bolani suv bilan chiniqtirish qoidalari 

Bolalarda uyqu qancha bo‘lishi kerak?

Bola birinchi oylarda sutkasiga o‘rtacha 16-18 soat uxlaydi. Ko‘pgina oilalarda bolani uyqu vaqtida beshikka solishadi. Bubolaning harakatiga xalaqit beradi. Harakat suyak-mushak tizimni rivojlantiribgina qolmay, butun organizmni ham tetiklashtiradi.

bola uyqusi

Bola harakatlanganda nafas olishi yaxshilanadi va organizmdagi to‘qimalarga kislorod etkazib berish yaxshi ta’minlanadi. Bola ko‘p vaqtni beshikda o‘tkazsa, uning ota-onasi, atrofdagilar bilan muloqoti kamayadi. Bu esa bola ruhiyatiga salbiy ta’sir qilib, aqliy rivojlanishdan orqada qoladi. Bola qancha ko‘p harakatlansa, miya shunchalik tez rivojlanadi. Shuning uchun erkin yo‘rgaklash bola uchun muhimdir.

Sayr qildirish

Bu go‘dakning asosiy parvarishlaridan biridir. Ko‘pincha onalar urf-odatlarimizga bo‘lgan e’tibori yoki vaqt topa olmasligi sababli bolani sayr qildira olmaydilar. Yoz vaqtlarida bolani o‘rtacha 1,5-2 soat sayr qildirish lozim. Bizning iqlim sharoitimizda bola uchun sayr qilish ertalab va kechqurungi vaqtlarga to‘g‘ri keladi.

Ko‘krak suti bilan oziqlantirish

6 oylikkacha ovqatlantirishning eng qulay usuli – bu ko‘krak suti bilan ovqatlantirishdir. Tug‘ilgandan so‘ng bola birinchi 15-30 daqiqadan so‘ng ko‘krak ustiga qo‘yiladi. Onada tug‘ruqdan keyin birinchi kunlarda ko‘krak bezlaridan og‘iz suti keladi. Og‘iz suti chaqaloq uchun juda foydalidir. U engil hazm bo‘luvchi oqsil, uglevod, kerakli mikroelementlar va suvdan iborat. Ko‘krak sutining afzalligi shundaki, bolani vitaminlar va oziqlantiruvchi moddalar bilan qoniqtiradi. Bolani o‘zi qoniqqancha ko‘krak bilan emizish kerak. Tungi emizish oralig‘i 4-6 soatdan oshmasligi lozim.
Go‘dak ona suti bilan oziqlantirilgan vaqtda, hatto issiq kunlarda ham, boshqa qo‘shimcha suyuqliklarni berish shart emas. Ona suti go‘dakni har xil kasalliklardan xalos etadi.

Aloqador maqola: Bolani ona suti bilan oziqlantirish

Yangi tug‘ilgan go‘dakning ovqatlanishi uchun tabiat yaratgan yagona maxsus mahsulot – bu ona sutidir.

  • Ona sutining tarkibi bolaning ehtiyoji uchun kerak bo‘lgan oqsil, yog‘, uglevod, vitaminlar, minerallardan iborat.
  • Ona suti tarkibi asosiy fermentlardan iborat. Bu fermentlar oqsil, yog‘, uglevodlarni hazm qilishga yordam beradi.
  • Ona suti tarkibida yuqumli kasalliklar (yuqumli ichak xastaliklari, gepatit, bo‘g‘ma, qoqshol va boshqa kasalliklar)dan saqlovchi hujayralar mavjud.
  • Ona sutida o‘sishni, jismoniy va aqliy rivojlanishni ta’minlovchi moddalar mavjud.
  • Emizish vaqtida ona va bola o‘rtasidagi yaqinlik, mehr bola hayotida saqlanib boradi.

Ona sutining bolaga yetarli bo‘lishi uchun nima qilish kerak?

Buning uchun ona kunduz kuni dam olishi va uxlashi lozim. Unga og‘ir uy yumushlarini bajarish man etiladi. Ona sarflangan quvvatni va sutni to‘ldirish uchun to‘yimli ovqatlanishi kerak. Emizadigan ona uchun bir kunda 5 mahal, emizishdan 30-40 daqiqa oldin ovqatlanish tavsiya etiladi.
Suyuqlik miqdori kuniga (sho‘rva, sabzavot va boshqalar) o‘rtacha 2 litrni tashkil qilishi lozim. Ona suti bilan emizish vaqtida shokolad, kakao, tabiiy kofe, tsitrus mevalar (apelьsin, mandarin), asal, yong‘oq kabi mahsulotlarni chegaralash lozim. Piyoz, sarimsoq piyoz hamda dorivorlar ona sutiga ta’m va hid beradi. Shuning uchun ularni kamroq iste’mol qilish lozim. Emizikli ayollarga spirtli ichimliklar iste’mol qilish qat’iyan man etiladi.

Aloqador maqola: Ona suti kamayishi - gipogalaktiya

Ko‘krak suti bilan emizganda kelib chiqadigan xatolar

  • Onalar bolani soat bo‘yicha emizishga harakat qiladilar.
  • Ko‘krakda mastit kasalligi bo‘lsa emizmaydilar (faqat kasal ko‘krak emas, balki sog‘ ko‘krakni ham bermaydilar).
  • Dori ichib yurgan vaqtda emizishni to‘xtatadilar (shifokor bilan maslahatlashing).
  • Ko‘krak suti etmaydi deb sun’iy oziqlantirishga o‘tadilar.
  • Ko‘krakni to‘g‘ri bermaslik: emizganda ko‘krakning faqat uchini emas, balki ko‘krak uchi atrofini ham go‘dakning og‘ziga berish kerak.

Bolani qo‘shimcha ovqatlantirish

Agar bolangiz ko‘krak sutini emsa, unga birinchi qo‘shimcha ovqatni 6 oylikdan boshlab berish kerak. To 6 oylikkacha boshqa ovqat va suyuqliklar: suv, choy, har xil aralashmalar berish mumkin emas. Agar bola 4 oylik va undan katta bo‘lganda unga yaxshi vazn qo‘shilmasa, qo‘shimcha ravishda qo‘shimcha ovqatlantirishni boshlash kerak.

Bola ovqatlanishi

Qo‘shimcha ovqatlantirishning asosiy tartib-qoidalari

  • Qo‘shimcha ovqatlar qoshiqcha bilan beriladi.
  • Qo‘shimcha ovqat bergan vaqtda kichik miqdordan (1-2 qoshiq) boshlab, 2 hafta davomida kerakli miqdorga etkazish lozim.
  • Birinchi qo‘shimcha ovqatni sabzavotli bo‘tqadan boshlash kerak.
  • Agar bolaning vazni oyiga mos kelmasa, uni 4 oylikdan boshlab qo‘shimcha ovqatlarga o‘tkazish kerak. Buning uchun 5 % manniy bo‘tqasi va sabzavotli bo‘tqadan 1-2 mahal emgandan so‘ng berish kerak.
  • Qo‘shimcha ovqat tarkibiga go‘sht, sabzavot, meva, don, tuxum, sut mahsulotlari (suzma, qatiq) kirishi kerak.
  • Suyultirilmagan sigir suti va sut mahsulotlarini 9 oygacha berish mumkin emas, sutdan faqat 6 oylikdan bo‘tqa tayyorlash uchun foydalanish lozim.
  • Bolaga qora va ko‘k choy berish qat’iyan man etiladi.

Har bir qo‘shimcha ovqatda bola

  • 6-7 oyda: 10 osh qoshiq (150 ml) ovqat;
  • 8-10 oyda: 12 osh qoshiq (180 ml) ovqat;
  • 11-12 oyda: 15 osh qoshiq (225 ml) ovqat bilan ta’minlanishi kerak.
  • Agar 6-12 oylik bolaga ko‘krak suti berilmasa, 15 osh qoshiqda qo‘shimcha ovqat (225 ml) berilishi lozim.

Yetarli miqdorda quyuq ovqatlar bering!

6-12 oylikda berilishi kerak bo‘lgan mahsulotlar:

  • sabzavotli bo‘tqa (kartoshkali yoki sabzili, 1 choy qoshiq sariyog‘);
  • go‘shtli, guruchli yoki xamirli sho‘rva;
  • maydalangan yoki pishirilib qirg‘ichdan o‘tkazilgan go‘sht (jigar, tovuq, mol, yog‘siz barra qo‘y go‘shti, baliq), tuxum sarig‘i;
  • quyuq guruchli, manniy bo‘tqasi yoki grechkali bo‘tqa 1 qoshiqcha sariyog‘ bilan;
  • donli mahsulot bo‘tqasi.
    Agar bola ichishni xohlasa unga quyidagilarni bering:
  • qaynatilgan suv, uyda tayyorlangan mevali va sabzavotli sharbat, qatiq, shirin bo‘lmagan kompotlar.
    Qo‘shimcha ovqatlar bilan birgalikda, ko‘krak suti 2 yoshgacha bolalar uchun bebaho ozuqa hisoblanadi.

Ushbu maqolaning davomini o‘qish→

"O‘zbekistonda sog‘likni saqlash" gazetasi.

Bolalar immuniteti uchun foydali vitaminlar to’plamining eng ko’p qo’llaniladigan komplekslardan biri Alfavitdir.

Alfavit bu – vitamin va minerallar kompleksidir. Har bir yoshdagi chaqaloq yoki maktab o’quvchisi uchun alohida to’plamlardan birini tanlasa bo’ladi.

Preparatning narxini ushbu bo’limda ko’rsa bo’ladi — https://apteka.uz/product/alfavit

Boshqa keng qo’llaniladigan vitaminli komplekslar: Komplivit, Supradin, Magvit, Aminoplyus, Rotafer kids va hk…

*Qo'llash mumkin bo'lmagan holatlar mavjud. Ishlatishdan oldin shifokor bilan maslahatlashing.