3.4
(14)

Katarakta – koʻz nur sindiruvchi qismi – gavhar bilan bogʻliq boʻlgan patologiya boʻlib, bunda gavhar shaffofligi buziladi va xiralashadi. Katarakta koʻruvda xiralashuv, kechki vaqtda koʻrish qobiliyatining pasayishi, rang ajratishning pasayishi, yorugʻlikka sezuvchanlikning oshishi va diplopiya kabi belgilar bilan namoyon boʻladi.

Kataraktani aniqlashda oftalmologiya sohasida vizometriya, perimetriya, oftalmoskopiya, biomikroskopiya, tonometriya, refraktometriya, oftalmometriya, koʻz UTT (UZI) tekshiruvi, elektrofiziologik tekshirishlardan foydalaniladi. Kataraktani davolashda konservativ va operativ usullardan foydalaniladi, jarrohlik amaliyoti koʻz gavharini almashtirish, yaʼni sunʼiy intraokulyar linza qoʻyishdan iborat.

katarakta
Foto: Shutterstock.com

Shifokor konsultatsiyasi

Diagnostika va muolajalar

Katarakta (grekcha soʻz katarrahaktes – sharshara) – koʻz gavharining qisman yoki toʻliq xiralashishi boʻlib, koʻzning yorugʻlik oʻtkazish xususiyati hamda koʻruv oʻtkirligi pasayishi bilan namoyon boʻladigan kasallikdir.

JSST statistikasi boʻyicha koʻrlikka olib keluvchi sabablarning deyarli yarmini katarakta kasalligi tashkil etadi. 50-60 yoshli insonlarda katarakta aholining 15 % qismida, 70-80 yoshdagilarda 26-46 %, 80 yoshdan kattalarda esa deyarli barcha insonlarda uchraydi. 

Koʻzning tugʻma kasalliklari orasida ham katarakta eng koʻp uchraydigan kasallikdir. Kasallikning juda koʻp uchrashi zamonaviy oftalmologiya sohasining dolzarb muammolaridan biri ekanligini isbotlab beradi.

Koʻz gavhari haqida

Gavhar koʻzning yorugʻlik oʻtkazuvchi qismi boʻlib (yorugʻlik oʻ​tkazuvchi va sindiruvchi), koʻz kamalak pardasi ortida, qorachiqqa qarama-qarshi joylashadi. Gavhar kapsula, kapsulyar epiteliy va gavharsimon moddadan tuzilgan. Gavhar tashqi tuzilishi sferik boʻlib, uning diametrik 9-10 mm.ni tashkil etadi. Koʻz gavhari qon tomirlar bilan taʼminlanmagan epitelial hosiladir. Ozuqa moddalar gavharni oʻrab turgan koʻz ichki suyuqligidan diffuz yoʻl bilan oʻtadi.

Gavhar optik xususiyati boʻyicha ikki tomoni qavariq shaffof linza kabi boʻlib, uning vazifasi tushayotgan nurni sindirish va koʻz toʻr pardasiga yigʻib berishdan iborat. Yorugʻlik sindirish xususiyati doimiy boʻlmaydi va koʻzning akkomadatsiya xususiyatiga bogʻliq boʻladi (tinch holatda – 19,11 dptr, zoʻriqqan holatda – 33,06 dptr).

Gavhardagi har qanday oʻzgarishlar – shakli, qalinligi, holatining oʻzgarishi, uning funksiyasi buzilishiga olib keladi. Gavhar anomaliyalari orasida afakiya (gavharning boʻlmasligi, mikrofakiya (oʻlchamining kichik boʻlishi), koloboma (bir qismi boʻlmasligi va uning deformatsiyasi), lentikonus (yuzasining konus koʻrinishida boʻrtib qolishi), katarakta kabi holatlar koʻp uchraydi. Katarakta gavharning har qanday qavatida rivojlanishi mumkin.

Katarakta sabablari

Katarakta etiologiyasi va uning rivojlanish mexanizmida bir necha nazariyalar mavjud boʻlsada, ularning hech biri kasallik rivojlanishining aniq sababini isbotlab bera olmaydi. Oftalmologiya sohasida keng tarqalgan nazariyalardan biri bu – erkin radikallar oksidlanishi, organizmda hosil boʻlgan erkin radikallar – nostabil jufti yoʻq elektronga ega boʻlgan molekulalar hosil boʻlishi va toʻplanishi kuchli oksidlanishga sabab boʻladi.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Ko‘rish o‘tkirligini oshirish uchun tavsiyalar

Lipidlarning peroksidli parchalanishi va toʻyinmagan yogʻ kislotalarning koʻpayishi qarilik va diabetik katarakta, glaukoma, jigar sirrozi, gepatit, bosh miyada qon aylanishi buzilishiga olib keladi. Organizmda erkin radikallar hosil boʻlishi esa zararli odatlar va ultrabinafsha nurlar bilan zaharlanish natijasida roʻy beradi.

Katarakta rivojlanish mexanizmida katta ahamiyatga ega boʻlgan omillardan yana biri organizmning yosh oʻtishi bilan antioksidant xususiyatining pasayishi, vitaminlar yetishmovchiligi (vitamin A, E va boshqalar). Bundan tashqari koʻz gavhari oqsilining fizik-kimyoviy tarkibi oʻzgarishi ham katta yoshli insonlarda kuzatiladi. 

Koʻzning yalligʻlanishli kasalliklari natijasida koʻz ichi suyuqligi tarkibining oʻzgarishi, gavharga yetarlicha ozuqaviy moddalar oʻtmasligi, siliar tana disfunksiyasi (Fuks sindromi), terminal glaukoma, pigmentativ degeneratsiya va toʻr parda koʻchishi ham katarakta rivojlanishida muhim ahamiyatga ega.

Qarilik omilidan tashqari katarakta rivojlanishida surunkali ogʻir kechuvchi infeksion kasalliklarning ham roli katta, masalan tif, malyariya, suvchechak va boshqalar, och qolish, anemiya holatlari, kuchli nurlanish (insolyatsiya), radiatsiya taʼsiri, toksik zaharlanish (simob, talliy, naftalin) ham katarakta kasalligiga olib kelishi mumkin.

Katarakta rivojlanishiga olib keluvchi xavf omillariga endokrin tizimidagi patologiyalar (qandli diabet, tetaniya, mushaklar distrofiyasi, adipozogenital sindrom), Daun kasalligi, teri kasalliklari (sklerodermiya, ekzema, neyrodermit, Yakob poykilodermiyasi) kabilar kiradi.

Asoratlar natijasida rivojlanuvchi katarakta koʻpincha koʻz olmasi travmasi, kuyishi, koʻzda oʻtqazilgan jarrohlik amaliyotlari, oilada katarakta bilan kasallangan insonlar boʻlishi, miopiyaning oʻgir darajasi, uveit oqibatida yuzaga keladi.

Tugʻma katarakta koʻp holatlarda embrion koʻruv tizimi shakllanayotgan davrda toksik taʼsirlar natijasida kelib chiqadi. Tugʻma kataraktaga sabab boʻluvchi holatlarga homiladorlik vaqtida oʻtkazilgan infeksion kasalliklar (gripp, qizilcha, qizamiq, toksoplazmoz), kortikosteroidlar qabul qilish va boshqalarni misol qilib keltirish mumkin.

Katarakta klassifikatsiyasi

Oftalmologiya sohasida katarakta kasalligi ikki katta guruhga boʻlinadi: tugʻma va orttirilgan. Tugʻma katarakta dogʻ gavharning maʼlum bir qismidagina hosil boʻladi va kasallik avj olmaydi. Orttirilgan katarakta esa jarayonning avj olishi bilan kechadi. 

Orttirilgan katarakta etiologiyasidan kelib chiqib qarilik, asoratlangan, tavmatik, nurlanish natijasida, toksik hamda umumiy organizmning boshqa kasalliklari natijasida rivojlangan kataraktalar farqlanadi.

Gavharning xiralashgan qismiga koʻra

  • Oldingi polyar katarakta – gavharning oldingi yarim sharlarida joylashadi, dogʻ oqish-kulrang tusda va yumaloq shaklda boʻladi;
  • Orqa polyar katarakta – gavhar kapsulasining orqa yarimsharida dogʻ paydo boʻladi, rangi va shakli oldingi katarakta kabi boʻladi;
  • Yelpigʻichsimon katarakta – oldingi orqa oʻqida dogʻ paydo boʻlishi, yelpigʻich shaklida ingichka lentasimon shaklda boʻladi;
  • Yadroli katarakta – gavharning markazida dogʻ paydo boʻladi;
  • Qavatli katarakta – gavhar markazida joylashadi va qavat-qavat shaklida boʻladi;
  • Kortikal katarakta – gavhar qobigʻining chetida dogʻ paydo boʻladi, oqish rangga ega;
  • Orqa subkapsulyar katarakta – gavhar orqa qismida kapsula ortida dogʻ paydo boʻladi;
  • Total katarakta – har doim ikki taraflama boʻladi, gavharning toʻliq xiralashuvi kuzatiladi.
Ushbu maqolani ham o‘qing:  G‘ilaylik (strabizm) kasalligi haqida

Katarakta rivojlanish bosqichlari

Katarakta rivojlanishida 4 bosqich farqlanadi:

  • Boshlangʻich;
  • Yetilmagan;
  • Yetilgan;
  • Yetilib oʻtgan katarakta.

Kataraktaning boshlangʻich bosqichida gavharning maʼlum bir qismida suvlanish kuzatiladi, yaʼni magʻiz qismi tolalari orasida ortiqcha suyuqlik toʻplanadi va bu “suvli tirqish” deb nomlanadi. Xiralashuv odatda gavharning qobigʻida joylashadi, yaʼni periferik qismida paydo boʻlganligi sababli koʻruv oʻtkirligi bilan bogʻ​liq muammolar kuzatilmaydi.

Yetilmagan katarakta bosqichida xiralashuv kuchayib boradi va sekin-astalik bilan gavhar optik qismigacha yetib boradi. Biomikroskopik tekshiruvlar yordamida gavhar xiralashganligi aniqlanadi. Bu bosqichda koʻruv oʻtkirligi biroz pasayadi.

Katarakta belgilari

Katarakta belgilari kasallikning darajasiga qarab turli xil koʻrinishda namoyon boʻlishi mumkin. Kasallikning boshlangʻich davrlarida koʻruv oʻtkirligi bilan bogʻ​liq muammolar yuzaga kelmaydi. Kasallikning erta belgilariga jismlarni ikkilanib koʻrinishi (diplopiya), koʻz oldida mayda qora dogʻlar koʻrinishi, koʻrishda xiralashuv (koʻz oldi “tuman bilan qoplanishi”), jismlarni sargʻish tusda koʻrish. Katarakta bilan kasallangan bemorlarda oʻqish, yozish, mayda jismlar bilan ishlashda muammolar yuzaga chiqadi.

Katarakta xos boʻlgan tipik belgilarga yorugʻlikka boʻlgan sezuvchanlikning oshishi, kechki vaqtda koʻruv oʻtkirligining yomonlashuvi, oʻqish vaqtida yorugʻlikning haddan ortiq koʻp talab etilishi kabilarni misol qilib keltirish mumkin. 

Katarakta holatida koʻruv oʻtkirligi miopiya koʻrinishida namoyon boʻladi, yaqindan koʻrishga qiynaladigan insonlarda toʻsatdan koʻrish oʻtkirligi qisqa masofada ham yaxshilanganligini kuzatish mumkin. Jismlar aniq-tiniq emas, balki xira tasvirda koʻrinadi va bunday holatni koʻzoynaklar yordamida bartaraf etishning imkoni boʻlmaydi.

Katarakta diagnostikasi

Katarakta kasalligi oftalmologlar tomonidan aniqlanadi, bunda ular bir qator standart tekshiruvlarni amalga oshirishlar kerak boʻladi.

  • Viziometriya (koʻruv oʻtkirligini tekshirish);
  • Perimetriya (koʻruv maydonini tekshirish);
  • Yorugʻlikni sezish testlari;
  • Tonometriya (koʻz ichi bosimini tekshirish);
  • Biomikroskopiya (tirqishli lampa yordamida koʻz olmasini tekshirish);
  • Oftalmoskopiya (koʻz tubini tekshirish).

Yuqoridagi tekshiruvlar yordamida kataraktaga xos boʻlgan quyidagi oʻzgarishlar aniqlanadi: koʻruv oʻtkirligining pasayganligi, yorugʻlikni qabul qilishdagi oʻzgarishlar, qorachiqdagi dogʻ, gavhar dislokatsiyasi va boshqalar.

Kataraktani aniqlashning maxsus usullariga refraktometriya, oftalmometriya, koʻz UT-skanerlash tekshiruv kabilar kiradi.
Toʻr parda funksional holati, koʻruv nervi va koʻruv analizatorining markaziy qismi holatini aniqlash uchun elektrofiziologik tekshiruvlardan foydalaniladi (elektrookulografiya (EOG), elektroretinografiya (ERG).

Katarakta davosi

Qarilik kataraktasining boshlangʻich bosqichlarida konservativ davo muolajalari olib boriladi, yaʼni koʻzga tomiziladigan tomchilar koʻrinishida preparatlar buyuriladi (azapentasen, pirenoksin, sitoxrom C, taurin va boshqalar). Bu muolajalar katarakta rivojlanishini toʻliq toʻxtatmaydi, shunchaki jarayonni sekinlashtiradi.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Nistagm kasalligi

Bunday muolajalarning asosida yetishmayotgan moddalar oʻrnini toʻldirish yotadi, yaʼni aminokislotalar, vitaminlar (riboflavin, nikotin kislota, askorbin kislota), antioksidantlar, kaliy yodid, ATF va boshqa moddalar tomchilar tarkibiga kiritilgan boʻladi.

Kataraktani davolashda konservativ davo muolajalari samaradorligi ancha past hisoblanadi. Shu sababli mikrojarrohlik usuli bilan kataraktani bartaraf etish keng tarqalgan. Bunda gavharning xiralashgan qismi oʻrniga sunʼiy linzalar joylashtiriladi.

Operatsiyaga koʻrsatmalar

Operativ muolajaga koʻrsatmalar quyidagilar:

Shishli katarakta, yetilib oʻtgan katarakta, gavharning oʻz oʻrnidan siljishi, ikkilamchi glaukomaning rivojlanishi, koʻz tubidagi yondosh kasalliklar (diabetik retionopatiya, toʻr pardaning koʻchishi). Ikki tomonlama katarakta davosida avvalo koʻrish oʻtkirligi pastroq boʻlgan tarafda operatiya jarayoni oʻtkaziladi.

Zamonaviy oftalmoxirurgiyada gavhardagi dogʻ bir necha usul bilan bartaraf etiladi: ekstrakapsulyar va intrakapsulyar katarakta ekstraksiyasi, ultratovush va lazer yordamida fakoemulsifikatsiya oʻtkazish.

Ekstrakapsulyar katarakta ekstraksiyasi usulida gavhar yadrosi va gavharsimon modda olib tashlanadi. Bunda gavharning orqa kapsulasi koʻzda qoladi, oldingi va orqa qismlar orasida kesishma hosil boʻladi. Intrakapsulyar katarakta ekstraksiyasi gavhar kapsulasi bilan birgalikda olib tashlanadi. Har ikkala usul ham, jarohatli hisoblanadi va bunda koʻz olmasiga choklar tushadi.

Ultratovushli fakoemulsifikatsiya usulida koʻz oldingi kamerasi 3 mm kesiladi va asbob uchi kiritiladi. Fakoemulsifikator asbobi yordamida gavhar emulsiya holatiga keltiriladi va koʻzdan aspiratsiya (soʻrib olinadi) qilinadi. Lazer yordamida gavharni olib tashlash ham yuqoridagi kabi amalga oshiriladi, farqli jihati shundagi bunda ultratovushlar oʻrniga lazerdan foydalaniladi.

Katarakta oqibati va profilaktikasi

Zamonaviy oftalmologiya sohasida olib borilayotgan yangi usullar yordamida amalga oshiriladigan jarrohlik amaliyotlari xavfsiz boʻlsada, 1-1,5 % bemorlarda operatsiyadan soʻng ayrim asoratlar rivojlanishi mumkin, masalan uveit, iridotsiklit, koʻz ichi bosimi oshishi, koʻz oldingi kamerasiga qon quyilishi, toʻr parda koʻchishi, ikkilamchi katarakta.

Tugʻma katarakta oqibati salbiy hisoblanadi, chunki bunday holatda nafaqat koʻz gavhari balki koʻruv nervi, retseptorlarda ham oʻzgarishlar roʻy bergan boʻladi. Orttirilgan katarakta jarrohlik amaliyoti bilan bartaraf etilsa, inson koʻrish qobiliyati saqlanib qoladi va mehnat faoliyati ham qayta tiklanadi.

Tugʻma katarakta profilaktikasi homiladorlik vaqtida turli xil infeksion kasalliklarni davolash, radiatsion taʼsirlarga duchor boʻlmaslik kabi chora tadbirlarni oʻz ichiga oladi. Orttirilgan katarakta profilaktikasida esa antioksidant moddalarni yetarlicha qabul qilish, oftalmologik patologiyalarni oʻz vaqtida davolash, koʻz jarohatlanishini oldini olish hamda yil davomida kamida 1 marotaba oftalmologik tekshiruvlardan oʻtib turish kabilardan iboratdir.

Oʻxshash maqolalar: