Homiladorlikning 6 akusherlik haftasi yoki bo‘yida bo‘lgandan boshlab to‘rtinchi hafta
Ko‘pgina yosh onalar hali ham akusherlik homiladorligini murtaklik homiladorligi bilan chalkashtirib yuboradilar. Aslida akusherlik taqvimi oxirgi hayz ko‘rishning birinchi kunidan boshlab hisoblanishi bilan ajralib turadi. Hammasi muvaffaqiyatli kechsa, homiladorlik aynan mazkur hayz siklida boshlanadi. Homiladorlikning 6 akusherlik haftasi – ayol bo‘yida bo‘lgan kundan hisoblaganda 4 haftadir va u murg‘ak yurakcha urishi bilan boshlanadi, ammo uning urishi hali stetoskopda eshitilmaydi, lekin murtakdagi zarb urayotgan nuqtani ultratovush apparatida ko‘rish mumkin. U bir daqiqada 150 marta – katta kishi yuragidan ikki baravar tezroq uradi. Ayolning organizmida gormonlar yuzaga keltiradigan jiddiy o‘zgarishlar yuz beradi.Onaning organizmidagi gormonal o‘zgarishlar
Bunday o‘zgarishlar har kuni sodir bo‘ladi. Organizmni turli xil infeksiyalardan himoya qilish uchun zarur bo‘lgan progesteron gormoni kuchli tarzda hosil bo‘la boshlaydi. U homilani qon bilan muttasil ta’minlagan holda bachadonning shilliq devorlarini mustahkamlaydi. Lekin ayni paytda uning ko‘payib ketishi hazm qilish tizimiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan holda ozuqaning hazm bo‘lishini sekinlashtiradi hamda ko‘ngil aynash yoki qusuqni keltirib chiqaradi, ya’ni bir so‘z bilan aytganda bu toksikoz deb ataladi.Homiladorlikning 6 haftasidagi belgilar
Homiladorlikning ushbu haftasi ko‘pincha bir qator yoqimsiz belgi-alomatlar bilan o‘tadi. Ularning ba’zilari bezovtalikni keltirib chiqarishi mumkin, masalan, oz miqdorda jigar rang ajralmalarning chiqishi ehtimoldan holi emas. Ammo ular kam miqdorda bo‘lsa va qorinning pastki qismida tez-tez og‘riq turmasa, unda xavotirlanishga hojat yo‘q, bu o‘zgarayotgan gormonal fonga nisbatan tabiiy reaksiyadir. Shunday qilib, homiladorlikning 6 haftasida quyidagi belgi-alomatlarni ajratib ko‘rsatishadi:- kuchli so‘lak ajralishi;
- toliqish;
- tez-tez siyish;
- kayfiyatning tez-tez o‘zgarib turishi;
- ertalabki soatlarda qusish;
- ayrim hollarda qorin og‘rishi;
- mushaklardagi bo‘shashish;
- sut bezlarining og‘irlashuvi.
Homiladorlikning 6 haftasidagi sezgilar
Hayz ko‘rishning to‘xtashi hamda yaqqol belgi-alomatlarning sezilmasligidan tashqari, homiladorlikning 6 haftasida ko‘krakning kattalashuvi va emchaklarning qorayishi kuzatiladi, shu munosabat bilan ko‘krakda sezilar-sezilmas og‘riqlar paydo bo‘ladi. Bachadonda ro‘y berayotgan o‘zgarishlar sababli ayrim vaqtlarda qorinning pastki qismida yoqimsiz sezgilar paydo bo‘lishi mumkin. Gormonlar yangi sezgilarni keltirib chiqaradi. Ayol hidlarga o‘ta ta’sirchan bo‘lib qoladi, ayrim hidlar unda toksikoz yoki hatto jizzakilikni qo‘zg‘atishi mumkin. Homiladorlikning oltinchi haftasida yegulikka nisbatan kutilmagan xohish-istaklar paydo bo‘lishi mumkin. Ayrim paytlarda holsizlik va bosh aylanishi vujudga keladi, tana harorati oshadi. Gormonal fondagi bunday sezgilar ko‘pincha o‘z-o‘zidan 10–14 haftalarga kelib o‘tib ketadi.Homiladorlikning 6 haftasida embrionning holati
Homiladorlikning oltinchi haftasida embrion no‘xat donasidek bo‘ladi, lekin shunga qaramay bolaning asab tizimi - nerv bog‘lanmalari va tugallanmalari tarkib topadi, bosh miya shakllana boshlaydi. Qo‘l va oyoqchalarning kurtaklari paydo bo‘ladi. Haftaning oxiriga borib barmoqlarning kurtaklari tarkib topadi. Yuz shakl topishni boshlaydi, ko‘zlar o‘rnida chuqurchalar paydo bo‘ladi, burun va quloqchalar qismida burmalar seziladi. Asab tizimi bilan bir vaqtda mushak to‘qimalari ham rivojlanadi, shuning uchun embrionda sezish qobiliyati vujudga keladi – u tashqi qo‘zg‘atuvchilarga nisbatan sezuvchan bo‘la boshlaydi. Tanada qon aylanishni boshlaydi. To‘qima murtaklaridan bo‘lg‘usi organlar – o‘pka, taloq (qorajigar) shakllanishni boshlaydi, ilik va tog‘ay murtaklari ko‘rinadi. Ichak tarkib topayotgani ko‘zga tashlanadi, u uchta halqaga ega. Qizilo‘ngach murtagi va oshqozon uchun kenglik vujudga keladi.UZIdan o‘tish
Homiladorlikning 6 haftasida UZI barcha ayollardagi homiladorlikni tasdiqlaydi, bachadon kattalashgan bo‘ladi, yurak urishi yaxshigina eshitiladi va ko‘rinadi, homiladorlikning 6 haftasida homila hajmi taxminan 4 mm va otalangan tuxum 25 mm gacha bo‘ladi.Nimadan ehtiyot bo‘lish kerak?
Homiladorlikning 6 haftasida noodatiy ajralmalar ayolni sergak torttirishi kerak, ularni sezgach, darhol o‘zining ginekologiga murojaat qilishi lozim. Shamollashga oid kasalliklar, yuqori harorat, tasodifiy yiqilishlar, issiq vannalar homiladorlik uchun tahlikali bo‘lishi mumkin. Bu davrda ovqatni kam-kam miqdorda yegan ma’qul. Taomnoma oqsil va vitaminlar, dengiz va sut mahsulotlaridan tarkib topgani maqsadga muvofiq. Ba’zan g‘ayrioddiy tuyuladigan istak-mayllaringizni cheklamang, ular sizning organizmingizda biror-bir komponentning yetishmasligidan yuzaga kelishi mumkin. Agar bola tushib qolishi xavfi bo‘lmasa, mazkur haftada jinsiy aloqa bilan shug‘ullanish mumkin. Ginekologning muntazam ko‘riklaridan o‘tib turing, bu yuzaga keladigan muammolarni hal qilishingizda sizga yordam beradi.© Homiladorlik.uz
Ushbu maqolani ham o'qing:
Skolioz bo‘lgan qiz homilador bo‘la oladimi?