Homiladorlikning 21-haftasida nimalar yuz beradi
Homiladorlik, ta’bir joiz bo‘lsa, avj pallasiga chiqqan. Bel va tosga yuqori darajadagi yuk tushganda vujudga keladigan toliqish hissi hozircha yo‘q, harsillash va uyqusizlik ham bezovta qilmaydi. Biroq mana shu ko‘ngildagidek kechadigan paytlarda ham ayol ba’zi noqulayliklarni his qilishi mumkin. Lekin bu hol haqiqatdagi ahvol bilan emas, balki, ko‘proq, ortiqcha ta’sirchanlik bilan bog‘liq bo‘ladi. Mazkur muddatda belingizda og‘riq paydo bo‘lishi ehtimoldan xoli emas, lekin siz muayyan holatda uzoq o‘tirib qolmasangiz, gavdani noqulay holatda tutib turmasangiz, og‘riq muammosi sizni tark etadi. O‘zingizni bo‘sh qo‘yishni o‘rganing va organizmingizga quloq soling. Bu uyqu masalasiga ham tegishli. Gavdani ushlab turishning eng to‘g‘ri va qulay holati – o‘ng yonboshda uxlash. Butun tunni to‘lg‘anib o‘tkazishga hojat yo‘q, siz shunchaki, havosi toza, qorong‘i xonada aynan shu holatda qattiq uxlashga o‘zingizni tayyorlang vassalom. Bachadon kindikdan bor-yo‘g‘i 1 sm yuqorida, u ichki organlarni ezib turibdi. Lekin bu jiddiy muammolarni keltirib chiqarmasligi kerak. Kichkintoy g‘imir-g‘imir qilib itaradi, hatto tashqaridan turib ham u qorinning qaysi qismida o‘yinqaroqlik qilayotganini aniqlashingiz mumkin.Homiladorlikning 21-haftasida homilaning ahvoli
Homiladorlikning 21-haftasida homilaning hajmi u tug‘ilganda bo‘ladigan kattaligining yarmiga yetadi. Lekin og‘irligi bu dunyoga kelganida bo‘ladigan vaznidan ancha-muncha kam: bor-yo‘g‘i 360 gramm. Bu haftada bolakayning hazm qilish tizimi faol tarzda rivojlanadi. U hanuz amniotik suyuqlikni yutadi: bu bilan bolajon nafaqat o‘pkani, balki qizilo‘ngachni ham mashq qildiradi. Xozirning o‘zida bo‘lg‘usi ona bolajonisining nafs mayllarini to‘g‘ri shakllantira borsa bo‘ladi. Bolakayning endokrin bezlari ishga tushgan, 21-haftada qora taloq ham “yordamga” keladi. Kechalari kichkintoy juda faollashib ketishi mumkin, uning uxlashiga yordam berish uchun shunchaki qorningizni yengilgina silab qo‘ying, alla aytsangiz ham bo‘ladi. Bolalar onaning tovushi va kayfiyatiga e’tibor beradilar.Ko‘proq onalik mehrini ulashing
Ayol borgan sayin o‘zini ona sifatida his etadi, axir bolajonisini shundoqqina sezadi-da. Darvoqe, tarbiya jarayoni boshlanadigan palla yetib kelganligini unutmang: “qorinda yashovchi” bilan hozirdanoq gaplashsa bo‘ladi. Nafaqat bo‘ladi, bu ishni qilish hatto zarurdir! Jajji odamchaga nihoyatda yumshoqlik bilan, ohista, samimiyat va muhabbat bilan murojaat qiling – u hammasini his qiladi. To‘satdan bo‘lg‘usi onani jinsiy hayot bilan bog‘liq masala ilk bor bezovta qilib qolishi mumkin. Yangicha shaklingizga sekin-asta moslashishingizga to‘g‘ri keladi. Tushkunlikka tushmang, eringiz bilan yaqinlikdan voz kechmang (albatta, agar qorningiz og‘rimasa va shifokor bunga ruxsat bersa). Bu nozik pallani sabr-bardosh va e’tibor bilan yengib o‘ting.Ovqatlanmoqchimisiz? Jadval tuzing
Ishtahani nazorat qilish tobora qiyinlashib boradi. Lekin hozir nafsingizga hech ham erk bera ko‘rmang: ortiqcha bitta gumma va bir stakan gazlangan suv sizning shiddat bilan vazn yig‘ishingizga boshlang‘ich nuqta bo‘ladi. Agar siz o‘zingizni muayyan tartib-intizomga o‘rgatib olsangiz, hatto tug‘ruq vaqtiga qadar ham yaxshi holatda yurishingiz mumkin bo‘ladi. Buning uchun birgina jadval bo‘yicha ovqatlansangiz kifoya: yaxshi to‘yimli nonushta + yengilroq ikkinchi nonushta + uncha katta bo‘lmagan porsiyalarda to‘yimli tushlik + foydali kechkidan oldingi ovqat + yengilgina kechki ovqat.Tahlillar o‘tkazishda tanaffus
Homiladorlikning 21-haftasida odatda alohida tahlillar, tekshiruvlar va UZI tayinlanmaydi. Rejadagi ikkinchi UZI ortda qolgan, bir qator qon va umumiy siydik tahlillarini ayol, qoida tariqasida, UZI arafasida topshiradi. Agar bo‘lg‘usi onani biror narsa bezovta qiladigan bo‘lsa, shifokorning o‘zi sizga yakka tartibda tekshiruvni tayinlaydi.Homiladorlikning 21-haftasidagi sezgilar
Bu vaqt homilador ayol haqiqiy gullab-yashnaydigan palla hisoblanadi: vazn deyarli og‘irlashmagan bo‘ladi, ammo uning qaddi-qomati fusunkor tusga kiradi. Ko‘kraklar ko‘tarilgan, to‘lishgan, qorin esa hozircha ixcham, kichkinagina. Teri va sochlar ham, odatda, sog‘lom ko‘rinishga ega bo‘ladi. Birgina jihat – pigment dog‘lar. Lekin bunday alohida o‘zgarishlar hamma ayollarda ham yuz beravermaydi, shuning uchun oldindan xavotirlanishga hojat yo‘q. Bu o‘zgarishlar atrofdagilarga sezilmasligi ham mumkin. Mazkur vaqtda bo‘lg‘usi ona yanada ko‘rimli, yorqin bo‘lishni istaydi, shuning uchun bunday mayda jozibasiz dog‘larni yashirishni o‘zi yaxshi eplaydi.© Homiladorlik.uz nashri.
Ushbu maqolani ham o'qing:
Skolioz bo‘lgan qiz homilador bo‘la oladimi?