Homiladorlikning 17-haftasidan e’tiboran homiladorlikning beshinchi oyi boshlanadi. Biror-bir noxush sezgilar bilan qamrab olinmagan qulay davr. Lekin ba’zi o‘zgarishlarni siz baribir sezasiz: balki bu milklarning qonab turishi bo‘lar, balki kuchli terga botish yoki qindan ko‘p miqdorda ajralma chiqishi bo‘lar.Ko‘proq hordiq chiqaring, vaqtida uyquga yoting va o‘zingizni ortiqcha yumushlar bilan toliqtirmang: shunda homiladorlikning beshinchi oyi siz uchun juda ajoyib boshlanadi.

Homiladorlikning 17-haftasida nimalar yuz beradi

Bu muddatda bachadonning atrofga qarab emas, balki yuqoriga qarab o‘sishi yuz beradi. Shuning uchun bu jarayon ozgina og‘riqli sezgilar bilan kechishi mumkin. Afsuski, bunga yoqimsiz bo‘lgan jig‘ildon qaynashi, harsillash va tez-tez siyish holatlari hamroh bo‘lishi mumkin. Lekin bu alomatlarning hammasi sizda ham paydo bo‘ladi degani emas, albatta. Homiladorlikning 17-haftasida til oqarishi ya’ni kandidoz kuchayishi mumkin: shifokor bunga qarshi kurash choralarini sizga tayinlab beradi. Lekin, nima bo‘lganda ham, shirinliklardan voz kechishingizga to‘g‘ri keladi. Ayol yurak urishi tezlashganini sezishi mumkin. Bu holat yo‘ldosh tomirlar bo‘ylab ozuqa moddalarini uzatayotgani tufayli yuz beradi. Yurak faoliyatining tezlashishi milklarning qonashiga sabab bo‘lishi mumkin, shuning uchun stomatologga uchrashsangiz, sizga og‘iz bo‘shlig‘ini chayish uchun xavfsiz vositani tavsiya etadi. Ter chiqishi ham kuchayadi, lekin bundan cho‘chimaslik kerak. Tez-tez dush qabul qiling, hidi o‘tkir bo‘lmagan dezodorantlardan foydalaning.

Homiladorlikning 17-haftasida homilaning ahvoli

Bu haftada bolakayning o‘z immun tizimi ishga tushadi, kichkintoy organizmi o‘zining immunoglobulin va interferonini ishlab chiqara boshlaydi. Endi ona kasal bo‘lgan taqdirda ham kichkintoyning o‘z himoyasi bor. Homiladorlikning 17-haftasida homilaning vazni 200 gramm atrofida, uzunligi 10 sm dan 14 sm gacha bo‘ladi. Kichkintoy ancha faol, ba’zida qattiq tovushlardan cho‘chishi ham mumkin. Endi bolakayning teri ostida yog‘ bog‘lay boshlaydi, keyinchalik u organizmda issiqlik almashuvini boshqarishga yordam beradi. Kichkintoyning yuragi amalda shakllanib bo‘lgan, u o‘z vazifasini juda yaxshi uddalayapti. Qiz bolalarda bu vaqtda bachadon shakllanishni boshlaydi. Homiladorlikning 17-haftasida bolakayning doimiy tishlariga asos solinadi. Buyrak usti bezlari faol ravishda gormonlar ishlab chiqaradi, gipofiz (miya ostidagi o‘sishga ta’sir ko‘rsatuvchi ichki sekretsiya bezi) faol ishlay boshlagan. Kichkintoy hamma tovushlarni eshitadi va onaning barcha his-tuyg‘ularini his etadi. Bolaning tana tuzilmasidagi mazkur barcha o‘zgarishlar homila to‘g‘ri rivojlanayotganidan dalolat beradi. Jarayon normal tarzda kechayotganda, agar biror boshqa sabab bo‘lmasa, shifokor homiladorlikning 17-haftasida UZI tayinlamaydi.

Biroz toliqish hamda dastlabki muloqot

Garchi sizni biror narsa bezovta qilayotgan bo‘lsa ham, masalan, yotish noqulay bo‘lganligi sababli yaxshi uxlay olmasangiz yoki jig‘ildon qaynashi sizni hech tark etmasa, umidsizlanmaslikka harakat qiling. Bolakay onaning his-tuyg‘ulari va kayfiyatidan ta’sirlanishini yodingizda tuting. Bolaning g‘imir-g‘imir qilishi, odatda, shundan dalolat beradi. Kichkintoy bilan biroz gaplashing, muddat hali kichik bo‘lsa ham u siz bilan suhbatlashishni juda istaydi. Ko‘proq dam oling, yaqinlaringizdan xo‘jalik ishlaringizda ko‘mak berib yuborishlarini iltimos qiling. Odatdagi uy yumushlarini uddalay olmayotganingiz aybga kirmaydi.

Homiladorning an’anaviy taomnomasi

Jig‘ildon qaynashi, qabziyat, qorinning ko‘p dam bo‘lishi – bularning hammasi mazkur muddatda yuzaga kelishi mumkin. Bu o‘rinda sizga faqat to‘g‘ri ovqatlanish yordam bera oladi. Kam-kam miqdordan, biroq tez-tez yeb turing. Har bir oziq foydali bo‘lishi kerak. Og‘ir ovqatlardan voz kechgan ma’qul, sizning hazm qilish tizimingizga hozir bunday taomlar kerak emas. Kundalik taomnomangizda quyidagi oziqlar albatta bo‘lsin: kepakli non, boshoqli o‘simliklar, sabzavot va mevalar, sut-qatiq mahsulotlari.

Ajralmalar

Agar homilador ayol o‘zida qindan chiqadigan noodatiy ajralmalarni sezsa, zudlik bilan shifokorga uchrashish kerak. Doktor mazkur ajralmalarni tahlil etish uchun mazok oladi, ularning tabiatini aniqlaydi. Yiringli, sariq yoki yashil rangli ajralmalar, shuningdek badbo‘y hidli ajralmalar sizni sergak torttirishi lozim. Bu jinsiy yo‘llarning infeksiyalanganidan darak beradi. Til oqarishi zo‘rayishi mumkin, uni ham davolash kerak. Och, sut rangli, tarkibi bo‘yicha bir turdagi va hidi biroz achimqirasiragan ajralmalar normal hisoblanadi.

Homiladorlikning 17-haftasidagi sezgilar

O‘zgarishlar, ehtimol, (to‘g‘ri va ko‘chma ma’noda ham) yuzingizdan ayon bo‘lib turadi. Burun andak shishadi, lablar kattalashadi va go‘yo oldinga turtib chiqqadi, yonoqlar qizaradi. Homiladorlikning 17-haftasida qorin sezilarli darajada o‘sadi, endi uni atrofdagilardan yashirish qiyin bo‘ladi. Ba’zida bolakayning g‘imirlashini onaning qorniga teginmasdan ham sezsa bo‘ladi. Faqat o‘zingizga qulay bo‘lgan kiyimni kiying, aks holda harsillash va bo‘g‘ilish hissiyoti sizni jiddiy tarzda bezovta qilaveradi.

©  J. Xo‘jaxon. Homiladorlik.uz nashri.