3.9
(9)
Homiladorlikning 14-haftasi – bosib o‘tiladigan bu katta yo‘lning eng ko‘ngildagidek o‘tadigan bosqichlaridan biri hisoblanadi. O‘zingizni yaxshi his etasiz, sizning maxfiy holatingiz haqida ko‘pchilik hali bexabar, kichkintoy esa siz bilan muloqotda bo‘lishni talab qiladi. U onaning ovozini eshitadi, kayfiyatini his etadi – jimit bilan gaplashadigan palla keldi.

Ishtaha ochilishi mumkin, organizmga ko‘proq oqsil kerak bo‘ladi. Ortiqcha ovqat yeb qo‘yishdan o‘zingizni tiying, lekin to‘laqonli ovqatlanishdan ham voz kechmang.

Homiladorlikning 14-haftasidagi sezgilar

Onaning qorinchasi yuqori ko‘tariladi va sezilarli darajada dumaloqlashadi. Uni hali ham biror kiyim ortiga yashirsa bo‘ladi-yu, lekin agar siz xipcharoq kiyimga burkanib olsangiz, qappaygan qorinni yashirish amrimahol bo‘lib qoladi. Uyda, divanda yotgan holda old qorin devorchasi orqali bachadonni paypaslab ko‘rish mumkin. Ikkinchi bolasiga homilador bo‘lgan onalar o‘z qornidagi go‘dagining ilk qimirlashini eshitishlari ham mushkul emas. Agar bu hol hozir sodir bo‘lmasa-da, lekin 18–20-haftalarga borib siz bolangizning turtkilashlarini aniq sezasiz. Qorinda yengilgina “kurash” jarayoni sezgilari his etiladi. Shu tariqa, kichkintoy o‘zining borligini sezdirib turadi, ota-onasi bilan muloqotga kirishadi.

Ayol vazni orta boradi, lekin hozircha buning sababi – aylanayotgan qon hajmining ko‘payishi. Hozir bo‘lg‘usi ona vazni ortib borayotganiga faqat xursand bo‘ladi, biroq ishtahani baribir jilovlash zarur. Aks holda og‘irlashish sizning foydangizga bo‘lmaydi.

Homiladorlikning 14-haftasida homilaning ahvoli

Bu paytda homila juda tez o‘sadi, jadallik bilan vazn yig‘adi. Agar uni ko‘rishning iloji bo‘lganida u yangi tug‘ilgan chaqaloqqa juda ham o‘xshashini kuzatgan bo‘lardingiz. Shunday bo‘lsa-da, kichkintoy hali juda oriq, lekin yog‘li to‘qimalarni yig‘ishga hali ehtiyoj ham yo‘q-da: hozir organlar va tizimlarning rivojlanishi va takomillashuvi muhimroq.

Bolakayning qosh va kipriklari paydo bo‘lgan, yuz mushaklarining imo-ishoralari ancha takomiliga yetgan. Kichkintoy barmoqlarini so‘ra boshlagan, va bu narsa unga xush yoqadi. Ona biror-bir shirinlikni yesa, homila atrofidagi suvlarning ta’mi ham o‘zgaradi: bu narsa bolaga yoqadi, shuning uchun u bu suvni ko‘proq yutadi. Bolaning sezgilari yanada rang-barang bo‘la boshlaydi. Teri qoplamining sezuvchanligi kuchayadi, shuningdek ta’m sezish retseptorlari rivojlanadi.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Homiladorlik taqvimi: 18-hafta

Bolaning jinsini homiladorlikning 14-haftasida hali aniqlab bo‘lmaydi, lekin jinsiy a’zolar rivojlanish bosqichining yakunida bo‘ladi.

Homiladorlikning 14-haftasida homilaning kattaligi dumbadan tortib boshning uchigacha hisoblaganda bo‘yi 8,7 sm, vazni esa – 43 grammni tashkil etadi.

Hissiyotlar: halovatsizliklar go‘yo bolmaganday ham

Ayolning ruhiy emotsional holati me’yorga kela boshlagan. Bu vaqtga kelib ayol o‘z holatini amalda to‘liq anglab yetgan, o‘zining hayotiy qarashlari o‘zgarayotganini sezishi mumkin. Ruhiy jihatdan homilador ayol o‘z oldida turgan yangi vazifasiga shay, shuning uchun go‘dak bilan bog‘liq har bir holatni chuqur his etadi.

Asabiy darg‘azablik, kayfiyatning o‘ynab turishi endi xavfli emas: ona birmuncha xotirjam bo‘lib qolgan, holati oldingidan ko‘ra ko‘proq tinchlangan, tashqi behalovatliklardan biroz uzoqlashgan.

Organizmga mol go‘shtili loviya talab qilinadi

Bolaning mushak tizimi faol rivojlanayotgani tufayli u ko‘proq harakatda bo‘ladi, onaning organizmi ko‘proq oqsil talab qiladi. Qaynatilgan mol go‘shti, loviya doni – bular sizning dasturxoningizda bo‘lishi shart hisoblangan mahsulotlar. Biriktiruvchi to‘qimalarni ham esdan chiqarmang, shu tufayli sabzavot va mevalarni ko‘proq iste’mol qiling.

Shirinlik va unli mahsulotlarni chegaralagan ma’qul, ularni tushga qadar kam miqdorda yeng. Bil’aks “ikki kishi uchun yemoqlik”dan keskin saqlaning: bu muddatda ortiqcha vazn sizga umuman lozim emas.

Balki aynan 14-haftada shifokor sizga vitaminlar majmuini qabul qilishni tayinlar. Oziq-ovqat har doim ham ona organizmini barcha kerakli vitaminlar bilan to‘liq me’yorda ta’minlab bera olmasligi mumkin.

Tahlillarni o‘tkazmasa ham bo‘laveradi

Qoida tariqasida, dastlabki UZIdan homiladorlikning 11–13-akusherlik haftalarida o‘tiladi. Biroq buni bir oz keyinga qoldiradigan onalar ham uchrab turadi. Bunday ayollar uchun hozir – homiladorlikning 14-haftasida UZI qildirish ayni paytdir. Homiladorligi o‘z me’yorida kechayotgan boshqa ayollar uchun birorta maxsus tahlillardan o‘tish kerak emas. Umid qilamizki, siz barcha zaruriy tekshiruvlar, UZI-skriningdan o‘tib bo‘lgansiz, shu tufayli shifokor huzuriga safarlardan ancha dam olayotirsiz.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Alkogolizm

Shifokorning talabi bo‘yicha siydikning umumiy tahlili, qon tahlilini topshirishingiz mumkin. Agar homilador ayol tomonidan biror-bir shikoyatlar bildiriladigan bo‘lsa, shifokor qo‘shimcha tekshiruvlarni tayinlashi mumkin.

Homiladorlikning 14-haftasida nimalar yuz beradi

Xol va papillomalar ayolning badanida aynan homiladorlikning o‘n to‘rtinchi haftasida paydo bo‘lishi mumkin. Bular biron-bir xatar tug‘dirmaydi, lekin bunday o‘zgarishlar xususida shifokorni xabardor qilib qo‘ygan ma’qul.

Homiladorlikning 14-haftasida qorin o‘sadi, demak teri tortilishi sababli unda tilim-tilim atrofik chandiqlar paydo bo‘lishi ehtimoli bor, shuning uchun maxsus krem sotib olish vaqti keldi yoki hech bo‘lmasa, qorinni zaytun yog‘i bilan surtib turish kerak.

Qadam tashlash o‘zgara boshlaydi, shuning uchun poshnali poyabzaldan voz kechgan ma’qul. Homiladorlik – chiroyli ko‘rinishdan voz kechish uchun sabab emas, aksincha, sizning ichki nurlanib turishingiz ruxsoringizga o‘zgacha joziba berib turadi. Shuning uchun sochni chiroyli turmaklash, yuzingizga yengil oro berish, qulay bejirim kiyim kiyish – sizni eng dilrabo homiladorga aylantiradi-qo‘yadi.

© J. Xo‘jaxon.

Homiladorlik.uz