Homiladorlikning 13-haftasida o‘z xavotir va xatarlari bilan birinchi trimestr ham, dastlabki skrining va hisobga qo‘yishlar ham ortda qolmoqda. Bu homiladorlikning bir qadar osoyishta davri hisoblanadi: yoqimli o‘y-xayollar surish, bo‘lg‘usi kichkintoy to‘g‘risida orzu-havas qilish va yangi garderobni taxt qilish uchun ayni palladir. Lekin o‘zingizni yaxshi his qilishingiz – butunlay o‘zni bo‘sh qo‘yishga sabab bo‘lolmaydi, balki turli xil shishlar, qabziyat va boshqa yoqimsiz holatlarning oldini olish uchun ayni vaqtdir.

Homiladorlikning 13-haftasida nimalar yuz beradi

Bo‘lg‘usi onaning gormonlari, ne baxtki, “tinchlanish”ni boshlaydi. Ayol kayfiyatidagi tez-tez almashib turadigan o‘zgarishlar sekin-asta ortga chekinayotganini his etadi, ko‘pgina oldingi xavotirlar bema’ni bo‘lib tuyula boshlaydi. Ko‘ngil aynimaydi, ishtaha yaxshilanadi, siydikning tez-tez kelishi ham bezovta qilmay qo‘yadi. Bachadon o‘sadi, bu vaqtga kelib u qorin bo‘shlig‘iga o‘tadi. Yuz berayotgan jarayon tufayli mazkur bosqichda ichki organlar siljishni boshlaydi, bu harsillash va jig‘ildon qaynashiga olib kelishi mumkin. Uzoq davrlik sayrdan keyin qo‘l-oyoqlaringizda og‘irlik paydo bo‘lishi mumkin, charchoq hissi oldingidan ko‘ra ko‘proq bo‘ladi. Shuning uchun shoshmasdan sayr qiling, sayohat uchun ajratiladigan vaqtni to‘g‘ri taqsimlang, ko‘proq hordiq chiqaring. Bachadonning yuqori tonusi – agar bachadonda tortilish hissiyoti sizni muntazam bezovta qilib turgan bo‘lsa, shifokorga murojaat qiling. Qorin “toshdek qotib qolishi” bilanoq yotib oling, yuklamalarni darhol to‘xtating.

Homiladorlikning 13-haftasida homilaning ahvoli

Kichkintoy ayni soat sayin o‘sadi. Homiladorlikning 13-haftasida homilaning uzunligi 7–8 sm ga yetadi, vazni – 20 g atrofida. Uning hajmini luchchak shaftolidek keladi desa bo‘ladi. Tasavvur qilyapsizmi, bu muddatda kichkintoyning barcha sut tishlariga asos solib bo‘lingan – ular yorib chiqsa bo‘ldi. Bolaning oshqozonosti bezi insulinni ishlab chiqarishni “o‘rganib bo‘lgan”. Tanasi ham tez sur’atda o‘sishni boshlagan, yaqin orada boshning kattaligi ortda qoladi. Homilaning hajmi uncha katta bo‘lmasa-da, mazkur davrda uning harakatlari deyarli to‘xtovsizga aylanadi. Bu holat mushaklar va qo‘l-oyoqlarning normal holda rivojlanishi uchun zarurdir. Faqat qisqa vaqtli uyqu vaqtidagina kichkintoy orom oladi. Bu paytda bolaning suyak to‘qimasi va mushaklari shakllanadi. Ovqat hazm qilish tizimida ham jarayon ketmoqda: ingichka ichakda hazm uchun xizmat qiladigan qilchalar paydo bo‘ladi. 13-haftada murg‘akning ovoz apparatiga asos solinadi, uning qiyofasi esa esa o‘z bichimiga ega bo‘la boshlaydi.

Kayfiyat va homiladorlik parallel “o‘smoqda”

Bu muddatda ayrim ayollarga o‘z holatini yashirish qiyin bo‘ladi. Homiladorlikning 13-haftasida qorin hali sezilmasligi mumkin, lekin kiyim-boshni o‘zgartirish va uzun poshna poaybzaldan voz kechish bu holatni oshkor qilib qo‘yadi. Agar birinchi trimestrda bo‘lg‘usi ona har xil irim-sirimlarni o‘ylab, o‘z holatini “oshkor etish”dan cho‘chigan bo‘lsa, endi bu xavotir birmuncha kamaygan. Unda xush kayfiyatning paydo bo‘lganligi, o‘ziga ishonchning ortgani va ochiq-sochiqligi ham shundan. Ayolni to‘liq mamnunlik sezgilari chulg‘ab oladi.

Shirinlik va xamir mahsulotlari – juda oz bo‘lsa yetadi

Toksikoz ketishi bilanoq deyarli hamma narsani yeyish istagi paydo bo‘lib qolishi mumkin. Biroq ovqatlanish tartibini albatta nazorat qilish kerak, aks holda siz muddatidan oldin ortiqcha vazn yig‘ishga o‘tib ketasiz. Bu esa turli xil asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin. Shirinliklar, xamirli, tuzlangan, qovurilgan ovqatlar – ularni siz juda kam miqdorda o‘zingizga ravo ko‘rishingiz mumkin. Toksikoz ketgach, uning o‘rnini ba’zida jig‘ildon qaynashi egallashi mumkin, shuning uchun to‘g‘ri ovqatlanish ustidan nazoratni nafaqat o‘rnatish kerak, balki shart hamdir. Kepakli non, tvorog, meva va sabzavotlar, boshoqli o‘simliklar, yog‘siz go‘sht – sizning dasturxoningizga birinchi navbatda qo‘yiladigan mahsulotlar mana shular bo‘lishi kerak.

Homiladorlikning 13-haftasida UZI

Agar siz skriningdan o‘tgan bo‘lsangiz va hisobga turgunga qadar asosiy analizlarni topshirib bo‘lgan bo‘lsangiz, shifokor huzuriga kelishingizdan oldin sizga faqatgina siydikning umumiy tahlilini topshirishingizni tayinlashadi. Odatda, mazok topshirish uchun dermatolog-venerolog shifokorga homiladorlikning 12-haftasida yuborishadi, lekin ba’zida bu narsa bir hafta keyinga surilishi mumkin. Bu ish xavfsiz va og‘riqsizdir. Mazkur tekshiruv qin florasining holatini hamda tanosil kasalliklarining bor-yo‘qligini aniqlashga imkon beradi.

Homiladorlikning 13-haftasidagi sezgilar

Ko‘krak hali ham ta’sirchan va u hajman kattalashib borishi mumkin. “Siqilib qolish” hissiyotidan xalos bo‘lish uchun kundalik ich kiyimni almashtirishga to‘g‘ri keladi, axir u borgan sayin tor kelib qolmoqda-da. Og‘iz suti (emchakdan chiqadigan ajralma) homiladorlikning 13-haftasidayoq paydo bo‘lishi mumkin. Bu narsa qo‘rqinchli emas, bunday ajralmalar normal hisoblanadi. Badanda pigmentlar paydo bo‘lishi ehtimoli bor: yuzda och jigar rang dog‘lar, emchak atrofida qorayish, kindikdan qov supachasiga qadar chiziqcha qorayishi. Bu ham gormonal o‘zgarishlar bilan bog‘liq, tug‘ruqdan keyin bu tashqi o‘zgarishlarning barchasi yo‘qoladi. Hozir qorin uchun elastik qo‘shimchasi bor shim xarid qilishning ayni vaqti keldi, bu libosda siz yanada ko‘hlik bo‘lib ko‘rinasiz.

© J. Xo‘jaxon.

Homiladorlik.uz