5
(2)

Bo‘lg‘usi onalarni quyidagi savollar tez-tez tashvishga soladi: toksikoz, ich qotish holatlarida, gemoglobin past bo‘lgan va shishlar paydo bo‘lganida qanday ovqatlanish kerak? Bugungi mavzuimiz shunga bag‘ishlangan.

Agar homiladorlikkacha bo‘lgan odatiy ovqatlanish tartibi sizga a’lo darajadagi sog‘liqni ta’minlagan bo‘lsa, uni o‘zgartirishga hojat yo‘q, chunki keskin o‘zgarishlar yordam berish o‘rniga ko‘pincha zarar keltirishi ham mumkin. Bunday paytda oziq-ovqat mahsulotlarining sifatiga, ularning organizmingiz va bo‘lg‘usi farzandingiz uchun foydasi bor-yo‘qligiga e’tibor qaratish kerak, chunki homila onasidan barcha zarur moddalarni uni o‘rab turadigan suvlar orqali oladi. Ovqatga faqat yangi mahsulotlarni ishlatib, yarim fabrikatlar, konservalardan qochgan ma’qul. Pirojniylar o‘rniga quruq mevalarni, fastfud o‘rniga qaynatilgan mol, parranda go‘shti va baliqni ko‘katlar bilan iste’mol qilgan yaxshi. Qovurilgan va achchiq ovqatlar o‘rniga juda kam miqdorda ziravorlar qo‘shilgan va bug‘da tayyorlangan ovqatlarni yeyish kerak. Endi esa ba’zi konkret holatlarda ovqatlanish tartibi to‘g‘risida so‘z yuritamiz.

Toksikoz paytidagi ovqatlanish

Ko‘ngil aynishi va qusish “sodiq” hamrohingizga aylangan bo‘lsa, nima qilish kerak? Bunday holatda sumkangizda quruq non, kreker yoki chaynash uchun boshqa biror narsa olib yurganingiz ma’qul. Oqsilga boy meva va boshqa mahsulotlar bilan tez-tez tamaddi qilish sizni charchoqdan xalos qiladi, B (ayniqsa B6) guruhiga kiruvchi vitaminlarga boy mahsulotlarni iste’mol qilish esa, ko‘ngil aynishining oldini olishga yordam beradi. Oldin aytganimizdek, kun davomida tez-tez, ammo kichkina porsiyalar bilan ovqatlanish zarur, bu ko‘ngil aynishida yordam berib, oshqozon-ichak yo‘llarining ishini normallashtiradi. Agar toksikozning yoqimsiz belgilari ertalab, hali uxlayotgan paytingizda paydo bo‘lsa, o‘rningizdan turishdan oldin biroz yog‘siz tvorog, yong‘oq, pishloq, turshak yoki mayiz iste’mol qiling. Shuningdek toksikoz paytida nordon olma, kivi, limon bo‘lakchalari, klyukva, brusnika, smorodina mevalari foydali – ular aksariyat homilador ayollarda ko‘ngil aynishini kamaytiradi, ammo ularni och qoringa yemaslik kerak. Ovqatlanishlar oralig‘ida kichik porsiyalar bilan suyuqlik iching. Ichiladigan suyuqlikning umumiy miqdorini cheklash shartmas, chunki toksikozda mineral moddalarni yo‘qotish natijasida organizmda suv kamayishi holati yuzaga kelishi mumkin.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Homiladorlik taqvimi: 21 - hafta

Ichimliklardan yengil damlangan ko‘k choy, meva sharbatlari, mors va kompotlar foydali. Gazlangan ichimliklarni iste’mol qilmagan ma’qul, chunki ular oshqozonning shilliq pardasiga yomon ta’sir qiladi. Toksikoz paytida giyohlar damlamasi ham yordam beradi. Istalgan dorixonadan valeriana, yalpiz, pustirnik nastoykasini topish mumkin. Bu giyohlar tinchlantirib qolmasdan, balki oshqozon spazmlaridan ham xalos etadi. Agar sizni so‘lak oqishi (toksikozning keng tarqalgan belgilaridan biri) bezovta qilayotgan bo‘lsa, og‘zingizni mavrak (shalfey), moychechak (romashka), eman po‘stlog‘idan tayyorlangan damlama bilan chayishga harakat qilib ko‘ring.

Ich qotishida nima qilish kerak

Ichakning normal faoliyatini saqlab turish uchun har kuni ertalab och qoringa bir stakan iliq suv – oddiy yoki bir choy qoshiq asal solingan suvni ichishning o‘zi kifoya. Ich qotishida ertalab och qoringa ichilgan bir osh qoshiq zaytun yog‘i ham yaxshi yordam beradi. Buning ustiga ovqatingizda yetarli darajada oziqlantiruvchi to‘qimalar va kepaklar bo‘lishi lozim. Zaytun yog‘i qo‘shilgan salatlar ham foydali. Uxlash oldidan bir stakan yog‘siz qatiq ichgan ma’qul. Ko‘proq toza suv iching. Kechqurun olxo‘ri qoqisi va turshakni qaynagan suvga solib qo‘yib, ertasiga iste’mol qiling. O‘simlik moyi aralashtirilgan va qaynatib pishirilgan qizil lavlagi ich qotishiga qarshi eng yaxshi vosita hisoblanadi. Bundan tashqari, homilador ayollar uchun maxsus yoga mashqlari bilan shug‘ullaning, ko‘proq piyoda yuring, basseynda cho‘miling. Bir joyda uzoq o‘tirib qolmaslikka harakat qiling: sizning holatingizda yumshoq divandan ko‘ra pol yoki qattiq stulda o‘tirgan ma’qul. Ichni yuvadigan vositalarga o‘rganib qolmang – ichak ishini to‘g‘ri va balanslashtirilgan ovqatlanish yordamida ham normal holatga keltirish mumkin.

Tashxis: kamqonlik

Ko‘pgina ayollar homiladorlik paytlarida tez charchashlari va seruyqulikdan shikoyat qilishadi. Tez toliqish organizmda temir moddasi yetishmasligi tufayli yuzaga kelgan kamqonlik bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Jigar, buyrak, yog‘siz go‘sht, tuxum, yashil sabzavotlar, sabzi, olxo‘ri, o‘rik, grechka kabi mahsulotlar temir moddasiga juda boy. Agar go‘shtsiz ovqat yeyish (vegetarianlik) tarafdori bo‘lsangiz yoki go‘shtni juda kam holatlarda iste’mol qilsangiz, ratsioningizga temir moddasiga boy boshqa mahsulotlarni kiriting. Go‘shtda bola organizmi shakllanishi uchun zarur bo‘lgan oqsil moddasi bor, shu bois go‘shtni rad etmaslik zarur. Homilador ayollarga qaynatib pishirilgan tovuq, kurka go‘shti, bug‘da pishirilgan kotletlarni iste’mol qilish tavsiya etiladi. Go‘sht va go‘sht mahsulotlari hayvonlardan olinadigan to‘laqonli oqsilning asosiy manbai hisoblanadi. Go‘shtning turli navlarida 14 dan 24% gacha oqsil moddalari mavjud. Go‘shtda o‘rnini to‘ldirib bo‘lmaydigan barcha aminokislotalar, temir, fosfor, A, B6, B12 vitaminlari bor.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Chiroyli qomat uchun

Homiladorlik paytida go‘sht asosiy ovqatlarga qo‘shimcha bo‘lishi kerak, aksincha emas. Sutkasiga 100 g go‘sht iste’mol qilishning o‘zi yetarli, oqsil moddasining qolganini boshqa manbalardan olish mumkin. Bunda quyon go‘shti (eng yengil hisoblanadi), yog‘siz parranda go‘shti (broyler tovuqlaridan tashqari) juda foydali. Shuningdek, ovqatlaringiz qatoriga mol va cho‘chqa go‘shtining yog‘siz navlarini qo‘sangiz ham bo‘ladi. Go‘shtli ovqatlarni yangi uzilgan sabzavotlar bilan birga tanovvul qilish kerak. Ular go‘sht mahsulotlarining hazm bo‘lishini yaxshilabgina qolmasdan, uning ba’zi zararli xususiyatlarini ham yo‘q qiladi.

Shishlar paydo bo‘lganida

Bunday holatlarda kaliyga boy va peshob haydaydigan xususiyatga ega mahsulotlar tavsiya etiladi. Ularga o‘rik, shaftoli, qovun-tarvuz, oshqovoq, qulupnay, malina, gilos, apelsin, kartoshka va boshqa meva hamda sabzavotlar kiradi. Homiladorlikning ikkinchi yarmida ovqatdagi tuz miqdorini (sutkasiga 7 g gacha) kamaytirish zarur: tuzning ko‘p bo‘lishi homila atrofidagi suyuqlik miqdorining ko‘payishiga va qon bosimining oshishiga olib keladi. Homiladorlikning oxirgi haftalarida organizmdagi ortiqcha suyuqlikni chiqarib tashlash uchun ovqatga umuman tuz solmagan yaxshi. Ratsiondan marinadlangan mahsulotlarni, yaxshilab qaynab pishgan go‘sht sho‘rvalarini, xantal (gorchitsa), yerqalampir (xren) va buyrak faoliyatini yomonlashtiruvchi boshqa o‘tkir taomlar hamda ziravorlarni chiqarib tashlash lozim. Homiladorlikning so‘nggi oyida suyuqliklar, ya’ni sut, turli sharbatlar, sho‘rvalar va boshqa ichimliklarni ichishni kuniga 1 l gacha cheklash tavsiya etiladi.

© Generation.uz nashri