SABABLARI. Tug‘ma intranatal zotiljam (pnevmoniya) tug‘ruq jarayonida (qog‘onoq suvi yoki bola tug‘ruq yo‘llaridan o‘tayotganida) bola o‘pkasida yuzaga keladi. Bu kasallikni anaerob bakteriyalar qo‘zg‘atishi ham mumkin. Postanal zotiljam esa ko‘pincha tug‘ruqxonada, chaqaloqlar patologiyasi bo‘limlaridagi noqulay shart-sharoit oqibatida orttiriladi.
Homiladorlikning og‘ir kechishi, surunkali homila ichi gipoksiyasi, onada infeksion jarayonlarning kuzatilishi, bosh miya ichi shikastlari va ensefalopatiya, ko‘p bora o‘qchib qayt qilish hamda homilaning chala rivojlanishi yoki o‘sishdan ortda qolishi kabi holatlar tug‘ma zotiljamga sabab bo‘ladi.
Onaning uzoq muddat surunkali dardlar bilan qayta-qayta kasalxonaga yotishi, bemor yotadigan xonalarda sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilinmasligi, chaqaloqlar xonasida malakali hamshira yordami yetishmasligi va boshqa bir qancha sabablar tufayli orttirilgan zotiljam yuzaga keladi. Bolada zotiljam paydo bo‘lishida onaning jismonan va ruhan toliqishi, tanasining zaharlanishi, kasallikka qarshilik ko‘rsatish qobiliyatining susayishi singari omillar sababchidir.
[caption id="attachment_2706" align="aligncenter" width="444"] Tug'ma zotiljam[/caption]
KЕCHISHI VA ASORATLARI. Tug‘ma transplatsentar zotiljam bolaning jag‘, miya va buyraklarini zararlaydi. Bolaning tug‘ilishi og‘ir kechadi, birinchi yig‘isidan so‘ng hansirash, holsizlik, apnoe (nafas olishning vaqtincha to‘xtab qolishi) xurujlari va shishlar kuzatiladi. Tug‘ilganidan bir oz muddat o‘tib jigar kattalashuvi seziladi, biroq talog‘i kattalashmasligi mumkin. Intranatal zotiljamda esa bola tug‘ilganidan bir necha kun o‘tib, bezovtalik, hansirash va lanjlik kuzatiladi. Birinchi yoki ikkinchi kun oxiriga borib tana harorati ko‘tariladi, diareya, konyuktivit, otit, og‘izdan ko‘pik kelishi hollari uchraydi. Zotiljamga chalingan bolaning tana harorati ko‘tariladi, emmay qo‘yadi, ko‘p uxlaydi yoki aksincha, uxlolmay bezovtalanadi. Ba’zida talvasa tutadi, yuragi tez uradi, onda-sonda yo‘talishi mumkin.
DAVOLASH. Zotiljamga duchor bo‘lgan kichik yoshdagi bolalarni, albatta, bolalar shifoxonalarining maxsus bo‘limlarida davolatish lozim. Katta yoshdagi bolalarga esa uy sharoitida davolashga ruxsat beriladi. Lekin bunday hollarda poliklinika shifokori har kuni bemor bolani kelib, nazoratdan o‘kazishi zarur. Bemorning taomlari yuqori kaloriyali, biroq yengil hazm bo‘ladigan, tarkibi yetarlicha vitamin va minerallar bilan to‘yingan bo‘lishi kerak. Yog‘siz mol go‘shti, jigar, tuxum, tvorog, sutli mahsulotlar, sabzavotlar, yashil salat bargi, o‘simlik yog‘i, asal, olma singarilar bolaning ovqatida bo‘lishi tavsiya etiladi. Ko‘pincha kasallik davrida bolaning ishtahasi yo‘qoladi, bunday vaqtlarda uni majburlab emas, balki oz-ozdan tez-tez ovqatlantirish kerak.
Bolaning to‘liq sog‘ayib ketishida jismoniy mashqlar ham muhim ahamiyat kasb etadi. Boshlanishida bolaga ehtiyot bo‘lib oyoqlar uchun oddiy bo‘lgan gimnastik mashqlar – bukish va yoyish, ohista aylantirish, shuningdek, nafas yo‘llari mashqi – nafas olganda qo‘llarni keng yoyish va nafas chiqarganda qo‘llarni birlashtirish buyuriladi.
Rayhon MUDARISOVA, pediatr
"Sihat - salomatlik" jurnali
Ushbu maqolani ham o'qing:
Bola necha yoshda gapiradi? "Tili chiqishi" kechikishiga sabablar nima?