Glaukoma – bu surunkali zo‘rayib boradigan ko‘z kasalligi bo‘lib, ko‘z ichi bosimining ko‘tarilishi, ko‘rish nervi zararlanishi va ko‘rish qobiliyatining tiklab bo‘lmaydigan pasayishi, xattoki ko‘rlik vujudga kelishi bilan namoyon bo‘ladi.
Kassalikni boshlanishi va uning davom etishi ko‘pchilik hollarda belgisiz bo‘lib, bemorni hech nima bezovta qilmaydi.
Jahon miqyosida glaukoma kasalligiga chalingan bemorlar umumiy soni 67 millionga yetadi. Lekin, ekspertlarning xulosasiga ko‘ra, glaukoma kasalligiga chalingan insonlarning yarimi bu kasallanishidan bexabardir. Butun jahon miqyosida tiklab bo‘lmaydigan ko‘rlikning yetakchi sababi glaukomadir.
Ko‘rish qobiliyatining yo‘qolishi ko‘ruv nervining zararlanishi bilan bog‘liqdir. Ushbu nerv millionlar tolalik elektr kabeliga o‘xshash bo‘ladi. U ko‘ruv impulsining ko‘zdan bosh miyaga yetkazilishini ta’minlaydi.
Ko‘z olmasining anatomiyasi
Sezish a’zolarining ichida ko‘ruv a’zosi eng katta ahamiyatga egadir. Tashqi muhitdan kelgan informatsiyaning 90%dan ortiq qismi ko‘z orqali olinadi. Ko‘ruv a’zosi ko‘z kosasida joylashgan ko‘z olmasi (ko‘z) va ko‘zning yordamchi a’zolaridan iborat. Ko‘z olmasi asosan dumaloq shakliga ega bo‘ladi. Uning tashqi qavati juda jips tuzilgan, nurlarni o‘tkazmaydagan va ko‘z olmasining shaklini saqlab turadigan skleradan, hamda tiniq (shaffof) va tekis egilgan shox pardasidan iborat. Shox parda orqali ko‘zning ichiga nur tushadi va u ularni sindiradi.
Tiniq shox parda orqali biz turli ranglarga ega bo‘ladigan rangli pardani va qora rangli qorachiqni ko‘ramiz. Rangli pardaning mushaklari harakatlanganda qorachiq kengayishi va torayishi, va shu orqali ko‘z ichiga tushgan nurlarning miqdorini idora qilishi mumkin. Qorachiq nurlarni ko‘z gavhariga yo‘naltiradi. Ko‘z gavhari esa o‘z navbatida nurlarni ko‘zning eng ichki qavati ya’ni to‘r pardasiga yig‘ib beradi. To‘r pardasi nur energiyasini qabul qilib, ushbu informatsiyani nerv tolalari orqali bosh miya markazlariga yo‘naltiradi.
Ko‘z ichida doimiy ravishda ko‘z ichi suyuqligi ishlab chiqarilib, u keyinchalik tuzilishi murakkab drenaj sistemasi orqali chiqariladi, va uning asosiy funksiyasi ko‘z ichki qavatlarini oziqlantirish va kislorod bilan ta’minlashdan iboratdir. Sog‘lom insonning ko‘zida ko‘z ichi suyuqligini ishlab chiqarilishi va uning ko‘zdan chiqib ketish jarayonlari bir biriga mutanosibdir.
Ko‘z ichi suyuqligining chiqib ketishi jarayoni buzilganda u ko‘z olmasida yig‘ilib qoladi va ko‘z ichi bosimi (KIB)ning oshishiga olib keladi. KIBning ko‘tarilishi ko‘ruv nervi zararlanishining asosiy omili bo‘lib, bosh miya markazlarigacha ko‘ruv signallari to‘liq yetib bormasligiga olib keladi. Ushbu holat ko‘rish maydonining tiklab bo‘lmaydigan torayishiga olib keladi va shuning oqibatida ko‘zlaringiz ko‘rishi kerak bo‘lgan tasvirlarni bemor to‘liq ko‘raolmaydi.
Glaukomaning turli shakllari mavjud, ammo eng ko‘p uchraydigan shakli – bu ochiq burchakli glaukomadir. Glaukomaning ushbu shakli asta sekin rivojlanib boradi va ko‘pincha uzoq vaqt davomida sezilarli ko‘rish nuqsonlarisiz kechadi. Glaukoma o‘ta xavfli kasallik, chunki kasallik belgilari uning anchagina rivojlangan bosqichida bemorga sezila boshlaydi. Glaukomaning eng muhim belgilaridan biri – bu ko‘rish maydonida nuqsonlar vujudga kelishidir. Bizning atrofimizdagi ko‘ringan muhit – bu ko‘rish maydoni.
Normada ko‘rish maydoni bizga atrofimizdagi muhitda harakatlanish, ko‘pgina buyumlarni baravariga ko‘rish, ularning katta-kichikligini hamda ko‘rinishini payqash imkoniyatlarini beradi. Glaukomaning boshlang‘ich bosqichida ko‘pincha ko‘rish maydonining markaziy kichik nuqsonlari paydo bo‘ladi. Glaukoma rivojlanishi bilan ko‘rish maydoni chegaralarining torayishi aniqlanadi. Keyingi bosqichlarida naychasimon markaziy ko‘rish yoki ko‘rish maydonining chakka qismidagi ekssentrik ko‘rish qoldiqlari saqlanib qoladi. Glaukomaning terminal bosqichida ko‘rish qobiliyatining to‘liq yo‘qolishi kuzatiladi.
Glaukoma - juda keng tarkalgan kasallik bo‘lishiga qaramasdan, hanuzgacha bu kasallikni kelib chiqish sabablari noma’lum. Har bir odam glaukoma kasalligiga chalinib qolishi mumkin, biroq, ma’lum bir insonlarda bu xastalik rivojlanishiga olib keladigan bir qator moyillik xavfi omillari aniqlangan:
- Inson yoshi 40dan oshganligi. Uning yoshi qanchalik katta bo‘lsa, shunchalik kasallik paydo bo‘lishi xavfi yuqori bo‘ladi;
- Yaqin qarindoshlarda glaukoma kasalligi mavjudligi: ota-ona, aka-uka, opa-singillar;
- Ayrim yo‘ldosh yurak-qontomir sistema kasalliklari: arterial giper- va gipotoniyasi, tomirli vegetativ distoniyasi, migren va hokazolar;
- Yaqindan ko‘rish (miopiya);
- Uzoq vaqt davomida steroidlarni qo‘llanilishi.
Ko‘z ichi bosimi ko‘tarilishi glaukoma kasalligi rivojlanishining asosiy omillaridan biri deb hisoblanadi. Ko‘z ichi bosimi darajasining nazorati – glaukoma terapiyasining asosiy maqsadlaridan biridir. Ko‘z ichi bosimi darajasini nazorat ostida ushlab turilishi ko‘rish nervining zararlanishini oldini oladi, buning oqibatida ko‘rish qobiliyatini saqlab qolishni ta’minlaydi.
18-25 simob ustuni mm ga yaqin ko‘z ichi bosimi ko‘pchilikda ko‘z ichi bosimining normasi deb hisoblanadi.
Glaukomani erta tashxislash ko‘rishni himoyalashda hamda bu kasalllik zarar yetkazishini oldini olishda asosiy omildir.
Oftalmolog mutaxassisning ko‘rigidan doimiy ravishda o‘tish tartibi quyidagicha bo‘lishi zarur:
- 35 yoshdan 40 yoshgacha bo‘lsangiz – 4 yil davomida bir marta, 40 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lsangiz - har ikki yilda bir, 60 yoshdan oshganda – har yili bir marta;
- Sizda moillik faktorlari mavjud bo‘lgan holda, 35 yoshdan oshganingizdan keyin har yili bir marta yoki har ikki yilda bir ko‘rikdan o‘tishingiz shart.
Glaukoma kasalligiga uchraganllikni shifokor faqat kompleks tekshiruv, shu jumladan ko‘z ichi bosimini o‘lchash (tonometriya), ko‘rish maydonini tekshirish (perimetriya) va oldingi kamera burchagini tekshirish (gonioskopiya) tekshiruvlarini qo‘llash yo‘li bilan aniqlashi mumkin.
Glaukoma kasalligini davolash uchun uch asosiy uslub mavjud: dori vositalarini qo‘llash, lazer va jarrohlik usullari. Faqat oftalmolog shifokori ko‘p omillarni tahlil qilgan holda bu uslublarni qay birini va dori vositalarini u yoki bu konkret davolash jarayonida zarurligini tanlab berishi mumkin. Davolashni samaradorligini oshirish uchun shifokor bergan barcha tavsiyalari astoydil bajarilishi maqsadga muvofiqdir.
O‘zboshimchalik asosida o‘zini o‘zi davolash mutlaqo ta'qiqlanadi. Shuni ta’kidlab o‘tish joiski, hech bir alternativ dori-darmonsiz davolanish, shu jumladan parhez tutish, badantarbiya va oziq-ovqatga qo‘shimchalar kiritish, oftalmolog shifokor tomonidan belgilangan terapiya asosida davolanishni o‘rnini bosa olmaydi.
[highlight]Avitsenna.uz sayti orqali mavzuga aloqador quyidagi maqolalarni ham o‘qishingiz mumkin:[/highlight]