2.7
(11)

Ichaklarning me’yordagidan kengayib yoki uzayishi girshprung kasalligi hisoblanadi va asosan yosh bolalarda tug‘ma holda uchraydi. Girshprung ko‘proq o‘g‘il bolalarni bezovta qiladi.

Ichaklar faoliyati Meysner va Auerbax nerv chigallari tomonidan boshqariladi. Ana shu nerv chigallari hujayralari meyorda o‘sib yetilmasligi (yoki mutlaqo mavjud bo‘lmasligi) ona qornidagi bolaning girshprung bilan xastalanib tug‘ilishiga sharoit yaratadi.

Chaqaloqning girshprung bilan dunyoga kelishiga bir nechta omillar sabab bo‘ladi:

  • ayolning homiladorlik davrini yomon o‘tkazishi;
  • bo‘yida bo‘lgan dastlabki oylarda avitaminozga chalinishi;
  • homiladorlikning boshlang‘ich oylarida o‘tkir yuqumli kasalliklar bilan og‘rishi;
  • bo‘lajak onaga va homilaga V guruhidagi vitaminlar yetishmasligi.

Girshprungga uchragan go‘dakning ichaklarida peristaltika (to‘lqinsimon harakat) jarayoni ro‘y bermaydi, qabziyat (ich qotish) rivojlanadi, bolani qorin dam bo‘lishi bezovta qiladi.

Bemorning ichi ikki-uch kunda bir marta kelishi mumkin. Natijada yo‘g‘on ichakda najas (axlat) yig‘ilib qoladi va ichaklar kattalasha boradi.

Kengaygan va uzaygan ichaklar qo‘shni a’zolar (qon-tomirlar, yurak, o‘pka)ni qisib qo‘yishi natijasida bolaning nafas olishi qiyinlashadi, yuragi tez-tez uradi.

Girshprung kasalligi

Girshprung kasalligi

Ba’zan yig‘ilib qolgan axlat o‘z vaqtida tashqariga chiqarilmagani tufayli ichaklarga qayta so‘riladi va organizm zaharlana boshlaydi. Bunday zaharlanish davomida bolaning ishtahasi yo‘qoladi, behollanib, boshi og‘riydi.

Girshprung bilan og‘rigan bola ozib ketadi, terisi quruqlashib, ko‘z kosasi chuqurlashadi, hatto, oyoqlari ham noziklashib qoladi.

Kasallikni davolash ikki xil (konservativ va jarrohlik) usulda olib boriladi.

Yengilroq turida konservativ usul qo‘llanilib, bolaga dori-darmon buyuriladi, ichaklari huqna yordamida tozalanadi, ich yurishi ta’minlanadi. Shundan so‘ng uning umumiy ahvoli yaxshilanadi.

Girshprung tashhisi qo‘yilgan va bu kasallik rivojlangan bolalarda jarrohlik amaliyoti o‘tkaziladi. Kengaygan yoki uzaygan ichaklarning zararlangan qismi olib tashlanadi, izdan chiqqan nerv chigallari, shuningdek, faoliyati susaygan nerv tizimining simpatik va parasimpatik bo‘limlari yaxshi ishlashiga imkon yaratiladi.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Sariq kasal - sabablari, turlari, alomatlari, davolash va oldini olish

Unutmaslik kerakki, operatsiyadan keyin bemor bolalar kolit (yo‘g‘on ichak kasalligi)ga moyil bo‘lib qolishadi. Shuning uchun ular jarrohlikdan so‘ng parhezga amal qilishlari lozim, qattiq qovurilgan yog‘li ovqatlar zarar, bug‘da pishirilgan taomlar va yumshoq bo‘tqalar hamda suyuq sho‘rvalar ichishlari foydalidir.

Shifokor nazoratida bo‘lib, ovqatlanish va dam olish to‘g‘ri tashkil etilsa, bemor bola sog‘ayib ketadi.

© Fotima NORBOYEVA, shifokor.
«Sihat-salomatlik» jurnali.

 

Gastroenterologik kasalliklarda eng kop qo’llaniladigan dori vositalardan biri URSOSAN FORTEdir:

https://apteka.uz/uz/product/ursosan

*Qo’llash mumkin bo’lmagan holatlar mavjud. Ishlatishdan oldin shifokor bilan maslahatlashing.