Dilbandiga «gidrotsefaliya» tashxisi qo‘yilgan ota-onalar bu dardning azobini yaxshi bilishadi.

Bugungi kelib, bosh miya suyuqligining ortishi, ya’ni gidrotsefaliya xastaligi yangi tug‘ilgan chaqaloqlardan tortib bir yoshdan oshgan bolakaylarda ham kuzatilmoqda. Xo‘sh, buning sababi nimada? Umuman, gidrotsefaliya haqida nimalarni bilamizu qanday ma’lumotlardan xabardor bo‘lishimiz shart? Bu haqda oliy toifali shifokor-nevrolog Muhabbat NASULLAYEVA "Sug‘diyona" gazetasiga ma’lumot berdi. Quyida ushbu ma’lumotlar bilan tanishishingiz mumkin.

Gidrotsefaliya - bu qanday kasallik?

Har bir odamning bosh miyasida suyuqlik (likvor) ishlab chiqarilib, miya to‘qimalariga qayta so‘riladi. Mazkur jarayonning buzilishi natijasida esa kalla ichi bosimining ortishi yoki miya suyuqligining to‘planib qolishi kabi holatlar yuzaga keladi. Miya suyuqligi miya qorinchalarida to‘planadi va miya pardalari orasida oqib turadi. Agar ushbu jarayon odatiy tartibdan chetlashsa, miya suyuqligi miya qorinchalarida to‘planadi-yu, ammo harakatlanmaydi. Bu esa gidrotsefaliya degani.

Gidrotsefaliya sabablari

Gidrotsefaliyaning bir necha turlari va ko‘rinishlari farqlanadi. Go‘dak yoshidagi bolalarda xastalikning 80 foizi homila rivojlanishi vaqtida onaning infeksion xastaliklar bilan og‘rishi, nosog‘lom turmush tarzi va homila rivojlanishi davridagi tashqi omillar ta’siridan bo‘lsa, 20 foizi tug‘ruq jarayoni asoratlaridan bo‘lishi mumkin.

Bir-ikki yosh va undan yuqori yoshdagi bolalarda esa bosh miya qon tomirlaridagi rivojlanish nuqsonlari, infeksion turdagi kasalliklar, meningit, yopiq bosh miya jarohatlari, shuningdek, genetik moyillik kabilar tasnif etiladi. Yana yoshidan oshgan bolalarda gidrotsefaliya hamroh kasalliklar, masalan, surunkali shamollash yoki virusli kasalliklar asoratida ham yuzaga chiqishi mumkin. Shu bilan birga, miyada hosil bo‘lgan shishlar, kalla suyak ichidagi bosimning oshishiga sabab bo‘lib, gipertenzion-gidrotsefaliya sindromini yuzaga keltiradi.

Belgilari

Odatda, kasallikka baho berishda ikki yoshgacha va undan keyin yuzaga keladigan alomatlar tavofut qilinadi. Go‘daklarda bosh tuzilishi asosiy belgilardan biri. Agar gidrotsefaliya alomatlari mavjud bo‘lsa, bosh aylanasi o‘lchamining kattalashishi hisobiga bosh suyagi joyidan qo‘zg‘aladi. Natijada bosh tuzilishida o‘zgarish bo‘lib, peshana oldinga bo‘rtib chiqadi. Boshdagi liqildoqning shishib qolishi va bir yarim yoshga qadar ham bitmasligi, bola boshini tez-tez orqaga tashlashi, sababsiz bezovta bo‘lishi ham kasallik belgisidir. Bir-ikki yoshdan oshgan bolalarda esa bosh og‘riqlari, ko‘rish qobiliyatining sustlashishi, uyqu tartibining buzilishi, lanjlik, holsizlik, ba’zida siydik tutolmaslik, xotira pasayishi, diqqatni jamlay olmaslik kabi alomatlar tilga olinadi.

Tashxis

Kichkintoyga xastalik tashxisini qo‘yishdan avval bir qancha tekshiruvlar o‘tkaziladi. Dastlab, bola bosh aylanasining o‘lchami tekshiriladi. Bosh aylanasi me’yordan katta, bosh qismining yuz qismiga nisbatan yirikroq, peshona qismida qon tomirlarining yaqqol ko‘rinib turishi, ko‘z olmasining tepa qismida oqlik ko‘rnib qolshi (botayotgan quyosh simptomi) hastalikning tashqi belgilaridir. Agar bola boshidagi liqildog‘i hali qotmagan bo‘lsa, bosh miya UTTsi — neyrosonografiya qilinadi. Yoshidan oshgan bolalarga esa ultratovushli tekshiruvi hamda rentgenografiya usullari qo‘llaniladi. Shuningdek, zarur hollarda kompyuter tomografiya hamda magnit-rezonans tomografiya tekshiruvi ham o‘tkazilishi mumkin. Natijalarga ko‘ra, shifokor bolangiz uchun kerakli bo‘lgan muolaja turini tavsiya etadi.

Gidrotsefaliyani davolash

Agar bolada gidrotsefaliya tashxisi tasdiqlansa, albatta, neyroxirurg-mutaxassisga uchrashish kerak. Bunda kasallik turi va darajasiga ko‘ra muolaja usuli tanlanadi. Dori preparatlari yordamida davolash usuli buyurilganda miyada to‘planib qolgan suyuqlik siydik haydovchi preparatlar yordamida tashqariga chiqariladi. Keyinchalik xastalik alomatlari takrorlanmasligi uchun bola immunitetini yaxshilovchi hamda ma’lum vaqtgacha siydik haydovchi damlamalar bilan profilaktika choralarini qo‘llash tavsiya etiladi.

Asosiysi muolajalardan so‘ng bola yiqilib, tan jarohat olmasligiga e’tibor qaratish shart. Ayrim hollarda sog‘lom bolalarning ham bosh aylanasi kattaroq bo‘ladi. Bu holat ota-onaning birida bosh tuzilishi katta bo‘lishi bilan izoxlanadi. Lekin kasallik hisoblanmaydi.

Jarrohlik amaliyoti nega kerak?

Tug‘ma gidrotsefaliya hamda kasallikning og‘ir turlarida xastalikning rivojlanishini to‘xtatish uchun jarrohlik amaliyotiga murojaat qilinadi. Albatta, bunday amaliyot uchun chuqur tibbiy tekshiruvlar o‘tkazilishi va kichkintoyning umumiy ahvoli qoniqarli bo‘lishi lozim. Ushbu amaliyot hozirda keng qo‘llanilib, miyada to‘planib qolgan ortiqcha suyuqlik maxsus qurilma naychasi (shunt) yordamida qorin bo‘shlig‘iga tushiriladi. Shu o‘rinda jarrohlik amaliyotidan so‘ng bolaning bosh tuzilishi asl holiga qaytadimi yoki yo‘q degan savol tug‘iladi. Agar kasallik o‘z vaqtida aniqlansa va kerakli muolajalar qo‘llanilsa, bosh aylanasi me’yoriy holatga qaytishi mumkin.

Hastalik o‘tkazilib yuborilib, kalla suyaklari kattalashib bo‘lgan bo‘lsa, amaliyot orqali kasallik rivojlanishi to‘xtatiladi, xolos, ammo bosh tuzilishi o‘zgarmaydi. Eng muhimi, mazkur usul bolakayga sog‘lom turmush tarzini tuhfa etib, jismoniy va aqliy rivojlanishda tengqurlariga yetib olish imkonini beradi.