Shifo ulashuvchi sabzavot sharbati: Sabzavot sharbatini har kuni iste’mol qilish ko‘zdagi mayda qon tomirlarini yaxshilab, ko‘z nurini tiniqlashtiradi. Tanaga quvvat bag‘ishlaydi. Sabzavotlar tarkibida kletchatka, mineral, antioksidantlar va bir qancha kasalliklarni oldini oluvchi darmondorilar mavjud. Har kuni ovqatlanish tartibiga sabzavotlardan tayyorlangan sharbat yoki bo‘lmasa yangi uzilgan ko‘katlardan ovqatga qo‘shib tanovvul qilishning o‘zi kifoya. Sog‘lom turmush tarziga rioya qilish esa albatta ovqatlanish tartibiga jiddiy qarash demakdir. Iste’mol mahsulotlari tarkibida A va D darmondorisi bo‘lishi shart. Jumladan, lavlagi, pomidor sharbati, xurmo, sut mahsulotlari, qizil sabzi, selder va petrushkadan imkon qadar ko‘proq tanovvul qilish nihoyatda foydalidir. Yalpiz sharbati ham bebaho foydali vositadir. D – darmondorisi sariyog‘, tuxum sarig‘i va baliq mahsulotlari tarkibida bor. Yuqorida keltirilgan darmondorilar asab tizimini mustahkamlab, miyada qon aylanishini yaxshilaydi. Lavlagidan salat tayyorlab, unga turli xil ko‘katlardan to‘g‘rab soling, ta’bga ko‘ra yong‘oq ham solishingiz mumkin. Tabiiy o‘simliklardan tayyorlangan fitochoy ham ko‘rish qobiliyatini yaxshilaydi va asab tizimini mo‘’tadillashtirib, ko‘zdagi charchoqni ham oladi. Jumladan, yalpiz, tirnoqgul va shivitdan damlamalar tayyorlab ko‘zga muolaja qilish ham koni foydadir. Ko‘zga mashqlar qilish ham ko‘zdagi charchoqni oladi. Qon tarkibida yetarli miqdorda darmondorilar bo‘lmasa ham ko‘z kasalliklari yuzaga keladi. A darmondorisi ko‘rish qobiliyatini me’yorda ushlab turuvchi omildir. Agarda u yetarli miqdorda bo‘lmasa tanada salbiy o‘zgarishlar, ko‘z kasalliklari yuzaga keladi. Sabzi, pomidor, kartoshka, pista, petrushka, sabzavot barglari va shu bilan birga dengiz mahsulotlari ushbu darmondoriga boy. Ko‘zlarga hayot bag‘ishlovchi yana bir darmondori kaliy. Ushbu darmondori o‘rik, olma sirkasi va asalda yetarli miqdordadir. Quyosh nuri bir qator terapevtik kasalliklarga hamda ko‘z xastaligi uchun foydalidir. Quyosh nuri ko‘z nurini uzaytiradi (me’yorini ham unutmang). Bir qator foydali jihatlaridan biri shundaki, qon aylanishini yaxshilaydi. Teriga tetiklik bag‘ishlaydi. Ko‘p vaqtingiz quyosh tig‘i ostida bo‘lsa ham ko‘zlar zo‘riqishiga olib keladi. Tabobatda ko‘z uchun foydali bo‘lgan jenshen, na’matak, sabzi, zaytun moyi, piyoz, asal va boshqa bir qator o‘simliklardan dori tayyorlanadi. Buning sababi shuki, ko‘zlarimiz uchun kerakli bo‘lgan hayotiy zarur darmondorilar ushbu o‘simliklar tarkibida ko‘p miqdorda mavjudligidir.

© tib.islom.uz