Asosan jigar yallig‘lanishi bilan kechadigan D gepatiti hozirgi vaqtda turli yoshdagi kishilar o‘rtasida uchraydi. Bu kasallik gepatit B ning zamirida rivojlanadi.
Kuzatishlarga ko‘ra, gepatit D virusi ko‘pincha sterillanmagan tibbiy asbob-uskunalar orqali, masalan, qon quyganda, shuningdek tishlarni davolaganda, yetarlicha himoyalanmay jinsiy aloqa qilganda kishiga yuqib qoladi.
Bundan tashqari, D gepatiti virusi nuqsonli bo‘lib, uning ko‘payishida B gepatiti viruslari muhim rol o‘ynaydi. Demak, o‘tkir yo surunkali B gepatiti bilan og‘riganlarda D gepatit yuzaga kelishi tezlashadi.
Kasallik viruslari tashqi muhitga juda chidamli bo‘ladi, biroq zararlangan joyni kislota va ishqorlar bilan artganda nobud bo‘ladi.
Agar gepatit B bilan og‘rigan odam ayni vaqtda gepatit D ga ham chalinib qolsa, super infeksiya, ya’ni bitta infeksiyaga boshqasining qo‘shilishi ro‘y beradi. Bunday holat ayniqsa:
- narkotik moddalarni inyeksiya yo‘li bilan qabul qilganda;
- tez-tez qon almashtirib (ya’ni qon quydirib) turganda;
- gemodializ (sun’iy buyrak) apparatidan foydalanganda;
- badanga naqsh solish (tatuirovka) da;
- stomatologiya kursisida tishlarni davolatganda;
- tartibsiz jinsiy aloqa qilganda tez-tez ro‘y beradi.
Kasallik yuqqandan keyin...
D gepatiti virusi qonga tushgach, jigarning eng ichkari hujayralarigacha yetib boradi. Ayanchli tomoni shundaki, D gepatitini yuqtirgan bemorning jigari ilgari B gepatiti virusi bilan albatta, og‘rigan bo‘ladi. O‘z-o‘zidan ayonki, delta gepatit virusi B gepatiti virusining genetik mahsulotlariga qo‘shilib, (ochiqrog‘i jigarda o‘rnashib) hujayralarda virus zarrachalarining ko‘payishini faolllashtiradi. Bu esa jigar hujayralarining kuchli zararlanishi va yallig‘lanishiga olib keladi.Virusli gepatit D alomatlari
Ta’kidlash joizki, D gepatiti alomatlari (simptomlari) xuddi virusli gepatit B niki singari kechadi. Masalan, bemor quvvatsiz bo‘ladi, salga charchaydi, terlaydi, kayfiyat salga buziladi, ish qobiliyati pasayib ketadi. Ayrim hollarda beholllik shunchalar kuchayadiki, hatto bemorlar ish jarayonida ham dam olishga majbur bo‘lishadi. Aksariyat bemorlar esa tezlik bilan oza boshlaydilar.- Ayniqsa, kasallik xuruji davrida bemorlarning qariyb hammasida dispeptik sindrom (ya’ni doimiy ko‘ngil aynishi, qayt qilish, ishtaha yo‘qolishi) rivojlanadi.
- Ba’zi hollarda esa xuruj vaqtida bemorlar jigar sohasidagi og‘riqdan shikoyat qiladi. Bunday og‘riq ko‘pincha jismoniy harakat paytida yoki parhez buzilganda paydo bo‘ladi. Bemor o‘ng biqinida xuddi “bir narsa osilib turgandek” bezovtalanadi. Bundan tashqari ozgina ovqat iste’mol qilinsa ham oshqozon sohasida og‘irlik seziladi.
- Kasallikning og‘ir turida uyquchanlik, burun va milklarning tez-tez qonashi, badanda sariqlikning kuchayishi kuzatiladi. Ayrim bemorlarning bo‘g‘imlarida og‘riq turadi hamda tana harorati ko‘tariladi. Jigar paypaslab ko‘rilganda qo‘lga qattiq tegadi, qirrasi o‘tkir, yuzasi tekis bo‘ladi. 30-40 foiz holatlarda esa taloq kattalashishi mumkin.
Jigar serroziga bir qadam
Aytish joizki, D gepatiti (delta gepatit ham deyiladi) xurujlari yil davomida besh martagacha qaytalashi mumkin. Bu xurujlar vaqtida bemor biroz sovuqqotadi, mushaklari va suyaklarida og‘riqni sezadi, badanidagi sariqlik kuchayadi. Ayrim bemorlar burnidan hech sababsiz qon ketadi, milki qonayveradi. Delta gepatitga chalingan 10-15 foiz bemorlarda esa oyoqlar shishishi va qorinda suyuqlik to‘planishi (istisqo) kuzatiladi. Kasallik juda tez avj olib jigar sirroziga aylanib ketishi mumkin. Masalan, delta-gepatit bilan og‘rigan bemorlarning aksariyatida 6-7 oy ichida jigar sirrozi rivojlanadi.Profilaktika, emlash, muolaja
Kasallikning oldini olish uchun avvalo B gepatitiga qarshi o‘z vaqtida emlangan ma’qul. Emlash to‘g‘ri bajarilsa kishi virusli D (delta) gepatitiga umuman chalinmaydi. Shuningdek odam juda hushyor bo‘lishi, turmushda ozodalikka amal qilishi, ayniqsa, davolanayotgan paytlarda sterillangan asbob-uskunalardan foydalanishi lozim. Muolaja jarayonida odatda virusga qarshi alfa-interferon qo‘llaniladi. Bu preparat virusning jigar hujayralarida ko‘payishiga qarshilik ko‘rsatadi. Shuningdek bemorning immunitetini ko‘tarish ham foyda beradi. Simptomatik (dori-darmonlar orqali) davo usullari yordamida qonni toksinlar (zaharlanishlar) dan tozalash buyuriladi. Bundan tashqari vitaminlar va gepatoprotektorlar (jigar hujayralarini himoyalovchi preparatlar) qo‘llaniladi.Bilib qo‘ygan yaxshi
Man etiladi! Virusli B va D gepatitlari bilan og‘riganlar quyidagi mahsulotlardan o‘zlarini tiyishlari kerak:- yog‘li shirin kulchalar, qatlama, sutga qorilgan xamirdan tayyorlangan pishiriqlar;
- nordon, shuningdek bochkada tuzlangan sabzavotlar va loviya yoki no‘xat (qorinni dam qilmasligi uchun)
- qaynatilgan yoki qovurilgan tuxum, qaymoq va yog‘li pishloq;
- gazlangan ichimliklar;
- achchiq qahva, muzqaymoq va qora shokoladlar;
- Murabbo, asal, qand va karamelli konfetlar cheklangan miqdorda iste’mol qilinadi.
Muxlis maslahati
Junaydullo Bahriyev, Samarqand: — Gepatit B bilan og‘riganimdan keyin doim parhezga rioya etib yuraman. Bilganlarimni muxlislar bilan bo‘lishish istagida maktub yo‘llayapman. Parhez uchun buyurilgan taomlarni qachon va qanday iste’mol qilish, ayniqsa ularni tayyorlash qoidalariga rioya etishning ahamiyati katta. Chunki jigar kasalliklarida iste’mol qilinadigan taomlarga ziravor va tuzni kamroq solish kerak. Bunday taomlar yaxshi pishirilgan, iloji bo‘lsa bug‘da dimlangani ma’qul.- Sabzavot va yormalardan tayyorlangan go‘shtsiz sho‘rvalar, qiymali ugra hamda mastavalar yengil taom hisoblanadi. Ovqatlarga yog‘siz mol go‘shti va tovuqning yumshoq joylaridan ishlatish kerak.
- Palov tayyorlashda zirvagi kamroq qovurilib, unga qaynatilgan go‘sht solishni tavsiya etaman. Shuningdek yog‘siz baliqni qaynatib yoki gaz pechida pishirib iste’mol qilish ham mumkin. Sut-qatiq mahsulotlari yangi xolda bo‘lsa yanada yaxshi. Ho‘l mevalarning shirin turlaridan xomligicha yeb turish kerak. Yoki ulardan kompot va kisellar tayyorlab ichish mumkin.
© Kamron Mahkamov
Ushbu maqolani ham o'qing:
Mavsumiy allergik rinit - alomatlar, kelib chiqish sabablari va tashxislash ( 1-qism )