Mushaklar orasidagi katta o‘lchamdagi gematomalar turli asoratlarga olib kelishi mumkin. Ayniqsa bosh miyada va ichki a’zolarda joylashgan gematomalar ba’zida hayot uchun xavflidir.
Bosh miya gematomalari (subdural, epidural va ayniqsa, miya ichi gematomalari) miya to‘qimalari siqilishi, so‘rilishi va miya to‘qimasining shishiga olib keladi.
Ichki a’zolar gematomalari qorin va qorin orti bo‘shlig‘iga qon quyilishi bilan birga kechadi va ancha xavfli sanaladi. Arterial qon ketishi qon bosimi yuqoriligi uchun tezda katta miqdordagi qon yo‘qotish oqibatida shok holati kelib chiqishi mumkin. Venoz qon ketishlar esa sekinroq davom etadi.
Gematoma kichik va kattaroq yoshdagi bolalarda bir xilda kechadi. Lekin kichik bolalarda tiklanish va reabilitatsiya davri tezroq kuzatiladi.
O‘tkir kechayotgan gematomalar atrofdagi to‘qimalarni siqib qo‘yishi, ularning faoliyatini buzishi mumkin. Surunkali davrda esa gematoma chandiqlar qoldiradi, oqibatda a’zolarning ishi izdan chiqishi mumkin.
Gematomalarga ba’zida infeksiya ham tushadi. Lekin aksar hollarda gematomalar asoratsiz so‘rilib ketadi.
© Farhod DAUTOV, professor. Zulfiya G‘IYOSOVA, umumiy amaliyot shifokori. "Sihat-salomatlik" jurnali.
Ushbu maqolani ham o'qing:
Mavsumiy allergik rinit - alomatlar, kelib chiqish sabablari va tashxislash ( 1-qism )