Bosh miyada qon aylanishi buzilishiga olib keluvchi xavfli omillar

Serebrovaskulyar kasalliklar zamonaviy tibbiyotning dolzarb muammolaridan biri hisoblanadi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga qaraganda, bu kasallik barcha mamlakatlarda juda keng tarqalgan. Kasallanish 1,5 dan 7,4 gacha (1000 aholi hisobiga), o‘lim 10-15 foiz, majruh bo‘lish 30-35 foizni tashkil qiladi. Bundan ko‘rinib turibdiki, hozirgi vaqtda bu masala faqat tibbiyot muammosi bo‘libgina qolmay, balki ijtimoiy vazifalardan biriga aylanmoqda.

So‘nggi yillarda ishemik insult xavfi muammosi barchaning e’tiborini jalb qilmoqda. Bu esa hozirgi paytda farmakologiya, klinik tekshiruvlar, kasallikning birlamchi va ikkilamchi profilaktikalari rivojlanganligiga qaramay rivojlanayotgan va rivojlangan davlatlar ichida o‘lim va nogironlikning 1/2 qismi uchun asosiy sabab bo‘lib qolayotganligi bilan xarakterlanadi. Serebrovaskulyar kasalliklarning kundan-kunga yosharib borishini hisobga olsak, bu muammoning naqadar dolzarbligini tushunish mumkin. Dunyo bo‘ylab bir yilda 6 mln. aholi bosh miya insulti kasalligi bilan xastalanadi. Shunisi ayanchliki, bu bemorlarning 20 foizigina faol hayotga qaytadi.

O‘tkir bosh miya qon aylanishining buzilishi – bu o‘choqli belgilar, umumiy miya belgilari, meningial belgilar yoki bu belgilarning birgalikda kechishi bilan ifodalanuvchi, qon-tomir o‘zgarishlari ta’sirida yuzaga keluvchi miyaning zararlanishidir. Bemordagi nevrologik nuqsonlarning qancha vaqt saqlanib qolishiga qarab o‘tib ketuvchi miya qon aylanishining buzilishi va insultlar tafovut etiladi. Tez-tez emotsional zo‘riqish, kam harakatlik, chekish, tana vazni yuqori bo‘lishi, qandli diabet, arterial gipertenziya, dislipoproteinemiya, yurak qon-tomir sistemasi kasalliklariga irsiy moyilligi bor bemorlar ushbu kasallikka ehtimolligi yuqori bo‘lgan bemorlar hisoblanadi.

O‘tkir bosh miya qon aylanishining buzilishi ishemik turi bosh miyaning kislorodga va energetik substratlarga bo‘lgan ehtiyojini, miyaga kelayotgan qonni ta’minlay olmasligi va miyadagi qon aylanishining birdan yomonlashishi natijasida yuzaga keladi. O‘tkir bosh miya qon aylanishining buzilishi gemorragik turi asosida esa miya qon tomirlari devori butunligi buzilishi natijasida miya to‘qimasiga, miya qorinchalariga, miya pardalari ostiga qon quyilishi yotadi.

Bosh miya qon-tomir kasalliklarining kelib chiqish sabablarini o‘rganish natijasida bir qancha xavf omillari borligi aniqlandi: bemorlar yoshi kasallik rivojlanishida muhim o‘rin tutadi, yosh o‘tgan sari kasallikning rivojlanish xavfi ortib boradi. Kasallik asosan, aholining yoshi o‘tgan va keksa yoshdagi qismi uchun xavf tug‘dirsa-da, lekin kishilar yoshi ortgan sari har 10 yillikda serebrovaskulyar kasalliklarning rivojlanish xavfi ikki barobar ortadi, misol uchun aholi soniga nisbatan 0-14 yoshda 1:30000, 35-44 yoshdagilar guruhida 1:5000, 65-74 yoshda 1:100, 75-84 yoshda 1:50 ta, 84 yosh va undan yuqorida 1:30 ni tashkil qiladi. Shuni ta’kidlab o‘tish kerakki, yoshi o‘tgan va keksa kishilarda bosh miya qon-tomir tizimi va lipid almashinuvi buzilishi, ateroskleroz patologiyasi kelib chiqishi bilan bir-biriga o‘zaro bog‘liqdir, ateroskleroz rivojlanishi esa o‘z navbatida gipertenziyaga olib keladi.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Ipoxondriya – qanday kasallik?

Nasliylik – nasliy moyillik xafaqon va ateroskleroz xastaligining kelib chiqishida nasliy moyillik katta rol o‘ynaydi.

Ateroskleroz dunyoning rivojlangan mamlakatlarida kishilar o‘limi va nogironligining muhim sababchisi hisoblanadi. Organizmdagi barcha organlar ishemiyasida, ayniqsa markaziy asab tizimi va yurak qon-tomir tizimi sohalarida kechuvchi kasalliklarda yirik va o‘rta kalibrdagi arterial qon-tomirlar zararlanishi asosiy o‘rin tutadi. Bunda arterial qon-tomirlarning silliq mushak hujayralaridan tashkil topgan ichki qavati (intimasi) proliferatsiyasi va bu sohaga lipidlar o‘rnashishi natijasida qon-tomirlar bo‘shlig‘ining torayishi kelib chiqadi.

Qon-tomirning birlamchi zararlangan sohasida ateroskleroz blyashkasi rivojlanadi. Aterosklerozning klinik ko‘rinishi qaysi organ qon-tomirlari jarohatlanganligiga va uning xarakteriga bog‘liqdir. Misol uchun: koronar ateroskleroz – stenokardiya yoki miokard infarkti sababchisi, serebral arteriyalar zararlanishi bosh miya insulti sababchisi bo‘lishi mumkin. Buyrak arteriyalari aterosklerozi arterial gipertoniya kelib chiqishida muhim omil bo‘lishi bilan bir paytda uning o‘zi ateroskleroz uchun xavf omili bo‘lib hisoblanadi. Ateroskleroz to‘lqinsimon kechish xususiyatiga ega. Ateroskleroz blyashkalari bir necha yillar yoki bir necha 10 yillar mobaynida rivojlanishi mumkin. Ateroskleroz arteriyalarni zararlashi har xil bo‘lib, odatda aterosklerotik blyashkalar qon-tomir bo‘shlig‘ida stenoz va okklyuziya keltirib chiqarish bilan qonning oqish tezligini chegaralaydi yoki bo‘lmasa qon-tomir bo‘shlig‘ini kengaytirgan holda tomirlar anevrizmasini ham yuzaga keltirishi mumkin. Bu holat aorta qon-tomiri uchun xosdir. Chunki bu yerda anevrizmaning yorilishi yoki bo‘lmasa kengayishi stenoz va okklyuziyaga nisbatan ko‘p uchraydi.

Kamharakatlik – turli yurak qon-tomir xastaligi sababchisi bo‘lishi mumkin.

Ovqatlanish – elementar omili xafaqon va ateroskleroz xastaligi sababchisi bo‘lishi mumkin. Yaponiya olimlari tekshiruv natijasida oqlangan guruchni va osh tuzini me’yoridan ko‘p iste’mol qilish xafaqon va miyaga qon quyilishi xastaligi kelib chiqishida sababchi bo‘ladi, degan fikrga keldilar.

Tamaki chekish insult rivojlanish xavfini ikki marotaba oshiradi, uyqu va koronar arteriyalarda ateroskleroz rivojlanish jarayonini tezlashtiradi. Chekishni to‘xtatgan kishilarda 2-4 yildan so‘nggina insult kelib chiqish xavfi kamayishi mumkin.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Homiladorlik taqvimi: 20 - hafta

Psixo-emotsional omil yer qimirlash davrida F. Ablyalitov o‘tkazgan tekshiruvni bemorlarda gomestaz holatining boshqaruvi to‘satdan buzilishi bosh miya qon aylanishi o‘tkir buzilishiga, ayniqsa o‘tkinchi buzilishiga olib kelishini ko‘rsatadi.

Xafaqon kasalligi birlamchi (essensial gipertenziya) yoki ikkilamchi sistolik va/yoki diastolik arterial qon bosimining oshishidir.

Gipertoniya kasalligi xam gemorragik, ham ishemik insultning asosiy xavf omillaridan hisoblanadi. Tekshirishlar shuni ko‘rsatadiki, ADning 50 mm.s.u.ga oshishi insult kelib chiqish xavfini 1/3 marotaba oshiradi; ADning 90 mm. s. u dan oshishi insult xavfini yanada ko‘taradi. Qon bosimi 160/95 mm. s. u. t. bo‘lgan bemorlarda insult kelib chiqish xavfi me’yoriy qon bosimida yuruvchi kishilarga nisbatan 4 marotaba yuqoridir. 200/115 mm.s.u.t. qon bosimi bilan yuruvchi bemorlarda esa 10 marotaba yuqori bo‘lishi kuzatilgan. Arterial gipertoniya miyada o‘choqli va diffuz o‘zgarishlar keltirib chiqarishi bilan kechadi.

O‘choqli o‘zgarishlar – arterial bosim oshganda (qayta gipertonik kriz kuzatilganda ham); tomir devori miotsitlari nekrozi, plazmorragiya va uning fibrinoid nekrozi kuzatiladi. Bu esa anevrizmalar rivojlanishiga, buning oqibatida esa miyaga qon quyilish holatlarini keltirib chiqaradi. Shu bilan birga devorlar bukishi, arteriolalar bo‘shlig‘i torayishi yoki berkilishi miyaning lakunar infarkti rivojlanishiga sabab bo‘ladi.

Bosh miya qon aylanishi o‘tkir buzilishi gipertonik kriz serebral varianti asorati hisoblanadi va gipertonik ensefalopatiya, o‘tkinchi bosh miya qon aylanishi buzilishi, gemorragik yoki ishemik insult ko‘rinishida namoyon bo‘ladi.

Gipertonik kriz deb arterial bosimning individual qon bosimiga nisbatan keskin ko‘tarilishi, gipertoniya simptomatikasi chuqur namoyon bo‘lishi va/yoki qo‘shimcha belgilar paydo bo‘lishi bilan kechuvchi holatga aytiladi.

Tashqi muhit va ekologiyaning yuqumli kasalliklar hamda zaharlanishlarga ko‘rsatadigan ta’siri

Infeksion-allergik ensefalitlar, sifilis, orttirilgan immunitet tanqisligi sindromi (OITS).

Qandli diabet (ba’zan bosh miya infarkti bilan asoratlanadi). Ushbu holatda lipid almashinuvining buzilishi, arterial gipertenziya, ateroskleroz asosiy omil hisoblanadi.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Botulizm beparvolikdan boshlanadi

Qandli diabet bilan xastalangan bemorlarning gipoglikemik preparatlarni qabul qilishi insult rivojlanish xavfini kamaytirmaydi:

  • giperxolesterinemiya;
  • fibrillyatsiya predserdiy;
  • oral kontratseptivlarni qabul qilish;
  • menopauzada gormon o‘rnini bosuvchi terapiya;
  • alkogolni me’yoridan ortiq iste’mol qilish.

Qon-tomirlarda qon aylanish tezligini sekinlashtiradi, natijada miya hujayralarini doimiy O2 tanqisligiga olib keladi. Buning natijasida xotira pasayishi belgisi kelib chiqadi. Alkogol tomirlarda sklerotik o‘zgarishlar erta boshlanishiga sababchi bo‘ladi va qon quyilish xavfini oshiradi.

Gemodinamik omillar. Miokard infarktidan so‘nggi arterial bosimning pasayishi, yurak ritmi buzilishlari, qon ketishlari, ortostatik gipotenziya, yatrogen ta’sirlar va boshqalar.

Yuqorida ko‘rsatilgan omillarning bir nechtasi bir bemorda bo‘lishi bosh miya tomir kasalligini rivojlantiradi.

Bosh miya qon aylanishi buzilishiga olib keluvchi xastaliklar:

  • ateroskleroz;
  • xafaqon kasalligi;
  • ateroskleroz va xafaqon kasalligining birga kelishi;
  • qon bosimining boshqa xastaliklarda ko‘tarilishi – simptomatik gipertenziya;
  • gipotoniya va simptomatik gipotoniya;
  • yurak xastaligi – miokard infarkti va aritmiyalar, tug‘ma yurak xastaliklari;
  • vaskulitlar, endoartritlar (revmatik sifilitik, allergik, toksik);
  • anevrizmlar;
  • qon kasalliklari (aplastik anemiya, eritremiya, leykoz, trombotsitopenik purpura va b);
  • arteriya va venalarning ezilishi (umurtqa pog‘onasi kasalliklari va o‘smalarda);
  • endokrin kasalliklar;
  • onkologik kasalliklar;
  • vegetativ distoniya sindromi;
  • intoksikatsiyalar (ekzo- va endogen).

Yuqorida aytilgan omillar ta’siri natijasida bosh miya qon-tomir kasalliklari rivojlanishiga yo‘l qo‘ymaslik har bir kishining o‘z qo‘lida.

A. MAMADALIYEV, N. RAHMATULLAYEVA, O. BO‘STONOV. 
Andijon Davlat tibbiyot instituti Nevrologiya va bolalar nevrologiyasi kafedrasi assistentlari.
«O‘zbekistonda sog‘likni saqlash» gazetasi.

Maqolani baholashni unutmang, iltimos!
1 baho2 baho3 baho4 baho5 baho

Loading...

Telegramdagi rasmiy kanalimizga a’zo bo‘ling!

A’zo bo‘lish
loading...

Tegishli maqolalar

Fikr bildirish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan

Back to top button