Geliomagnit bo‘ronlar xuruji

Ko‘klam kelib, ona tabiat olamga o‘z yashil sepini ko‘z-ko‘z qilishga chog‘landi. Asta-sekin jonlayotgan tuproq ko‘zimizda borliq go‘zalligini namoyon etmoqda. Bahor – bu yilning tez-tez o‘zgaruvchan fasli.

Boshqa mavsumlardan ko‘ra bu davrda organizmda gipovitaminoz (vitaminlar yetishmovchiligi) ko‘proq rivojlanadi. Asab tizimi me’yorda faoliyat yuritmayotgan odamlarda depressiya (tushkunlik) kuzatiladi. Fransuz bioritmologi A. Reynberg fikricha inson organizmi uchun eng qulay fasl kuz sanaladi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra turli kasalliklar orasida yurak-qon tomir kasalliklari katta foizni tashkil qiladi. Bunday bemorlarning organizmi geliomagnit (gelio – lotincha-”quyosh”) qo‘zg‘alishlarga ayniqsa, keskin reaksiya qiladi. Shu munosabat bilan Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va reablitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida muallif tomonidan 1992–1994 yillarda kardiologiya bo‘limida klinik sharoitlarda yurak ishemik kasalligi, stenokardiya bilan og‘rigan bemorlarda bir qator kuzatuvlar olib borildi. Quyosh faolligining o‘zgarishi tufayli yuzaga kelgan noqulay ob-havo sharoitlari va geliomagnit qo‘zg‘alishlar ta’siriga qon tizimining gemodinamik va funksional ko‘rsatkichlarining bevosita bog‘liqligi kuzatildi.

Gemodinamik (qon aylanishi) ko‘rsatkichlar sirkad (organizmning bir kecha-kunduz davomidagi bioritmik tebranishlari) ritmlarning “mos kelmasligi”, absolyut ko‘rsatkichlarning me’yordan og‘ishi, shuningdek, shifokor uchun maxsus tuzilgan jadval bo‘yicha tahlil qilindi va fiziobalneoterapiya muolajalari (umumiy shifobaxsh vanna va balchiq bilan davolash) belgilandi.

Geliometeopatik (meteopatik – lotincha “ob-havo ta’sirida”) reaksiyalarning rivojlanishida asosiy o‘rin quyosh faolligining kuchayishi bilan bog‘liq. Elektromagnit o‘zgarishlar eng katta tebranishli ko‘rsatkichlarga ega bo‘lib, bu holat markaziy asab tizimining qo‘zg‘alishi, tomirlarning tarangligi va organizmning keskin qarshiligiga turtki bo‘ladi.

Davolash jarayonida bemorlarda qon bosimi va yurak qisqarishlari tezligining me’yorlashgani, qonda atsetilxolin darajasining pasayishi kabi ijobiy o‘zgarishlar aniqlandi. Tadqiqot natijalari fiziobalneologik muolajalar davolash-profilaktik yo‘nalishda bo‘lib, yurak nuqsoni mavjud bemorlarni ma’lum bir darajada geliometeopatik reaksiyalardan ogohlantiradi.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Chilla davrida chaqaloqdagi sariqlik qanday aniqlanadi?

Quyosh faolligining Yerdagi biologik jarayonlar bilan bog‘liq ekanini jahon adabiyotida berilgan ma’lumotlar tasdiqlaydi. Quyosh faoliyatining davriyligi bilan daraxtning yillik halqalarining ortishi, hayvonlar o‘rtasida yalpi kasallanishning paydo bo‘lishi, baliqlarning ko‘payishi va migratsiyasi (ko‘chib yurishi), yangi tug‘ilgan chaqaloqlar vaznining o‘zgarishi, baxtsiz hodisalar hamda kutilmagan o‘lim hodisalarining sodir bo‘lishi, epidemiya va pandemiyalar shular jumlasidandir.

Astrobiolog A. Chijevskiy XX asr boshida ko‘plab mamlakatlarni qamrab olgan vabo pandemiyasini va astronomik kuzatuvlarning tarixiy hujjatlarini o‘rgandi. U bu hodisalar o‘rtasidagi uzviy aloqadorlikni ishonchli tarzda isbotlab berdi.

Yil davomida qandli diabet xastaligi mavjud bemorlarning insulinga bo‘lgan bir kecha-kunduzlik ehtiyojlari ham o‘zgarib borar ekan. Bu dori vositasi bemorlar tomonidan yozda (iyundan sentabrgacha) eng ko‘p qabul qilinadi. Eng past ko‘rsatkich esa dekabrda kuzatiladi. Gipertonik xuruj (krizis)lar ko‘proq may, iyul, sentyabrda, miyada qon aylanishining buzilishi esa qish va kuz oylarida ko‘proq uchraydi. Miokard infarkti kuz oylarida, me’da va o‘n ikki barmoqli ichak yara kasalliklari esa ko‘proq bahor va kuz vaqtlarida qo‘zg‘aladi.

Dorini qachon ichish kerak?

Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va reablitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida yurak ishemik kasalligi mavjud bemorlarga fiziobalneoterapiya muolajalarini belgilashdan oldin xronobiologik tibbiy tekshiruvlar o‘tkazildi. Bir kecha-kunduz davomida kuniga 15 marta ularda fiziologik ko‘rsatkichlar aniqlandi. Bunda oldindan taomnoma rejalashtirilib, dori qabul qilishda ekstremal omillar ta’siri chiqarib tashlandi. Xronobiologik ko‘rsatkichlar jadvali va bemorlar organizmining biokimyoviy ko‘rsatkichlariga ko‘ra fiziobalneologik muolajalarni belgilash vaqti har bir bemor uchun individual tanlanadi. Ushbu holatda 94-95 foiz bemorlarda davolash samarasi yuqori bo‘ladi.

1965–1967-yillarda Parijda Ilmiy tadqiqotlar markazining umumiy patologiya laboratoriyasi professori A. Reynberg sog‘lom yoki nosog‘lom organizmning biologik ritmini hisobga olgan holda bemorlarni davolagan. U har qanday davolovchi vositaning ta’siri organizmning funksional holati va muayyan sharoitlar bilan bog‘liqligini kuzatgan. Bu esa bir kecha-kunduzning turli vaqtida ushbu ta’sirlar o‘zgacha bo‘lishi hamda biologik ritm bilan aloqador ekanidan kelib chiqar ekan. Bitta dorivor vosita ikki yoki uch marta organizmda moddalar almashinuv jarayonlari bir xil bo‘lgan vaqtda to‘qnash kelishi mumkin emas. Bundan tashqari tun va kunning ma’lum bir vaqtiga belgilangan ba’zi tibbiy vositalarning ayrim ko‘rsatkichlari organizm bioritmikligining buzilishiga olib kelishi mumkin.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Dorivor tog‘rayhon

Iqlim va uning davolash xususiyatlari

Iqlim omillarini davolash va profilaktika maqsadlarida qo‘llash iqlimterapiya deb ataladi. Iqlimterapiya kurortlarda sog‘lomlashtirishning eng muhim ko‘rsatgichi sanaladi. Uning ta’sirlari kasallikni profilaktika qilish va davolash uchun turlicha iqlim sharoitlarida nafaqat kurortlarda, balki kasalxonalarda ham qo‘llanishi mumkin. Albatta, kurortlarda ularni qo‘llashning imkoniyatlari ko‘p va ancha keng. Masalan, dengizbo‘yi kurortlarida iqlimterapiya hajmi dengiz qirg‘og‘idagi uyqu, unda cho‘milish, quyoshda toblanish hisobiga kengayadi. Kasalxonalarda bemorlarga faqat aerosolyariy, ochiq havoda uyqu tavsiya etiladi. Barcha iqlimiy ta’sirlar dozalangan bo‘lishi o‘ta muhim. Bunda asosiy davolash muolajalariga aeroterapiya ya’ni, havo bilan davolash kiradi.

Tabiiy davolash omillaridan yana biri ma’danli suvlar hisoblanadi. Ular bemorlarning ichib davolanishlari hamda tashqi davolash muolajalari uchun (vanna, dush, hovuzlar) uchun qo‘llaniladi.

Ichiladigan suvlarning bir litrida ma’danlar 1 g/l dan 10 g\l gacha bo‘lgan va tashqi qo‘llashga esa ularning 10 g/l dan 20 g\l gacha bo‘lgani kiritiladi. Ma’danli suvlarning nomi va ularni sinflar bo‘yicha taqsimlash suyuqlik tarkibidagi ion yoki alohida gazlarga asoslanadi. Shu tarzda karbon oksidli, vodorod sulfidli, temirli, bromli, yodli, yod-bromli, kremniyli, termalli (tana haroratiga mos), bor tarkibli suvlar farqlanadi.

Ma’danli suvlar va shifobaxsh balchiqning ta’sir etish mexanizmida issiqlik darajasi va kimyoviy omillar muhim o‘rin tutadi. Balchiq bilan davolash muolajalari teri haroratining 0,7-2,20 ga hamda tana ichki haroratining 0,5-0,70 ga ortishi bilan o‘tadi. Organizmning oshgan harorati terining o‘tkazuvchanligi kuchayishi bilan kechadi. Mana shuning uchun ham balchiqda erigan kimyoviy moddalar vujudga yaxshi so‘riladi. Tanada jadal ro‘y berayotgan murakkab biokimyoviy reaksiyalar bemorning tez tuzalishiga olib keladi.

Biz quyida ushbu usullarni qisqacha bayon etamiz:

Ma’lumki, har bir inson sog‘lom turmush tarziga amal qilib hamda to‘g‘ri ovqatlansa, shuningdek, uning organizmi chiniqqan bo‘lsa, albatta, sog‘lom bo‘ladi. Bu esa uzoq umr ko‘rish garovidir. Chiniqishning esa bir necha usullari bor.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Enurez - peshob tuta olmaslik

Havo bilan chiniqish

Havoning organizmga chiniqtiruvchi ta’siri asab tizimi faoliyatini yaxshilaydi. Bu vannalar me’da-ichak, yurak-qon tomir tizimi faoliyatiga ijobiy ta’sir etadi. Qonda eritrotsit va gemoglabin miqdori ortadi. Havo vannalari issiq (+3O0dan yuqori), iliq (+220dan yuqori), indifferent (210–220), salqin (+170–210), me’yorda sovuq (+130–170), sovuq (+40–130), juda sovuq (+40 dan past) bo‘lishi mumkin.

Suv bilan chiniqish

Chiniqishning eng zo‘r usuli – cho‘milish. Chuchuk suvda cho‘milishni faqat yozda boshlash kerak. Quyoshli kunda suv harorati +180–220 va tevarak-atrofda +200–220dan past bo‘lmaganda bu muolajani boshlash mumkin. Mamlakatimizning o‘rta mintaqasida soat 110dan 130gacha, ya’ni, suv ko‘proq quyoshdan isigan paytda cho‘milgan ma’qul.

Dinora ILHOMJONOVA, Turon FA akademigi,
tibbiyot fanlari nomzodi, dotsent.

«Sog‘lom avlod» gazetasi.

Maqolani baholashni unutmang, iltimos!
1 baho2 baho3 baho4 baho5 baho

Loading...

Telegramdagi rasmiy kanalimizga a’zo bo‘ling!

A’zo bo‘lish
loading...

Tegishli maqolalar

Bitta izoh

  1. Boshda mushak va tomirlarning tortishishi va buning yurak og’rig’iga bog’liqligi haqida qanday ma’lumotlarni bera olasiz? To’liqroq iltimos.

Fikr bildirish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan

Back to top button