4.3
(6)

Quyida erkaklar jinsiy a’zolarining anatomo-fiziologiyasi haqida ma’lumotlar berilgan. Zero, har qanday xastalikning mohiyatini anglash uchun dastavval meyoriy tuzilish, fiziologik holatdan boxabar bo‘lish shartdir. Ushbu ma’lumotlar barcha o‘quvchilarimiz uchun foydali bo‘ladi, degan umiddamiz. Erkaklarda tashqi va ichki jinsiy a’zolar tafovut qilinadi.

Erkak jinsiy a’zolari

Erkakning tashqi jinsiy a’zolari

Erkaklarning tashqi jinsiy a’zolariga zakar va yorg‘oq kiradi. Zakar ildiz, tana va bosh qismlari tafovut qilinadigan a’zo bo‘lib, quyidagi uch vazifani bajarishda muhim o‘rin tutadi:

  1. Kopulyativ, ya’ni taranglashuv hisobiga jinsiy aloqani amalga oshirish vazifasi.
  2. Generativ, ya’ni zurriyot bunyod bo‘lishida tutadigan o‘rni.
  3. Peshob chiqarishni bajaruvchi a’zo vazifasi.

Zakar

Zakar silindrsimon shaklli, o‘zaro ichdan birikkan g‘orsimon uch tanadan iborat. A’zoning old qismida ikki g‘orsimon tanalar, ort qismida esa biroz kichikroq tana joylashgan. Orqa g‘ovak tana ichidai peshob chiqaruv kanali o‘tganligi bois uretral g‘orsimon tana ham deb ataladi. Bosh g‘orsimon tanalarning tub ildiz qismi, quymich hamda qov suyaklargacha yetib, mahkam birikkan. Zakar kertmagi atrofida va bo‘ynida ko‘pgina yog‘ bezlari bo‘lib, oqish, o‘ziga xos hidli suyuqlik – smegma ishlab chiqaradi. Ikkala asosiy g‘orsimon tanalar ham mustahkam qobiqqa o‘ralgani tufayli jinsiy qo‘zg‘alishda zakar kattalashuvi ma’lum darajada chegaralanib, uning qattiqlashuviga imkon yaraladi. Uretral ort g‘orsimon tanada esa bu qobiq bo‘lmaganligi bois zakar orqa qismi egiluvchanroqligi ta’minlanib, peshob chiqaruv kanalidan shahvat erkin o‘ta oladi.

Yorg‘oq

Yorg‘oq teri va muskulli cho‘ntak shaklida ko‘zga tashlanadigan, ichida erkaklar jinsiy bezlari – moyaklar joylashgan tashqi a’zo hisoblanadi. Odatda yorg‘oqning tub pastki va qisqargan baland qismi, ya’ni bo‘yni tafovut etiladi. Yorg‘oq teri va go‘shtli qatlamlardan iborat. Teriga maxkam yopishib ketgan go‘shtli qatlamda xar tomonga yo‘nalgan muskul va elastik tolalar mavjud bo‘lib, ular yorg‘oqning qisqaruvchanligini ta’minlaydi.

Yorg‘oq tuxumlar uchun mexanik omborlik vazifasini emas, balki termostat kabi moyaklar o‘sishiga qulay – past xaroratning doimiyligini ta’min etadi. Ma’lumki, spermatogenez jarayoni moyaklarda meyordagidek kechishi uchun yorg‘oqdagi harorat qorin bo‘shlig‘idagidan 2-4°S past bo‘lishi shart. Sovuq payti yorg‘oqning qisqarishi hisobiga issiqlik berish maydoni kamayadi va harorat kerakli maromda ushlab turiladi. Jazirama issiqda esa, aksincha, yorg‘oqning elastik muskul tolalari bo‘shashib, moyaklar kengaygan yorg‘oq tubiga tushadi. Natijada issiklik uzatish sathi kengayib, qon kelishi kamayadi va harorat meyoriylashadi. Bu avtomatik harorat ushlash mexanizmi moyaklarning ichki sekretor bezlari faoliyati bilan uzviy bog‘liq. Organizm jinsiy gormonlar bilan yetarlicha ta’minlangan taqdirdagina yuqoridagi mexanizm o‘z maromida ishlaydi. Gormonal yetishmovchilik bu mexanizmga putur yetkazishi sababli ham, bunday bemorlarda yorg‘oqning doimo bo‘shashgan tarzda osilib turganligini kuzatish mumkin.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Chekishdan voz kechish umrni uzaytiradi

Erkaklar ichki jinsiy a’zolari

Erkaklar ichki jinsiy a’zolariga moyaklar va moyak ortiqlari, urug‘ chiqaruv yo‘lagi, urug‘ pufakchalari, prostata bezi, urug‘ sochuv majmui, urug‘ do‘mboqchasi hamda uretra, ya’ni peshob chiqaruv kanali kiradi.

Moyaklar

Moyaklar yorg‘oq ichida joylashgan, kabutar tuxumlaridan yirikroq, oval shaklli bir juft a’zodir. Har bir moyak yettita qavat bilan o‘ralgan bo‘lib, urug‘ tizimchasiga osilgan tarzda turadi. Urug‘ tizimchalari orqali esa urug‘ chiqaruv yo‘lagi, qon va limfa tomirlari, asab hamda mushak tolalari o‘tadi. Moyaklar ichidagi uzun, ingichka, o‘rama shaklidagi urug‘ kanalchalari hajm jihatdan ushbu a’zoning yarmidan ko‘prog‘ini tashkil etadi. Aytgancha, moyaklar qattiq qobiq bilan o‘ralgan va u o‘z navbatida nursimon tarzda a’zo ichiga kirib, moyak qismlarining paydo bo‘lishiga olib keladi. Urug‘ kanalchalari ushbu qismlar ichini to‘ldirib turishi natijasida 250-300 nafargacha mitti hududchalar, ya’ni tilimlar paydo bo‘ladi. Urug‘ kanalchalari devorlarida maniy hujayralari va Sertoli tayanch hujayralarini ilg‘ash mumkin. Urug‘ kanalchalarining ichida yetuk spermatozon hujayralari joylashadi. Urug‘ kanalchalarining tashqi qismi, ya’ni oraliklarda testosteron, estriol kabi jinsiy gormonlarni ishlab chiquvchi interstitsial Leydig hujayralari joylashgan bo‘ladi. Urug‘ kanalchalarida spermatogenez jarayoni erkaklar xos gormoni – androgen ta’sirida 74 kun davom etadi.

Moyak ortiqlari

Moyak ortiqlari embrional bosqichda aloxida a’zo sifatida rivojlansa-da, go‘dak tug‘ilgan paytdayoq moyak orqa tomoniga yuqoridan tutashgani kuzatiladi. Tuxum ortig‘ining, ayniqsa, bosh va tana qismida shahvat hujayralari yig‘ilib, yanada yetuklashadi va urug‘lantiruvchi xususiyati oshib boradi. Moyaklar o‘rami urug‘ kanalchalarining tuxum to‘rlaridan o‘tib, ortiqlar ichida yana o‘ramlashadi. Uzunroq, to‘g‘ri bu kanalchalar konik shaklidagi tilimchalarni hosil qiladi. 5-18 nafar moyak ortig‘i o‘ramlarining eng kattasi tepasidan boshlab, barcha tilimchalar o‘rami ochiladigan ortiq yo‘lchasi o‘tadi. 6-7 sm uzunlikdagi egriroq shaklli bu urug‘ yo‘lchasi distal bo‘limga kelgach, urug‘ olib chiquvchi yo‘lga tutashadi.

Odatda tuxum ichida voyaga yetgan spermatozoidlarga nisbatan ortiqlarda yetilgan hujayralar o‘ta chidamli, harakatchan va urug‘lantirish qobiliyati yuqori bo‘lishi o‘z ilmiy isbotini topgan. Moyak ortiqlari faolligining kuchayishiga androgen gormonlarning ijobiy ta’siri aniqlangan. Olimlar, moyak ortiqlarida spermatofiliya jarayonini, ya’ni spermogenez biologik sanatsiyasini aniqlashgan. Bu a’zodagi spermofag maxsus hujayralari – nuqsonli spermatozoidlarni yutib va hazm qilib, dunyoga nogiron bolalar kelish xavfini kamaytirishi bilan muxim ahamiyatga molik. Hayotda moyak ortig‘ining tuxumlardan ayricha bo‘lishi, ortiqlar boshsizligi yoxud bu a’zoning kichrayganligi, ba’zida esa ulardan birining mutloq nomavjudligi kabi anomalik nuqsonlar ham uchrab turadi.

Urug‘ chiqaruv (o‘tkazuv) yo‘li

Urug‘ chiqaruv (o‘tkazuv) yo‘li moyak ortiqlarining bevosita davomi shaklidagi a’zo hisoblanib, o‘rtacha 45-50 sm uzunliqda bo‘ladi. U uzunligi bo‘ylab, ortiq, qov, erkin va tos qismlariga bo‘linadi. Bu besh qismning nihoyasi qov bo‘limida ampulasimon kengayish bilan tugaydi. Urug‘ chiqaruv yo‘lining bu ampulalari o‘tkir burchak ostida urug‘ pufakchalari chiqaruv kanallariga tutashadi. Odatda, bu ampulali qismlar urug‘ pufakchasi chiqazuv yo‘llari bilan birlashib urug‘ sochuvchi majmuani tashkil etadi. Bu majmua esa prostata bezi orqali o‘tib peshob chiqaruv kanalining qismidagi urug‘ do‘mboqchasiga nuqtadek tor tirqish bo‘lib ochiladi. Urug‘ chiqazuv yo‘lining asosiy vazifasi devorlaridagi muskul qavatning ritmik qisqarishi hisobiga moyak ortig‘idagi shahvat hujayralarini urug‘ sochuvchi qismgacha yetkazishdir.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Jinsiy tarbiya (Saralangan savol-javob)

Gohida urug‘ chiqazuv yo‘lining butunlay bo‘lmasligi, yopilib qolishi yoki kichrayib ketishi kabi anomaliyalari ham uchrab turadi.

Urug‘ pufakchalari

Urug‘ pufakchalari prostata bezining tag qismida joylashgan juft a’zo bo‘lib, old tomondan peshob qopining tub qismiga, ort tomondan to‘g‘ri ichak old qismiga yondosh turadi. Yetuk erkakda bu bezning o‘rtacha uzunligi 4-5 sm.ni, eni 1,5-2 sm.ni, yo‘g‘onligi esa 1-1,5 sm.ni tashkil etadi. Urug‘ pufakchalari bez a’zo bo‘lganligi bois androgen gormonlarga bog‘liq tarzda faoliyat ko‘rsatadi. Shu sababli moyaklar olib tashlangan hollarda prostata bezi bilan bir qatorda urug‘ pufakchasining ham kichrayishi va faoliyati so‘nishi kuzatiladi.

Urug‘ pufakchalari jelatinsimon konsistensiyali, hidsiz, shaffof yoxud oqishsimon kulrang rangli suyuqlik ishlab chiqadi. Ishqoriy muhitli, bu sekret shahvat suyuqligining quyushqoqligini ta’minlaydi. Bu suyuqlik tarkibiy qismi bo‘lgan fruktoza esa androgen gormonlarga uzviy bog‘liq holda spermatozoidlarga quvvat zaxirasi vazifasini o‘tab, ularning hayotchanligini oshiradi. Fiziologik nuqtai nazardan qaralganda, urug‘ pufakchasi suyuqligi shahvat quyushqoqligi va moslashuvchanligini ta’minlash yo‘li bilan spermatozoidlarni jinsiy yo‘llardan o‘tishda shikastlanishdan saqlaydi. Shuningdek, energetik ta’minlovchi fruktoza diffuziyasidan tashqari, o‘z ishqoriy muhiti bilan qin kislotali muhitini neytrallashtirib, urug‘ hujayralarini halokatdan asraydi. Odatda, urug‘ pufakchasining to‘lishi jinsiy mayl va qo‘zgalishni keskin kuchaytiradi.

Prostata bezi

Prostata bezi o‘ta muhim, toq a’zo bo‘lib, erkakning ikkinchi yuragi ham deb ataladi. Bu bez urug‘ hujayralarining hujayralarining hosil bo‘lishiga turtki berib, moyak faoliyatiga katta ta’kir ko‘rsatadi. Umuman, jinsiy hayotda prostata bezining ahamiyati kattadir. U ishlab chiqaradigan shira hosilalari asab-mushak tarmog‘i va ruhiy faoliyatni rag‘batlantiradi, qon bosimini ko‘taradi, jinsiy maylni qo‘zg‘atadi.

Urug‘ sochuv majmui

Urug‘ sochuv majmui urug‘ pufakchasi chiqaruv yo‘li va urug‘ chiqaruvchi yo‘llarning yig‘masidan iborat. Uzunligi 2 sm keladigan bu juft a’zoning ich qismi urug‘ chiqaruv yo‘li ichidan ikki baravar kichik. Urug‘ sochuv majmui nuqtadek tirqish tarzida urug‘ do‘mboqchasi shilliq qavatiga ochiladi. Urug‘ sochuv yo‘lining chiqaruvchi yo‘llardan ancha torligi bois bu yerdan urug‘ chiqishida katta bosim imkoniyati yaratiladi. Natijada bu a’zodagi asab tolalarining reseptorlari kuchli ta’sirlanib, inzol, ya’ni orgazm ro‘y beradi.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Erkaklar salomatligiga xavf soluvchi kasalliklar

Urug‘ do‘mboqchasi

Urug‘ do‘mboqchasi peshob chiqaruv kanalining prostatik qismi orqa devorida tepachadek turtib chiqib turadigan a’zodir. Uning uzunligi 9 mm, balandligi 3-4 mm, eni 3 mm.ni tashkil etadi. Bu a’zo go‘yoki urug‘ sochuv yo‘lining klapani hisoblanadi. Urug‘ do‘mboqchasida aylana muskul tolalari yig‘ilgan bo‘lib, yopiluvchi sfinkter, ya’ni spermatik jomni hosil qiladi. Bu joyda juda ham ko‘p asab tolalari mavjud. Urug‘ do‘mboqchasi orqa miyadagi shahvoniy markazlarning birlamchi reflektor qo‘zg‘alishida ham sezuvchi – reseptiv hudud sifatida muhim o‘rin tutadi. Ma’lum bir bosqichlarga kelib, spermatik jom muskul tolalarining bo‘shalishi natijasi o‘laroq eyakulyatsiya (shahvat chiqish) va orgazm (inzol, lazzatlanish) ro‘y beradi. Demak, urug‘ do‘mboqchasi jinsiy qo‘zg‘alish, shahvat chiqishi va lazzatlanish jarayonlarida bevosita muhim rol o‘ynaydi. Hayotda urug‘ do‘mboqchasining kattalashuvi anomaliyasi ham uchrab turadi. Bu anomaliya peshob chiqishini qiyinlashtiradi.

Peshob chiqaruv kanali (uretra)

Peshob chiqaruv kanali (uretra) 18-22 sm uzunlikdagi naysimon a’zo bo‘lib, zakar boshidagi tashqi teshikdan to peshob qopining ichki sfinkterigacha davom etadi. Anatomik jihatdan bu a’zoda ich prostatik, o‘rta-membranoz va tashqi kavernoz qismlar tafovut qilinadi. Klinik jihatdan esa old uretra (tashqi teshikdan to peshob qopi tashqi sfinkterigacha) va orqa uretra (peshob qopi tashqi sfinkteridan – siydik chiqaruv kanali ichki teshigigacha) tafovut qilinishi maqsadga muvofiq hisoblanadi.

Peshob chiqaruv kanalining o‘z bezlari mavjud. Jumladan, uretraning prostatik va membranoz qismlari chegarasida bulbouretral, ya’ni Kuper bezlari qaror topgan. Shuningdek, kanal shilliq qavatida Littre bezlari ham mavjud bo‘lib, ishqoriy muhitli, shaffof suyuqlik ishlab chiqadi. Bu sekretlar, ayniqsa, jinsiy qo‘zg‘alish paytida tashqariga chiqadi. Qolaversa, uretrada betartib tarzda joylashgan Morgani bezlari ham bor.

Peshob chiqaruv kanali tashqi teshigi yaqinida olat kertmagining Tinzoni bezlari joylashgan. Bu bezlar o‘ziga xos hidli, oqish, yog‘simon sekret, ya’ni smegma ishlab chiqadi. Peshob chiqaruv kanalining bezlari quyidagi ikki vazifani bajaradi:

  • ishqoriy suyuqlik ishlab chiqib, peshobning kislotalik muhitini neytrallashtirib turadi;
  • kanalning shilliq qavatini namlab, spermatozon hujayralar o‘tishiga qulay sharoit yaratadi.

Urug‘ tizimchasi

Urug‘ tizimchasi moyaklar va qov kanalini bog‘lab turadi. Bu a’zoni yorg‘oqning ildiz qismida 1 sm yo‘g‘onliqdagi yumshoq arqon tarzidaligini paypaslab tekshirib ko‘rish mumkin. Urug‘ tizimchasi tarkibiga urug‘ chiqaruv yo‘li, moyakni ko‘taruvchi mus-kul hamda tomirlar va asab tolalari kiradi.

Tib.uz nashri.