“Ensam tinmay og‘riydi, og‘riq bo‘ynimga ham beradi, bosh miyaga qarshi hech kanday dori naf bermayapti” deb shikoyat qilishadi ba’zi bemorlar. Ensa sohasidagi og‘riqni bosh miya kasalliklari bilan bog‘lash har doim ham haqiqatga to‘g‘ri kelavermaydi. Chunki boshning ensa sohasini yuqori bo‘yin umurtqalaridan chiquvchi nervlar boshqaradi. Demak, ensa sohasidagi og‘riqlar, (ayniqsa sanchuvchi) va uvishishlarga shikoyat qilgan bemor bo‘yin umurtqasi kasalliklarini ham izlash kerak. Bular bo‘yin osteoxondrozi, bo‘yin radikuliti, bo‘yin umurtqalari disk churrasi, ensa-bo‘yin sohasi nervlari shamollashi va h.k.
Bemor ensa sohasidagi achishtiruvchi va sanchuvchi og‘riqlardan tashqari, bo‘yin umurtqalarining “qotib qolishi”, quloqda shovqin va uning bitib qolishi, bosh aylanishi, yurganda gandiraklab ketish kabi og‘riqlarga ham shikoyat qiladi. Ularda ikkala yelkani ko‘tara olmaslik, yurak sohasida sanchuvchi og‘riqlar, qo‘l barmoqlarining uvishib qolishi kabi belgilar ham kuzatiladi.
Tashxis qanday qo‘yiladi?
Avvalombor bo‘yin sohasi raqamli rentgen, kompyuter tomografiya yoki magnitli-rezonans tomografiya yordamida tekshiriladi. Bo‘yin umurtqalari orasidan o‘tuvchi qon tomirlarni tekshirish uchun ultratovush usullardan (doplerografiya yoki dupleks) foydalaniladi.Tashxis qo‘yish va davolashda qanday xatolarga yo‘l qo‘yiladi?
Ensa sohasidagi og‘riqlar sababi faqat bosh miyadan deb o‘ylashadi va shu bois faqat boshni tekshirishadi. Demoqchimanki, bosh miya KT yoki MRT qilinadi, uning qon tomirlari tekshiriladi, EEG qilinadi. Buning natijasida eng ko‘p tarqalgan tashxislardan biri qo‘yiladi, ya’ni “bosh miyada qon aylanishi buzilgan”, “miya pardalari shamollagan”, “miyaning ichki bosimi oshgan”. Buning oqibatida aslida zarur bo‘lmagan dori-darmonlar tavsiya etiladi va ko‘zlangan natijaga erishilmaydi. Aslida esa bemorda bo‘yin umurtqalari patologiyasi bo‘lishi mumkin xolos.Nima qilish kerak?
Ensa sohasidagi og‘riqlar, bosh aylanishi va quloqda shovqin bo‘lgan bemorlarga bosh miyani tekshirish bilan bir qatorda bo‘yin umurtqalarini ham tekshirish lozim.Davolash muolajasi qanday o‘tkaziladi?
Tashxis aniqlangach bemorda nevropatolog davolash muolajalarini olib boradi. Buning uchun yallig‘lanish va osteoxondrozga qarshi dori vositalari, fizioterapevtik muolajalar, dorilar elektroforezi, igna bilan davolash va faqat vrach tomonidan o‘tkaziladigan maxsus davolash usullari qo‘llaniladi. Eslatib o‘taman, manual terapiya kabi muolajalaridan ehtiyot bo‘lish zarur. Bo‘yin umurtqalarini rentgen qilmasdan turib manual terapiya o‘tkazish aslo mumkin emas.Yana qanday kasalliklarda ensa og‘riydi?
Migren kasalligida (ensa migreni), nasl suruvchi bosh og‘riqlarda, arterial qon bosim oshganida, bo‘yin-ensa suyak bitishmalari patologiyasida, kam hollarda ensa sohasi o‘smalarida. Agar ensa sohasidagi og‘riqlar to‘satdan tana harorati ko‘tarilish bilan boshlansa, zudlik bilan vrach ko‘rigini tashkil qilish zarur. [su_note note_color="#e7e7e7"] [su_frame][/su_frame]Maqola professor Ibodullayev Zarifboyning "Asab va ruhiyat" kitobidan olindi. Mavzu yuzasidan professorga savollaringiz bo‘lsa, muallifning shaxsiy asab.uz saytida yozib qoldirishingiz mumkin. [/su_note] Ushbu maqolani ham o'qing:
Mavsumiy allergik rinit - alomatlar, kelib chiqish sabablari va tashxislash ( 1-qism )