EKU (sun’iy urug‘lanish) uchun nima kerak?
Bir necha yillardan buyon bepushtlik aziyatini chekayotgan juftliklar sun’iy urug‘lanish haqida o‘ylaydilar. Sun’iy urug‘lanish esa hammaga ham to‘g‘ri kelavermaydi. Uning muvaffaqiyatli o‘tishi uchun esa ma’lum shartlarning bajarilishi talab etiladi.- Onaning immuniteti kuchli bo‘lishi. Immuniteti pasaygan onada homila tushishi oson bo‘ladi.
- Onaning gormonal holati normaga keltirilgan bo‘lishi. Biron gormonning yetishmoqvchiligi homiladorlik yaxshi kechishi uchun to‘sqinlik qilishi mumkin.
- Onada infeksion kasalliklar bo‘lmasligi. Sun’iy urug‘lantirilgan ayol bolani ko‘tara olishi uchun sog‘lom bo‘lishi kerak.
- Onada tug‘ishni man qiladigan biron psixik yoki somatik holat yoki onkologik kasallik bo‘lmasligini.
- EKU muolajasini imkon qadar 35, ko‘pi bilan 40 yoshga to‘lgunga qadar amalga oshirilishi.
- Sun’iy urug‘lantirishni rejalashtirgan juftliklarda yetarlicha moliyaviy mablag‘ bo‘lishi. Bu muolaja qimmat turadi.
- Sun’iy urug‘lanish orqali homilador bo‘lish katta sabr talab etadi. Ba’zida EKU qilingan holda ham homiladorlik yuz bermaydi. Natijada shuncha kuch, pul va vaqt yo‘qotilgan bo‘ladi. Bunga juftliklarning tayyor bo‘lishi.
- Sun’iy urug‘lanishni amalga oshirishdan oldin, erkak va ayol to‘liq tibbiy tekshiruvdan o‘tishi.
- Sun’iy urug‘langan ayolda homiladorlik yuz bersa, u kelasi 9 oy davomida psixologik va jismoniy zo‘riqishdan butunlay holi bo‘lishi.
- EKU yo‘li bilan homilador bo‘lishni rejalashtirgan juftliklar EKU qaysi holatlarda tavsiya etilishidan xabardor bo‘lishi. Bepushtlikning barcha holatlariga ham EKU yordam beravermaydi.
EKU (sun’iy urug‘lanish) yordami bilan kim homilador bo‘la oladi?
Bepushtlikni barcha turlarida ham EKU yordamida homilador bo‘lib bo‘lmaydi. EKU yordamida faqat ayrim vaziyatdagi juftliklar homiladorlikka erisha oladilar. Bu vaziyatlar:- Ayol bachadon bo‘yni yo‘llarida muammo bilan yuzaga kelgan bepushtlik.
- Erkak spermatozoidlarining kuchi, holati va harakatidagi muammolar bilan bog‘liq bepushtlik.
- Ayolda endometrioz holati.
- Ayolning yoshi 40 dan oshgan.
- Bepushtlikning noaniq shakllari.
- Ayolda endokrin salomatligi buzilganligi sabab ovulyasiya sodir bo‘lmasligi tufayli yuzaga kelgan bepushtlik. Odatda bunday holat oddiy dori vositalar bilan davolanadi. Lekin 1 2 yil davomida buning samarasi bo‘lmasa, sun’iy urug‘lanish yo‘li qo‘llaniladi.
- Immunologik bepushtlik. Bunda ayolning qin suyuqligida erkak spermatozoidlariga qarshi antitanachalarning borligi tufayli spermatozoidlar bachadon bo‘yniga yetguniga qadar nobud bo‘ladi va homialdorlik yuz bermaydi. Yoki aksincha, erkak spermatozoid suyuqligida o‘zining spermatozoidlariga qarshi antitanachalarning borligi, spermatozoidlar nobud bo‘lishiga olib keladi.
- Erkakda varikotsele kasalligi.
EKU (sun’iy urug‘lanish) haqidagi yolg‘on fikrlar
Sun’iy urug‘lanish yo‘li bilan ko‘plab bolalar dunyoga keldi. Ammo hanuzgacha bepushtlikdan qutqaruvchi bu muolaja haqida ko‘plab baxs va munozaralar olib borilmoqda. Quyida EKU (sun’iy urug‘lanish) haqida eng ko‘p tarqalgan xato fikrlarni keltirib o‘tamiz.- EKU (sun’iy urug‘lanish) muoaljasini faqat 35 yoshdan keyin amalga oshirish mumkin. Aksincha, ayol qancha yosh bo‘lsa, EKU (sun’iy urug‘lanish) natijasi shunchalik yaxshi bo‘ladi.
- EKU (sun’iy urug‘lanish) orqali homilador bo‘lsa, albatta egizaklar tug‘iladi. EKU (sun’iy urug‘lanish) muolajasi amalga oshirilganida odatda ovulyasiya qo‘zg‘atiladi, natijada ayolda bir nechta tuxum urug‘lanishga tayyor bo‘ladi. Lekin bu degani, ularning barchasi urug‘lanadi degani emas. Bunday ehtimollik yuqoridir, xolos.
- EKU (sun’iy urug‘lanish) orqali dunyoga kelgan bolalar sog‘lig‘i sust bo‘lib, genetik kasalliklarga ega bo‘ladilar. Bunday bo‘lishiga EKU (sun’iy urug‘lanish) emas, balki onaning bu muolajani odatda katta yoshida (35 dan so‘ng) o‘tkazishi sabab bo‘lishi mumkin. Undan tashqari EKU (sun’iy urug‘lanish) muolajasida embrion probirkadan ayol bachadoniga o‘tkazilguniga qadar, maxsus genetik tekshiruvdan o‘tadi va onaga tekshiruv natijasiga ko‘ra sog‘lom bo‘lgan embrion o‘tqaziladi.
- EKU (sun’iy urug‘lanish) jarayoni juda og‘riqli kechadi. Jismoniy og‘riq bo‘lmaydi. Lekin psixologik zarba bo‘lishi mumkin.
- EKU (sun’iy urug‘lanish) bilan yuzaga kelgan homiladorlik faqat kesarcha kesilish bilan yakunlanadi. Bu yo‘l bilan yuzaga kelgan homiladorlikda ham, tabiiy homiladorlikdagi singari kesarcha kesilish bilan tug‘ishga ko‘rsatmalar bo‘lsagina bu usul qo‘llaniladi.
- EKU (sun’iy urug‘lanish) har qanday bepushtlikka chek qo‘yadi. Yo‘q. Bepushtlikning faqat ba’zi turlarida EKU (sun’iy urug‘lanish) ijobiy natijaga olib keladi.
- EKU (sun’iy urug‘lanish) orqali homilador bo‘lish uchun bir necha bor urinish talab etiladi. Yo‘q. Juda ko‘p hollarda birinchi urunishdan ham homiladorlik yuz beradi.
- EKU (sun’iy urug‘lanish) muolajasi davomida va undan keyin ayol vazni oshib ketadi. Bunga muolaja talab etadigan gormonlar ta’sir qilishi mumkin. Lekin tog‘r’i taqdim etilgan va nazoratda bo‘lgan dori-vositalari ayolning vazni keskin oshishiga olib kelmaydi.
- EKU (sun’iy urug‘lanish) bilan homilador bo‘lsa, bolaning otasi boshqa bo‘ladi. Yo‘q. EKO (sun’iy urug‘lanish) muolajasini ayol erining spermatozoidlaridan foydalanilgan holda amalga oshirsa bo‘ladi.
- EKU (sun’iy urug‘lanish) muolajasi ayolning salomatligini yomonlashishiga olib keladi. Agar ayol shifokorning barcha tavsiyalariga amal qilsa, uning salomatligiga salbiy ta’sir yetkazilmaydi.
© Kamil Rafaelevish Baxtiyorov professor, akusher-ginekolog. "Uzbaby.uz" nashri.
Ushbu maqolani ham o'qing:
Skolioz bo‘lgan qiz homilador bo‘la oladimi?