3
(4)

Chilim chekishning zarari haqida shifokorlar qanchalik bong urmasin so‘nggi yillarda ayrim yoshlar orasida ushbu illat ommalashib bormoqda. Ba’zi ota-onalarning bu holatga panja orasidan qarayotgani, farzandi kelajagiga e’tiborsizligi esa yanada achinarlidir.

chilim

Chilim tamakiga nisbatan bezarar, unda turli bakteriyalarni o‘zida saqlaydigan qog‘oz yo‘q, degan so‘zlar quruq safsata, xolos. Tamaki va chilimning ta’mi borasida hech qanday farq yo‘q. Uning tutuni biroz mayin, tarkibiga esa turli xushbo‘y musallas, suyuqliklar, turli yog‘lar, shuningdek, kuchli ta’sirga ega sharbatlar qo‘shiladi. 45 daqiqa chilim chekish oqibatida bir quti sigaret tarkibidan ham ko‘p miqdorda is gazi odam organizmiga tushadi. Maxsus chilim uchun mo‘ljallangan 50 gr. qutili tamakida 0,05 foizli nikotin mavjud. Demak, 50 grammli qutida 25 mg. nikotin bor ekan. Bir martalik chilimda 6,25 mg. nikotin mavjud. Eslatib o‘tamiz birgina sigaretda atigi 0,8 mg. nikotin bor. Ko‘rinib turibdiki, chilimdagi nikotin sig‘imi 7,5 marotaba ko‘proq.

Unga mukkasidan ketgan chekuvchilarning o‘pkasi tamaki chekuvchilarnikidan ko‘ra ko‘proq saraton xastaligiga chalinadi. Chilim chekishga mukkasidan ketgan insonlarning organizmida katonin moddasining oshishi jismdagi himoya tizimining susayishiga olib keladi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ogohlantiradi!

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra chilim chekuvchilar qoni tarkibida karboksigemoglobin, nikotin, kotinin, margimush, xrom, qo‘rg‘oshin miqdori yuqori bo‘ladi.

“Jozibador” chilimga tobe kashandalar orasida yurak qon-tomir xastaligi, onkologik kasalliklar, o‘pka va boshqa a’zolarning faoliyati izdan chiqadi.

Narkologlarning ta’kidlashicha chilim chekuvchilarda ham nikotinga o‘rganib qolish ehtimoli yuqori. Bunday odamlar tezda depressiya (tushkunlik)ka tushishi kuzatiladi. Bundan bir necha yil avval Berlindagi maxsus federal institutda olimlar kuzatuv olib borishdi. Unga ko‘ra chilim chekuvchilar organizmiga filtrsiz eng kuchli tamaki chekuvchilardan ko‘ra ko‘p miqdorda zararli moddalar kirar ekan. Unga solingan suv xavfli moddalarni ushlab qolmaydi. U faqatgina tutunni sovutadi va kuch bilan tortilgan bug‘ esa o‘pkaning eng quyi sohasiga qadar yetib borishni ta’minlaydi. Nemis olimlarining tadqiqotlariga ko‘ra yonayotgan ko‘mir harorati 4500 Sni tashkil etadi. Chilim chekuvchilar esa 500-600 sm³ tutunni ichiga yutadi. Natijada o‘pka qayishqoqlik xususiyatini yo‘qotadi va o‘zidagi toksin (zahar)lardan xalos bo‘lish funksiyasini bajarolmay qoladi.

“Jozibador” chilimga tobe kashandalar chekishda bir naychadan foydalanadi. Natijada bir necha kashanda turli xastalik masalan, zahm (sifilis), gerpes, sil, zamburug‘li xastaliklar hamda A gepatitni yuqtirib olishi mumkin.

Homiladorlik chog‘ida ayrim ayollar uchun chilim tinchlantiruvchi vosita bo‘lib tuyuladi. Onalar o‘z farzandini chilim orqali is gazi, og‘ir metall tuzlari, qatron (smola), zaharli kimyoviy vositalar bilan zaharlaydi. Homila hech qanday himoyasiz zararli vositalarni qabul qiladi. Zero, embrionning platsentasi, ya’ni yo‘ldoshi filtr vazifasini o‘tamaydi. Homila asta-sekinlik bilan tamakiga o‘rganib qoladi. Unda kislorod yetishmasligi kuzatiladi. Miya faoliyatiga shikast yetadi. O‘pka faoliyati izdan chiqadi. Chilim tutunidan zaharlanib tug‘ilgan chaqaloqning ilk kunlarida ovqatlanish tizimida muammolar yuzaga kelishi, diatez (chilla yara), allergiya xastaligi kelib chiqishi mumkin. Homilador ayolning kashandaligi sababli go‘dak hali ona qornidayoq passiv chekuvchiga aylanadi. Chekuvchi bolaning qon aylanish tizimi ham qattiq zararlanadi. Uning qon tomirlari noziklashib qoladi.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Bola nega og‘ziga narsa soladi?

Irina LIVЕRKO,
tibbiyot fanlari doktori.
«Sog‘lom avlod» gazetasi.