Nikotinga qaramlik

Nikotin tamaki tarkibidagi rangsiz, yog‘li modda bo‘lib, chekuvchida o‘rganib qolishni keltirib chiqaradi. Unga o‘rganish uchun bir marta  sigareta chekilsa kifoya. Chekuvchi har safar sigaretani ichiga tortganida ozgina nikotin o‘pkadan o‘tib, miyaga yetib boradi. Uning ta’siri juda tez, hatto giyohvand venadan geroin yuborganidan ham tezroq. Nikotin – tez ta’sir qiluvchi giyohvand modda. Chekishdan keyingi o‘ttiz daqiqa mobaynida uning qondagi miqdori ikki karra kamayadi. Shu tariqa nikotin organizmdan chiqib ketib, chekuvchini xumor tuta boshlaydi. Kashandalar nazarida xumor – ixtiyoriy ravishda yoki majburan chekishni tashlash paytidagi chidab bo‘lmas azob. Aslida bu xayoliy azob, chekuvchilar lazzatdan mahrum bo‘lishdan cho‘chishadi, xolos. Bu haqida keyinroq batafsil to‘xtalamiz. Aksar kashandalar giyohvand moddalardan hazar qilishadi, vaholanki, nikotin ham giyohvand modda. Undan voz kechish juda oson, lekin  bundan oldin nikotinga qaram bo‘lib qolganingizni tan olishingiz kerak. Aytish kerakki, nikotin xumori jismoniy og‘riqlarsiz kechadi. Aslida xumor xavotirga to‘la tushkunlikdan boshqa narsa emas, bunda chekuvchiga nimadir yetishmayotgandek tuyulaveradi. Bu his qanchalik uzoq davom etsa, kashanda shunchalik asabiy va jizzaki bo‘lib boraveradi, nafaqat o‘ziga, balki atrofdagilarga nisbatan ham ishonchi kamayaveradi. Zahri qotil – nikotinga yetishish istagi ocharchilikdagi ovqat orzusiga o‘xshaydi. Sigareta chekilganidan yetti soniya o‘tib nikotin qonga yetib boradi va xumor nihoyasiga yetadiyu che­kuvchi o‘zini bo‘shashgandek his qiladi. O‘smirlikda, endigina cheka boshlaganimizda xumor bizni deyarli bezovta qilmaydi, biz bunday narsa borligini o‘ylab ham ko‘rmaymiz. Ha­qiqiy chekuvchiga aylangach, sigareta xumorini chekish odat bo‘lib qolgani bi­lan izohlaymiz. Ha­qiqatda esa ichimizga nikotin atalmish kichkinagina mahluq kirib olgan va uni doimo boqishga majburmiz, biz – nikotin qullarimiz. Eslab ko‘ring-a, hech kim bizni chekishga zo‘rlab o‘rgatmagan, hanuzgacha chekishimizning yagona sababi o‘sha la’nati mahluqchani boqish istagi, xolos. Chekuvchi sigaretani tutatar ekan, huzur olayapman, deb o‘ylaydi, holbuki, u tanasi nikotinga qaram bo‘l­masidan oldin his etgan halovatni topishga urinayotgan bo‘ladi. Tasavvur qiling: qo‘shningizning signalizatsiyasi buzilib qolgan yoki ko‘chada bezorilar shovqin-suron ko‘targan. Shovqin tinishi bilan siz ham tinchlanasiz, aslida esa bu osoyishtalik emas, shovqinning tugashi-ku. Chekuvchiga aylanmagunimizga qa­dar vujudimiz sog‘lom va mukammal edi. Tanamiz nikotinga qaram bo‘l­diyu bularning o‘rnini xumor – ruhiy tushkunlik egalladi. Buni xuddi ichimizda suvi tomchilab turadigan jo‘mrak deysiz, muttasil azob bergani-bergan. Biz undan qutulish va sog‘lom paytimizdagi kabi halovatga yetishish uchun sigareta chekamiz. Afsuski, bu halovat vaqtinchalik, sigaretani o‘chirishingiz bilan xumor qaytadan boshlanadi va siz yanada ko‘proq chekishni xohlab qolasiz. Bu holatga barham bermas ekansiz, U UMRINGIZNING OXIRIGA QADAR DAVOM ETAVЕRADI. Chekmaydigan odamlarni, tabiiyki, sigareta xumori bezovta qilmaydi. Kashandalar o‘pkani chiritadigan narsani qanday qilib huzur bilan chekishini ular tushuna olmaydi. Bilasizmi, eng qizig‘i nima? Chekuvchilarning o‘zi ham chekishining sababini bilmaydi. Aqlimizni taniganimizdan beri sigareta huzur bag‘ishlashi haqidagi safsatani eshitib kelamiz. Unut­mangki, nimadandir mahrum bo‘lganlargina huzurlanishga ehtiyoj sezadi. Aytaylik, ovqatlanib bo‘lgach, chekmaydigan odamlarning mamnunligi yuz-ko‘zidan bilinib turadi. Chekuvchilar esa ichidagi “mahluqcha”ni boqmagunicha o‘zini qo‘yarga joy topolmaydi. Chekishni tashlash bilan bog‘liq asosiy muammo shundaki, kashandalar “shunday qilsam, rohatdan mahrum bo‘laman”, deb o‘ylashadi. Chekishni tashlab, hech narsadan quruq qolmasligingizni bilish juda-juda muhim. Chekish atalmish tuzoqning makkorligini anglash uchun, keling, uni ovqatlanish bilan qiyoslab ko‘ramiz. Muntazam ovqatlanishga o‘rganar ekanmiz, ov­qat­lanish paytlari orasida och qolishimizni o‘ylab, xavotirga tushmaymiz. Ovqatlanish kechikib ketganida esa jismoniy og‘riqlardan azoblanmaymiz, faqat nimadir yetishmayotganini – ovqatlanishimiz kerakligini his etamiz. Ov­qatlanish bizga hu­zur bag‘ishlaydi. Ochlikdagi singari xumor paytida ham chekuvchi hech qanday jismoniy og‘riqni sezmaydi. Chekishni istaganimizda va bu istagimiz o‘z vaqtida qondirilmaganida esa xumor bizni iskanjaga oladi. Qaniydi tezroq sigareta tutatsagu rohat og‘ushiga cho‘msak. Ovqatlanishni chekish bilan taqqoslash sigareta huzur bag‘ishlaydi, deguvchilar uchun juda qo‘l keladi. Chunki har ikkisi ham mamnuniyat hissi bilan yakunlanadi. Lekin aslida ham shundaymi?.. Ba’zi chekuvchilar chekish aslo huzur bermasligi haqidagi fikrni umuman hazm qila olmay, e’tiroz bildirishadi: “Chekish menga yordam bermasligini qanday tasdiqlaysiz? Axir chekish tufayli asabiylashishim kamayishini o‘zingiz ham bilasiz-ku!” Chekish va ovqatlanish o‘rtasida o‘xshashlik bordek tuyulsa-da, bular bir-biriga zid jarayonlar. Siz yashash va umringizni uzaytirish uchun ovqatlanasiz, chekish esa umrni qisqartiradi. Ovqatlanish chindan ham yoqim­li jarayon. Chekish – o‘pkani zaharli tutun bilan to‘ldirish. Ovqat yeyish ochlikni keltirib chiqarmaydi, balki undan xalos etadi. Chekish esa sigaretaga qaramlikni tobora kuchaytiradi. Mana endi “chekish – bu odat” degan afsonaga barham berish payti keldi.  Sizningcha, ovqatlanish odat­mi? Illo, shunday fikrda bo‘l­sangiz, undan butkul voz kechib ko‘ring-chi! Yo‘q, ovqatlanishni odat deb atash nafas olishni odat deyishdek gap. Bularning har ikkisi ham yashashimiz uchun kerak, lekin odat emas. Chekuvchini sigareta tutatishga undaydigan yagona sabab – avvalgi sigaretani chekishdan keyin qolgan bo‘shliq va ishonchsizlik hissiga bar­ham berish. Jamiyatda chekishga zararli odat sifatida qaraladi, mazkur kitobda ham u odat o‘laroq tilga olingan. Ammo, bilib qo‘yingki, chekish odat emas, GIYOHVANDLIKdir. Biz chekishga o‘rganganimizdan buyon yonimizda sigareta olib yuramiz. Mabodor usiz qolsak, asabiylasha boshlaymiz. Vaqt o‘tgani sa­yin ko‘proq va yanada ko‘proq chekamiz. Boshqa har qanday narkotik modda bilan ham shunday hodisa yuz berishi tayin: organizm o‘zini nikotin ta’siridan himoya qilishga urinadi va ayni paytda sigaretaga bo‘l­gan ehtiyoj ortaveradi. Sigareta o‘chirilishi bilan nikotin organizmidan chiqib keta boshlaydi va chekuvchida yana chekish istagi tug‘iladi, stress holatidagi kashandalarning ketma-ket tinimsiz chekishining sababi ham shunda. Ular sigareta yordamida stressdan qutulmoqchi bo‘lib behudaga ovora bo‘lishadi. Bundan tashqari, nikotin –tez ta’sir qiluvchi zahar, u insektitsidlar – zararli hasharotlarga qarshi qo‘llaniladigan dorilar tarkibiga kiradi. Bitta sigaretadagi nikotinni venadan yubosangiz bormi, til tortmay o‘lasiz. Tamaki o‘simligida bir qancha zaharli moddalar, jumladan, is gazi bor. Sigareta zararli ekan deb, trubka yoki sigara chekishga o‘tmoqchi bo‘l­sangiz, bilib qo‘ying: yuqoridagi gaplar har qanday tamaki hamda tarkibida nikotin mavjud mahsulotlar (nikotinli saqich, plastir, sprey, ingalyator)ga tegishli. Odam organizmi sayyoramizdagi eng murakkab obyekt. Hech qaysi biologik mavjudot, hatto, eng tuban hisoblanmish amyobalar ham nimani yeyish mumkinu, nima zaharligini bilmas ekan, yashab qolishi dargumon. Minglab yillar davomida ongi va tanasini takomillashtirib borgan odamzot ovqat va zahar o‘rtasidagi farqni ajratadigan bo‘ldi, zaharlardan qutulish yo‘llarini ishlab chiqdi. Ilk bor sigareta chekkaningizda sizni yo‘tal tutgan, ko‘proq chekib qo‘yganingizda esa boshingiz aylanib, mazangiz qochgan. O‘shanda vujudingiz sizni ogohlantirgan edi: “Meni zahar bilan to‘ldiryapsan. Bas qil!” Mana shu bos­qichda odamning keyinchalik chekuvchiga aylanish-aylanmasligi hal bo‘ladi. Jismonan zaif yoki ruhan beqaror kishilar chekuvchiga aylanadi, deb o‘ylash xato. Birinchi marta sigareta chekib, chekishga mutlaqo toqat qilolmasligini, o‘pkasi zaharli tutunga bardosh bera olmasligini fahmlaganlar omadli, ular butun umrga chekishdan ozod odamlar. Boshqacha aytganda, ular yo‘talmasdan chekishni o‘rganishdek shafqatsiz jarayonni boshdan o‘tkazishga tayyor emas. Ko‘pgina chekuvchilar tamaki ularga huzur bag‘ishlashini aytishadi. Bu – xomxayol. Kashandalar o‘z organizm­larini tamakining ko‘ngilni aynitadigan hidi va ta’miga ko‘niktirishga harakat qilishadi, chekayotganda o‘zlarini huzurlanayotgandek qilib ko‘rsatishadi. To‘g‘ri, ular avvaliga sigaretadan nafratlanishar edi, lekin chekishga o‘rganish jarayonida uni yaxshi ko‘ra boshlashadi. Kashandalarga farqi yo‘q: mentolli sigaretami, sigara yoki trubkami, qo‘lda o‘ralgan papirosmi, chekaverishadi. Shamollaganda ham, gripp, angina, broxit, emfizemaga chalinganda ham chekaverishadi. Chekuvchilar bilan suhbatlashish jarayonida ba’zi kashandalar o‘zlarini giyohvand deb tan olishdan qo‘rqishlari ayon bo‘ldi. Ularning aytishicha, bunday e’tirof chekishni tashlashni yanada qiyinlashtiradi. Shu taxlit fikrlovchilar va umuman chekuvchilar diqqatiga: Chekishning kamchiliklari uning afzalliklaridan ming chandon ziyoda. Lekin sigaretada bizga huzur bag‘ishlaydigan yoki yordam beradigan nimadir bor, deb o‘ylaymiz va shuning uchun ko‘pchiligimiz chekishda davom etamiz. Mabodo chekishni tashlasak, ichimizda allaqanday bo‘shliq paydo bo‘ladi, hayotimiz avvalgidek bo‘lmaydi, degan xayolga boramiz. Bu – navbatdagi puch xayol. haqiqat shuki, sigareta sizga hech narsa bermaydi, aksincha, sog‘ligingizdan mahrum qiladi. Ha, nikotin kuchli ta’sirga ega giyohvand modda, lekin unga hech qachon birdaniga o‘lib qolgudek darajada bog‘lanib qolmaysiz. Vujudni nikotindan tamomila xoli qilish uchun uch hafta kerak bo‘ladi, bu paytdagi xumor qiynog‘i shunchalik bilinar-bilinmaski, aksar chekuvchilar shunaqa narsa borligini umr bo‘yi his qilishmagan. Deyarli barcha chekuvchilar tunni nikotinsiz o‘tkazishadi, hech qanday xumor ularni bezovta qilmaydi. Kun boshlanib, birinchi sigaretani chekishdan avval ko‘pchilik nonushta qiladi, ishga boradi, xullas, o‘n soat chekmasligi mumkin. Shuncha payt chekmasligini o‘ylab, ular sochini yulishga tushmaydi-ku. Hozirgi kunda ko‘pgina kashandalar yangi mashina sotib olib, uning salonida aslo chekmaydi. Ko‘pchilik teatr, supermarket, ibodatxonalarga boradi va u yerlarda chekish mumkin emasligidan tashvishlanmaydi. Metro vagonida chekaman, deb janjal qilgan odamni hech ko‘rganmisiz? Kimdir chekishdan to‘xtatishga urinsa, kashandalar hatto xursand ham bo‘lishadi. Demak, sigaretasiz soatlab, kunlar, oylab va yillab, qo‘yingki, bir umr yashash mumkin ekan-da. Afsuski, nikotinning organizmdan butkul chiqib ketishi qiyin. Yaqin orada kimdir chekayotgan bo‘lsa, nikotin havoda suzib yuribdi va hatto chekmaydiganlar ham undan “bebahra” qolishmaydi. Lekin organizmimiz mo‘’jizaviy moslama, agar biror tuzalmaydigan kasallikka chalinmagan bo‘lsangiz, u o‘zini qayta tiklash uchun kattagina kuch topa oladi. Agar hozirning o‘zidayoq chekishni tashlasangiz, vujudingiz bir necha haftaning ichida o‘zini o‘zi tiklaydi, go‘yo hech qachon og‘ziga sigareta olmagan odamdek bo‘lib qolasiz. Unutmang, chekishni tashlashning kechi bo‘lmaydi. Men yoshi oltmishdan oshgan ko‘plab kishilarga, yetmish-saksonni qoralarga bir necha qariyalarga chekishni tashlashga yordam berganman. Bir kuni 99 yoshli kampirsho 66 yoshli o‘g‘li bilan keldi. “Chekishni nima uchun tashlamoqchisiz?” degan savolimga “O‘g‘limga o‘rnak bo‘lmoqchiman”, deb javob berdi. Oradan olti oy o‘tgach, u bir necha yilga yoshargani haqida yozdi. Men ham – kuniga yuzta sigareta chekadigan ashaddiy kashanda chekishni tashlaganimda o‘zimni g‘oyat baxtiyor his qilganman. Chekishni tashlab, kasal bo‘lib ham qolmadim, xumor tutib, azoblanmadim ham.

© Allen Karr. “Chekishni tashlashning osongina yo‘li” kitobi. Tib.uz