Chekishni tashlash nima uchun qiyin?
Men har safar chekishni tashlashga harakat qilganimda bir necha haftaga cho‘ziladigan depressiya iskanjasida qolar edim. Ba’zida o‘zimni yaxshi his etar, lekin ertasigayoq depressiya qaytadan hujum boshlardi. Bu xuddi toyg‘oq chuqurlikdan chiqishga urinishga o‘xshaydi: tinmay tepaga intilaverasan, oftob nurlariga yetishib, endigina yuqoriga chiqib olaman deganingda, sirpanasanu pastga qulaysan. Natijada esa yana sigaretaga qo‘l cho‘zasan, zaharli tutunni ichingga tortayotib nima uchun bunday qilishing kerakligini tushunolmaysan. Huzurimga maslahat uchun kelgan chekuvchilarga har doim shunday savol beraman: “Siz chekishni tashlashni xohlaysizmi?” Bu, bir qarashda ahmoqona savol. Albatta, barcha chekuvchilar sigaretadan qutulishni istashadi.Farzandlaringiz chekishiga qanday qaraysiz?
Chekish salomatlikka zarar yetkazmaydi, deb hisoblaydigan, boshqalarning pand-nasihatini qulog‘iga ilmaydigan biror kashandaga ana shu savolni berib ko‘ring-a. “Mutlaqo qarshiman” degan javobni eshitishingiz tayin. Barcha kashandalar o‘zlarini iblisona hukmronlik ta’siriga tushib qolgandek his qilishadi. Avvaliga chekish o‘zini-o‘zi ishontirishdan iborat: “Men chekishni tashlayman. Lekin bugun emas, ertaga”. Oqibatda shunday ahvolga tushib qolamizki, o‘zimizni irodasizga chiqarib qo‘yamiz yoki sigareta hayotdan lazzatlanish uchun kerak, deb hisoblashga o‘tamiz. Asosiy masala chekishni tashlash nima uchun osonligini tushunish emas, aksincha, nega bunchalik qiyinligini anglashdir. Umuman, odam qay sababdan chekishni boshlaydi? Axir har bir chekuvchi bu baloga o‘rganganidan taassufda, ularning nazarida chekish vaqt va pulni behuda sovurishdan boshqa narsa emas. Hisob-kitoblarga ko‘ra, kuniga yigirmata sigareta chekadigan odam umrining oxirigacha o‘rtacha 50.000 funt sterling sarflaydi. O‘ylab ko‘ring, bu pullarni nimaga xarj qilyapmiz? O‘z o‘pkamizni saratonga sabab bo‘luvchi qatron bilan muttasil to‘ldirishga, qon tomirlarimizni zaharlashga-da! To‘g‘rimi? Har kuni vujudimizdagi har bir mushak va har bir a’zoni kislorod tanqisligiga giriftor qilamiz, vaqt o‘tgan sayin ular tobora shalvirab qolaveradi. Biz sarflagan pullar evaziga buruqsagan badbo‘y tutundan bo‘g‘ilib ketgudek nafas olamiz, sadafdek tishlarimiz sarg‘ayadi, kiyimlarimiz sigareta kulidan teshilib ketadi. Chekish – umrbod qullik. Umrimizning anchagina qismini chekish taqiqlanadigan joylar – kasalxona, maktab, metro, teatr va hokazolarda o‘tkazamiz. Chekiladigan sigaretalar sonini kamaytirishga yoxud umuman chekishni tashlashga urinar ekanmiz, o‘zimizni kamsitilgandek his qilamiz. Chekishga ruxsat beriladigan joylarda bo‘lganda esa chekish taqiqlanishini o‘zimiz xohlab qolamiz. Juda qiziq mashg‘ulot: u bilan mashg‘ul paytda undan qutulishni, mashg‘ul bo‘lmaganda esa unga yetishishni orzu qilasiz. Bundan ham qizig‘i, aqlli odamlarning ana shu mashg‘ulot bilan bandligi. Har safar chekishga qarshi kurash kuni e’lon qilinganida; Sog‘liqni saqlash vazirligining ogohlantirishini o‘qiganida; saratonga qarshi kurashga bag‘ishlangan navbatdagi kampaniya o‘tkazilganida; ko‘kragida yana og‘riq turganida; chekmaydiganlar orasiga tushib qolganida chekuvchi o‘zidan nafratlana boshlaydi. Umr bo‘yi aybdorlik va qo‘rquv hissiga o‘ralib yashash evaziga u nimani qo‘lga kiritadi? MUTLAQO HЕCH NARSANI! Ba’zilar chekish huzur bag‘ishlashini aytishadi. Yolg‘on! Tamaki bilan bog‘liq hamma narsa yoqimsizdir. Chekish huzur bag‘ishlashiga ishonadigan istalgan chekuvchidan so‘rab ko‘ring: “Siz o‘rgangan markadagi sigaretani sotib olishga imkoniyatingiz qolmay, sizga yoqmaydiganini olishingizga to‘g‘ri kelsa, chekishni tashlarmidingiz?” Salbiy javob olishingiz turgan gap. Kashandalar sigaretadan ayrilgandan ko‘ra eski chilvirni chekishni afzal bilishadi. Bu odatning huzurlanish bilan umuman aloqadorligi yo‘q. Aytaylik, menga dengiz qisqichbaqalari yoqadi, lekin ko‘chada yigirmata qisqichbaqani ko‘tarib yurishimga hojat yo‘q-ku. Hayotimizda bizga huzur beradigan mashg‘ulotlar juda ko‘p, ayni paytda ular bilan shug‘ullanmasligimiz tufayli baxtsiz bo‘lib qolmaymiz. Ayrimlar chekuvchi timsolida “haqiqiy erkak”ni ko‘radi. Tutunni og‘izdan ichga tortib, burundan chiqarish zo‘r emish. Aytingchi, saratonga yo‘liqtiradigan qatronni o‘pkaga yuborishning nimasi zo‘r?.. Kimlardir faqat do‘stlari chekkani uchungina chekishini aytadi. Nima, siz shunchalik ahmoqmisiz? Agar shunday bo‘lsa, duo qilingki, do‘stlaringiz bosh og‘rig‘idan qutulish uchun boshlarini kesishni boshlashmasin! Ana shular xususida fikr yuritgan aksar chekuvchilar alaloqibat chekish – bu shunchaki odat degan xulosaga kelishadi. Lekin mazkur xulosa ham mantiqqa ega emas. Hayotimiz davomida odatlarimizni o‘zgartirib boramiz, holbuki, ulardan ayrimlari bizga ancha-muncha huzur-halovat bag‘ishlaydi. Haqiqat shuki, chekish halokatga yetaklovchi odat va bu odatdan voz kechish juda qiyin degan fikr miyamizga quyib tashlangan. Biroq o‘ylab ko‘raylik: chekishni tashlash chindan ham qiyinmi? Ma’lumki, Buyuk Britaniyada haydovchilar o‘ng tomondan harakatlanishga odatlanishgan. Yevropaning boshqa davlatlari yoki Amerikada mashina haydaganda esa ular o‘z odatlarini osonlikcha unutishadi. Xullas, “tarki odat amri mahol” naqli g‘irt yolg‘onning o‘zginasi. Xo‘sh, nima uchun ko‘ngilni behuzur qiladigan, hayotimizni zaharlovchi va cho‘ntagimizni “yengillatuvchi” chekishni tashlash qiyin deb o‘ylaymiz? Bu savolning javobi oddiy: chekish shunchaki odat emas, NIKOTINGA QARAMLIKdir! Kashandalar chekishham giyohvandlik ekanligini anglab yetmagunlariga qadar sigaretadan ayrilish dushvor ishdek tuyulaveradi!© Allen Karr. “Chekishni tashlashning osongina yo‘li” kitobi. Tib.uz
Ushbu maqolani ham o'qing:
“Chekishni tashlashning osongina yo‘li” (1-qism)