Muqaddima

“Men butun dunyoni kashandalikdan xalos qilmoqchiman”. Bu gapga xotinim istehzoli kulib qo‘y­di, xolos. Uni tushunsa bo‘ladi, axir u chekishni tashlashga bo‘lgan son-sanoqsiz urinishlarimning guvohi. Eng oxirgi urinishim ikki yil oldin bo‘lgan edi. Olti oy uqubatlarga bardosh berdim va taqdirga tan berib yana cheka boshladim. O‘shanda yosh boladek yig‘laganimni aytishdan uyalmayman. Ha, yig‘ladim. Umrimning oxirigacha kashandalikka mahkumligimni o‘ylab yig‘ladim. Qanchalar azob tortganimni eslab, yana bir bor bunchalar shaf­qatsiz sinovga dosh berolmasligimni tan oldim. Men mushtumzo‘r emasman, lekin o‘sha payt­da birorta mehribon va chekmaydigan odam oldimga kelib, chekishni tashlash osonligi ha­qida gapirsa, uni xumordan chiqquncha do‘p­pos­lagan bo‘lardim. Ehtimol, chekishni tashlash chindan ham juda osonligiga mutlaqo ishona olmayotgandirsiz. Sizdan o‘tinaman, bu kitobni bir chetga uloqtirmang, so‘zlarimga ishoning. Xullas, oxirgi urinishimdan ke­yin ikki yil o‘tdi. Sigaretani kuldonda ezg‘ilarkanman, xotinimga ho­zirgina chekishni tashlaganimni va butun dunyoni bu balodan qutqarmoqchi ekanimni aytdim. To‘g‘ri, uning istehzosi g‘ashimga tegdi, lekin g‘alaba nashidasidan shunchalar sarmast edimki, bunga e’tibor qilib o‘tirmadim. O‘ylashimcha, kutilmaganda chekmaydigan odamga aylanganim uni dovdiratib qo‘ygandi. Endi o‘sha voqeani eslab, xotinimning mening xursandchiligimga munosabatini tushunyapman. Nima uchun rafiqam Joys, yaqin do‘stlar va qarindoshlarim meni narkologiya klinikasi bemori bo‘lishga nomzod deb hisoblashganini anglab yetyapman. O‘tgan hayotimga nazar tashlab bildimki, shu paytgacha faqatgina chekishni tashlash muammosini hal qi­lishga tayyorlangan ekanman. 1983 yilning 15 iyuli men uchun unutilmas sana. To‘g‘ri, men If qal’a­sidan qochganim yo‘q, lekin oxirgi sigaretamni o‘chirar ekanman, go‘yo tut­qunlikdan ozod bo‘lgandek rohatlanar edim. Men har bir kashanda orzu qiladigan ish – chekishni tashlashning oson yo‘lini topgan edim. O‘z usulimni chekadigan do‘stlarim ham­da qarindoshlarimda sinab ko‘rgach, hisobchilik kasbini tashladim va chekuvchilar nikotin tuzog‘idan qutulishlariga yordam berish uchun maslahatchi bo‘lib ishlay boshladim. Bu kitobni 1985 yili yozishga kirishganman. Bunga chekishdan qutula olmayotgan bir erkak sabab bo‘lgandi. U har kuni ikki marta huzurimga kelar va har safar ikkimiz ham yig‘lavorgudek ahvolga tushardik. U qattiq hayajonlanar, men esa gaplarimga tushunishi uchun uni tinchlantira olmay ovora edim. Shunda gaplarimni unga yozib bersam-chi, deb o‘yladim. Xohlagan paytida o‘qib, nima demoqchiligimni tushunib olaveradi-da. “Oson yo‘l”ning samaradorligiga shubha qilmasam-da, yozilajak kitobning muvaffaqiyatsizlikka uchrashidan xavfsirar edim. Men mustaqil marketing tadqiqoti o‘tkazdim, natijalar esa umid bag‘ishlaydigan darajada emasdi, qolaversa, yozuvchilik bobidagi mahoratimga ishonmasdim. Ammo vaqt o‘tib, bu xavotirlarim o‘rinsiz ekanligi ayon bo‘ldi, kitobim yigirmadan ortiq tilga tarjima qilindi. Men o‘quvchilardan ming­lab minnatdorchilik maktublari oldim:
  • “Bu – juda ham zo‘r kitob!”
  • “Siz – mening ustozimsiz!”
  • “Siz – dahosiz!”
  • “Siz – ritsarlikka munosibsiz!”
  • “Siz bosh vazir bo‘lishingiz kerak!”
  • “Siz – avliyosiz!”
Bular mening adabiyot bobidagi mahoratimga aytilgan tasannolar emas, balki “Oson yo‘l”ning haqiqa­tan samarador ekanligining e’tirofidir. Bu – ochiq-oydin fakt. Eng qiyin ish – mana shu gapga chekuvchini ishontirish. Klinikalarimizda birorta kashanda chekishni tashlay olmasa, buni o‘z muvaffaqiyatsizligi deb hisoblaydi. Vaholanki, bu bizning muvaffaqiyatsizligimiz, aynan biz uni chekishni tashlash oson va yoqimli ekaniga ishontira olmagan bo‘lamiz. Kitobimning birinchi nashrini men davolay olmagan kishilarga bag‘ishladim. Agar klinikamizda kimdir chekishni tashlay olmasa, unga pulini qaytarib beramiz. Hozirgi kunda dunyo­dagi barcha klinikalarimizda muvaffaqiyatsizlik o‘rtacha 5 foizni tashkil etadi. Demak, ishimizning 95 foizi omadli yakunlanadi. Men favqulodda samarador usulni topganimga ishonsam-da, bunchalik yutuqlarga erishaman deb o‘ylamagan edim. To‘g‘ri, siz e’tiroz bildirishingiz mumkin: butun dunyoni chekishdan qutqarish qo‘limdan kelar ekan, samaradorlik 100 foiz bo‘lishi kerak edi! Yo‘q, men hech qachon bunday deb o‘ylamaganman. Qachonlardir nikotinga qaramlikning eng tarqalgan shakli tamaki hidlash edi. Oradan necha yuz yillar o‘tsa-da, bu g‘alati odatni tark etmayotganlar talaygina, shunday ekan, sigareta chekuvchilar ham har doim bo‘ladi. Albatta, bitta o‘zim butun dunyoni kashandalikdan xalos qilaman deb o‘ylamaganman. Chekish tuzog‘i sirini topgach, quyidagi yanglish fikrlarni ham fosh etishni dilimga tukkan edim:
  • chekuvchilar chekishdan rohatlanadi;
  • chekuvchilar chekuvchi bo‘lish ha­qi­dagi qarorni ongli ravishda qabul qiladi;
  • chekish zerikish va stressdan xalos etadi;
  • chekish diqqatni jamlash va bo‘shashishga yordam beradi;
  • chekish – bu odat;
  • chekishni tashlash uchun iroda ku­chi kerak;
  • chekishni boshlagach, keyinchalik uni umuman tashlab bo‘lmaydi;
  • chekuvchiga chekish uni o‘limga yetaklishini har doim eslatib turish zarur;
  • tamaki o‘rnini bosuvchi (nikotin o‘rnida ishlatiladigan) vositalar chekishni tashlashga yordam beradi.
Chekishni tashlash qiyin, degan gap mazkur yanglish fikrlarning eng asosiysi hisoblanadi. Men ishga kirishayotgan paytda asosiy raqibim tamaki sanoati bo‘ladi deb o‘ylagan edim. Vaholanki, menga ittifoqdosh bo‘lishiga umid qilganlarim – ommaviy axborot vositalari, hukumat, jamoat tashkilotlari (ASH[1], QUIT[2]) va an’anaviy tibbiyot boshimga toshlar yog‘dirdi. “Keniya hamshirasi” filmini tomosha qilganmisiz? Film bolalar orasida tarqalgan poliomiyelit kasalligiga qarshi kurashga bag‘ishlangan. Xastalik natijasida nafaqat qo‘l-oyoqlar falajlanadi, balki ularning shakli ham o‘zgaradi. Shunda shifokorlar qo‘l-oyoqlar qiyshayishining oldini olish uchun bolalarni bo‘g‘ovlashga qaror qilishadi. Lekin bu tadbir umrbod falajlikka olib keladi. Film qahramoni bo‘lmish hamshira esa kishanlar tuzalishga to‘g‘anoq bo‘lyapti, deb hisoblaydi. U mushaklar faoliyatini tiklash va bemor bolalarni yurishga o‘rgatish mumkinligiga ishonar edi. Ammo u vrach emas, oddiygina hamshira. Shuning uchun hamshiraning gaplariga quloq soluvchi odam topilmadi. Biroq hamshira davolagan bolalar, ularning ota-onalari uning haqligini bilishar edi. Holbuki, tibbiyot uning qarashlarini rad etdi va hamshira ishi­dan mahrum bo‘ldi. Uning haqligi 20 yildan keyingina isbotlanadi. Men ham xuddi o‘sha hamshiraning ahvoliga tushib qoldim. Meni hatto vrachlarni umuman hurmat qilmaydigan odamga chiqarib qo‘yishdi. Lekin bu gap haqiqatdan tamomila yiroq. O‘g‘illarimdan biri vrach bo‘lib ishlaydi va men bunda-da sharafliroq kasbni bilmayman. Klinikalarimizdagi ishlarimizda shifokorlar bilan tez-tez maslahatlashib turamiz, mijozlarimizning ko‘pchiligini aynan tibbiyot xodimlari tashkil etadi. Ba’zi vrachlar kaminani tovlamachilikda ayblasa, ayrimlari tabib deb o‘ylardi. Men 1997 yili Pekinda bo‘lib o‘tgan “Tamaki va salomatlik” o‘ninchi xalqaro konferensiyasida nutq so‘zlash imkoniyatiga ega bo‘ldim. Bunday katta anjumanda vrach diplomiga ega bo‘lmay turib nutq so‘zlagan birinchi kishi men edim va buni erishgan yutuqlarimning e’tirofi o‘la­roq hisoblash mumkin. Biroq o‘sha nutqimni konferensiya ishtirokchilariga o‘qidim nimayu, devorga o‘qidim nima – farqi bo‘lmadi. Nikotinli saqich va nikotinli plastir yordamida chekishni tashlab bo‘lmasligini endilikda kashandalarning o‘zlari ham bilishadi. Bu usul xuddi geroin chekishga o‘rganmagan giyohvandga: “Geroin chekish xavfli, yaxshisi uni venadan yuboraqol” deganga o‘xshaydi (nikotin bilan zinhor bunday qila ko‘rmang, oqibati – muqarrar o‘lim!) An’naviy tibbiyot va ommaviy axborot vositalari esa siyqasi chiqqan gaplarni takrorlashdan charchamaydi: chekish salomatlik uchun zararli, ko‘ngilni aynitadigan va qimmatga tushadigan odat. Shunga o‘xshash ming­lab sabablar keltirilgan taqdirda ham chekuvchilar chekishni tashlamaydi, chunki buning uchun chekishga undaydigan asl sabablarni aniqlash hamda ularni yo‘q qilish darkor. Chekishga qarshi kurashga bag‘ishlab o‘tkaziladigan umumxalq kunida tibbiyot mutaxassislaridan qu­yidagicha gapni eshitamiz: “Bugun barcha chekuvchilar chekishni tashlashga harakat qiladigan kun!” Vaholanki, aynan shu kuni kashandalar odatdagiday ikki baravar ko‘proq va namoyishkorona chekishadi. Tabiiyki “kimlar”ningdir ko‘rsatma berishi ularga mutlaqo yoqmaydi (ayniqsa, o‘sha “kimlardir” barcha chekuvchilarni ahmoq deb hisoblaydigan va ular nima uchun chekishini tushunmaydigan odamlar bo‘lsa). Chekishni tashlashga chaqiruvchilar buni qanday qilish kerakligini bilishmaydi va topib olgan gaplari: “Ma’naviy usuldan foydalanib ko‘ring. Yordam bermasa, bosh­qasini qo‘llang”. Pekindagi konferensiyada qatnashgan bir vrach umuman xayolimga kelmagan gapni aytdi – bemorga chekishni tashlashning eng yaxshi usulini taklif qila olmagan vrachni jinoiy javobgarlikka tortish kerak. Buni qarangki, o‘sha shifokor nikotin o‘rnini bosuvchi vositalarning (nikotinli saqich, nikotinli plastir va hokazo) ashaddiy tarafdori edi. Agar uning taklifi amaliyotga tatbiq etilsa bormi, birinchi jinoyatchi o‘zi bo‘lishi tabiiy. Yaqinda AQSH hukumati 2,5 million dollarlik televizion kampaniya o‘tkazib, yoshlarni chekishning zararlaridan ogohlantirdi. O‘smirlar sigaretadan o‘lmaymiz deb o‘ylashlari va ularning hech biri nikotinga asir bo‘lish mumkinligini hatto taxmin ham qilmasligini nahotki ular tushunishmaydi? O‘pka saratonining chekishga bog‘liqligi bundan qirq yil muqaddam aniqlangan, shunday bo‘lsa-da, tobora ko‘proq yoshlar sigaretaga bog‘lanib qolishmoqda. Qolaversa, chekuvchilarning bunday televizion kampaniyalarni tomosha qilishga umuman toqatlari yo‘q. AQSHdagi deyarli har bir o‘smir o‘z uyida chekish keltirgan kulfatga guvoh bo‘lgan. Shaxsan ko‘z oldimda otam va opam chekish tufayli adoi tamom bo‘ldi, lekin bu meni nikotin tuzog‘idan asrab qololmaydi-ku. Umummilliy teledasturlardan birida men ASHdan kelgan bir vrach bilan birga chiqish qildim (bu tashkilot hech qachon chekmaganlardan iborat bo‘lib, shu paytgacha birorta kashandani davolay olgan emas). O‘sha xonimning qat’iy ishonch bildirishicha, televizion kampaniya yoshlarni chekishdan asrar emish. Agar 2,5 million dollarni menga berishganida, nikotindan bir necha yil ichida o‘lishni kafolatlovchi kampaniya o‘tkazgan bo‘lardim. Men o‘z usulimni qo‘llay boshlaganimdan beri o‘n to‘rt yil o‘tdi, shu davr ichida qilingan ishlar dengizdan bir tomchi, xolos. Vrachlar va ommaviy axborot vositalari chekishni tashlashni qiyinlashtiradigan usullardan voz kechib, “Oson yo‘l”ning chindan ham FOYDALANISH KЕRAK BO‘LGAN YAGONA AMALIY USUL ekanini e’tirof etishmaguncha ko‘nglim taskin topmaydi. Mazkur kitobni o‘qib bo‘lgach, o‘zingiz hammasini tushunib olasiz. Hatto bizda chekishni tashlay olmagan kashandalar ham bu usulning eng samarali ekanini aytishmoqda. Qo‘lingizdagi kitob – “Oson yo‘l”ga yetishishga yordam beradi. Aslo umidsizlikka tushmang. Men hayotimda juda ko‘p muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritdim, shulardan eng buyugi nikotin asirligidan qutulganimdir. Bu voqea o‘n to‘rt yil muqaddam yuz bergan bo‘lsa-da o‘sha damda tuyganim erkinlik nashidasi hali-hanuz meni tark etgani yo‘q. Ishoning, siz hech qanday ko‘ngilsizlikka duch kelmaysiz, aksincha, yer yuzidagi har qaysi kashanda orzu qiladigan narsa – OZODLIKka erishasiz!

© Allen Karr. “Chekishni tashlashning osongina yo‘li” kitobi. Tib.uz