Nefrologiya

MAQOLALAR

ico
Piyelonefrit kasalligi klinik belgilari, tashxislash va davolash usullari

Piyelonefrit – buyrak xastaliklari orasida eng keng tarqalgan kasallik. Bu xastalik 100 000 aholidan 100 tasida aniqlanadi. Ko‘proq, o‘smir qizlarda va yosh ayollarda uchraydi. Shuningdek, homiladorlik kasallik rivojlanishi uchun muqobil sharoit yaratadi. Agarda siydik tosh kasalligi yoki siydik yo‘llari anomaliyasi bo‘lmasa yosh va o‘rta yoshdagi erkaklarda piyelonefrit kamroq uchraydi.

[caption id="attachment_10277" align="aligncenter" width="1024"]Piyelonefrit Foto: rus-urologiya.ru[/caption]

Piyelonefrit bu yuqori siydik chiqaruv yo‘llari infeksiyasi hisoblanib, unda buyraklarning jomchalari, kosachalari, parenximasi va interstitsional to‘qimasi yallig‘lanadi. Yallig‘lanish yuqori siydik yo‘llariga infeksiya tushishidan kelib chiqadi. Yuqori siydik yo‘llariga infeksiya tushishi pastdan yuqoriga ko‘tarilishi bilan va qon orqali (gematogen yo‘l) tarqaladi. Siydik infeksiyasining sababi (75 foiz) ichak tayoqchasi bakteriyasi hisoblanadi.

Piyelonefrit turlari

Piyelonefritning birlamchi va ikkilamchi, bir tomonlama yoki ikki tomonlama, o‘tkir va surunkali turlari mavjud.

Piyelonefrit kasalligi belgilari

Kasallik quyidagi 3 ta klinik belgilarda yaqqol namoyon bo‘ladi:

  1. Tana harorati oshishi. Birinchi kunlardayoq, 39-40 °C gacha ko‘tariladi, keskin pastga tushib yuqoriga chiqadi, qaltiroq bosadi, ko‘p terlash kuzatiladi. Odatda bu holat 5-7 kun davom etadi.
  2. Og‘riq bel, biqin, qorinning pastki sohasida bir tomonda yoki ikki tomonda kuzatiladi.
  3. Siydik ajralishining buzilishi, tez-tez og‘riqli siyish, kechasi bezovta bo‘lish, siydik loyqalanishi kuzatiladi. Ushbu davrda, shuningdek, behollik, ishtahasizlik, og‘iz qurishi, ko‘ngil aynish, qayt qilish, qon bosimining oshishi, bosh og‘rishi, yurakning tez urishi kuzatilishi mumkin.

Kasallikni tashxislash uchun...

Tashxisni qo‘yish uchun umumiy qon, siydik tahlili, Nechiporenko sinamasi, qonda mochevina, kreatinin, qand, umumiy oqsil, elektrolitlar miqdori aniqlanadi. Buyraklar ultra tovush orqali tekshiriladi.

Piyelonefritni davolash

Davolash nefrolog tomonidan olib borilishi kerak. Kasallik paytida bemorga ko‘p yotish, og‘ir ko‘tarmaslik, og‘ir ish qilmaslik, sovuqdan saqlanish tavsiya etiladi. Bemor kam tuzli parhez saqlash kerak. Oqsillar me’yori bilan, o‘ta qovurilgan, o‘ta yog‘li ovqatlar taqiqlanadi. Tez-tez, oz-ozdan, 4-5 marotaba ovqatlanish kerak. Ko‘p miqdorda suyuqlik ichish zarur. Kun davomida sabzi, shotut sharbati, makkajo‘hori popugi, loviya po‘sti, namatak damlamalarini ichish kerak.

Qalampir, xom piyoz, sarimsoqpiyoz, turp, qizilcha, gorchitsa, shavel, tuzlamalar, sirka, shokolad, qahva, achchiq, choy, natriy tuzlari bilan to‘yingan mineral suvlar, sun’iy ichimliklar, alkogol mahsulotlari iste’mol qilish qat’iy man etiladi. Dorilardan-antibiotiklar, nitrofuranlar, uroseptiklar, spazmolitiklar, dezintoksikatsion vositalar, simptomatik terapiya, fizioterapiya qo‘llaniladi.

Kasallik qaytalanmasligi uchun ikkilamchi infeksiya o‘choqlarini (tomoq, quloq, burun, tishlar va h.k.) muntazam tozalab turish kerak.

© Oybek MIRZABAYEV, nefrolog.
"Tibbiyot gulshani"  gazetasi.

ico
Buyrak kasalliklari qanchalik xavfli?

Nefritmi yoki glomerulonefrit?

Buyrakning yallig‘lanishidan kelib chiqadigan nefrit (yoki glomerulonefrit) da asosan buyrak koptokchalarining tomirlari ham zararlanadi. Kasallik ko‘pincha angina yoki streptokokklar qo‘zg‘atuvchi yuqori nafas yo‘llari xastaligidan keyin yuzaga keladi. Ba’zida o‘pka yallig‘lanishi, difteriya, toshmali terlama yoki ich terlama, qattiq sovqotish ham nefritga sabab bo‘lishi mumkin.

Glomerulonefrit xastaligi haqida ushbu maqola orqali batafsil ma'lumot olishingiz mumkin: Glomerulonefrit - sabablar, davolash va oldini olish

Nefroptoz yoxud buyrak tushishi

Nefroptoz – buyrakning tushishi (ya’ni, o‘z o‘rnidan pastga siljishi) demakdir. Tug‘ma nefroptoz buyrakni ushlab turuvchi boylamlarning nimjonligi oqibatida kelib chiqsa, orttirilgan nefroptoz esa shikastlanish, ba’zan qisqa fursatda juda oriqlab ketish natijasida yoki homiladorlikdan so‘ng qorin devori mushaklarining kuchsizlanishi oqibatida kelib chiqadi. Dastlabki bosqichda buyrakning pastki qismi qo‘lga ilinsa (sog‘ odamda buyrak qo‘lga unnamaydi), ikkinchi bosqichda buyrak to‘liq suriladi, uchinchi bosqichda har tomonga suriladigan bo‘lib qoladi. Nefroptozning boshlang‘ich davrida bemor deyarli hech narsa sezmasligi mumkin. Faqat vaqti-vaqti bilan (ayniqsa ko‘p yurib yoki chopib kelgandan so‘ng) buyrak, qorin, kindik sohasida belga yo qovuqqa beriladigan og‘riq paydo bo‘ladi.

[caption id="attachment_10279" align="aligncenter" width="1024"] Foto: etopochki.ru[/caption]

Keyinchalik buyrak tomirlari ko‘proq cho‘zilib, torayib boradi. Oqibatda buyrakning qon bilan ta’minlanishi yomonlashadi. Endi bemor nafaqat og‘riqning zo‘rayganidan, balki uning qayta-qayta (hatto buyrak sanchig‘i darajasida) bezovta qilishidan va peshob rangining o‘zgarganidan shikoyat qila boshlaydi. Peshob tahlil qilinganda esa oqsil va eritrotsitlarning ko‘paygani aniqlanadi. Xastalikning uchinchi bosqichi nefrogen gipertoniya (buyrak xastaligi oqibatida qon bosimining ko‘tarilishi) va qonli peshob kabi asoratlar bilan kechadi.

Nefroptozni davolash konservativ (operatsiyasiz) va operativ usulda olib boriladi. Konservativ usul deganda asosan bandaj taqish, qorin devorini mustahkamlash va qorin bo‘shlig‘i bosimini oshirish yo‘li buyrakni o‘z holiga keltirish ko‘zda tutiladi. Bandaj qorin pastidan tepaga qarab o‘ralishi, qorin devorini bir tekis siqib turishi, uni ertalab yotgan holda qo‘yilishi, kechqurun uyqudan oldin yechilishi kerak. Bandajdan uzoq muddat foydalanish qorin devori mushaklarining kuchsizlanishiga olib keladi. Davolash maqsadidagi jismoniy mashqlar, ertalabki badantarbiya, suzish juda foydali.

Operatsiya usuli (nefropeksiya)da esa tushgan buyrak o‘z o‘rniga qo‘yiladi va yana tushmaydigan qilib mustahkamlanadi. Bu usul nefroptozning asoratlari yuzaga kelmasdan ilgari amalga oshirilsa, ko‘proq samara beradi.

Piyelonefrit kasalligi

Piyelonefrit (buyrak jomining yallig‘lanishi) kasalligidir. Et uvishishi, tirab-qaqshash, tana haroratining keskin ko‘tarilishi, qattiq terlash, belning bir tomonida yoki umurtqa pog‘onasining ikki yonida og‘riq turishi, ko‘ngil aynashi, qayt qilish, og‘iz qurishi, mushaklarning bezillab og‘rishi singari nohush holatlar piyelonefritga xos belgilar sanaladi. Bunda bemorning buyragidan siydik ajralishi qiyinlashadi. Peshob tekshirilganda unda leykotsitlar va mikroblar ko‘pligi aniqlanadi.

Shuni aytish kerakki, surunkali piyelonefrit yillar davomida hech qanday belgisiz kechishi ham mumkin, u faqat siydikni tekshirish yo‘li bilangina aniqlanadi. Belning bir oz og‘rib turishi, sal isitma chiqishi va bosh og‘rig‘i unchalik kuchli bo‘lmagani uchun bemor do‘xtirga ko‘rinmasdan yuraveradi. Lekin surunkali piyelonefrit vaqti-vaqti bilan kuchayib boradi, bunda albatta tegishli muolaja olish zarur. Aks holda buyrakning siydik ajratish fuyeksiyasi o‘zgaradi, buyrak to‘qimasi ishi ham asta-sekin izdan chiqadi. Natijada tana azotli chiqindilar bilan zaharlanadi.

Piyelonefrit haqida ushbu maqola orqali batafsil ma'lumot olishingiz mumkin: Piyelonefrit kasalligi klinik belgilari, tashxislash va davolash usullari

Buyrak-tosh kasalliklari

Buyrak toshlari joylashishiga va hajmiga qarab turlicha bo‘ladi. Masalan, urat, oksalat, fosfat toshlari siydikda shovul kislotaning ko‘payib ketishi natijasida cho‘kmalar paydo bo‘lishidank so‘ng kelib chiqadi. Kalsiy tuzining siydikdan ko‘p ajralib chiqishi oqibatida ham tosh hosil bo‘ladi. Xastalikning bu turini davolash uchun parhezga qat’iy rioya qilish kerak. Tarkibida shovul kislota hamda tarkibida tuzlar mavjud bo‘lgan mahsulotlar (masalan, shovul, ismaloq, lavlagi, kartoshka, anjtr, olxo‘ri, qulupnay, kakao, shokolad, qora choy)ni iste’mol qilmagan ma’qul. Aksincha, magniyga boy mahsulotlar(masalan, na’matak, yong‘oq, sabzi, o‘rik, grechixa, arpa, kashnich)ni ko‘proq iste’mol qilish lozim. Bular organizmda oksalat toshlari hosil bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaydi.

Buyrak toshi kasalligi bor bemor semirib ketishdan saqlanishi, jismoniy harakatda bo‘lishi, hamir ovqatlar, non, shakarni iloji boricha kam yeyishi kerak. Qon-tomir, yurak hastaligi bo‘lmasa, bir kunda ikki litrgacha suyuqlik ichishi mumkin. Chunki suyuqlik toshlarni yuvadi. Spirtli ichimliklar ichish aslo mumkin emas. Ichkilik organizmdagi tuzlarning erishiga to‘sqinlik qiladi. Bemor shifokor belgilab bergan parhezga qattiq rioya qilishi zarur.

Buyrak-tosh kasalligi haqida ushbu maqola orqali batafsil ma'lumot olishingiz mumkin:  Buyrak-tosh kasalligi: sabablari, belgilar, davolash usuli

© Nozima Bobojonova, nefrolog shifokor.
Darakchi.uz

ico
Buyrak-tosh kasalligi: sabablari, belgilar, davolash usuli
Buyrak-tosh kasalligi peshob ajratish (konsentratsion) faoliyatining buzilib, siydikning miqdor va sifat jihatidan o‘zgarishi oqibatida buyrak kosa-jom tizimida toshlar paydo bo‘ladigan surunkali xastalikdir. Bu o‘zgarishlar organizmdagi umumiy modda almashinuvining buzilishi bilan ham bog‘liq. buyrak tosh kasalligi Haddan ziyod ko‘p ovqatlanish (ayniqsa, go‘shtli mahsulotlar) natijasida oqsil parchalanishining kuchayishi tanadagi ana shu modda almashinuvining buzilishiga olib keladi. Ya’ni, kasallik tufayli buyraklarning kosa-jom tizimi va siydik yo‘llariga to‘planib qolgan tuzdan tosh paydo bo‘ladi.

Buyrak-tosh kasalligi sabablari

Buyrak-tosh kasalligi sabablari to‘laligicha aniqlanmagan. Biroq tanada moddalar almashinuvi buzilishi eng asosiy sabablardan. Shuningdek, buyrak va siydik yo‘llaridagi infeksion yallig‘lanish tufayli yuzaga keladigan
peshob ajratish (urodinamika) tizimining buzilishi ham kasallikni kuchaytirib yuboradi.

Buyrak-tosh kasalligi belgilari

Eng avvalo, siydik achishib, og‘riqli keladi va peshob xiralashadi. Siydik yo‘lida tosh yig‘ilishi natijasida to‘siq paydo bo‘lib, buyrak sanchig‘ini yuzaga keltiradi. Sanchiq esa xuruj darajasigacha borishi mumkin. Belda hosil bo‘lgan og‘riq chov sohasi bo‘ylab qovuqqa tomon tortib, kuchayadi. Xuruj vaqtida va undan keyin siydik qon aralash tusga kiradi. Kasallikda ko‘ngil aynishi, qayt qilish, ishtaha pasayishi, uyqu va boshqa ruhiy buzilish kabi belgilar ham kuzatilishi mumkin. Bunday bemorlar, albatta, urolog va nefrolog mutaxassislarga murojaat qilishi lozim. Kasallikka laborator va maxsus asboblar yordamida tekshirish asosida aniq tashxis qo‘yiladi.

Kasallikni davolash

Bu kasallikni davolash asosan, organizmdagi moddalar almashinuvi buzilishini muvofiqlashtirish, buyrak va siydik yo‘llarida peshob harakatini ravonlashtirishdan iborat. Shuningdek, siydik yo‘llaridagi infeksiyaga qarshi kurashiladi.

Buyrak-tosh kasalligi profilaktikasi

Kasallikning paydo bo‘lishi va rivojlanishining oldini olish uchun, avvalo, organizmdagi modda almashinuvini izga solish lozim. Bunga sog‘lom turmush tarziga rioya etish va qat’iy parhez orqali erishiladi.

Mumkin emas!

Ko‘p miqdorda shovul va siydik kislotasi paydo qiluvchi mahsulotlar iste’mol qilish taqiqlanadi. Osh tuzi, jigar, buyrak, til, qazi va dudlangan go‘sht, margarin, bedana tuxumi, brinza, pishloq, shokolad, qo‘ziqorin, anjir, mosh, no‘xat, loviya, achchiq qora choy, qahva hamda kakao iste’mol qilmaslik talab etiladi.

Tavsiya etiladi!

Bemorlarga, asosan, yog‘siz mol go‘shti, qaynatilgan, bug‘da pishirilgan parranda va baliq go‘shti, o‘simlik moylari, sariyog‘, tovuq tuxumi (sutkasiga bittadan ko‘p emas), birinchi va ikkinchi navli un mahsulotlari, murabbo, marmelad, guruch va marjumak (grechixa), karam, bodring, turp, qovoq, sabzi iste’mol qilishi mumkin. O‘rik, behi, nok, olma, shaftoli, uzum, qovun-tarvuz, olcha kabi mevalar juda foydali. Ko‘k choy, meva va sabzavot sharbatlari hamda na’matak damlamalari ham tavsiya etiladi.

© Nozima BOBOJONOVA, Toshkent tibbiyot akademiyasi 3-klinikasi nefrologiya bo‘limi shifokori. "Oila davrasida" gazetasi.

ico
Glomerulonefrit - sabablar, davolash va oldini olish
Buyrak koptokchalarining o‘tkir va surunkali yallig‘lanishlari glomerulonefrit deyilib, bunda asosan buyrakdagi koptokchalar, mayda qil tomirlar zararlanadi, oqibatda buyrak faoliyati buziladi. Gelomerulonefritning piyelonefritdan farqli jihatlari bor. Ya’ni piyelonefritda ko‘pincha bitta buyrakning kosacha va jomchalari zararlansa, glomerulonefritda esa har ikki buyrak ham baravariga yallig‘lanadi. Asosan angina, faringit, skarlatina va boshqa infeksion-yallig‘lanish kasalliklar bilan og‘rib o‘tgandan so‘ng (ba’zan esa difteriya, o‘pka yallig‘lanishi, toshmali terlama, ich terlama va shunga o‘xshash asosan streptokokklar qo‘zg‘atadigan kasalliklarga chalingandan keyin)shuningdek o‘ta sovuq ob-havo ta’sir qilganda, havoda namgarchilik ortib ketganda, zararli moddalar (alkogol, simob, qo‘rg‘oshin, atseton, benzin singarilar) organizmga ta’sir ko‘rsatganda hamda tizimli kasalliklar (qizil volchanka, gemorragik vaskulit, infeksion endokardit) bilan og‘riganda buyrak to‘qimalari zararlanishi mumkin.

Qovoqlar atrofidagi shishlar

Glomerulonefritning uchta (o‘tkir, o‘tkir osti, surunkali) turlari farqlanadi. Kasallikning o‘tkir turiga chalingan bemorlarda uch xil holat (tanaga shish kelishi, arterial qon bosimi ortishi, peshobda o‘zgarishlar bo‘lishi) kuzatiladi. Ayrim bemorlarda kasallik to‘satdan boshlanadi, ayrimlarda esa asta-sekin, bilinar-bilinmas namoyon bo‘ladi. Aksariyatida oyoqlar shish kuzatilib, kamquvvatlik va bosh og‘rishi ro‘y beradi, peshob kam ajralishi mumkin. Davo o‘z vaqtida boshlanmasa bemorlarning 80-90 foizida qovoqlar atrofi va yuz sohasi shishadi, terisi rangpar, ko‘zlari qisilgan, yuzi yapasqi bo‘lib qoladi. Bunday vaqtda teri ostida, o‘pka va yurak pardasi orasida hamda qorinda suyuqlik to‘planishi kuchayib, tana og‘irligi 15-20 kilogrammgacha oshadi. Davo o‘z vaqtida boshlanganda esa ikki-uch hafta davomida shish asta-sekin qayta boshlaydi. Bemorlarda shish yuzaga kelishining ayrim sabablari bor. Masalan kapillyarlar devori o‘tkazuvchanligi o‘zgaradi, buyrak koptokchalarining shikastlanishi natijasida filtrlash faoliyati susayadi, tanada suyuqlik tutilib qoladi, antidiuretik (ADG) gormoni ko‘payadi, buyrak to‘qimalari aldosteronga sezuvchan bo‘lib qoladi, qonning suyuq qismi qon tomirlardan chiqib, g‘ovak hujayrali joylarda to‘planadi. Bularning hammasi glomerulonefrit rivojlanishini tezlashtiradi. O‘tkir glomerulonefritning aralash turi ham borki, unda buyrak koptokchalari kattalashadi, qizaradi, qizil va oq qon tanachalari shu yerda to‘planib qoladi. Keyinchalik koptokchalar rangi oqarib, tomirlari yorilib ketishi ham mumkin. Kasallikning eng asosiy belgisi buyrakda qon aylanishining buzilishi natijasida arterial qon bosimining ortishidir. Bemorlarda oliguriya (bir kecha-kunduz davomida siydikning 1 1,5 litrdan kam kam miqdorda ajralishi) va gematuriya (peshobda qon bo‘lishi) holatlari ro‘y beradi. Peshobning rangi xuddi go‘sht seliga o‘xshash bo‘ladi. Arterial qon bosimining ortishi tufayli gipertoniya zamirida o‘pka shishishi va o‘tkir yurak yetishmovchiligi ham rivojlanishi mumkin. Kasallik kuchaygani sayin belning ikki tomonida og‘riqlar kuzatilishi mumkin. Kasallikning o‘tkir osti turi ko‘pincha yoshlarda uchraydi. Bu vaqtda bemorning peshobi o‘zgaradi, unda oqsillar, eritrotsitlar silindrlar paydo bo‘ladi. Arterial qon bosimi ortib, tanada shish kuzatiladi.Davo vaktida boshlanmasa kiska vakt ichida buyraklar faoliyati keskin buzilib, surunkali buyrak yetishmovchiligining terminal boskichi yuzaga keladi. Aksariyat bemorlar dializ terapiyasiga muhtoj bo‘ladilar.

Surunkali turining ko‘rinishlari

Glomerulonefritning surunkali turida buyrak koptokchalari asta-sekin shikastlanishi tufayli buyrak faoliyati susayadi, arterial qon bosimi oshadi va buyrak faoliyati buzilishi natijasida buyrak yetishmovchiligi rivojlanib boradi. Kasallikning bu turi kechishiga ko‘ra bir necha ko‘rinishda ifodalanadi. Yashirin kechuvchi (latent) glomerulonefritga bemorlarning taxminan 44 foizi duchor bo‘ladilar. Bu turdagi glomerulonefritda qon bosimi doimiy oshmaydi, shish ham deyarli sezilmaydi. Bemorlar uzoq yillar davomida ish qobiliyatini yo‘qotmaydilar, hatto xastalikni sezmay yashaydilar. Faqatgina ayrim xastaliklar bo‘yicha shifokorga murojaat qilinganda yoki tibbiy tekshiruvdan o‘tganda yashirin glomerulonefrit borligi aniqlanadi. Nefrotik ko‘rinishdagi glomerulonefrit bilan og‘rigan bemorlarning peshobi orqali ko‘p miqdorda (bir kecha-kunduzda 3,5g.dan ortiq) oqsil ajraladi. Xolesterin moddasi ko‘payadi. Qonda esa oqsil moddasi kamayadi. Oqsil kamayishi natijasida bemorlarning badanida shishlar paydo bo‘ladi. Avvaliga oyoklardan boshlangan shish asta-sekin butun badanga tarqaladi. Hatto ichki a’zolar, masalan yurak, o‘pka va qorin bo‘shliqlarga yoyiladi. Teri shilliq pardalari quriydi, natijada teri bujmayib qoladi. Kasallikning nefrotik ko‘rinishi buyrak yallig‘lanishi belgilari (peshobda qon-eritrotsitlar bo‘lishi, buyrak faoliyatining buzilishi) bilan kechadi. Xastalikning boshlang‘ich davrida arterial qon bosimi meyorda turadi. Kasallik rivojlana borgani sari qon bosimi ko‘tariladi. Gipertonik kechuvchi glomerulonefritda qon bosimini yukori darajada ko‘tarilib, ayrim simptomlar (masalan bemorlarda yurakning ishemik kasalligi, stenokardiyaning rivojlanashi, ko‘z tubidagi tomirlar o‘zgarishlari) kuzatiladi. Ko‘z tubiga qon quyilishi xavfi va hatto ko‘z to‘r pardasida davolab bo‘lmaydigan jiddiy o‘zgarishlar yuzaga kelishi mumkin.  Aralash ko‘rinishdagi glomerulonefritda shishlar, kon bosimi ko‘tarilishi va peshobdagi o‘zgarishlar (proteinuriya, gematuriya, silinduriya) ro‘y beradi. Vaqt o‘tavergach, (davo vaqtida amalga oshirilmasa) buyrak faoliyatida yetishmovchilik rivojlanib boradi.

Tashxis, davolash va oldini olish

Aniq tashhis qo‘yish uchun bemordan zarur tahlillar (ya’ni, peshob va qonning umumiy tahlili, qon va peshobdagi oqsilning umumiy tahlili, qondagi oqsilning fraksiyalari, qonning biokimyoviy tahlili -mochevina, kreatinin, qonda xolesterin va lipidlar miqdori, UTT tekshiruvi (buyraklar), buyrak to‘qimasini tekshirish, ya’ni punksion biopsiya) albatta olinishi shart. Kasallik barvaqt aniqlansa va o‘z vaqtida muolaja qilinsa, bemorlarning 14-18 foizga yaqini butunlay sog‘ayib ketishi mumkin. Vaqt o‘tishi bilan glomerulonefrit oqibatida buyrak tobora bujmayadi va o‘z faoliyatini yo‘qota boradi, shundan so‘ng buyrak yetishmovchiligi – uremiya intoksikatsiyasi rivojlanadi. Uremiya intoksikatsiyasida umumiy holsizlik, ko‘ngil aynashi, qayt qilish, ishtaha yo‘qligi, peshobning ko‘p yoki kam ajralishi,badanda qichishishlar kuzatilishi mumkin. Glomerulonefrit rivojlanishining oldini olish uchun bemorlar doimo vrach nazorati ostida bo‘lib, organizmdagi infeksiya o‘choqlarini o‘z vaqtida bartaraf etishlari, muntazam parhez tutib, sovuq va nam havo ta’siridan o‘zlarini ehtiyot qilishlari zarur. Bemorlar muolaja paytida parhezga qat’iy rioya etishlari kerak. Organizmga tushayotgan tuz va suv miqdorini, shuningdek oqsil miqdorini ham kamaytirish lozim. Ovqat tarkibidagi osh tuzining miqdori sutkasiga 1,5- 2,0 grammdan oshmasligi, o‘simlik oqsilli mahsulotlar – soya, tvorog va tuxum oqsilini iste’mol qilinishi, yog‘larning bir kecha-kunduzlik miqdorini 50 gramm mikdorida,suyuqlikning sutkalik miqdori ajratilgan peshobning mikdoriga qarab + 200 mlni tashkil etishi kerak. Davo jarayonida patogenetik: yani kortekosteroidlar, antiagregantlar, immunosupressiv vositalar, antibiotiklar, peshob haydovchi, gipotenziv dorilar va simtomatik terapiya qo‘llanadi. Davolash uzoq yillar davomida statsionar va ambulator sharoitda olib boriladi.

© Anvar ZUFAROV, Nefrolog, professor. "Sihat-salomatlik" jurnali.

Avitsenna.uz saytida mavzuga aloqador quyidagi maqolalarni ham o‘qishingiz mumkin: