Piyelonefrit – buyrak xastaliklari orasida eng keng tarqalgan kasallik. Bu xastalik 100 000 aholidan 100 tasida aniqlanadi. Ko‘proq, o‘smir qizlarda va yosh ayollarda uchraydi. Shuningdek, homiladorlik kasallik rivojlanishi uchun muqobil sharoit yaratadi. Agarda siydik tosh kasalligi yoki siydik yo‘llari anomaliyasi bo‘lmasa yosh va o‘rta yoshdagi erkaklarda piyelonefrit kamroq uchraydi.
[caption id="attachment_10277" align="aligncenter" width="1024"] Foto: rus-urologiya.ru[/caption]
Piyelonefrit bu yuqori siydik chiqaruv yo‘llari infeksiyasi hisoblanib, unda buyraklarning jomchalari, kosachalari, parenximasi va interstitsional to‘qimasi yallig‘lanadi. Yallig‘lanish yuqori siydik yo‘llariga infeksiya tushishidan kelib chiqadi. Yuqori siydik yo‘llariga infeksiya tushishi pastdan yuqoriga ko‘tarilishi bilan va qon orqali (gematogen yo‘l) tarqaladi. Siydik infeksiyasining sababi (75 foiz) ichak tayoqchasi bakteriyasi hisoblanadi.
Piyelonefrit turlari
Piyelonefritning birlamchi va ikkilamchi, bir tomonlama yoki ikki tomonlama, o‘tkir va surunkali turlari mavjud.
Piyelonefrit kasalligi belgilari
Kasallik quyidagi 3 ta klinik belgilarda yaqqol namoyon bo‘ladi:
- Tana harorati oshishi. Birinchi kunlardayoq, 39-40 °C gacha ko‘tariladi, keskin pastga tushib yuqoriga chiqadi, qaltiroq bosadi, ko‘p terlash kuzatiladi. Odatda bu holat 5-7 kun davom etadi.
- Og‘riq bel, biqin, qorinning pastki sohasida bir tomonda yoki ikki tomonda kuzatiladi.
- Siydik ajralishining buzilishi, tez-tez og‘riqli siyish, kechasi bezovta bo‘lish, siydik loyqalanishi kuzatiladi. Ushbu davrda, shuningdek, behollik, ishtahasizlik, og‘iz qurishi, ko‘ngil aynish, qayt qilish, qon bosimining oshishi, bosh og‘rishi, yurakning tez urishi kuzatilishi mumkin.
Kasallikni tashxislash uchun...
Tashxisni qo‘yish uchun umumiy qon, siydik tahlili, Nechiporenko sinamasi, qonda mochevina, kreatinin, qand, umumiy oqsil, elektrolitlar miqdori aniqlanadi. Buyraklar ultra tovush orqali tekshiriladi.
Piyelonefritni davolash
Davolash nefrolog tomonidan olib borilishi kerak. Kasallik paytida bemorga ko‘p yotish, og‘ir ko‘tarmaslik, og‘ir ish qilmaslik, sovuqdan saqlanish tavsiya etiladi. Bemor kam tuzli parhez saqlash kerak. Oqsillar me’yori bilan, o‘ta qovurilgan, o‘ta yog‘li ovqatlar taqiqlanadi. Tez-tez, oz-ozdan, 4-5 marotaba ovqatlanish kerak. Ko‘p miqdorda suyuqlik ichish zarur. Kun davomida sabzi, shotut sharbati, makkajo‘hori popugi, loviya po‘sti, namatak damlamalarini ichish kerak.
Qalampir, xom piyoz, sarimsoqpiyoz, turp, qizilcha, gorchitsa, shavel, tuzlamalar, sirka, shokolad, qahva, achchiq, choy, natriy tuzlari bilan to‘yingan mineral suvlar, sun’iy ichimliklar, alkogol mahsulotlari iste’mol qilish qat’iy man etiladi. Dorilardan-antibiotiklar, nitrofuranlar, uroseptiklar, spazmolitiklar, dezintoksikatsion vositalar, simptomatik terapiya, fizioterapiya qo‘llaniladi.
Kasallik qaytalanmasligi uchun ikkilamchi infeksiya o‘choqlarini (tomoq, quloq, burun, tishlar va h.k.) muntazam tozalab turish kerak.
© Oybek MIRZABAYEV, nefrolog.
"Tibbiyot gulshani" gazetasi.