4.1
(19)

OAVda aytilishicha, Xalq ta’limi vazirligi maktab o‘quvchilari orasida zo‘ravonlikning oldini olishga qaratilgan loyihani ishga tushiribdi. Biz bu muammo o‘quvchilar o‘rtasida keng yoyilayotganini hisobga olib, bu hodisa va uning xavfi haqida «Minbar«da chop etilgan maqolani sizga ham ulashishga qaror qildik.

Bulling

Qanaqa zo‘ravonlik haqida gap ketayapti o‘zi?

Gap o‘zbek jamiyati uchun yangi so‘z, lekin eski tushuncha bo‘lmish bulling (bullying) haqida ketayapti. «Bulling»ga ko‘p ta’rif berilgan. Qisqasi, bulling “ta’qib va zo‘ravonlik” ma’nosini bildirib, kollektivdagi zaiflarni (qurbonlar yosh yoki katta bo‘lishi mumkin!) qasddan va muntazam ta’qib qilishdir. Bullingning psixologik, jismoniy, ochiq yoki ko‘rinmas shakllari mavjud.

Ta’qib deganda, odatda, tahqirlash, ustidan kulish, ataylab e’tibor bermaslik, kamsitish va kaltaklash tushuniladi. Ko‘p hollarda bulling bir martalik hodisa emas.
Faqatgina «g‘alati» yoki «zaif» bo‘lganlargina emas, har qanday bola bulling qurboni bo‘lishi mumkin. Odatda, ta’qibning sababi – sinfdoshlar orasida hukmronlik qilishga intilish.

Hozir bulling butun dunyoda, jumladan, O‘zbekistonda ham dolzarb masalalardan biriga aylangan.

BMT tadqiqotida aytilishicha, yoshlarning uchdan ikki qismi maktabda ta’qibga uchraydi. Ko‘p hollarda bolalar maktabdagi nizolarni kattalardan berkitadi. Har uchinchi bola o‘zi ham ta’qibda bir necha bor ishtirok etgan.

O‘zbekistonda xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov birinchilardan bo‘lib bu muammo haqida ochiq gaplashishni taklif qilgan.

Bulling nimasi bilan xavfli?

Har qanday zo‘ravonlik va ta’qib qurbonning ruhiyatiga zarar yetkazadi. Tadqiqotga ko‘ra, ta’qibga uchragan bolalarning sog‘lig‘i, xususan ruhiy sog‘lig‘i ham yomonlashadi. Yoshlar yolg‘izlanib, ularda tushkunlik va ojizlik, vahima hissi shakllanadi. Ba’zilari o‘z joniga qasd qiladi.

Lekin zo‘ravonlar ham xavf ostida ekan: ular o‘z tengdoshlariga qaraganda alkogol va narkotik qaramligiga mubtalo bo‘lar ekan. Zo‘ravonlar ham tushkunlik va suitsid vasvasasiga tushishga moyilroqdir.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Siz qaysi temperament egasi?

Bulling holva, hozir kiberbulling paydo bo‘lgan

Kiberbulling bullingning o‘zginasi, faqat endi ta’qib internetda, «Telegram», «Facebook», «Odnoklassniki» kabi ijtimoiy tarmoqlar va bloglarda, hatto telefon va SMS orqali amalga oshiriladi.

Bulling

Bulling xavfliroqmi yoki kiberbullingmi degan savolga aniq javob yo‘q. Ikkisining qorishmasi – masalan, avval sinfda, keyin internetda – xavfliroq bo‘lsa kerak. Tadqiqotlar bu ikkisi o‘zaro bog‘liq ekanligini ko‘rsatmoqda. Sinfda ta’qib qilinganlarni, odatda, internetda ham ta’qib qilishni davom ettirishadi. Oflayn bulling kengroq tarqalgan bo‘lsa ham, uning qurboni uyida ta’qib va masxaralardan xoli bo‘la oladi. Kiberbullerlar esa qurbonini 24 soat ta’qib qilishi mumkin.

Mening ham ustimdan kulishgan, lekin men «latta» bo‘lib qolmadim-ku!

Ko‘pgina insonlar bolalar orasidagi bulling barcha boshidan kechirishi shart bo‘lgan o‘ziga xos «hayot maktabi» deb hisoblaydi. Aslida, tadqiqotlarga ko‘ra, aksariyat bulling qurbonlarining psixikasi jiddiy lat yeydi va ular o‘zini hayotda hech qachon to‘liq o‘nglab ololmaydi. Shuning uchun o‘qituvchilar ham, ota-onalar ham bullingga jiddiy e’tibor berishi va, kerak bo‘lsa, aralashishi lozim.

Bullingdan qanday himoyalanish mumkin?

Bullingni to‘liq yo‘q qilish imkonsiz, bu jamiyatda doimo u yoki bu shaklda davom etaveradigan hodisa. Bullingdan to‘liq himoyalanish imkonsiz bo‘lsa-da, quyidagi maslahatlar undan saboq chiqarib, kuchliroq inson sifatida shakllanishga yordam berishi mumkin:

  • Ijobiy psixologiyani o‘zingiz o‘rganing va farzandingizga o‘rgating. Ijobiy psixologiya insondagi patologiya va muammolarni emas, ko‘proq insonlarning nekbinligi va bardoshliligini qanday saqlab qolishini o‘rganadigan fandir.
  • Bolaga u yoki bu hodisaga o‘z munosabatini shakllantirishga ko‘maklashing. Har qanday insonni yoshlikdan uch narsa shakllantiradi: genotipi, atrof-muhit va insonning hodisaga ichki munosabati. Mana shu ichki yondashuv hayotda eng muhim va hal etuvchidir. Agar bolada o‘zining ichki munosabati shakllanmagan bo‘lsa, uning bulling qurboni yoki agressorga aylanib ketishi yengil kechadi.
  • Meditatsiya (yoki namoz), sport, yaxshi uyqu, yaqinlar bilan ko‘proq muloqot bolaning bullingga bardoshliligini oshiradi.
  • Makro va mikro nutriyentlarga boy taomlarni yeyishning ham ta’siri katta.
  • Bolaga shukur va sabr qilishni o‘rgating.
  • Bolaga o‘z qadr-qimmatini atrofdagilarning o‘lchami bilan emas, o‘zining ichki o‘lchami bilan o‘lchashni o‘rgating. O‘qituvchisi yoki ota-onasi uchungina «besh»ga o‘qiydigan bola odatda faqatgina yodlash bilan kun kechiradi.
  • Maqsadlarni to‘g‘ri qo‘yishni va ularga erishish texnologiyalarini o‘rgating.
  • Yaxshi va muntazam qaytariladigan odatlar ham bola farovonligi uchun muhim.
  • Bullingni konstruktiv tarzda boshdan kechirish uchun uni iloji boricha yozma ravishda tahlil qilish ham yordam beradi.
  • Ota-onalar doimo bullingga qarshi chora ko‘rishi kerak, ayniqsa bulling og‘ir yoki doimiy tus olayotgan bo‘lsa. Bulling o‘zidan o‘zi o‘tib ketmaydi. Maktab direktori yoki bolaning o‘qituvchisi bilan gaplashing.
Ushbu maqolani ham o‘qing:  Psixologiya metodlari, predmeti va vazifasi

Mazkur material Xalq ta’limi vazirligi «Maktablarda zo‘ravonlikning oldini olish va ijobiy psixologiyani o‘qitish metodikasi» loyihasi doirasida, xususan AQSHlik ijobiy psixologiya mutaxassisi, professor Lori Vulf yordamida tayyorlandi.

Loyiha maktablarda o‘quvchilarning emotsional holatini aniqlash va ijobiy psixologiya metodini o‘qitish orqali bullingning oldini olish va unga qarshilikni oshirishga qaratilgan.

Mazkur loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilsa, ijobiy psixologiyani o‘qitish metodikasini pedagoglarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimiga ham joriy etish rejalashtirilgan.

Loyihaga yordam berayotgan professor Lori Vulf bolalar va o‘qituvchilar o‘rtasida stressni boshqarish sohasida, shuningdek, bolalarda stress holatini aniqlashga ixtisoslashgan ekspert.