Bronxoektoz bronxlarning qayta tiklanmaydigan holati bo‘lib, bu bora-bora bronxlar devorlari kengayishi, deformatsiyasiga (orttirilgan nuqsoniga)olib keladi. Bronx daraxtida surunkali yiringli-yallig‘lanish jarayoni rivojlanadi.
Kasallik aholining 0,5-1,5 foizida, ayniqsa, bolalar hamda yoshlarda ko‘p uchraydi (5 yoshdan 25 yoshgacha). Bronxoektoz qaytalanuvchi xususiyatga ega va doimiy balg‘amli yo‘tal bilan kechadi.
Bronxoektoz turlari
Bronxlar rivojlanishi va shoxchalarga bo‘linishdagi tug‘ma nuqsoni (tug‘ma bronxoektozlar) 6 foiz holatda uchraydi. Tug‘ma bronxoektozlar Kartegenera sindromi (a’zolarning teskari o‘rinda joylashishi)da, shuningdek sinusitlar va erkaklar bepushtligida ham kuzatiladi. Tug‘ma bronxoektozlar paydo bo‘lishida bir qancha omillar muhim rol o‘ynaydi. Masalan:- ayol homiladorlik vaqtida tamaki chekishi, spirtli ichimliklar ichishi va virusli infeksiya bilan og‘rishi;
- asosan bolalarda yuqori nafas yo‘llarining surunkali kasalliklari (sinusitlar, surunkali yiringli tonzillit, adenoidlar)da.
Bronxoektoz kasalligi sabablari
Bugunga qadar bronxoektoz kasalligi sabablari to‘liq o‘rganilmagan. Ammo bronx devorining genetik zaifligi, bronxlar silliq mushaklarining yetarli rivojlanmaganligi, tog‘ay to‘qimasidagi yetishmovchilik, himoya funksiyasi mustahkam emasligi keyinchalik bronxlar devorining mexanik buzilishi va zararlanishiga olib kelishi aniqlangan. Yosh bolalarda tez-tez qaytalovchi infeksion yallig‘lanish kasalliklari, ayniqsa, stafilokokk, streptokokk, gemofil tayoqchasi, anaerob infeksiyalar bora-bora bronxoektozlar hosil bo‘lishiga olib kelishi mumkin. Shuni ham ta’kidlash muhimki, bronx obturatsiyasi (tiqilib qolishi) bronxlarning sekret chiqarishini cheklaydi va bu sekret distal joylarda qolib ketadi, bronxlar o‘tkazuvchanligi buzilib oxir-oqibatda bronxlarning shilliq, shilliq osti qavati va chuqur qatlamlarida salbiy o‘zgarishlar yuzaga keladi. Ko‘p miqdorli balg‘amli yo‘tal, ayniqsa, ertalablari balg‘am ichida qon aralash bo‘lishi, tana haroratining ko‘tarilishi, qon tupurish va o‘pkadan qon ketishi, ko‘krak qafasida og‘riq va hansirash singarilar bronxoektoz alomatlaridandir. Bemorlarning barmoqlari “baraban tayoqchalari”dek, tirnoqlari esa “soat shishasidek” yaltiroq bo‘ladi.Bronxoektozni tashxislash
Bronxoektozni tashxislashda ikkita holat hisobga olinadi:- .To‘g‘ri va yonbosh proyeksiyali rentgenogrammada o‘pka tasviri yacheykali va deformatsiyali: atelektaz uchastkalari, shikastlangan segmenti kichrayganligi ko‘rinadi.
- Bronxografiya – eng ishonchli, samarali usul bo‘lib, bu tekshiruv bronxoektazlar tarqalganligini, joylashishi, turini aniqlashga yordam beradi.
Bronxoektozni davolash
Kasallik qo‘zg‘alish davrida asosan, bronx daraxtining yiringli yallig‘lanish jarayonlarini kamaytirishga qaratilgan. Shu maqsadda antibiotikterapiya va bronxoskopik drenaj o‘tkaziladi. Antibiotiklar parenteral (tomir ichiga, mushak orasiga) hamda bronx ichiga yuboriladi. Surunkali bronxlar yallig‘lanish jarayonlarini davolashda sefalosporinlar yarimsintetik pensillinlar, gentamitsinlar buyuriladi. Bronx daraxtini drenaj qilish (keraksiz suyuqlikni chiqarib tashlash usuli) uchun esa bemor oyoq tomonini ko‘targan holatda yotishi kerak, bu esa balg‘am ajralishini yengillashtiradi. Balg‘am ko‘chishini yaxshilash maqsadida balg‘am ko‘chiruvchi preparatlar, ishqorli suv, ko‘krak qafasi massaji, nafas gimnastikasi ingalyatsiya, ko‘krak qafasiga dori-preparatlari bilan elektroforez qilish buyuriladi. Bundan tashqari bronxoektoz kasalligida bronxlarni yuvish muolajasi ham o‘tkaziladi. Bronxoskop yordamida yiringli ajralma (sekret) tortib olinadi va bronxlarga bronxoskop orqali antibiotiklar, muxolitinlar, bronxolitinlar yuboriladi.© Dilbar MAHMUDOVA, pulmonolog, tibbiyot fanlari doktori, professor. "Sihat-salomatlik" jurnali.
Ushbu maqolani ham o'qing:
Ataksiya - tik tura olmasdan chayqalib yurish